Amerika bolalar bo’gchasini yuritish haqida

Posted March 6th, 2016 at 6:52 pm (UTC+4)
Leave a comment

Vika Rusanovaning oilasi asli Toshkentdan. Amerikaga 2002-yilda kelishgan. Ikki qizi bor. Oila avval Nyu-Yorkda yashadi. Vika rus bog’chasida ishladi. So’ng Merilend shtatiga ko’chib ketishdi. U yerda ham bolalar bilan mashg’ul bo’ldi. Salkam 10 yilda orttirgan tajribasi unga ikki yil oldin o’z uyida kichik bog’cha ochishda yordam berdi.

“Har bir biznes tavakkaldir. Chunki boshida mijoz yo’q hali. Ko’p pulimni sarflayman – mebel olish uchun, o’yinchoqlar, o’quv materiallari xarid qilish uchun, o’qishimga pul to’ladim. Reklama orqali biz haqimizda o’rgangan bir odam qo’ng’iroq qilib “bog’chada nechta bola bor” deb so’radi. “Nol” dedim. “Uzr” deb trubkani qo’yib qo’ydi. Hamma ish reklamada, uni hamma joyda berish kerak. Ammo mening omadim chopdi. Do’stlarim meni o’z tanishlariga tavsiya qilishdi. Inna ismli dugonam yordami bilan uchta bolani olib kelishdi. Shundan boshlandi hammasi. Hozir esa reklamaga ehtiyojim ham yo’q. Odamlar men haqimda xabar topib, tavsiyalar bilan keladi”, – deydi u.

Biz bilan suhbatlashgan onalar Vikaning bolalarga muomalasini maqtadi.

“Tarbiyachilik Vikaga xudodan berilgan in’om. U bolalarni juda yaxshi ko’radi. Bu bog’cha mening o’g’lim uchun ikkinchi uydek. Ikki yildan beri shu yerda. Bu joydan 15 kilometr narida turishimizga qaramay, har kuni jon deb qatnaymiz. Grisha 4 yoshida o’qishni, sanashni o’rganib oldi”, – deydi Marina Zolina.

“Hozirgi turgan joyimizga ko’chib kelganimizda bir tanishimiz shu bog’chani tavsiya qildi. Besh yashar qizim bir yarim yildan beri shu yerga qatnaydi. Biz ham Toshkentdanmiz. Bu bog’chada muhit o’zgacha, iliq. Vika ajoyib inson. Bog’chada ovqat berishadi, bolalarni uxlatishadi, bizga tanish muhit”, – deydi Irina Mitryakova.

“Bolalar sayyorasi” bog’chasi sakkizta bolaga mo’ljallangan. Ular bilan har kuni jismoniy mashg’ulotlar o’tkaziladi, musiqa, o’qish, yozish, chizishdan saboq beriladi, to’rt mahal ovqatlanishadi, uxlash vaqti ham bor. Amerikalik bolalar qatnaydigan bog’chalardan farq qiladi.

“Bog’chani uzoq tanlashga to’g’ri keldi. Ko’p joylarni borib ko’rdim. Uyday shinam, ma’naviy jihatdan iliq bir joyni qidirgandik. Bu bog’chada buvi ham bor, ajoyib buvi”, – deydi yana bir ona Marina Mirzayants.

Ishni yuritishda Vikaga nafaqat uning onasi, balki qizlari Ira va 10 yashar Liza ham yordam beradi.

“Liza maktabdan qaytganda bolalar uyqudan turgan bo’ladi. Shunda Liza ularga ikkinchi tushlik hozirlaydi. Ba’zida o’zidan o’zi turli narsalarni o’ylab topadi, meni hayron qoldirib. Internetda birorta ertakni topib, ularga o’qib beradi, so’ng shu ertak asosida rasmlar bo’yashadi. Men uni bunga o’rgatmaganman. Boshida Liza meni bolalardan qizg’anadi deb xavotir olgan edim. Shunday bo’ldi ham. Ammo u o’zini tezda qo’lga oldi, unga tushuntirib berdik. Menga yordam bera boshlaganidan so’ng esa bu narsa o’tib ketdi. Liza bu ish orqali sabr qilishni, bolalar ko’nglini olishni, ular bilan kelishishni o’rgandi”, – deydi Vika.

“Meni murabbiy desak ham bo’ladi. Maktabdan kelib, darslarimni tezda qilib bo’lgach, onamga yordam bera boshlayman. Bolalar uchun internetdan turli mashg’ulotlar, hikoyalar topaman. Masalan, hozir Krilovning bir masalini hozirladim. Ular bilan ishlash qiyin emas. Grisha mashinalarni yaxshi chizadi, Lera esa odamlarni. Bolachalar gulga o’xshaydi, sug’orsang, qad ko’taradi. Men o’zim bog’chaga bormaganman”, – deydi Liza.

