Oʻzbekistonda kim edigu, AQShda kim boʻlmoqchimiz?

Posted January 29th, 2021 at 12:57 pm (UTC-5)
Leave a comment

Agar kimdir sizga Amerika insonni butkul oʻzgartirib yuboradi desa, ishonishingiz mumkin. Chindan ham shunday. Ammo, bunda na AQShning, na amerikaliklarning ishtiroki bor. Hamma oʻzgarishlar ortida shaxsiy injiqliklar turadi. Lekin, ishoning, “sharoit shuni taqozo etdi” deyish mutlaqo notoʻgʻri.

AQShdagi hayotni, bu yerdagi insonlar kayfiyati va xulqini tushunish, buning negizini aniqlash uchun birinchi galda mamlakat tarixiga nazar solish kerak. Bir eslaylik. AQSh deya atalmish mana shu qitʼa, bir paytlar keng yaylovlar, bepoyon oʻrmonlar va turli jonzotlarga toʻla maskan boʻlgan. Uning ilk “egalar”i bugungi kunda “mahalliy hindular” nomi bilan tanilgan insonlar edi. Bugun AQSh olimlari hindular nafaqat qay tarzda Amerikaga kelib qolgani, balki qaysi yoʻnalish bilan kelganini ham aniqlab, ovoza qilib boʻlgan. Ilk yevropaliklar bu qitʼaga kirib kelgan paytlarda, bugungi AQShda 100dan ziyod hindular qabilalari istiqomat qilgan. Ana shu qabilalarning oʻz tili, madaniyati boʻlgan, ammo oʻzaro (qabilalararo) suhbatlashish tili ham boʻlgan.

AQSh olimlari oʻtkazgan qator tadqiqotlarga koʻra, yevropalik koʻchmanchilar kelguniga qadar ham, masalan Pueblo qabilasiga oid hindular koʻpqavatli binolarda istiqomat qilishgan. Toʻgʻri bu uylar zamonaviy koʻp qavatli binolardan tubdan farq qilgan, bu uylar oʻzbeklarga yaxshi tanish boʻlgan guvala yordamida qurilgan. Guvala, agar unutgan boʻlsangiz, loyning somon bilan qorishmasi asosida, quyoshda quritilib tayyorlanadi. Pueblo qabilasi uylari aynan oʻsha usulda qurilgan boʻlgan. Xoʻsh, mavzuimiz AQSh hindulariga oid boʻlmagani bois tarixning bu qismini chetlab oʻtamiz. Aslida yerlik aholini “hindu”, deya atalishi ham yevropalik koʻchmanchilar tarafidan joriy etilgan. Zero, tarixdan bilamizki, ilk yevropaliklar AQShga kelganida, hayolan Hindistonga keldik deb oʻylagan va yerlik aholini tabiiyki hindlar, hindular deya atagan.

Demak, ilk yevropaliklar kichik-kichik guruh boʻlib AQShga kelganida, ularni bu yerlarga faqat va faqat bir istak yetaklab kelgan. Yaʼni, Angliya qirolining bugungi mashhur atama bilan aytganda diktaturasidan qochib, erkin hayotga erishish. Keyinchalik bu istaklar kengayib borgan, erkin hayot istaganlar, oʻz diniy yoʻnalishini qurmoqchi boʻlganlar, yangi toʻkin hayot qidirib kelganlar va hokazo. Ana shu turli istaklar bilan kelganlarning har biri, kimisi qayerdan kelganidan kelib chiqib, oʻsha kelgan yeridagi madaniyatning ilk targʻibotchilari boʻlgan desak adashmaymiz. Shu bois, bemalol aytish mumkinki, yer yuzidagi minglab mamlakatlarda nishonlanuvchi bayramlarning deyarli barchasi AQShda ham nishonlanadi. Eslatish joiz, bayramlarning nishonlanishi zinhor amerikaliklarning oʻzga madaniyatga mukkasidan ketgani boisidan emas, shunchaki yuz va yoki ikki yuz yil ilgari AQShga kirib kelgan koʻchmanchilar bir siqim yuki bilan birga ana shu marosimlarini ham olib kelgan.

Angladikki, AQShga kelgan ilk yevropaliklar, yaʼni mutlaqo yangicha hayot va yangicha sharoit istagida kelganlar ham maʼlum maʼnoda oʻz madaniyati va oʻrgangan marosimlarini saqlab qolishga erishgan. Ular faqat va faqat oʻz yurtlarida qalbiga ozor bergan nelarnidir unutishga intildi, ana shu ogʻriqdan qochdi, ammo madaniyati va urflaridan emas, shu bois ularni butkul saqlab qoldi. Asrab-avaylab, avloddan-avloddga yetkazgani boisidan ham bugun oʻsha urflar va madaniyatlarni zamonaviy amerikaliklar hayotida yaqqol koʻrish mumkin. Toʻgʻri, diktaturadan qochib kelib oʻzlari bu yerda jiddiy zoʻravonliklarga qoʻl urdi, koʻproq yer olish istagida yerlik aholiga ozor berdi, ularni shafqatsizlarcha qirdi, ammo bu endi mutlaqo boshqa mavzu…

Koʻchmanchilar faqat ilk yillari, yaʼni bu qitʼaga kirib kelgan ilk yillari oʻzlarini yangicha nom bilan atashni istadilar, yangicha hayot tarzi va muomalani joriy qilishga intildilar. Ammo baribir yillar oʻtib, oʻzining asl kelib chiqishiga eʼtibor qarata boshladi. Shu bois bugun AQShda kichik Italiya, Poland (Polshaga ishora) xill, frantsuzlar mavzesi, kichik Xitoy, rus mahallasi, irlandiyaliklar mavzesi kabi hududlarni uchratish mumkin. Bu hududlarda nafaqat nomni, balki oʻsha nomiga xos hayot tarzini ham koʻrish mumkin. Pitsburgda eng yirik mavze bu yahudiylar mavzesi. Mavzega kirsangiz har bir uyda yahudiylar ramzlarini koʻrasiz. Bu mavze ichidagi maktablarda yahudiy madaniyati va tili jiddiy oʻrgatiladi, sinagogalar hatto savdo doʻkonlarida kosher mahsulotlar topasiz. Bu ham aynan oʻsha aytmoqchi boʻlganimiz, oʻz urfi va madaniyatiga sodiqlik belgisidir.

Ana endi yaqindan beri (aslida salkam 20-30 yil boʻlganov) AQShda istiqomat qilib kelayotgan oʻzbeklarga toʻxtalamiz. Aminmanki aynan mana shu satrlarni oʻqir payt, miygʻida kulib qoʻydingiz. Sababi, oʻzbeklar oʻz madaniyatidan koʻra, oʻzgalarnikini oʻzlashtirish va targʻib etishga usta. Oʻzbekchalik bu qadar oʻz madaniyatidan bezigan xalq dunyoda yoʻq boʻlsa kerak. Vaziyat shu darajaga yetdiki, oʻz farzandlariga oʻzbek tilini oʻrgatish uchun oʻzbek tili maktablariga ehtiyoj sezila boshladi. Oʻzbek farzandlarining deyarli 70-80 foyizi, bugun Oʻzbekistonda oʻsayotgan tengdoshlarichalik oʻz ajdodlarini tanimaydi, oʻz urflarini bilmaydi, bir qarashda juda oddiy ammo oʻta muhim madaniy odatlarimizdan boʻlmish ota-onaga muomala madaniyatini ham bilmaydi. Mutlaqo! Ilk yevropaliklar AQShga kirib kelgan muddati va oʻzbeklar kirib kela boshlagan muddatga eʼtibor qiling, ularga 200 yildan oshyapti, bizga esa atigi 15-20 yil boʻldi, ammo ular hamon oʻz madaniyati va urflarini biladi, bizning avlod esa…

Bir paytlar millatning yoʻq boʻlib ketishiga uzoq muddat kerak emas, degan iddaolarga mutlaqo ishonmaganmiz. Ammo koʻryapmizki… Bolalarni ayblab boʻlmaydi albatta. Gap ota-onaning oʻzida, kattalarning oʻz madaniyati va urflariga bepisandligida. Marhum shoir Shavkat Rahmoning bir sheʼri bor, “Bir ming bir shoir”, degan. Shu sheʼrda bir saltanatda istiqomat qilgan bir ming bir shoir haqida soʻz boradi, ularning isyonkor ruhini sindirish uchun, saltanat shohi shoirlarni toʻplab zindonga tashlaydi birdaniga 500ta shoir sheʼr yozishni toʻxtatadi, soʻng qolgan besh yuz bir shoirga shohona hayot taqdim qiladi, mayishatga mukkasidan ketgan shoirlardan 500tasi sheʼriyatni unutadi, faqat bitta shoir, zindonda ham, hashamda ham yengilmay sheʼr yozaveradi. Shunda shoh saltanatda bir ming bir emas, atigi bir shoiru bir shoh bor deydi.

Nima demoqchiman, muhojirlikka chiqqan oʻzbeklarning aksari oʻsha zindonga tushib ahdidan qaytgan shoirni, ayrimlari esa mayishatdan boshi aylanib shoirlikdan kechvorgan shoirlarni eslatadi. Adash tushunchalar tufayli oʻz madaniyatidan yiroqlashayotganlar ham bor albatta. Yaʼni koʻpchilik oʻzbeklar oʻz ayollariga qilgan, farzandlariga qilayotgan munosabatida amerikacha taqlidni majburiy tartib deb biladi. Aslo unday emas. Har bir xalq oʻz madaniyati va urf odatiga asosan hayot kechirish huquqiga ega. Albatta bunda men erkaklar ayollarini oyoqosti qilib, bollarini tinimsiz urib turishi kerak demoqchimasman. Aslida bu ham oʻzbek madaniyatiga zid holat. Ammo oila boshi, farzand va ota-ona orasidagi nozik parda tushunchasi mutlaqo jinoyat emas.

Bir yirik uchrashuvda, oʻta katta lavozimdagi bir amerikalik amaldor menga “biz amerikaliklar turli madaniyatlar va urf-odatlarni, ulardagi goʻzal holatlarni oʻrganishni yaxshi koʻramiz, har bir kelayotgan muhojirdan aynan mana shu goʻzal odatlarini biz bilan oʻrtoqlashishini kutamiz”, degan edi. Yaʼni amerikaliklar oʻz urf va odatlarini oʻzga xalqlar odati va urflari, madaniyati bilan boyitishni yaxshi koʻradi. Eʼtibor qilsangiz AQShda mahalliy xalq orasida eng katta shuhratga ega boʻlgan oshxonalar bular Xitoy oshxonalari, turk oshxonalari, Meksika va lotin Amerikasi oshxonalari, Hindiston yemaklari va hatto rus oshxonalari. Har qanday amerikalik bilan suhbatlashar chogʻi va yoki u siz bilan tanishar chogʻi sizda aynan oʻz davlatingiz va xalqingizga oid nimanidir koʻrishni istaydi, bordiyu sizning yurish-turishingiz gʻirt amerikacha boʻlsa, ishoning siz mutlaqo zerikarli suhbatdosh boʻlasiz.

