Qirg’izistonda saylov qanday o’tdi?

Posted October 7th, 2015 at 10:39 pm (UTC-4)
Leave a comment

4-oktabr kuni Qirg‘izistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Rostini aytsam, so‘nggi daqiqagacha saylovlarning toza o‘tishiga shubham bor edi. Ayniqsa, ba’zi davlat ishxonalari xodimlaridan ularni SDPK uchun tashviqot o‘tkazishga majburlashayotgani haqida eshitgach, shubham go‘yoki tasdiqlangandek bo’ldi.

Shunday bo‘lsa ham saylovga bordim. Kirib, kerakli joyga bosh barmog‘imni qo‘ydim. Kompyuter darhaqiqat shu joyda ro‘yxatdan o‘tganim va hali ovoz bermaganimni tasdiqlab, magazinda beradigan chekga o‘xshash qog‘oz chiqarib berdi. “Chek”ni ko‘rsatib byulleten oldim, to‘ldirib, “aqlli urna”ga tutdim, osongina “yutib yubordi”.

Jarayonni o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, qanaqadir g‘irromlik qilish ancha mushkulligiga ishonch hosil qildim. Kompyuter bir odamga ikki marta chek bermaydi, ya’ni bir odam ikki marta qatnasha olmasligi aniq. Qolaversa, “aqlli urna” bittadan ortiq byulleten qabul qilmaydi, bildirmay ikkita byulleten tashlab qo‘yish ham mumkin emas. Kechki payt saylov natijalari e’lon qilingach, bu yangi tariximizdagi eng toza saylov, degan xulosaga keldim.

So‘nggi ma’lumotga ko‘ra, ovoz berish huquqiga ega fuqarolarning 59 %ga yaqini ovoz bergan. Haqiqatga juda yaqin raqamlar. Saylovoldi kampaniyasi va natijalarni solishtirsak, har bir partiya sarflangan mablag‘, mehnat va partiyalarning ayni damdagi obro‘siga yarasha ovoz olganini ko‘rish mumkin.

Albatta, kamchiliklar hali ko‘p. Lekin oldinga qadam tashlayotganimiz sezildi, odamlarda yana umid uyg‘ondi. Endi eng muhimi – orqaga qaytmaslik. Ayniqsa, ba’zi tanqidchilar gap-so‘zidan qo‘rqib biometrika va yangi texnologiyalardan voz kechmaslik kerak. Aksincha, uni yanada takomillashtirish zarur.

Yana bir tanqid – partiyalar ovoz olish uchun pul berdi, degan gaplar. Fuqaro o‘z ovozini sotishga tayyor ekan, xaridor ham topiladi. Bu narsani darrov yo‘q qilish qiyin. Lekin, e’tibor bering, shu yerda ham saylovchi uchun kurash ketyapti. Avvalgi zamon bo‘lganida, pulni saylov komissiyasiga bersa, o‘zlari keragicha byulleten tashlab bergan bo‘lardi. Atambayev Qirg‘iziston tarixida qanday nom qoldiradi, hozir aytish qiyin. Lekin toza saylovlar o‘tkazilishiga sharoit yaratgan davlat rahbari sifatida nom qoldirish uchun unda yaxshi imkoniyat bor.

Bugun tushlik payti saylov haqida to‘lib-toshib gapirayotganimni eshitgan hamkasabam: “Men saylovlarga qatnashmay qo‘yganimga ancha bo‘ldi, chunki ularning toza o‘tishiga umuman ishonmas edim. Lekin, bugun sen bu saylovlar toza o‘tgani haqida gapirayotgan uchinchi yoki to‘rtinchi odamsan. Men ham keyingi saylovda, albatta, qatnashishga qaror qildim” – dedi.

Keyingi saylovlar hamkasabamda uyg‘ongan kelajakga umidni so‘ndirmasligiga, toza saylovlar odatiy holga aylanishiga chin dildan ishongim keladi.

Shermuhammad Abdug’ofurov,
Qirg’iziston

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

“Yoshlariston” blogi haqida

Ushbu blog – ijodkor, shijoatli va qiziquvchan yoshlar uchun o’zlari yashayotgan jamiyatda ro’y berayotgan muhim voqealar, qolaversa dunyodagi o’zgarishlar haqida fikr va mulohaza bildirish maydoni. Qay yurtda yashamang, bu yerda eksklyuziv surat va videolar ulashib, ularni tomosha qilishingiz mumkin.

Bu sahifani “Yoshlariston” deb bejiz atamadik. Markaziy Osiyoning besh davlati hamda Afg’onistonda aholining aksar qismi yoshlardir. Zamonamiz muammolari va yutuqlarini ular boshqalardan ko’ra yaxshiroq biladi.

Blog rang-barang mavzular uchun ochiq. Siyosatdan tortib, iqtisod va madaniyatgacha… Istagan masalani yoriting, muhokama qiling. Yagona iltimosimiz – bir-birimizni hurmat qilaylik va fikr bildirganda qo’pol so’zlar ishlatmaylik, toki bu maydon hammamizga ma’naviy ozuqa bersin.

Surat, video yoki boshqa turdagi material va xabarlar bo’lsa, biz bilan bog’laning. Siz bilan hamkorlik qilishdan bag’oyat mamnun bo’lamiz. Manzilimiz: uzbek@voanews.com

“Yoshlariston” – yoshlar maydoni. Blogimiz sizga muntazir.

Bo’limlar

Taqvim

October 2015
M T W T F S S
« Sep   Feb »
 1234
567891011
12131415161718
19202122232425
262728293031