Shunga qaramay, Liza kelajakda tarbiyachi yoki o’qituvchi emas, dizayner bo’lmoqchi.

Oleg bolalar bilan shug’ullanmasa-da, bog’cha ishlarida rafiqasiga ko’p yordami tegadi.

“Rafiqamning fikri men uchun kutilmagan bo’ldi. Bundan biror narsa chiqishiga ishonch yo’q edi, chunki oldin hech birimiz biznes bilan shug’ullanmaganmiz. Qo’ldan kelgancha yordam beraman. Yil oxirida soliqlarni rasmiylashtirishda yordamim tegadi. Uyni bog’chaga moslashtirish uchun zarur ta’mir ishlarini o’zim qildim”, – deydi u.

“Turmush o’rtog’im Olegning yordami katta. Nimadir olib kelib berish kerak bo’lsa yoki u-bu joyga chiqish kerak bo’lsayu, bolalar bilan o’tirgani hech kim bo’lmasa, asqatadi. Bu bir marta bo’lgan xolos, albatta, ammo yo’q demasdan ishidan javob so’ragan o’shanda. Bundan tashqari, har Yangi yil bayramlarida Oleg Qor Boboni o’ynab beradi. Hech yo’q demaydi. Rolini yodlab, qo’shiqlarni bolalar bilan aytib, ularga sovg’alar ulashadi. Qorqizni esa qizim Liza o’ynaydi”, – deydi Vika.

Bog’chadan katta daromad kelgani yo’q hali. Chunki hajmi kichkina. Kengayishga esa joy yetishmaydi. Balki kelajakda kattaroq joyga chiqarmiz, deydi Vika.

“Bu ishning moddiy tomonidan tashqari ma’naviy foydasi ham bor. Ertalabdan shu bolachalarni ko’rib ko’nglim ko’tariladi. Bu ish orqali hayotimda muvozanatni topa bildim. Bog’chadagi bolalarning ota-onalari ajoyib. Ajoyib ota-onalarning farzandlari ham, tabiiyki, ajoyib bo’ladi. Til topisha olamiz”.

Rus maktablarida o’qishga talab kattaroq. Amerikacha bog’chalarda vaqtichog’lik ko’proq, bizda esa akademik, deydi Vika.

Bu biznesni boshlashdan oldin litsenziyani qo’lga kiritish, ta’lim, tibbiyot sohalarida ma’lumot olish kerak. Har yili 12 soatlik malaka oshirish kurslaridan o’tish talab qilinadi.

Bir yilda bir marta inspeksiya o’tkaziladi – bog’chani e’lon qilmasdan kelib tekshirishadi. Talablarga javob bermasa, darrov yopishadi. Xavfsizlik normalari, oziq-ovqat tarkibi va sifatiga qarashadi. Kitob, o’yinchoqlar yetarli bo’lishi lozim.

“Bu ishda eng muhimi ota-onalar bilan qarama-qarshi tomonda turib qolmaslik. Aks holda o’rtadagi aloqa uzilib, vidolashishga to’g’ri keladi. Men moslashuvchan odamman. Bolalar bilan muomalada ba’zan yon beraman, ba’zan esa, kerak bo’lsa, qattiqroq turaman. Ota-onalar bilan kelishib ish qilamiz, ularni doim xabardor qilib turaman. Vazifamiz ham shu – munosib insonlarni tarbiyalash, hayotga tayyorlash, rivojlantirish, toki hayotlari oson kechsin”, – deydi Vika.

“Bu muhitga ancha ko’nikib qoldim. O’ziga yarasha noqulayliklari bor, albatta, ammo rafiqam o’zini hayotda topganidan xursandman. Bu ishning ham ma’naviy, ham moddiy foydasi bor”, – deydi Vikaning turmush o’rtog’i Oleg.

Richmond shahrida ko’chmas mulk sotayotgan o’zbek ayoli

Posted January 4th, 2016 at 8:05 pm (UTC+4)
Leave a comment

Gulchi o’zbek – Nyu-Yorkdagi kompaniya haqida reportaj

Posted January 4th, 2016 at 8:02 pm (UTC+4)
Leave a comment

O’zbekistonlik tadbirkor vatandoshlariga tayanch, Richmond shahri

Posted October 25th, 2015 at 7:51 pm (UTC+4)
Leave a comment

Jahongir Hojiyev rafiqasi bilan Richmond shahrida bir necha yil oldin qurilish kompaniyasini ochib, o’zbeklarni ish bilan ta’minlab turadi, ularga yangi hunar o’rgatadi. U “grin karta” yutib, 2006-yilda oilasi bilan Amerikaga keldi. Muhojirotning mushkuloti Florida shtatidagi davrga to’g’ri keldi.