Har bir millatning oʻz “national identity” (milliy oʻziga xoslik)si boʻladi. Ayni oʻsha oʻziga xosligi u yoki bu xalqning maʼlum maʼnodagi biznes anketasi boʻladi. Odamlar oʻsha orqali siz haqingizda tiniq tasavvur hosil qiladi yaʼni. Afsuski oʻzbeklarning aksarini amerikaliklar meksikalik deb hisoblaydi. Oʻzimizni tutishimiz shunaqa shekillida. Shu bois agar sizga murojaat qilmoqchi boʻlsa albatta “hola” yoki “adios”, deydi. Bu umuman olganda salom degani. Yaʼni amerikaliklar oʻnlab odamlar orasidan sizni aynan oʻzbek sifatida taniy oladigan hech qanday bilimga ega emas. Sababi biz unga shu bilimni bermayapmiz. Biz uning hayot tarzini oʻzlashtirish bilan ovoramiz. Aslida oʻzbeklarda bu odat sovet oʻtmishdan qolgan illat. Biz hali ham oʻnta oʻzbek orasiga bitta rus kirib qolsa ruscha gapirishga urinamiz, ammo zinhor oʻsha rusga oʻzbekchani oʻrgatmaymiz. Oʻzbekistondagi odatimiz bilan chet elda hayot quryapmiz. Qoyilda har qalay.

Ammo keyingi 10 yil davomidagi kuzatuvlarim shuni koʻrsatyaptiki, farzandlar oʻzbek madaniyatini oʻzlashtirishga mushtoq. Buni turli shtatlardagi oʻzbek jamiyatlari tarafidan tashkil qilinayotgan oʻzbek tili va madaniyati oʻquv mashgʻulotlari ham yaqqol koʻrsatyapti. Dastlab biroz ikkilanib, tushunmay, gapini topolmay qiylangan farzandlar ikki-uch mashgʻulotdan keyin jiddiy tarzda oʻz tilida gapirishga, fikrlashga urinyapti. Tasavvur qiling, oʻzbek farzandi oʻz tilini oʻrganish uchun maxsus mashgʻulotlarga qatnashga majbur boʻlyapti. Ammo AQShdagi hech qaysi oʻzga millat va yoki xalqlarning maxsus maktablari yoʻq. Bolalar oilada oʻrganyapti oʻzligini. Toʻgʻri jamiyatlar bor, ammo ularda koʻproq qoʻshimcha mashgʻulotlar oʻtkaziladi, musiqadan, sporttan, sanʼatdan, hunarmandchilikdan…

Ertaga AQShga kelish haqida qaror qabul qilar chogʻi shuni albatta inobatga olmogʻingiz shart. Birinchi galda madaniy toʻqnashuvga duch kelasiz, siz avval koʻrmagan va tasavvur qilmagan odatlarni uchratasiz, oʻz madaniy boyligingizni asrashday jiddiy muammoga yoʻliqasiz, zero hamma narsa, hatto mavjud voqelik sizga qarshiday tuyuladi. Bugun siz ishongan turmush oʻrtogʻingiz ertaga sizga qarshi chiqib qoladi, oʻn yil birga yashaysizmi, yigirma yilmi, ammo aynan AQShga yetib kelgach, turmush oʻrtogʻingiz birdan sizning nuqsonlaringizni koʻra boshlaydi, farzandlar sizni tushunmaydi, hech kimga gapingiz oʻtmay qoladi. Agar siz avvaldan shu holatlarga tayyor kelmasangiz, avvaldan borar joyingizda sizni nimalar kutishi mumkinligini bilib olmasangiz. Bugun oʻzbek oilalarining buzilishi boʻyicha Amerikada yetakchi oʻrinlarga chiqib oldik. Hammasi oʻsha, erkinlik borasidagi tushunchaning notoʻgʻri shakllana boshlaganida, shaxsiy dahlsizlik deganda oilaviy dahlsizlikdan koʻra, oʻz dahlsizlikni afzalroq koʻra boshlaganimizda.

AQShda sizu biz bilganday, taniganday oila tushunchasi mavjud emas, bu yerda hatto shu, ikki inson oʻrtasidagi birlik ham oʻzaro bitim darajasida shakllanadi. Yoʻq, albatta samimiy oilalar bor, bir biriga oʻzaro ishonch va hurmat asosida oila qurib, bu birlikni soʻnggi nafasiga qadar saqlab, unga sodiq qoluvchi oilalar bor. Ammo bu oilalar odatda oʻsha qadimdan, 200-250 yil muqaddam kirib kelgan ilk koʻchmanchi yevropaliklar oʻzlari bilan olib kelgan qadriyatlarni mahkam tutgan oilalardir. Afsuski yangi muhojirlar orasida bundaylar juda ham kam.

AQShga kelishimizdan oldin men va bir nechta boshqa oʻzbeklar, ruslar, ukrainlar, tojik va chechenlar uchun Xalqaro muhojirlik tashkiloti vakillaridan biri, biz uni Stas deb tanir edik, Madaniy oydinlik (kulturnaya oriyentatsiya) mashgʻuloti oʻtkazdi. Mashgʻulotning ilk kunida Stas dastlab bizga savol yoʻlladi. Biz oʻz yurtimizda nimalarni yaxshi koʻrib, qanday sharoitda yashaganimiz haqida. Hammamiz birma bir javob berdik. Stas miriqib tingladi, ayrim javoblarga “Yoʻgʻ-e, naqadar goʻzal”, deb qoyil qoldi. Biz sukutga choʻmgach esa Stas faqat bitta gapni aytdi. U “bularning hech qaysisi AQShda yoʻq”, dedi va bu safar hammamiz anqayib qoldik. Keyin Stas Amerikada bizni nima kutayotgani, nimaga tayyor boʻlishimizni aytdi.

Mashgʻulot soʻngida, Stas bir misol keltirdi: “Aytaylik bir stakanga suv quyib unga shakar solsangiz, shakarning qaysidir qismi stakan tagiga tushadi, qaysidir qismi suvda erib yoʻq boʻlib ketadi, qaysidir qismi esa suv yuzida qoladi. Suvda erib yoʻq boʻlgani, bu AQSh hayotiga moslashib ketganlar, suv tagiga choʻkkani moslasha olmay yiqilganlar, suv yuzida qolganlari esa mutlaqo chorasiz qolib, oʻzligini yoʻqota boshlaganlar. Siz oʻzingizni qaysinisi deb bilasiz”, dedi. Mashgʻulotda hamma narsani anglab boʻlganingizdan soʻng, oʻz imkoniyatingiz, shashtingizdan kelib chiqib, eshitganlaringizni taqqoslab javob berishingiz kerak edi. Shunda yoshi ancha katta tojik amaki, “men ana shu yiqilganlardan boʻlsam kerak”, dedi. Albatta Stas uni yupatishga kirishdi, mashgʻulot sizni nimaga tayyor turishni oʻrgatadi, nasib qilsa yiqilmaysiz, har qanday zarbaga tayyor borasiz, dedi. Otaxon gʻamgin ketti. Uni boshqa koʻrmadim. Ammo koʻrganim shuki, bugun aksar oʻzbeklar yo stakan ustida, yo ostida, ammo singib ketgani kam, juda ham kam…

Suhbatimizning keyingi qismida, nega degan savolga javob izlaymiz, yaʼni nega shunday boʻladi, nega oʻz anʼanalar va madaniyatlar oson unutilyapti, nega oʻzaro ishonch yoʻqolyapti, nega farzandlar va ota-onalar oʻrtasida kelishmovchiliklar chiqyapti, shular borasida gaplashamiz.

 

Husniddin Qutbiddinov

Bizda bori bunda yoʻq, bunda bori bizda…

Posted January 1st, 2021 at 1:36 pm (UTC-5)
Leave a comment

Bugungi, insoniyat maʼlumotlar boʻroni ostida umr kechirayotgan kunlarda, aminmanki koʻpchilik doʻstlarimiz dunyoning har oʻlkasi, har millati va xalqlari haqida yetarli axborotga egaman degan xulosaga boradi. Bir qarashda chindan ham shunday, bunda ayniqsa ijtimoiy tarmoq orqali oʻz blogiga ega insonlarning xizmati katta.

Har qalay, bugun siz u yoki bu davlatga mehmonga ketar payt, oʻzingiz bilan (shaxsiy ehtiyoj uchun) nima olishni, mezbonlar uchun nima sovgʻa harid qilishni yaxshi bilasiz. Sizdan oldinroq oʻsha taraflarga borib olgan vatandoshdan maslahat soʻrab oʻtirmaysizda har qalay. Ammo, qanchalar “bilaman”, deb ishonmang insonlar koʻz oʻngidan tashqarida qolayotgan holatlar va odatlar ham borki, ularni bilishlik ham foydadan holi boʻlmaydi. Boʻlib ham agar siz u yoki bu davlatga doimiy yashash niyatida yoʻlga chiqayotgan boʻlsangiz.

AQSh hali ham dunyo xalqlarini oʻziga maftun qilib kelayotgan davlatlardan biri boʻlib qolmoqda. Mamlakatga kirishda joriy qilinayotgan cheklovlar, noqonuniy, baʼzan esa qonuniy muhojirlarga nisbatan uyushtirilib turuvchi reydlar va davlatdan chiqarib yuborish amaliyotlariga qaramay, keluvchilar oqimi mutlaqo pasaygan emas. Amerikaning eng yaqin qoʻshnilari bu borada hamon peshqadam. Joriy yilda dunyoni tashvishga solib qoʻygan koronavirus pandemiyasi AQSh tibbiyot tizimini jiddiy sinovga oldi, hatto dunyoda “ilgʻorlikni daʼvo qilgan davlat tibbiyotining ahvoli shu ekanmi?”, degan tanqidiy chiqishlar ham boʻldi. Bunday iddaolar uchun bir qarashda yetarlicha maʼlumotlar ham chiqib turdi. Qurbonlar soni, kasallanganlar soni, virus huruji oldida kuchsizlanish… Shu bois biz ham, maʼqul boʻlsa bilishingiz zarur holatlar haqidagi suhbatimizni aynan AQSh tibbiyoti haqida boshlaymiz.

