Qirg’izistonda ilk bor o’tkazilgan xalqaro festival bejiz “Oqinlar shohi O’sh-Navro’z-2016” deb atalmadi. Qadim O’sh shahri uch kun davomida “oqinlar poytaxti” bo’ldi. SSSR xalq artisti, taniqli kinorejissyor Bolot Shamshiyev sahnalashtirgan nufuzli ko’rikda Qirg’iziston, Qozog’iston hamda Xitoy Xalq Respublikasi vakillari ishtirok etdi.
Asrlar osha yashab kelayotgan “Aytish” (oqinlar aytishuvi, musobaqasi) – xalq og’zaki ijodining yorqin namunasi. O’ziga xos bu bellashuv har ikki tomondan tezkor aql, hozirjavoblik va topqirlik, nozik takalluf talab qiladi. Oldindan berilgan mavzuni, improvizatsiya qilgan holda, keng talqin etish kerak. Odatda, aytish tarixiy obrazlar qiyofasida ijro etiladi.
Bu “mushoira” yosh tanlamaydi. Unda yosh bola ham, keksa oqsoqol yoki onaxon ham qatnashishi mumkin.
Sport sohasida bo’lgani kabi, bahs olib borayotgan so’z ustalarining mahorati bosh hakam va ikki yon hakam tarafidan baholanadi. Vaqt cheklanadi. Kimning upayi (ochkosi) ko’p bo’lsa (suratda – ilinib turgan koptokchalar), u navbatdagi davraga chiqadi.
Tashkilotchilarga ko’ra, O’shdagi festivalda tanlov ko’riklari ikki oy davom etib, ko’plab yangi talantlar kashf etilgan. Yakuniy tadbirda botkenlik Samara, xitoylik Ahmatbek kabi yoshlarning san’ati tomoshabinlarga xush keldi.
“Xalq ijodi ishonchli qo’llarda ekaniga yana bir bor amin bo’ldik, bunday tadbirlar ushbu san’atni yanada taraqqiy ettirishda xizmat qilishi tayin”, – deydi o’shlik yosh oqinlar ustozi Abdivali Akimbayev.
Matn va suratlar muallifi Muhiddin Zarif