“Har xil ishlarda ishladim. Restoranda idish-tovoq yuvdim, otellarda xonalar tozaladim. Buni yashirishning hojati yo’q. Bir necha smenada ishladim”.

Ingliz tilini bilmagani pand berdi. Bir ishda ko’p turib qolmadi. Muhimi, tushkunlikka tushmadi, og’ir mehnatdan qochmadi. Bir yarim yil kemada bo’yoqchi bo’lib ishladi.

“Ish og’ir edi. Sahar 6 da ish boshlanardi. Soat 9 da qisqa tanaffus, 12 da yarim soatlik tushlik. O’rtada uyga borib kelish uchun oz vaqt qolardi”.

Jahongir ishda lat yeb, sog’lig’i tufayli ketishga majbur bo’ldi. Ammo kemada olgan bilimlari uni hozirgi biznesga yetakladi. Floridadagi ikki yillik hayotdan so’ng oila Virjiniyaga ko’chadi.

Jahongir Richmond shahrida bir necha do’sti bilan qurilish kompaniyasini ochishga qaror qiladi.

“Amerikada firma ochish ham, yopish ham oson, lekin yurg’izish qiyin. Firma ochish uchun atigi 10 dollar kerak”, – deydi Jahongir.

Biroq yigitlar turli sabablarga ko’ra birin-ketin firmadan chiqib, Jahongir va rafiqasi Gulnora ishni yurg’izishga harakat qiladi.

“Men kontraktlarini tuzib beraman, hisobchilik mening bo’ynimda, ish jadvalini tuzib beraman, loyihaning muammosini topib beraman”, – deydi Gulnora Yoqubova, Jahongirning rafiqasi.

Kompaniya kichik mehmonxonalarni ta’mirlash bilan shug’ullanadi. Jahongirning aytishicha, bu ishda raqobat kuchli, mijozlar ish sifatiga jiddiy e’tibor beradi.

Kompaniyada asosan o’zbeklar ishlaydi. Muhojirotning boshida qiyinchiliklarga duch kelgan Jahongir ularning mushkulini oson qilishga harakat qiladi.

Bahrom Agzamov qurilishda oldin ishlamagan. Bir yilda ko’p narsalarni o’rgandi. Tengquri bo’lsa-da, Jahongirni ustoz deb biladi.

“Jahongir bizga ustozdek bo’lib qoldi. Qurilish sohasida undan ko’p ishlarni o’rgandik. Hozirgi kunda Richmonddagi 3-4 ta mehmonxonani ta’mirdan chiqarib, yangisida ish boshladik”, – deydi u.

Timur Ishmuhamedov oldin turizm sohasida ishlagan.

“Bu kasbni egallashda Jahongir menga shunday imkoniyat berganiga minnatdorman. Erkak kishi uchun yangi hunar o’rganish hech qachon kech emas. Bu ham qiziqarli ish. Asta-sekin o’rganyapman, ishim chakki chiqmayapti deb o’ylayman”.

Shirkat, shuningdek, eski, xaroba uylarni sotib olib, ularni qayta qurib, ta’mirlash bilan ham shug’ullanadi.

Jahongir Amerikada yana ikki farzand ko’rdi. Biznes yuritish bilan bir qatorda Gulnora bolalar tarbiyasini ham mahkam tutdi.

Talabchan rahbar bo’lishiga qaramay, ishdan tashqarida Jahongir xushchaqchaq, qo’li ochiq, mehmondo’st inson. Uyidan mehmon arimaydi.

“Jahongirni o’z farzandlarimga doim namuna qilib ko’rsataman. Amerikaga hech vaqosiz kelib, ko’tarildi. Eng muhimi, imkoniyat bor bu yerda. Agar xohish bo’lsa, qattiq harakat qilsangiz, doim maqsadingizga erishasiz. Qolgani esa taqdirdan”, – deydi oila do’sti, qirg’izistonlik Marat Usubaliyev.

Jahongirning aytishicha ham mehnatdan qochmaydigan odamlargina Amerikada yuksak cho’qqilarga chiqishi mumkin.