Dunyoning har bir davlatida boʻlgani kabi AQShda ham tibbiyot tizimida oʻziga xos jiddiy oʻrnatilgan tartib bor. Bu tartiblar kichik doirada, bir guruh shifokorlar ishtirokida qabul qilinmagan, bu tartib va qoidalar Amerika tarixi davomida tibbiyot yuz kelayotgan holatlar va oqibatlar ortidan joriy etilgan. Masalan Oʻzbekistondan farqli amerikaliklar istagan payt oʻz shifokori oldiga dadil kirib bora olmaydi. Albatta dastlab hamshiraga sim qoqasiz, shifokor uchun qulay vaqt haqida soʻraysiz va uchrashuvga yozilasiz. Agar shifokorning vaqti kelasi oyga toʻgʻri kelsa, demak kelasi oy borasiz. Oʻzbekistondan farqli tez yordam xizmati tekin emas. Bu yerda men tez yordam shifoxonasini aytmadim, tez yordam, oʻzbekistonliklar “03” raqami orqali chaqiradigan, Gollivud kinolaridan tanish boʻlgani “911” orqali chaqiriluvchi yordam haqida gapiryapman.

AQShda bu raqam faqat tez yordam shifokorlariga tegishli emas. Ayni raqam favqulodda holatlar xizmatlari, yongʻinga qarshi tarkib, politsiya va shifokorlar uchun umumiy raqam hisoblanadi. Shu bois, agar siz 911ni terib, yordam bering desangizu, aynan qaysi turdagi yordam kerakligini aytmasangiz uyingiz yoniga bir vaqtning oʻzida yongʻinga qarshi kurash (favqulodda holatlar boʻyicha ham shu soha egalari keladi), tibbiy yordam va politsiya yetib keladi. Shuning uchun, Oʻzbekistondan farqli Amerikada chindan ham 911ni tergach, sabr bilan, oʻzingizni qoʻlga olgan holda hammasini batafsil tushuntirmogʻingiz shart boʻladi. Ammo bir narsada amin boʻlishingiz mumkin, siz telefonda kerakli maʼlumotlarni berayotgan payt, tez yordam mashinasi allaqachon yoʻlga chiqqan boʻladi va hali suhbatingiz tugamay yetib keladi. Yagona farq, politsiya va yongʻinga qarshi kurash tarkibi kelmaydi, ularni ortiqcha ovoragarchilikdan qutqargan boʻlasiz. Demak, aytib oʻtganimday tez yordam AQShda pullik. Oʻzbekistondan farqli tez yordam xodimlari, isitmaga qarshi “liticheskiy” ukol qilmaydi, bunday yondashuv hatto tez yordam shifoxonasida ham deyarli yoʻq.

Umuman zudlikda isitmani tushirish odati yoʻq desa ham boʻladi. Amerikalik shifokorlar inson tanasi oʻzi kurashish qobiliyatiga ega boʻlmogʻi lozim degan qarashga qattiq suyanadi. Albatta sizni tinchlantirish uchun AQShda bunday holatlarda beriladigan Tylenol yoki Motrin va yoki Advil beramiz deyishi mumkin, toʻgʻrirogʻi shifokor bu haqda hamshiralarni ogohlantirishini aytadi. U yogʻiga kutasiz. Baʼzan juda ham uzoq kutasiz. Albatta hayotingiz xavf ostida boʻlsa, hushingizni yoʻqotsangiz harakatlar ikki barobarga tezroq boʻladi, deyarli tibbiyot muassasasining barcha boʻlinmalari shifokorlari yetib keladi va sizga oʻz yonalishidagi tezkor yordamni koʻrsatishga tayyor turadi. Ammo oʻz oyogʻingizda kelgan boʻlsangiz, demak… Amerikadagi oʻzbeklar aytmoqchi, shifokor sizni kasalingizni yenga olmasa, ertasiga keladigan toʻlov qogʻozi albatta oyoqqa turgazadi. Chunki tez yordam mashinasining oʻzi uchun 1200 AQSh dollaridan 1500AQSh dollariga qadar toʻlov undiriladi. Tez yordam shifoxonasidagi narhlar sal koʻproq.

Shuning uchun odatda tez tibbiy yordam boʻlimiga shaxsiy mashinangizda borganingiz maʼqul. Shifokoringiz bilan uchrashuv vaqtlaringiz odatda har 6 oyda bir marotaba boʻladi. Agar oʻzingiz bunga qarshi boʻlmasangiz, yoʻqsa 1 yilda bir marta boʻlishi ham mumkin. Bordiyu sizni tez-tez bezovta qiluvchi qandaydir dard boʻlsa, bu haqda darhol shifokoringizni ogohlantiring va dardingizni inobatga olgan holda, baʼzan zudlikda qabul kerak boʻlishini aytib oʻting, shunda shifokoringiz buni oʻzi uchun qayd etadi va zudlikda uchrashuvga tayyor turadi. Aytgancha, suhbatimiz boshidan buyon shifokoringiz, deb yozyapman, gap shundaki AQShda har bir inson oʻzining doimiy shifokoriga ega. Bu shifokorlarni amerikaliklar qisqa qilib PCP doctor (PiSiPi doktor) deb atashadi. Toʻliq nomi Primary Care Physician (praymeri keyer fiziyshn) yaʼni davolovchi shifokor degani. Mana shu shifokor sizning eng yaqin kishingiz, dardkashingiz, sirdoshingiz, ishonchli kishingiz. Sizu biz bu qadar sevibqolgan antibiotiklarga yoʻl ochib beruvchi ham aynan shu inson.

Aytgancha AQShda antibiotik anqoni urugʻi. Yoʻq, antibiotik mavjud emas demoqchimansman, unga erishish osonmas. Amerikalik shifokorlar antibiotikka kamdan kam murojaat qiladi, bunga esa sal yuqoriroqda aytganim inson organizmi oʻzi kurashmogʻi lozim, degan qarash sababchi. Qachonki organizm buni u qadar uddalay olmayotgani sezilishni boshlasa, ana undan soʻng kam miqdorda antibiotik beriladi, oʻshanda ham agar sizning Tibbiy sugʻurta kampaniyangiz bunga qarshi boʻlmasa. AQShda tibbiy sugʻurta kampaniyalari shifokorlarning asosiy maslahatchilari hisoblanadi. Har qanday tibbiyot muassasasi birinchi galda sizning sugʻurta kampaniyangiz bilan bogʻlanadi va siz ularning qfabulida ekaningiz haqda ogohlantiradi. Shundan soʻng sizni koʻrikdan oʻtkazgani, qanday xulosaga kelgani va nima tavsiya etmoqchi ekanini aytadi. Sugʻurta kampaniyasi albatta bu jarayonni bilmogʻi va davolash usulini tasdiqlamogʻi shart. Aks holda, shifokor sizga avvalroq aytib oʻtganim Tylenol yoki Motrin va yoki Advilni tavsiya qiladi. Bu kompleks (umum asoratlar) kasalliklar uchun ishlab chiqilgan eng ommabop dorilar. Tumov, bosh ogʻriq, isitma, har turdagi ogʻriqlar, tomoq qichishi va hokazo, bularning hammasi uchun tilga olganim dorilar (sirop holidagilari ham bor) toʻgʻri kelaveradi.

Qolaversa, tibbiy sugʻurta kampaniyangiz bilan kelisha olmagan hollarda ham ayni oʻsha aytganim dorilar shifokorlar uchun qutqaruv vositasidir. Ha, hayron qolmang, baʼzan sugʻurta kampaniyangiz u yoki bu turdagi davolash usulini tan olmasligi mumkin, shikoforlar esa buningsiz hech narsa qila olmaydi, zero tibbiy yordam AQShda pullik. Toʻgʻri yonimdan naqd pulda toʻlayman deyishingiz mumkin, ammo bu holatda juda ham qimmat xizmat taklif etiladi. Sugʻurta kampaniyalari va ularning faol ishlashiniga erishish sirlari haqida keyingi suhbatlarimizda batafsil gaplashamiz…

Mavsumiy tashvishlar AQShda ham bor

Koʻpchilik vatandoshlar albatta buni bilmasalar kerak, ammo chindan ham mavsumiy muammolar AQShda ham bor. Ammo bu muammolar davlat va yoki davlat organlari faoliyatidagi kamchiliklar bilan bogʻliq emas. Yoʻq. Muammolar koʻproq mahalliy odat va mavjud hayot tarzi bilan bogʻliq. Eng katta mavsumiy tashvilar tabiiy qish mavsumiga oid. Oʻzbekistonda boʻlgani kabi, AQShda ham qish mavsumida koʻp qavatli uyda yashovchilar uchun issiqlik asosiy muammoga aylanadi. Bu yerda asosiy masala shundaki, aksar koʻp qavatli uylar xususiy shirkatlarga qarashli. Bu shirkatlar orasida sobiq ittifoqdan kelgan muhojirlarga tegishlilariyam bor. Xullas, deyarli barcha koʻp qavatli uylarning menejerlari issiqlik quvvatini shaxsiy odatidan kelib chiqib belgilaydi. Masalan ular uchun normal hisoblangan issiqlik, sizu biz uchun mutlaqo sovuq. Amerikaliklar uchun ayni muddao boʻlgan harorat, sizu biz uchun naq Alyaska havosiday.

Shu bois aksar holatlarda qish mavsumi payt uy ichida ham qalinroq kiyimda yurasiz, bolalar tez-tez shamollab turadi. Masalan oʻzbekistonliklar qishga yaqin koʻmir, gaz balon, tappi va hokazolarni ommaviy sotib olishni boshlasa, aksar AQShdagi oʻzbeklar Tylenol yoki Motrin va yoki Advil sotib olishga kirishadi. Bolalar uchun. Chunki uydagi harorat shunaqaroq boʻladi. Boshqariluvchi issiqlik quvvati bilan aynan AQShda tanishsa boʻladi. Agar bordiyu mahalliy televideniye orqali juda ham qattiq sovuq kunlar kelishi haqida ogohlantirilsa, issiqlik quvvati oshiriladi, hatto yengilroq kiyimda yursa boʻlar darajaga chiqadi. Ammo sovuq kunlar chekindi deyilishi bilan quvvat ham shart chekinadi. Bilib tursangiz zarari yoʻq, bilmasangiz Tylenol, Motrin yoki Advil. Hatto oʻzingizga ham. Bilib tursangiz, u holda darhol issiqroq kiyinib olasiz, bolalarni ham kiyintirasiz.

Ikkinchi muammo ham oʻta tashvishli. Yaʼni qish mavsumida ham baʼzan quyosh chiqib qoladi. Bunday holatni Oʻzbekistonda ham koʻrish mumkin, toʻgʻrimi? Ammo Oʻzbekistonda adashmasam, quyosh chiqishi, koʻp qavatli uylarda (Toshkentda) issiqlik taʼminotining toʻxtatilib turilishiga sabab boʻlmaydi. AQShda boʻladi. Ertalab tursangiz va tashqarida quyosh charaqlab turgan boʻlsa, bilingki, issiqlik taʼminoti toʻxtagan. Amerikaliklar uchun tashqaridagi quyoshning issigʻi yetarli ekan. Har qalay men bogʻlanganda uyimiz menejeri shunday deb izohladi va hatto qoʻshnilarim (amerikaliklar) uchun quyosh payti issiqlik taʼminotining borligi haddan ziyod isib ketishiga sabab boʻlar ekan va ular eʼtirozli qoʻngʻiroqlar qilar ekan. Yaʼni amerikaliklar aslida biroz sovuqroq boʻlishini yaxshi koʻradi, ular uchun oʻzbek sevadigan issiqlik, choʻldagi issiqlik bilan barobar. Madomiki Amerikadasiz, bu holat bilan hisoblashishingiz shart.

Qolaversa aksar koʻp qavatli uylar egalari (ayniqsa sobiq ittifoqdan kelganlar) tejamkorlikni yaxshi koʻradi, koʻp sarflamaslik tarafdori, shu bois issiqlik quvvatini atay pasaytirishadi. Hatto juda ham sovuq boʻlgan kunlarda ham. Baʼzi koʻp qavatli uylarda issiqlik quvvatini har bir xonadon yashovchisi oʻzi belgilab olishi uchun imkoniyat yaratilgan. Bu, yangi davr uylaridagi qulaylik. Ammo uy egalari bu uskunalarning imkoniyatini oʻzlari cheklab qoʻyadi va natijada uy egalari uchun maʼqul sanalgan haroratdan baland haroratga ega boʻlish amrimahol boʻlib qoladi. Agar arz qilsangiz Amerika uchun mavjud harorat normal ekani uqtiriladi. AQShga yangi kelgan paytlarim, ilk qish mavsumida biz turgan uyning haroratini ancha yaxshilab oldik. Oy oxirida uy egasi yetib keldi va gaz uchun juda ham katta miqdorda pul toʻlanganini aytdi. Nega undayligini tekshirar ekan, koʻzi harorat belgilovchi moslamaga tushdi va undagi raqamni koʻrib rangi oʻchib ketdi. Oʻshanda uy egasi, bizdagi maʼqul harorat mana bu, deb ancha past raqamni koʻrsatdi, mening biz uchun bu sovuq degan eʼtirozimga javoban esa, “jemper kiyib olsang boʻladiku”, deb javob qildi.

Demak AQShga otlanar ekansiz jemperlardan koʻproq olvoling. Aksar uylardagaz plitalari elektron plitalarga oʻzgartirilgan. Bunisi biroz arzonroq. Ammo shunda ham, deyarli barcha plitalarga maxsus moslama oʻrnatiladi, ayni moslama plitadagi harorat koʻtarilgan payt avtomatik tarzda plitani oʻchirib qoʻyadi. Uch-toʻrt sekund yoki besh-olti sekunddan soʻng yana yoqiladi, ammo sal qizitib bergach yana oʻchadi. Ana shu tarzda oʻzbekistonliklar choy damlashadi va osh pishiradi. Tabbiy gaz oʻrnatilgan xonadonlarda har qalay bunday moslamalar yoʻq, gazni bemalol ishlatishingiz mumkin, ammo toʻlov oshib ketsa bilingki, uy egasi mehmonga keladi va sizga Amerikada yashash odatlari haqida maʼruza qilib ketadi.

Amerikadagi uylarning hech qaysisida, katta xona, oʻzbeklar mehmonxona deb oʻrgangan xonada chiroq boʻlmaydi. Istagan boshqa xonada boʻladi, ammo bu xonada emas. Nega deysizmi? Bu haqda kelasi suhbatimizda albatta gaplashamiz. Omon boʻlinglar.

 

Husniddin Qutbiddinov

Pitsburg, Pensilvaniya shtati

Pitsburgda o’zbek tilida darslar tashkil qilindi

Posted July 22nd, 2020 at 10:15 am (UTC-5)
Leave a comment

Pensilvaniya shtatining Pitsburg shahrida asos solingan Pitsburgdagi oʻzbeklar jamiyati aʼzolarining tashabbusi bilan shahardagi oʻzbek bolajonlari uchun Ona tili, Oʻzbekiston tarixi, Oʻzbek madaniyati va maʼrifati hamda matematika boʻyicha oʻzbek tilida olib boriluvchi oʻquv mashgʻulotlari tashkillashtirildi. Gʻoya mualliflariga koʻra, AQShdagi hukmron vaziyat, yaʼni koronavirus pandemiyasi tufayli ilk mashgʻulotlar onlayn tarzda, masofadan uyushtiriladi. Oʻquv mashgʻulotlari 5 yoshdan 16 yoshgacha boʻlgan bolajonlar uchun moʻljallangan boʻlib, qiziquvchilar soniga qarab, oʻquvchilar alohida guruhlarga boʻlib olinadi.

“Bugun biz aksar vatandoshlar tarafidan oʻrtaga tashlangan masala, yaʼni bu yerda AQShda ulgʻayib kelayotgan farzandlarimizning oʻz tili, adabiyoti va tarixini unutmasliklari uchun maxsus oʻquv kurslari tashkil etish istagini amalga oshirish arafasida turibmiz. Jamiyatning Telegram va Feysbuk tarmoqlaridagi sahifalari orqali oʻquv mashgʻulotlar haqida eʼlon qildik, qiziquvchilar qaysi ijtimoiy tarmoq orqali onlayn darslarda ishtirok etishi mumkinligi haqida ham axborot berildi. Endigi navbat qiziquvchilar soni va bolalarning yoshiga qarab ularni alohida guruhlarga ajratib olish. Darslar vaqti hozircha faqat shanba kunlari tonggi soat 10:00 dan 11:30 gacha etib belgilandi”, – deydi Pitsburgdagi oʻzbeklar jamiyati rahbari Bahodir Sodiqov.

Gʻoya boʻyicha dastlabki darslar faqat ikki yoʻnalishda boʻladi: bular Ona tili va Oʻzbekiston tarixi boʻyicha mashgʻulotlar. Har bir dars uchun 20-25 daqiqa vaqt ajratilgan. Shundan soʻng oʻquvchilarning oʻzlari bilan muloqot uchun, darslar naqadar hazm qilinib olinayotganini aniqlash uchun 5 daqiqa suhbat vaqti belgilangan va 5 daqiqalik tanaffus ham nazarda tutilgan. Agar qiziqishlar ortib borsa u holda mashgʻulotlar qatoriga matematika, kompyuter dasturchiligi va shaxmat asoslari mashgʻulotlari ham qoʻshiladi. Jamiyat faollariga koʻra, bu mashgʻulotlar boʻyicha ham ish olib borishga tayyor soha mutaxassislari bor.

“Pitsburgdagi oʻzbeklar jamiyati” faollariga koʻra ilk mashgʻulotlar kelayotgan shanba 25-iyul kuni oʻtkaziladi.

“Tabiiy, dastlabki mashgʻulotlarda asosiy vaqt koʻproq oʻzaro tanishuv, ota-onalar savollariga javoblarga sarf boʻlishi mumkin, biz buni ham inobatga oldik, shu bois balki ilk mashgʻulotlar soati biroz choʻzilishi mumkin. Ammo keyingi mashgʻulotlardnan boshlab, barcha eʼtibor darslarga va ular uchun adratilgan vaqtdan chekinmaslikka qaratiladi”, – deydi jamiyat faollari.

Pensilvaniyaning Pitsburg shahri maʼmurlari tomonidan taqdim etilgan rasmiy maʼlumotga koʻra, shaharda uch mingdan ziyod (2018-2019-yillar boʻyicha koʻrsatkich) oʻzbekistonliklar istiqomat qiladi. Shahardagi yirik jamoat radiolari tarafidan eʼlon qilingan maʼlumotga koʻra esa, oʻzbeklar Pitsburgga koʻchib kelayotgan muhojirlar orasida ikkinchi oʻrinni egallaydi. 2018-yili oʻzbek vatandoshlarining sa’y-harakati oʻlaroq Pitsburgda oʻzbeklar jamiyatiga asos solindi. Jamiyatning ilk yigʻinida aksar oʻzbekistonliklar farzandlari uchun oʻzbek tili va Oʻzbekiston tarixi, madaniyati haqida bilim beruvchi oʻquv markazlariga jiddiy ehtiyoj borligini aytgan edi.

“Albatta, maxsus sinf xonasida oʻzaro bir-birini koʻrib turgan holda oʻtiladigan mashgʻulotlarning foydasi kattaroq, zero onlayn taʼlim usuli hamma vaqt ham koʻzlangan natijani bermasligi bugun ayon boʻlib ulgurdi. Zero oʻz uyida, ota-onasi yonida boʻlgan bolalar erkalanishi, darsga u qadar diqqatli boʻlmasligi mumkin. Biz buni ham inobatga oldik va kelajakda, pandemiya bekor qilinib, oʻquvchilarning maktabga qaytishiga ruxsat etilganda, biz ham oʻz uquv binolarimizni ochamiz va mashgʻulotlarni ana shu sinf xonalari ichida davom ettiramiz. Buning uchun barcha harakatlarni koʻrib qoʻyganmiz”, – deydi Bahodir Sodiqov.

Husniddin Qutbiddinov

Oʻzbekcha ehson va amerikacha xayriya haqida ikki ogʻiz

Posted April 21st, 2020 at 5:14 pm (UTC-5)
Leave a comment

Atigi bir necha oy muqaddam telegram tarmogʻida “Xayriya.uz” deb nomlangan guruh tashkil etildi. Dunyoni karaxt qilib qoʻygan virus paydo boʻlishidan ancha oldin. Guruh asoschilaridan biri, hozirda AQShning Sietl shahrida istiqomat qiluvchi vatandoshimiz Farhod Sulton. Dastlab guruh oldiga kichik vazifa qoʻyildi, yaʼni Toshkent viloyatidagi bir nechta oilaga yordam qoʻlini choʻzish. Bugungi, vabo davrida oʻrnatilgan miqdordan ancha kichik boʻlgan miqdor belgilandi. Shu miqdorni yigʻish kerak edi xolos. Yarim soat oʻtar oʻtmas guruh maʼmuri miqdor yigʻilganini aytib, gʻazna yopilganini maʼlum qildi. Yana ikki kun oʻtib, Toshkent viloyatidan harid qilingan mahsulot haqida hisobot keldi, bir necha soat oʻtgach, xonadonlarga tarqatilgani haqidagi hisobot keldi. Bir hafta oʻtib guruh maʼmuri gʻazna yana ochilganini maʼlum qildi, miqdor yigʻildi, gʻazna yopildi, mahsulot haqidagi hisobot, uning ortidan esa tarqatilgani haqidagi hisobot keldi.