Amerika fast-fud kafelari sog’lom ovqat taklif etmoqda

Posted June 14th, 2015 at 10:54 pm (UTC+4)
Leave a comment

Amerikada sog’lom ovqatlanish ommaviylashmoqda. Mijozlar fast-fud kafelaridan ham sog’lom taomlar talab qilmoqda.

Amerika fast-fud sanoatining tarixi 1940-yilga borib taqaladi. Kaliforniyaning San-Bernardinyo shahrida aka-uka Makdonaldlar ilk fast-fud kafesini ochgan. Unda arzon narxda gamburger va kartoshkalar sotila boshlagan.

Ularning biznes hamkori Rey Krok keyinchalik kafeni sotib olib, butun dunyoga mashhur qiladi.

Ilk McDonalds (Makdonalds) kafesi tushgan joyda hozir McDonalds muzeyi joylashgan bo’lib, uning egasi Albert Okura aka-ukaning g’oyasi haqida so’zlab berdi.

“Ular gamburger va fri kartoshkalari, ya’ni go’sht va kartoshka taklif qila boshlashdi”, – deydi Okura.

Tommi Bliss u paytda o’smir edi. Yoshlar uchun ommabop joy edi McDonalds, deydi u.

“Eng chiroyli qizlar McDonaldsga kelardi. Eng zo’r mashinalar uning atrofida turardi”, – deydi Bliss.

Hozirgi yoshlar boshqa joylarga boradi. Masalan, Chipotle kafesiga. Meksikacha ovqat tayyorlaydigan tarmoq sog’lom taomlar taklif etishini aytadi.

Oziq-ovqat sanoatidagi yangiliklarni yaqindan kuzatuvchi Shon Xaytning aytishicha, Chipotle, Panera, “Noodles & Company” (Nudls end kompani) kabi kafelar fast-fudlardan farq qiladi.

“Bu maskanlarda taomlarni mijoz xohishiga qarab xilma-xillashtirish mumkin. Fast-fudlarga o’xshab bu kafelarda ham ovqat tez tayyorlanadi, ammo taomlarning sifati yuqoriroq deb ko’riladi”, – deydi mutaxassis.

Angus mol go’shtidan tayyorlangan pomidorli yoki pomidorsiz burgerlar, portobello qo’ziqorinidan hozirlangan go’shtsiz sendvich Nyu-Yorkdagi Shake Shack (Sheyk Shak) kafesida ham ko’pchilikka manzur bo’lmoqda.

Kafelar bo’yicha mutaxassis Xaytning aytishicha, yangi turdagi oshxonalarga asosan 30 yoshlar atrofidagilar kiradi.

“So’nggi to’rt yilda jamlangan raqamlardan shunisi ma’lumki, bu toifadagilar yangi turdagi fast-fud kafelariga har yili besh foizga ko’proq kirmoqda”, – deydi Xayt.

O’tgan yili McDonalds ning Xitoydagi hamkori unga muddati o’tgan go’sht sotgani haqidagi xabarlardan so’ng kompaniya zarar ko’rdi. McDonalds endi menyusiga sog’lomroq taomlar kiritib, mijozlarga ovqatlarga o’zgartirish kiritish imkonini berish yo’llari ustida o’ylanmoqda.

“Etsy” – internet savdo do’koni

Posted May 11th, 2015 at 12:28 am (UTC+4)
Leave a comment

Amerikadan turib internet orqali kosibchilik namunalari va antiqa buyumlarni sotuvchi “Etsy” (Etsi) kompaniyasining savdosi chaqqonlashib bormoqda. Shirkat aksiyalarini birjaga chiqardi. Ularning qiymati boshida ko’tarilganiga qaramay, bugunga kelib bir oz tushgan.

“Etsy” onlayn bozor bo’lib, odamlar qo’lda yasalgan, antiqa, eski buyumlarni u orqali sotadi. 10-yil oldin paydo bo’lgan kompaniya ketidan bugunga kelib bir yarim million odam narsa sotib non topmoqda, 20 milliongacha xaridor uning xizmatlaridan bahramand bo’ldi. Firma daromadi yil sayin o’smoqda. O’tgan yili 195 million dollarni tashkil etdi. Dekabr oyida qayd etilgan ma’lumotlarga ko’ra, “Etsy”ning uyali telefonlardagi applikatsiyasi 22 million bor yuklandi.

“Savdoga taqinchoqlar, mebel, kiyimlar qo’yiladi. Bu borada “Etsy” internetda yetakchi kompaniyalardan. Xaridorlar unga qayta va qayta murojaat qiladi. Asosan ayollar. 2011-yilda buyum sotgan va xarid qilganlarning yarmini 2014-yilda ham shu saytda ko’rish mumkin edi”, – deydi moliyachi Ketlin Smit.