Ayni shu tadbir aytib oʻtganimday bir necha oydan beri davom etib keladi. Har hafta. U paytlar hatto Xitoyda ham virus haqida hech gap yoʻq edi. Bugun xayriya ishlari avjida. Deyarli har kuni ijtimoiy tarmoqda navbatdagi xayriya yoki ehsonlar haqida foto hisobotlarni koʻrish mumkin. Davlat idoralari tomonidan uyushtirilganini ham, xususiy shaxslar tarafidan uyushtirilganini ham. Lekin eslaganim guruhning biror joyda foto hisoboti ham chiqmadi, ovoza ham boʻlmadi. “Xayriya.uz” guruhi haqida sahifadagi maʼlumotga koʻra, unda atigi 37 aʼzo bor, ularning maʼlum qismi Toshkentda xayriya yigʻimini qabul qiluvchi, harid qiluvchi va tarqatuvchilar boʻlsa, qolgani oʻsha kerakli miqdorni yigʻib beruvchilar. Miqdor hozir ham, koronavirusdan soʻng ayrim xayriya yigʻuvchilar tarafidan eʼlon qilinayotgan miqdorlardan ancha oz, ammo natijasi ayon.

AQSh garchi dunyoviylikni daʼvo qilsada aslida oʻta nasroniy, aniqrogʻi oʻta dindor mamlakatdir. Shu bois mamlakatning bugun deyarli dunyoni zabt qilgan valyutasida ham “Biz Xudoga ishonamiz” deb yozilgan. Ayrim shtatlardagi, ayrim shaharlarda diniy tarbiya ustunligi bois, bugun Oʻzbekiston va yoki dunyoning boshqa burchlarida namoyish qilinuvchi Xollivud filmlaridagi mundayroq sahnalar kesib tashlanadi. Ha, aynan kesib tashlanadi. Qahramonlarning boʻsa almashuvini ham koʻrish amrimahol. Diniy tarbiyaga zid. Din aralashmagan va oʻz taʼsirini oʻtkazmagan soha deyarli yoʻq desa ham boʻladi. “Amerika Ovozi” oʻz bloglarida avval xabar qilganiday, deyarli har bir mahalla boshida, har bir universitet va yoki maktab yonida albatta cherkov boʻladi. Shu bois bugun Amerikada istiqomat qiluvchi istagan oʻzbek oilasidagi maktab oʻquvchisidan soʻrasangiz, sizga nasroniylar diniga oid anʼanalar haqida batafsil gapirib berishi mumkin.

Diniy tashkilotlar mamlakatga kirib keluvchi har bir millat va xalq egalarini birinchilardan boʻlib kutib oladi va ilk yordamni ham aynan mana shu tashkilotlar oʻz zimmasiga oladi. Ana shu yordamlarning eng keng yoyilgani bu EHSON. AQShda davlat tarafidan diniy tashkilotlardagi kabi ehson ololmaysiz. Davlat nimadir ehson qilishdan oldin insonni obdon taftish qiladi, baʼzan hamiyatingizga tegib ketuvchi savollar beradi. Diniy tashkilotlar esa aksincha, yordam kerakligini bilgani zahoti harakatga tushadi, yagona savoli, oiladagi insonlar miqdori. Yillar davomida shakllangan ana shu odat bora-bora oddiy amerikaliklar tarafidan ham oʻzlashtirila boshlandi. Shu bois bugun Amerikada deyarli har bir yirik savdo markazlari, oʻyingohlar, hayriya tashkilotlari oldida ehson kutilarini koʻrish mumkin. Ularda kiyimlar uchun, oyoq kiyimlari uchun deb yozib qoʻyiladi.

Amerikaliklar orasida urchigan odatlardan biri, ular hech qachon, deyarli hech qachon deyish toʻgʻriroq, ehsonni namoyishkorona qilmaydi. Tilga olganimiz qutilarga kun davomida kimdir nimadir solayotganini koʻrmaysiz. Ammo tungi payt shu tarafga yoʻlingiz tushsa, har bir quti yonida oʻnlab tselofan qoplar turganini koʻrasiz, har birida, ehson uchun deb yozilgan boʻladi. Ana shunday ehson qutilari boʻyicha eng mashhur tashkilot bu The Salvation Army (Najot armiyasi) nasroniy xayriya tashkilotidir. Asli 1865 yili Buyuk Britaniyada asos solingan tashkilot bugun butun dunyoga mashhur. Pitsburgda bundan tashqari uch-toʻrtta yirik oziq-ovqat tarqatuvchi nasroniy tashkilotlar ham bor, ular har haftaning maʼlum kunida shaharning u yoki bu hududida kam taʼminlangan oilalar uchun tekinga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatadi.

Qochqinlarga uy joy, uy uchun kerakli jihozlar yetkazib berish bilan shugʻullanuvchi xayriya tashkilotlarining aksari ham nasroniy diniy tashkilotlar. Diniy boʻlmagan xayriya tashkilotlari deyarli yoʻq hisob. Boʻlsa ham juda kam. Mana shu joyida ikki ogʻiz, oziq-ovqat mahsulotlari haqida toʻxtalsam. Zero bugun Oʻzbekistonda aynan mana shu masalada juda ham koʻp eʼtirozli chiqishlar yangramoqda. Dastlab eslatib oʻtish joiz, oziq-ovqat mahsulotlarini, shu bilan birga tekinga ovqat yetkazib berish, ochlarning qornini toʻygʻazish, uysizlarga sovuq va yomgʻirli kunlarda vaqtincha boshpana tavsiya etish ishlari bilan ham asosan nasroniy diniy tashkilotlar shugʻullanadi, davlat tashkilotlari deyarli shugʻullanmaydi. Davlat faqat… keling bu haqda biroz keyinroq. Dastlab oziq-ovqat mahsulotlari haqda.

Oziq-ovqat mahsulotlari odatda u yoki bu oiladagi insonlar miqdoriga qarab taqsimlanadi. Bugungi virusli sharoitda, insonlar bir joyda yigʻilmasliklari, bir bino ichida yonma-yon turib qolmasliklari (zero bu ijtimoiy masofa tartibiga zid – muallif) uchun, oziq-ovqat uchun kelganlar tashqarida, oʻz mashinalarida qoladi va ularga mahsulotlar roʻyxati beriladi. Kaminaga bir amerikalikning tushuntirib berishicha, soʻrovchi shaxs ana shu roʻyxatdan oʻziga kerak boʻlgan mahsulotlarni tanlab, belgilab chiqadi va roʻyxatni tashkilot xodimlariga qaytaradi. Birozdan soʻng, tashkilot xodimlari soʻralgan mahsulotlar ortilgan aravachani olib kelib, mashinaga solib beradi.

Demak, odatda oziq-ovqatlar quyidagicha beriladi: 5 kilogramm kartoshka, 4 kilogramm piyoz, 4 kilogramm sabzi, 5 kg. olma, 5 kg. nok, 5 kilogrammdan mandarin va apelsin, banan, odatda 5 yoki 6 dona. Soʻngra, bir kilogrammdan guruch, lovlagi, 1 pachka makaron, 10 yoki 20 dona tuxum va bir dunyo konservalar. Tovuq goʻshti yoki mol goʻshti, baʼzan choʻchka goʻshti, baliq. Bularning miqdori odatda bir kilogrammdan oshmaydi. Bu koʻproq amerikaliklar uchun odatiy miqdor boʻlgani uchun ham shunday taqsimlanadi. Ikki dona baton noni, toʻrgʻalgan non, shirinliklar va ayrim hollarda 20 yoki 25 dollarlik plastik karta. Odatda bu kartalar u yoki bu oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanuvchi doʻkonga tegishli boʻladi, siz oʻsha doʻkonga borib, kartadagi summaga yarasha oziq-ovqat mahsuloti va yoki mayishiy boshqa mahsulotlar sotib olishingiz mumkin. Mana shu bir haftalik oziq-ovqat. Bir haftadan soʻng yana borib, yangisini olishingiz mumkin.

Yillab ana shu usulda kun kechiruvchi amerikaliklar bor. Mahsulotlarning sifati haqida odatda baxs qilinmaydi. Amerikaliklar uchun bu oʻta uyatli ish hisoblanadi. Nega bunisi kam, anavisi koʻp degan iddaolar ham qilinmaydi, uyat axir. Mana bu miqdorda, mana bularni oldim deb ovoza qilish odati ham yoʻq amerikaliklarda. Va eng muhimi, ana shu xayriya qiluvchi tashkilotlarning hech qaysisi, xayriya jarayonini video yoki suratga olmaydi, insonlarning bu tarzdagi hayotini oshkor qilish ham Amerikada oʻta uyatli ish hisoblanadi. Baʼzan bu kabi harakatlar jinoyat ishi uchun sabab boʻlishi ham mumkin.

Davlat tarafidan berilajak yordam, odatda jiddiy taftish va surishtiruvdan soʻng boʻladi, odatda bunday taftishga chidab beruvchilar juda kam topiladi, ana shu kamlarning asosiy qismini ham odatda qora tanli amerikaliklar tashkil etadi. Taftish natijasiga qarab, oiladagi insonlar soni inobatga olingan holda insonlarga xalq tili bilan aytganda Food Stamps (oziq-ovqat chiptasi deb olamiz – muallif), davlat iborasida esa SNAP- The Supplemental Nutrition Assistance Program ( Oziq-ovqat boʻyicha qoʻshimcha yordam dasturi) deb ataluvchi yordam ajratiladi. Bu yordam ham plastik karta koʻrinishida beriladi, davlat har oyda bir marta (baʼzan ikki marta – muallif) bu kartaga maʼlum miqdordja pul qoʻyadi va odamlar ana shu pulga oziq-ovqat mahsulotlari sotib oladi.

Alohida eslatish joiz, bu pul oʻzga maqsadlarda sarflanishining imkoni yoʻq, oziq-ovqat mahsulotlari ham pishmagan, xom mahsulot boʻlmogʻi shart. Bundan tashqari davlat tarafidan Cash Assistance (Moddiy yordam) dasturi ham tavsiya etiladi va bu holda oiladagi insonlar sonidan kelib chiqib, davlat tarafidan har oyda insonlar bankdagi hisob raqamiga maʼlum miqdorda pul tushirib beriladi. Bu summa oilaning barcha ehtiyojlariga sarflanishi mumkin. Ammo, moddiy yordamning ham oziq-ovqat boʻyicha qoʻshimcha yordamning ham oʻziga yarasha shartlari bor. U uzoq muddat davomli taqdim etiluvchi yordam emas. Bunday yordamga lozim topilgan shaxs va yoki shaxslarga zudlikda ish topish va ishga chiqish sharti qoʻyiladi va eng asosiysi oʻzingiz ish topishni eplay olmasangiz, u holda davlatning yana bir dasturi avtomatik tarzda ishga tushadi va sizga ish topib beradi.

Faqat bu holda siz bu ishning qanday boʻlishidan qatʼiy nazar, uni qabul qilishga majbur boʻlasiz, aks holda moddiy yordam qayta undirib olinishi mumkin va yoki barcha yordam toʻxtatib qoʻyiladi. Shu bois ham insonlar davlatdan koʻra, diniy tashkilotlar yordamiga koʻproq murojaat qiladi, zero diniy tashkilotlar sizga hech bir shartsiz yordam koʻrsatadi. Aslida bu odat koʻproq musulmon davlatlarda yaxshi yoʻlga qoʻyilgan bolmogʻi lozim edi, zero aynan Islomda ehson va xayriya masalasi oʻta muhim va birlamchi masala oʻlaroq taʼqidlangan. Ammo…

Suhbat avvalida bir guruh vatandoshlarimiz tomonidan tashkil etilgan “Xayriya.uz” guruhi haqida toʻxtalib oʻtdim. Sababi, bu guruh dastlab oʻz oldiga qoʻygan maqsadi boʻyicha xayriya yigʻimini davom ettirib kelyapti va shu kunga qadar bu guruh tarafidan amalga oshirilgan ehsonlar borasida biror eʼtirozli chiqish uchramadi. Hayriya qilishni istagan oʻzbeklarning ham azaliy, ham diniy odatiga binoan hech bir soʻzsiz, ovozasiz amalga oshiraveradi. Zero asosiy maqsad yordam. Ehsonga muhtoj insonlar ham berilganiga qanoat qiladi, zero xalqimiz aytmoqchi “berilgan otning tishiga qaralmaydi”…

 

Husniddin Qutbiddinov

Pitsburg, Pensilvaniya shtati

 

 

Kam daromadli mamlakatlardan ayol mehnat muhojirlari ko’paygan

Posted March 3rd, 2020 at 11:28 am (UTC-5)
Leave a comment

Bugungi kunda butun dunyoda mehnat migrantlari orasida ayollar soni oshib bormoqda. Jahon bankiga ko’ra, 2019-yilda dunyoda 272 million xalqaro migrant ro’yxatga olingan bo’lsa, shuning 47,9 foizini (130 million) ayollar tashkil etgan. Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlaridan muhojirlarning 49,4 foizi ayollardir.

Ayollar orasida mehnat migrantlari ko’payishi yoki kamayishida mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy sharoit katta rol o’ynaydi. Hisobotlarga ko’ra, kam daromadli mamlakatlardan tobora ko’proq ayollar pul topish, oilasini boqish niyatida xorijga chiqmoqda. So’nggi 10 yillikda bu davlatlardan ayol mehnat migrantlari soni 49,2 foizdan 50,2 foizga oshgan. Moliyaviy jihatdan baquvvat mamlakatlardan esa kamroq ayol xorijga ishga chiqqan.  O’rta daromadli mamlakatlardan  ayol  mehnat migrantlari soni keyingi o’n yillikda 48,5 foizdan 45,6 foizga tushgan bo’lsa,  yuqori daromadli mamlakatlardan 49,1 foizdan 43,2 foizga kamaygan.

Markaziy Osiyo, xususan O’zbekistondan ham yiliga yuz minglab ayol xorijga pul topish uchun ketadi. Qozog‘iston Rossiya¸ Turkiya va Janubiy Koreya kabi davlatlar – o‘zbekistonliklar uchun asosiy mehnat bozori.

Xorijga ketayotgan ko’plab ayollar o’z huquqlarini yaxshi bilmaydi. Oliy ma’lumotli, kasb-hunarli bo’lganlari ham xorijiy mehnat bozorida munosib ish topa olmaydilar. Ko’p hollarda kam daromadli, ijtimoiy himoya bilan ta’minlanmagan ishlarda ishlaydi va asosan xizmat ko’rsatish sohalarida faoliyat ko’rsatadi.

Ko’p hollarda muhojir ayollar hech qanday rasmiy shartnomasiz bola yoki qariyalarga enaga, uy qarovchisi, farrosh kabi ishlar qilib, pul topadi. Bu esa huquqlari buzilgan holda o’zini himoya qila olmasligi, ijtimoiy himoya va boshqa imtiyozlarga da’vo qila olmasligi, qolaversa turli zo’ravonliklarga duchor bo’lishiga olib keladi. Rossiyadagi o’zbekistonlik ayollar orasida ish haqini vaqtida, kelishilgan miqdorda ololmaslik, belgilangan vaqtdan ko’p ishlashga majbur qilinish, ish beruvchi tomonidan muhojirning hujjatlarining olib qo’yilishi, yomon sharoitlarda yashash, jismoniy va jinsiy zo’ravonlik kabi holatlarga uchrash tez-tez kuzatiladi.

Ayrim mutaxassislar fikricha, migrant ayollar ko’p hollarda ikki tomonlama qiyin vaziyatda qoladi. Bir tomondan, borgan yurtlarida ish topish, yangi jamiyatda o’z o’rniga ega bo’lishda qiyinchiliklarga duchor bo’lsa, boshqa tomondan ortda qoldirib kelgan vatandagi yaqinlari, qarindosh-urug’lari, do’stu-birodarlaridan ham asta-sekin uzoqlasha boshlaydi.  Natijada vatanga qaytgudek bo’lsa, ish topib, jamiyatga yana singib ketish mushkul bo’lishini tushungan ayol ona yurtga ketish fikridan qaytib, xorijiy ish beruvchining har qanday sharoit va talablariga rozi bo’ladi.

Ko’plab mamlakatlarda ayollarga, shu jumladan ayol mehnat muhojirlariga erkaklarga nisbatan kamroq ish haqi to’lanadi. Ayollar erkaklarga nisbatan o’rtacha 23 foizga kamroq ish haqi oladi. Ishsizlik darajasi bo’yicha ham bugun dunyoda ayollar yetakchilik qiladi. 2017-yilda dunyo bo’yicha ayollarning ishsizlik darajasi  6,2 foiz bo’lsa, erkaklar o’rtasida 5,5 foizni tashkil etgan. Rahbar lavozimlarida ham asosan erkaklar faoliyat ko’rsatadi. 2018-yilda ayollarga nisbatan to’rt barobar ko’proq erkak rahbar lavozimlarida ishlagan. Hali ham ko’pgina jamiyatlarda ayol kishining rahbar lavozimida ishlashiga salbiy ko’z bilan qarashadi.

Mehnat bozoridagi ana shunday gender tengsizlikka qaramay, statistik ma’lumotlarga ko’ra, ayol migrantlar erkak migrantlar bilan birday miqdorda pul o’tkazmalarini amalga oshirar ekan. Masalan, 2016-yilda migrantlar tomonidan dunyoda jami 601 milliard dollarga teng pul o’tkazmalari amalga oshirilgan bo’lsa, shuning yarmi ayollar hissasiga to’g’ri keladi. Shu bilan birga, ayol migrantlar erkaklarga nisbatan oilasiga muntazam pul jo’natishi aniqlangan. Bunga sabab sifatida kop’roq ayollar oila parvarishida mas’uliyatni ko’proq his qilishi, o’zi va oilasi farovonligi, kelajagi uchun ko’proq qayg’urishi ko’rilgan.

O’tgan yilning avgust oyida O’zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a’zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi. Unda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi tuzilishi, Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash masalalari departamenti  tashkil etilishi nazarda tutilgan. Ularning vazifasiga xorijiy mamlakatlarning tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo’yicha vakolatli davlat organlari bilan hamkorlikni yo’lga qo’yish, mehnat muhojirlari va ularning oilalari huquqlarini himoya qilish hamda ularga moddiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish kabilar kiradi.

Xo’sh, bu maqsadlar va ishlar qay darajada amalga oshirilyapti? Yordam so’rab murojaat etganlarning necha foiziga ko’mak berildi? Muammolari qay darajada hal etildi? Ayol muhojirlar asosan qanday muammolarga duch kelyapti?

Endigi masala – ana shu masalalarni tahlil qilish va mehnat muhojirlarining huquqlarini himoya qilishning sistemali mexanizmini to’liq yo’lga qo’yishdir.

Oydin SADULLAYEVA

 

Pitsburgda restoran ochgan o’zbek: biznes qanday ketyapti?

Posted December 10th, 2019 at 9:24 am (UTC-5)
Leave a comment

Pensilvaniya shtati Pitsburg shahri gʻarbiy qismi (West End) bir mahallar juda gavjum boʻlgan. Hozir esa ancha huvillab qolgan, chunki iqtisodiy vaziyat yomonlashgan. Bu hududning asosiy yashovchilari qora tanli amerikaliklar. Oʻzbekistonlik Sarvar Abdurashidov bu yerda pitsaxona ochgan. Shaharning u qadar gavjum bo’lmagan qismi bo’lsa ham, biznes yaxshi, deydi u.

“Bella Monte” deb nomlangan mazkur pitsaxona haqida hikoya qilishni moʻljallaganimiz bejiz emas. Sababi shuki, yaqindan boshlab pitsaxona ishchilari oʻzbek milliy taomlarini pishirib, vatandoshlarga tavsiya etishni yoʻlga qoʻydi. Pitsaxona rahbari Sarvar Abdurashidov yosh, ammo shunga qaramay oʻta gʻayratli yigit.

Unga koʻra, Pitsburgda chinakam oʻzbekona taomlar tavsiya etuvchi restoranga jiddiy ehtiyoj sezilayotgan edi.

“Soʻnggi toʻrt yil davomidagi barcha urinishlarim, izlanishlarim va olib borgan harakatlarim aynan Pitsburgda vatandoshlar uchun yigʻilib, ham ovqatlanib, ham miriqib dam olishlari imkonini beruvchi maskan ochish edi”, – deydi u.

Oʻzbekona ruhda, mehr bilan tayyorlangan taomlar bir zumda Pitsburgdagi oʻzbeklar eʼtiborini tortgan. Sarvar Abdurashidovga koʻra, ayrim taomlarga oldindan buyurtma berish soni oshgani barobarida oʻzga shtatlardagi shaharlarda ham oshxona ochish takliflari yangray boshladi.

“Bella Monte” pitsaxonasida shu kunlarda mijozlar ixtiyoriga palov, lagʻmon, mampar, dimlama, norin, somsa, non kabob, va boshqa oʻzbek milliy taomlari tavsiya etiladi. Taomlar roʻyxati har kuni yangilanadi va erta tongdan oʻzbeklar eng gavjum boʻlgan ijtimoiy tarmoqlar orqali eʼlon qilinadi.

Sarvar Abdurashidovning aytishicha, oʻzbek taomlariga boʻlgan sogʻinch faqat oʻzbeklarda emas, balki sobiq ittifoq hududidan kelgan boshqa xalqlarda ham yaqqol sezilyapti. Ruslar, qozoqlar, qirgʻizlar va oʻzbeklar taklifiga binoan taomlar roʻyxatini oshirish va restoran hududini kengaytirish masalasi koʻrilmoqda.