“Etsy” aksiyalarini birjaga qo’ygach, 16-apreldagi ilk savdoda 13 milliondan ziyodi sotilib, kompaniyaga 267 million dollar daromad keltirdi.

“Shirkat marketing, reklama uchun xarajatlarni oshirib, mijozlari safini kengaytirmoqchi. Hozircha o’sish sur’ati yaxshi. O’tgan yil oxirida o’sish 50 foizni tashkil etgan bo’lsa, bu yili 30 foiz kutilmoqda”, – deydi Smit.

Aksiyalarni donasiga 25 dollarga sotib olish mumkin.

Reyter axborot agentligi muxbiri Liana Beykerning aytishicha, kelajakda “Etsy”ning bahosi bir necha milliard dollarga yetishi mumkin. Shunga “Apple” yoki “eBay” kabi yirik kompaniya uni sotib oladi deb o’ylayman”, – deydi Beyker.

Biroq, deydi moliyachi Ketlin Smit, shirkatning kelajagi mavhum.

“Ko’p narsa rahbariyatning yangi sarmoyadorlar bilan qanday ishlashiga hamda ularning umidlarini oqlay olishiga bog’liq”, – deydi u.

Amerikada moliyaviy rejalash – o’zbek mutaxassislaridan maslahat

Posted March 4th, 2015 at 12:43 am (UTC+4)
Leave a comment

Amerikaga kelgan o’zbeklar bu yurtdagi imkoniyatlar bilan tanishar ekan, kimdir mustaqil ravishda, kimdir esa vatandoshlari yordamida oyoqqa turmoqda. “Tadbirkorlar fabrikasi” yaqinda Nyu-Yorkda bo’lib, bu jamoaga moliyaviy rejalash haqida ma’lumot ulashayotgan o’zbeklarni suhbatga tortdi.

Moliyaviy rejalash – Amerikada muvaffaqiyat qozonishning asosiy omillaridan. Ammo bu ishni to’g’ri qilish lozim. Malakali mutaxassislarning maslahatisiz ish bitmaydi. O’zbek jamoasining ingliz tilini mukammal bilmaydigan vakillari endi xavotir olmasa ham bo’ladi.

Amerikadagi o’zbeklar Farhod Sultonovni “Vatandosh” gazetasi va “Vatandosh” jamiyati orqali yaxshi taniydi. Jamoaga ko’p foydasi tekkan inson. “New York Life” sug’urta kompaniyasida yetti yildan beri ishlab kelgan Farhod shirkat xizmatlarini endi o’z jamoasiga taklif etmoqda.

Oliy o’quv yurtiga kirish uchun pul jamg’arish, hayotni sug’urta qilish, nafaqa haqida oldindan qayg’urish kabilar “Nyu York Life” kompaniyasi taklif etayotgan xizmatlar qatoriga kiradi.

Amerikaga to’rt yil avval kelib, hozirda Bruklinda yashayotgan jizzaxlik Charos Muxtorova moliyaviy rejalashning foydasini tez anglab yetdi.

Rik Madan “Nyu-York Life” shirkatida 33 yildan beri ishlaydi. Uning aytishicha, 170 yillik tarixga ega kompaniya 2008-yilgi global moliyaviy inqiroz paytida hukumatdan bir sent olmay o’zini tiklab oldi. Shuning o’zi shirkatimizga bo’lgan yuqori ishonchdan dalolat, deydi u.

“O’zbek jamoasi ajoyib jamoa, safi kengaymoqda, ayniqsa Nyu-York va uning atrofida. Kompaniyamizda shu jamoaning unga xizmat qilishga tayyor ikki vakillari ishlashidan xursandman. Dilshod Rahmonov va Farhod Sultonov. Ishimiz, mahsulotlarimiz haqida ular batafsil ma’lumot bera oladi. Chunki biror narsa haqida chuqur bilimga ega bo’lsangiz, to’g’ri qaror qabul qilishda adashmaysiz”, – deydi u.

Farhod Sultonovning aytishicha, hayot sug’urtasi musofirchilikda yashayotgan o’zbeklar uchun ayniqsa zarur. Sug’urta bevaqt o’lim bilan bog’liq xarajatlarni qoplashda yordam berishdan tashqari farzandlarga yirik miqdorda pul qoldirish imkonini ham beradi.