“Pitsaxona aslida buyurtmani olib ketishga moʻljallangan, shu yerning oʻzida taomlanish uchun joy kam. Shu bois doʻkonimizning ikkinchi qavatidan qoʻshimcha xonalar olyapman va u yerni aynan bemalol dam olib, ovqatlanib ketish xonalariga aylantiramiz. Pitsaxonaning orqa tarafiga esa, u yerda ozroq yerimiz bor, yozgi yemakxona qilamiz, buning uchun tegishli idoralar bilan barcha kelishuvlarga erishib boʻlingan”, – deydi Abdurashidov.

Pitsaxonadan tayyorlangan lavhamizni quyida tomosha qiling.

Istanbuldagi turkistonliklar jamiyati: tarix va bugun

Posted November 25th, 2019 at 9:59 am (UTC-5)
Leave a comment

Istanbul shahridagi “Turkistonliklar madaniyat va ijtimoiy ko‘mak jamiyati” taqdir taqozosi bilan XX asrning boshlarida va o‘rtalarida Turkiyaga kelib qolgan o‘zbeklar va ularning avlodlarini birlashtirib turadi. Jamiyat faollari Navro‘zni va hayitlarni birgalikda nishonlashadi, to‘ylarda va marakalarda bir-birlarining xonadonlarida xizmatda bo‘lishadi. Bir-birimizning korimizga yarashga, o‘zligimizni asrab qolishga harakat qilyapmiz, deydi ular.

Vatandoshlar uchun foydali tashkilot

Bugungi kunda “Turkistonliklar madaniyat va ijtimoiy ko‘mak jamiyati”ning to‘rt yuz a’zosi bor. “Lekin eshigimiz hammaga ochiq, – deydi 2006-yildan beri jamiyatni boshqarib kelayotgan Akbar Yassa. – Eshigimizdan kirib kelgan har kim bizning a’zomiz hisoblanadi”.

Turkiston turk yoshlar ittifoqining arxiv surati

Jamiyatga 1928-yilda asos solingan, o‘shanda “Turkiston turk yoshlar ittifoqi” deb atalar edi. O‘n yildan keyin nomi “Turk madaniyat jamiyati” deb o‘zgartirildi va u 1943-yilgacha faoliyat olib bordi. Jamiyat 1954-yilning yanvarida qaytadan ish boshladi, 1984-yildan beri “Turkistonliklar madaniyat va ijtimoiy ko‘mak jamiyati” nomi ostida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Turkiya Vazirlar Mahkamasining 1995-yildagi qaroriga binoan “xalq foydasiga xizmat qiluvchi nodavlat tashkilot” maqomini olgan.

Turkistonliklar tadbiri

“Muhojirlar qayerda bo‘lmasin, birlashishni istaydi, chunki dardlari, tashvishlar bir xil bo‘ladi. Jamiyatimiz ana shu ehtijoydan kelib chiqqan holda tashkil topgan, – deydi Akbar Yassa “Amerka Ovozi” bilan suhbatda. – Maqsadimiz – Istanbuldagi o‘zbeklarning hamjihatligini ta’minlash, tilimizni va madaniyatimizni yo‘qotib qo‘ymaslikka, yoshlarimiz o‘rtasida aloqalarning uzilib ketmasligiga harakat qilish. Buning uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlar uyushtiramiz, hamyurtlarimizning muammolarini qo‘ldan kelgancha yechishga urinamiz. To‘yda ham, marakalarda ham birgamiz”.

Vatandoshlar saylda

Jamiyat o‘tgan yillar davomida bir qator ijtimoiy loyihalarni amalga oshirdi, xususan, universitet talabalariga stipendiya ajratdi, Markaziy Osiyo mintaqasidan kelgan qariyb yigirma ming kishiga oxirgi ikki yilda Turkiyada yashash ruxsatnomasini olishga ko‘maklashdi. Bundan tashqari, Turkiyada yashayotgan yoshlar ona tilini unutib yubormasligi uchun o‘zbek tili darslarini tashkil etdi. “Turkistonliklar madaniyat va ijtimoiy ko‘mak jamiyati”ning Oqsaroy mavzesida joylashgan uch qavatli binosi ayni paytda qaytadan qurilyapti. Akbar Yassaning aytishicha, bu ishlarning bari jamiyatga befarq bo‘lmaganlarning yordami, homiyligi asosida amalga oshirilmoqda.

O’zbekistonning Turkiyadagi elchisi Alisher A’zamxo’jayev bilan

Turkiyalik o‘zbeklarning xuddi shu maqsadlarga xizmat qiluvchi yana bir jamiyati Adana shahrida joylashgan.

 “Vatan uchun ko‘z yosh to‘kishdi…”

Akbar Yassa o‘zining shajarasi Ahmad Yassaviyga borib taqalishini aytadi. 1950-yili Afg‘oniston poytaxti Kobulda dunyoga kelgan. Ikki yarim yoshligida uning oilasi Turkiyaning Adana shahriga ko‘chib keldi. Uning aytishicha, o‘sha paytlarda ko‘chib kelgan jami 72 oilaga turk hukumati katta yordam bergan.

“Biz Turkiyadan minnatdormiz, – deydi u. – Bu yerga kelganlarning hech biri chor-nochor ahvolga tushib qolmadi, hammamiz shu yurtga sidqidildan xizmat qildik”.

O’zbekiston Xalq artisti Sherali Jo’rayev Turkiyadagi vatandoshlar bilan

Kasbi elektronika muhandisligi bo‘lgan Akbar Yassa olti yil Saudiya Arabistonida ham ishladi. O‘zbekistondan tashqarida tug‘ilganiga va voyaga yetganiga qaramay, o‘zbek tilida ravon so‘zlasha oladi.

“Bu ota-onamning sharofati bilan, uyda ona tilida gaplashilsa, bolaning qulog‘iga kirib qolar ekan-da – deya izohlaydi u. – Kattalarmiz vatan hasratida o‘tib ketishdi. Ularning vatanni ko‘rish uchun zor-zor yig‘lashganiga guvoh bo‘lganmiz. Shukrki, O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, vatanni ziyorat qilishga muyassar bo‘ldik”.

Adham Muhammad

Pitsburgdagi o’zbeklar yangi jamiyat tuzish ishlarini boshladi

Posted June 25th, 2019 at 2:29 pm (UTC-5)
1 comment

AQShning Pensilvaniya shtati, Pitsburg shahrida istiqomat qiluvchi oʻzbeklar tashabbus guruhi oʻzbeklar jamiyatini yaratish boʻyicha harakat boshladi. 23 iyun kuni ilk norasmiy yigʻini boʻlib oʻtdi. Tadbirda Pitsburgda ham huddi Amerikaning bir qator boshqa shtatlarida boʻlgani kabi oʻzbeklar jamiyatini yaratish gʻoyasi muhokama qilindi. Unda “Vatandosh” gazetasi hamda shu nomdagi oʻzbeklar jamiyati asoschilaridan biri Farhod Sulton ham ishtirok etdi.

“Ishonchim komil, vatandoshlar boshlagan bu xayrli ish albatta amalga oshadi. Zero, men mana shu uchrashuv paytida ulardagi jamiyatga boʻlgan ham ehtiyojni, ham jiddiy intilishni yaqqol sezdim. Aslida oʻzbeklar jamiyat ochish uchun tayyor. Shundoq ham, kichik-kichik guruh boʻlib yigʻilib turishar ekan. Yagona muammo tajriba yetishmayotgani, uyushish masalasida, jamiyatni shakllantirish va uning faoliyatini yoʻlga qoʻyib olish masalasida biroz ikkilanish bor. Ammo bu vaqtincha, mening sezganim, vatandoshlar oʻz ahdida qatʼiy va jamiyat ochishga tayyor”, – deydi Farhod Sulton.

Yig’inda boʻlajak jamiyat tuzilmasi, maqsadlari, asosiy vazifalari va eng muhimi moliyaviy taʼminotini qanday yoʻlga qoʻyish masalasi muhokama qilindi. Ana shu oʻrinda Farhod Sulton AQShning bir nechta shtatlarida faoliyat yuritayotgan oʻzbek jamiyatlarining tuzilish jarayoni va jamiyat faoliyatini yoʻlga qoʻyishdagi harakatlar haqida batafsil gapirib berdi. Jamiyatlarning bugungi yutuqlariga qanday erishilgani borasida tegishli maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi.

“Bugungi mana shu kichik, umid qilamizki hozircha kichik, yigʻinimiz shunchaki oʻzaro ahdlashuv xolos. Oldinda katta ishlar turipti. Biz nasib qilsa, shu oyning soʻnggi kuniga Pitsburgda istiqomat qilayotgan oʻzbeklarni bir joyga jamlab, bugun muhokama qilganimiz mavzuni oʻrtaga qoʻyamiz. Buni qarang, garchi hali hech qanday ish qilingani yoʻq, ammo hozirning oʻzida bir qator vatandoshlardan qoʻngʻiroq boʻlayapti. Ijobiy harakatlar boshlanayotganini e’tirof etishayapti. Oʻzbeklar bunga tayyor, faqat turtki yetmayotgan edi va Farhodjon bugun oʻsha turtki boʻla oldi”, – deydi tashabbus guruhi vakillaridan biri.

Ishtirokchilarning iltimosiga koʻra, tashabbus guruhi aʼzolarining ismlarini oshkor qilmaslikka vaʼda qildik. Zero ularga koʻra, Pitsburgda yoshlari ulugʻ, ancha tanilgan oʻzbeklar bor. Boʻlajak jamiyat uchun intilishlar aynan ana shu insonlar ishtirokida ochiqlansa har tomonlama to’g’ri boʻladi. “Biz garchi AQShda istiqomat qilsak-da, qalban baribir oʻzbekmiz, kattalar bor, hurmatli insonlar bor, ulardan avval biz boshladik, biz uyushtiryapmiz, desak, nazarimizda, uyat boʻladi”, deydi tashabbus guruhi aʼzolaridan biri.

Norasmiy maʼlumotlarga koʻra Pensilvaniyaning Pitsburg shahrida salkam uch mingga yaqin oʻzbek istiqomat qiladi. Shahar maʼmuriyati bir necha bor oʻzbeklar markazi yaratish va ularni bir joyga jamlash borasidagi takliflar bilan chiqqan, ammo bu takliflar javobsiz qolib kelayotgan edi. Asosiy sabab sifatida aksar oʻzbeklarning Pitsburgga yaqinda kelgani va ularni oʻzaro birlashtira oladigan yetakchining yoʻqligi aytilayotgan edi. Tashabbus guruhi ishtirokchilariga koʻra, bugun shaharning har bir mavzesida oʻzbeklarning kichik guruhlari bor. Ular oʻzaro yigʻilib, turli marosimlarni nishonlab keladi. Asosiy gʻoya, ana shu guruhlardan bittadan vakilni chaqirib, asosiy maqsadni yetkazish va guruhlarni oʻzaro birlashtirishdir.