Dilshod Rahmonov asli Farg’onadan. Amerikaga kelganiga 17 yil bo’ldi. “New York Life” shirkatida 2009-yildan beri ishlaydi. Asosiy ishi Farhodga o’xshash sug’urta agentlarini yollash.

Amerikaga 20 yil oldin Toshkentdan kelgan Sanobar opa Boboxonova intervyu uchun borganimizda sumalak pishirayotgan edi. Navro’zga hali ancha vaqt borligiga qaramay, taraddudini hozirdan ko’rayotgan ekan.

“Hayot sug’urtasi ham erta taraddudni talab etadi”, – deydi u.

Farhod Sultonov o’zbek jamoasiga moliyaviy rejalashda yordam berish bilan birga uddaburo vatandoshlarni “New York Life” kompaniyasida ishlashga ham da’vat etmoqda.

Muzqaymoq biznesi

Posted December 5th, 2014 at 10:54 pm (UTC+4)
Leave a comment

Enn Rayan quyoshli Kaliforniyaning Santa-Monika shahrida muzqaymoq sotadi.

“Men organik muzqaymoq sendvichlari tayyorlab sotaman. Muzqaymoqqa bolaligimdan mehr qo’yganman. Shirinliklarni yaxshi ko’raman. Plyajda turli-tumanlari bo’lardi”.

Kollejda Enn moliyani o’rgandi va bir necha yil mijozlarga ovqat tashidi. Tadbirkor bo’lishni orzu qilardim, deydi u.

“Ko’ngilochar biznes, moliya va sarmoya bilan ham shug’ullandim, ammo o’zimning ishim bo’lishini xohlardim. Odamlarning ko’nglini ko’taruvchi biznes bo’lsin, derdim. Muzqaymoq ishlab chiqarish xayolga keldi”.

Shunday qilib “Beachy Cream” muzqaymoq do’koni paydo bo’ldi. Enn muzqaymoqni o’z oshxonasida tayyorlay boshladi.

“Avvaliga buvimning reseptlaridan foydalandim. Zanjabil kabi ziravorlardan qo’shdim, tanishlarimning reseptlarini ishga soldim”.

Enn tayyorlagan muzqaymoqning mazasi o’zgacha, boshqa hech qayerda uchratmaysiz.

“Ishimning qiziq tomoni shuki, unga ijodiy yondashish kerak. Har xil ta’mli muzqaymoq va pechenyelar o’ylab topib, ulardan sendvichlar tayyorlayman”.

Enn har bir muzqaymoq turiga nom bergan.

“Aksariyat muzqaymoqlardan farqli o’laroq biz sun’iy ta’m yoki rang qo’shmaymiz. Muzqaymoqlarimiz tabiiy bo’lib, unda yorqin ranglarni ko’rmaysiz”.

Enn bundan faxrlanadi.

“Men sog’liqqa zarari yetmaydigan, mazali mahsulot o’ylab topdim. Uni egan odamning chehrasi ochiladi. Shuning o’zi menga huzur bag’ishlaydi”.

Do’kon xizmatchilarining kiyimlari ham juda chiroyli.

“Muzqaymoq tashiydigan juda ham eski aravamiz bor. Plyaj yoki tadbirlarga mahsulotni ana o’shanda olib chiqamiz”.

Enn mahalliy restoran va do’konlarni ham o’z mahsulotlari bilan ta’minlab turadi.

““Beach Cream” do’konlarini mamlakat bo’ylab, hatto dunyo bo’ylab ochsam deyman”.

Enn bu biznesni ikki yil oldin ochgan. Unga bu ishda farzandlari – qizi va o’g’li yordam beradi.

“Farzandlar bilan bir ish qilish orzudir, oilaviy biznes. Doim muloqotdamiz, birgamiz”.

Amerikada stomatologiya klinikasini ochish osonmi?

Posted September 28th, 2014 at 9:59 pm (UTC+4)
Leave a comment

Denver atrofida yashovchi markaziy osiyoliklar uni “Doktor Aziz” deb chaqirishadi. Qayerga bormaylik, markaziy osiyoliklarning hammasi uni taniydi. Shunga qaramay, mijozlarimning 90 foizi amerikaliklar, deydi u.

“Odamlarimizning tishi og’rimaguncha kelishmaydi. Amerikaliklar esa profilaktika uchun olti oyda bir kelib turishadi”.

Aziz Rasulov Amerikaga grin karta bilan 1996-yilda kelgan. Dushanbe Tibbiyot universitetining bitiruvchisi AQShda o’z sohasi bo’yicha ishlashni maqsad qildi, biroq buning uchun uzoq va mashaqqatli yo’lni bosib o’tishga to’g’ri keldi.

“O’qishga kirish uchun imtihon topshirish kerak. Avval biotibbiy fanlardan, ya’ni biologiya, mikrobiologiya, ximiya, anatomiya, tish anatomiyasi. So’ng ingliz tilidan, ya’ni TOEFL testini topshirish zarur. Keyin esa xorijiy mutaxassislarga mo’ljallangan dasturlarni topib, 2-3 yil o’qish lozim. Bunday dasturlarni taklif etadigan universitetlar Nyu-York, Kaliforniya, Massachusetsda bor, Koloradoda ham yaqinda ochildi”.

Bularning barchasi nafaqat vaqt, balki xarajat ham talab qiladi. Davlat universitetida o’qish narxi yiliga 25 000-30 000 dollar, xususiy oliygohda esa 40 000 dan 80 000 dollargacha.

Aziz Rasulov Nyu-York davlat universitetida o’qidi, chunki xorijiy mutaxassislar uchun Denver oliygohlarida dastur yo’q edi.

Uning aytishicha, stomatolog bo’laman degan odam 200 000 dan 400 000 dollargacha qarz bilan o’qishni tamomlaydi. O’qish uchun kredit bankdan olinadi, biroq bu hali xarajatlarning hammasi emas.

“To’rt yillik o’qish uchun yeb-ichishga ham bankdan pul olish kerak. Bu yiliga 30-40 ming dollar atrofida”.

Agar biror klinikada ishlayman desangiz, bo’yningizdagi qarz shu. Mabodo o’z xususiy stomatologiya klinikangizni ochmoqchi bo’lsangiz, 10-15 yilga qo’shimcha 300 000-400 000 dollar atrofida bankdan kredit olinadi.

Aziz Rasulov yetti yil bir kompaniyada ishlab, tajriba orttirdi, so’ng mustaqil ishlay olishiga ko’zi yetgach, “Cozy Dental” degan mana shu joyni ochdi.

“Bu yerda 12 kishi ishlaymiz. Oilamning to’rt a’zosi – men, singlim, rafiqam, ukamning turmush o’rtog’i va yana sakkiz nafar amerikalik mutaxassis xizmat qilamiz”.

Zarina Ishankulova ulardan biri. Dushanbeda farmasevt bo’lgan. Amerikaga bir yil oldin kelib, hozircha ofisda kotibalik qiladi.

“Hozir ingliz tilini o’rganyapman. O’zga tilda ta’lim olish osonmas. O’z mutaxassisligim bo’yicha ishlash uchun qo’shimcha o’qish kerak. Bu esa qo’shimcha xarajat degani”, – deydi Zarina.

“Doktor Aziz” yuqori malakali shifokor. Buni devordagi faxriy yorliqlaru mukofotlardan bilsa bo’ladi. Klinikani ochish oson bo’lmadi, deydi u.

“Bu joyni klinika sharoitiga moslashtirish uchun uni qayta qurishga to’g’ri keldi. Bundan tashqari klinikani jihozlash, apparatura va materiallar, tibbiy asboblar sotib olish, shtat ma’muriyatidan turli xil litsenziyalarni olish kerak bo’ldi”.

Aziz Rasulovning rafiqasi pediatr bo’lib, u o’z sohasi bo’yicha o’qishga kirishga tayyorgarlik ko’ryapti.

Shifokorning aytishicha, Amerikada malakali ish uchun barcha sharoitlar, ilg’or tibbiy jihozlar, materiallar mavjud. Tojikistonlik mutaxassislarning kuchi klinik fikrlashida; ular yo’q narsadan bor qiladi, amerikalik shifokorlar esa sharoit bo’lmasa, ishlay olmaydi, deydi u.

Koloradolik yosh tadbirkor ayolning taqinchoqlar biznesi

Posted September 8th, 2014 at 10:56 pm (UTC+4)
Leave a comment

Qo’shma Shtatlarda yashayman, biznes qilaman degan odamga sharoit ham bor, qiyinchilik ham yetarli. Masalan, taqinchoq, zeb-ziynat yasash yoki bu mahsulotni sotishni oling. Ishni nimadan boshlagan ma’qul? Qancha moliya kerak? Kimdan maslahat olasiz? Koloradoda yashayotgan toshkentlik Iroda Shamshiyeva biz bilan suhbatda bu savollarga javob berdi.

Kolorado shtati, Brumfild shahridagi savdo markazida taqinchoq sotilayotgan do’koncha – tadbirkor ayolning mehnati mevasi. “Little Jewel Box”, ya’ni “Zar quti”ning sohibasi Iroda Shamshiyeva savdo-sotiqdan, zeb-ziynatdan bilib gapiradi.

“To’rt yildan beri Amerikadaman, grin-karta yutib kelib qoldim. Har xil shtatlarda yashadim, ishladim. Florida, Tenessi, Oxayo”, – deya sanaydi u.

Iroda ko’plardan o’rgandi, ulg’aydi, Amerikaning chig’irig’idan o’tdi.

“Ikki yildan beri Koloradodaman, turmush o’rtog’im bilan. Uyda o’tirishga ko’nglim bo’lmay, avvaliga gazetadan ish qidirdim. Savdo markazida ishlash oson deb tavsiya qilishgan edi. Boshida shunga o’xshash kioskda tirnoq bo’yoqlari sotar edim”, – deydi Iroda Shamshiyeva.

Shundan keyin Iroda “Soho” firmasida soch taqinchoqlarini sotdi. U yerda ishlab savdo-sotiqda ko’zi pishdi, mashqlardan o’tib menejerlik lavozimiga olindi. Saldan keyin esa ishonchi ortib, o’zining shaxsiy biznesi – mana shu do’konchani ochdi.

“10 ming dollar bilan boshlasa bo’ladi. Biznes ochgandan keyin darrov foyda qilmaysiz. Kamida olti oy, bir yil ketadi oyoqqa turib olishga. O’sha boshida kiritgan 10 ming dollarni qaytarib olish uchun bir yil kutasiz. Ungacha odamlaringizni o’rgatasiz, reklama qilasiz. Ba’zi odamlar ishni boshlaydi-da, oyoqqa turishiga ozgina qolganida tashlab ketadi”, – deydi Iroda Shamshiyeva.

Yosh tadbirkorning masalahati – ish qilishda shoshmaslik kerak. Bir kioskani eplang, yaxshi odamlarni, yaxshi menedjerlarni toping, deydi. Undan keyin ikkinchi do’konchani, uchinchisini ochsa bo’ladi. Iroda mahsulotni Xitoydan internet orqali sotib oladi. Soch uchun taqinchoqlarni o’zi ham yasaydi.

“Bu ish bilan pul qilsa bo’ladi. Yaxshigina daromad qilgan odamlarni bilaman. Bozor yaxshi. Amerikada odamlar yaltir-yultir narsalarni yoqtirishmaydi. Ularga ko’proq bosiq rangdagi, pastel (mayin, ko’zni olmaydigan) rangdagi buyumlar ma’qul”, – deydi tadbirkor.

Hamma ishda bo’lgani kabi qiyinchiliklar ham bo’ladi:

“Qiyinchiliklari ko’p. Odamlar o’zi ish boshlab ko’rmagunicha bilmas ekan, boshqalardan eshitasiz, lekin ochgandan keyin tushunasiz. Hamma bilan kelishib muomala qilish kerak. Doim o’zingizni bosib turasiz. Mijozlar tovarni qaytarib beradi ba’zida”, – deydi suhbatdosh.

Uning muhim maslahatlaridan biri xodimlarni tanlash haqida. O’zi buni sinadi, hozir ancha tajribasi bor:

“Hozir ikki xodimim bor. Shuni alohida aytmoqchi edim. Biznesni ochgandan keyin xodimlardan pulni ayamaslik kerak. Ish endi boshlanganida hamma pul ijaraga, xodimlarga ketib qolishi tabiiy. Bundan qo’rqmaslik kerak. Chunki xodimlarsiz ishlasa, odam charchab qoladi. Yaxshi xodim sizdan ham ko’p daromad keltirishi mumkin”, – deydi Iroda Shamshiyeva.

Buyumlarni reklama qilishning eng ma’qul yo’li qanday deya so’raymiz undan.

“O’zingizning narsalaringizni taqib yurasiz. Ishdan tashqarida odamlar so’rasa, darrov vizitkangizni bera olishingiz kerak”, – deydi Iroda Shamshiyeva.

Uning Internetda, “Facebook”da o’z sahifasi bor. Chunki hammaning ham do’konga kelishga vaqti yo’q. Shunda bu “Zar quti”ni internetdan ko’rib, bilsa bo’ladi.

MUALLIF HAQIDA

Odil Ruzaliev “Amerika Ovozi”da 2005-yildan beri ishlaydi. Diktor va prodyuser. AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) xalqaro aloqalar sohasida magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekiston TV 1-kanalida ingliz tilida FCN (First Channel News) yangiliklar ko'rsatuvining muallif-boshlovchisi bo’lgan. O'zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan qator maqolalar muallifi.