“Buning uchun hamma imkoniyatlar mavjud, biz bir-birimizni taniymiz va yigʻilib maslahatlashib olsak boʻldi. Asosiy maqsadni amalga oshirish qoladi. Duoda boʻlib tursangizlar, Pitsburgda albatta yangi oʻzbek jamiyati ochiladi”, dedi tashabbus guruhi ishtirokchilari.

Husniddin Ohun

Pitsburg shahri

AQSh maktablarida oʻquvchilar xavfsizligi qanday ta’minlanadi?

Posted April 28th, 2019 at 11:21 am (UTC-5)
1 comment

Soʻnggi paytlarda bir qator ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan ayrim videolar va xavotirli ovozalar  uzoq Amerika Qoʻshma shtatlari maktablarida joriy qilingan tartiblar va bolalar xavfsizligi masalalari haqida ikki ogʻiz toʻxtalishga undadi. Toʻgʻri, ikki enlik maqola ichida butun Amerika boʻylab amalga oshirilayotgan chora va tadbirlar haqida aniq-tiniq hikoya qilishning imkoni yoʻq, qolaversa, har shtatning oʻz qoida va tartiblari mavjud. Shu bois bugungi hikoyamizga Pensilvaniya shtatida joriy qilingan va jiddiy amal qilinishi shart boʻlgan chora va tadbirlar haqida toʻxtalamiz.

Avvalo, eslatib oʻtish joiz, Amerikada bolalar oʻn ikki yillik maktab taʼlimiga ega boʻlsalar-da, bu taʼlim 12 yil davomida bitta bino ichida oʻtmaydi. Taʼlim jarayoni uch bosqichda alohida-alohida maktablarga boʻlinadi: boshlangʻich maktab (Elementary school), oʻrta maktab (Middle school) va yuqori maktab (High school). Undan ham avvalroq maktabdan avvalgi tarbiya ham bor (Kindergarten). Bu maktab muddati atigi bir yil.

Maktabdan avvalgi tarbiya muassasasi, umuman olganda, boshlangʻich taʼlim (yaʼni ilk 1-5 sinflar – muallif) maktabi binosida joylashgan boʻladi. Sababi bolalar kelasi 5 yil davomida qatnashlari shart boʻlgan maktablariga koʻnikishlari uchun. Amerikada, xususan, Pensilvaniyada maktabgacha tarbiya sinflarida ham bolalar uchun harflar bilan tanishish, sinfda oʻzini qanday tutish, oʻqituvchi kim, maktab nima, bu haqda maʼlumot beriladi. Garchi bu darslar koʻproq oʻyinlar shaklida, erkin holda oʻtsa-da, asosiy maqsad bolalarni maktabga tayyorlash boʻladi. Ayni mana shu paytdan boshlab bolalarga xavfsizlik borasida ham maxsus darslar oʻtkaziladi. Bolalarga maktabdan qanday chiqish, yoʻlda qanday yurish, yoʻlni aynan qayerda va qay tartibda kesib oʻtish va maktabdan uyga kim bilan va qanday ketish haqda taʼlim beriladi.

Amerika uchun bu juda ham muhim va jiddiy masala. Zero bu mamlakatda bolalarning yoʻqolishi juda ham keng tarqalgan. Maktablarning har biri bolalar ota-onasi bilan muntazam aloqani yoʻlga qoʻyadi, bu uchun bolangizni ilk bor maktabga olib kelgan paytingiz sizdan doim yoningizda boʻladigan telefoningiz raqami, elektron pochtangiz adresi, ishxonangizdagi telefon raqamlari, mashinangizning turi yozib olinadi. Eʼtiborli joyi shundaki, bolaning ikkala ota-onasidan ana shu toʻliq maʼlumotlaridan tashqari zarurat tugʻilsa favqulodda bogʻlanish uchun qoʻshimcha ishonchli shaxs (Emergency contact) telefon raqamlari va elektron adresini keltirib oʻtish soʻraladi. Bunda ana shu ishonchli shaxsning bolaga juda ham yaqin qarindosh boʻlishi zarurligi (toki bolani unga ishonib topshirish mumkin boʻlsin – muallif) urgʻulanadi.

Aytaylik, maktabda qandaydir favqulodda holat yuz bersa, barcha ota-onalarning elektron pochtasi va shaxsiy telefonlariga bu haqda ogohlantiruv maʼlumoti yetkaziladi. Odatda, bunday maʼlumot maktab rahbari yoki oʻquv ishlar boshligʻi nomidan keladi. Maʼlumotda favqulodda vaziyat aynan nimadan iborat boʻlgani va bu holatni bartaraf etish uchun qanday choralar koʻrilgani hamda ota-onalar bolalarini olib ketish uchun kelganlarida nimaga alohida eʼtibor qaratishlari lozimligi bayon etiladi. Eng eʼtiborli tomoni shundaki, bu koʻrinishdagi maʼlumot ketidan, odatda, maktab joylashgan hudud politsiyasi rahbariyatidan ham koʻrilgan chora va tadbirlar haqida batafsil maʼlumot yetkaziladi, toki ota-ona vahima qilmasin. Darvoqe, maktab va politsiya boʻlinmasi oʻrtasida doimiy aloqa oʻrnatilgan boʻlib, agar zarurat tugʻilsa, politsiya maxsus boʻlinmasi sanoqli daqiqalarda maktabga yetib kelishi taʼminlangan. Yana ham eʼtiborli tomoni shundaki, maktab hududidagi politsiya boʻlinmasi sherifi, katta lavozimdagi zobitlari muntazam maktabga kelib turadi va aksar bolalar ularni bir koʻrishda taniydi.

Baʼzan hatto koʻchada, darsdan tashqari kunlari ham politsiya zobitlari va bolalar bir-birini uchratganda amerikaliklarga odat boʻlgan uslubda (xay, xey va hokazo – muallif) bir-biriga doʻstona salom qilishadi. Yaʼni bolalar politsiya xodimlarini, politsiyachilar esa bolalarni tanishadi. Maktab maʼmuriyati va politsiya zobitlariga koʻra, bunday tanish boʻlishlik baʼzi hollarda bolalarning zarurat tugʻilsa yordamni qaysi tomondan olishlarini aniq bilishlarida qoʻl keladi. Maktabga kelgan payt, bolalarni bir vaqtning oʻzida uch-toʻrt maktab xodimlari kutib oladi, ularni oʻz sinflariga kirishdan oldin toʻplanishlari kerak boʻlgan hududga borishlarini nazorat qilishadi. Ota-onaga juda ham kam holatlarda maktab hududiga kirishlariga ruxsat beriladi. Boshqa payt mumkin emas. Katta tanaffus payti ham, maktabning birdaniga bir nechta xodimi bolalar dam olayotgan yoki oʻynayotgan hudud atrofini nazorat qilib turadi. Tashqaridan begona inson kirishiga mutlaqo ruxsat berilmaydi.

Hammamiz bilamiz, ba`zan ob-havo ham inson sog`ligiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Amerikada maktab muassasalari ob-havoni ham jiddiy o`rganib boradi. Bunda ularga ob-havoni kuzatish markazlaridagi ishchilar yordam qiladi. Zero, ana shu ishchilarning ham farzandi bor. Agar kuchli bo`ron, qattiq sovuq kutilsa va yoki kuchli yomg`ir bo`lishi mumkin payt, ota-onalar elektron pochtalariga maxsus xabar keladi, telefonlariga ovozli ma`lumot qoldiriladi. Ularda ba`zan bolaning ust-kiyimiga jiddiy e`tibor qaratish lozimligi aytiladi, ba`zan darslar bir-ikki soatga kech boshlanishi, ba`zan esa darslar bekor qilingani haqida ogohlantiruvchi xat keladi. Ayrim paytlar (bu ayniqsa Donald Tramp president bo`lganidan so`ng uchray boshladi – muallif) biror shaxs yoki katta yoshdagi bolalar, allaqanday bezorilar maktab eshiklari, ostonasi yoki bolalar o`yingohida bo`lmag’ur irqchilikka oid yozuvlar qoldirsa ham, bolalar ruhiyatiga ta`sir qilmasligi uchun politsiya tavsiyasi bilan darslar yo kechiktiriladi yoki bekor qilinadi va bu haqda ham xat yuboriladi.

Odatda, maktab atrofidagi hudud boʻylab oʻtuvchi barcha yoʻllarga harakatlanish tezligi haqidagi jiddiy ogohlantiruv oʻrnatiladi. Pensilvaniyada maktab yonidan oʻtayotgan avtomobil tezligi soatiga 15 milyadan (24,14 km) oshmasligi darkor. Agar tezlik bu koʻrsatkichdan oshsa, katta miqdorda jarima belgilangan va hatto haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilish ham mumkin. Deyarli barcha maktablar atrofida kuzatuv kameralari oʻrnatilgan. Bolalar maktabga kelar va maktabdan ketar paytlari, odatda, maktab atrofi politsiya xodimlari nazoratiga olinadi. Bordiyu bolalar yoʻlni kesib oʻtishlari lozim boʻlgan taqdirda yoʻlovchilar oʻtish joylarida oʻrnatilgan maxsus signallik uskunalar ishga tushadi va mashinalar toʻxtashi lozimligi haqdagi belgi yonadi. Shunga qaramay, deyarli har bir yoʻlovchi oʻtish joyida maxsus shaxslar turadi va ular bolalar yoʻldan oʻtar payt “STOP” belgisini koʻrsatib avtomobil harakatini toʻxtatadi.

Bunday insonlar, amerikaliklar ularni koʻngilli yordamchilar deb atashadi, maktab kunlari erta tong yaʼni soat 07:00 dan 09:00 gacha, tushlik payti soat 11:00dan 13:00 gacha va maktab yakunlangan payt soat 15:00dan 17:00gacha shaharning har bir koʻchasida navbatchilik qiladilar. Zero ular nafaqat bolalar maktabdan chiqqan payt, balki maxsus avtobuslarda uylariga kelganlarida ham, bordiyu yoʻlni kesib oʻtishlari lozim boʻlsa, buning uchun xavfsiz sharoit yaratib beradilar. Aslida maktab avtobuslarining oʻzlari ham ana shunday xavfsiz sharoit yaratib berish uchun barcha zaruriy belgilar bilan jihozlangan. Darvoqe, maktab avtobuslari Amerikada alohida, jiddiy eʼtibor qilinishi shart boʻlgan transport vositasi hisoblanadi. Avtobus sariq rangda boʻlishi ham aslida bejiz emas. Gʻoya mualliflari DuPont (aslida yirik kimyoviy kompaniya – muallif) kompaniyasi mutaxassislariga koʻra, sariq rang har qanday holatda minglab avtotransportlar ichida alohida ajralib turuvchi rangdir. Boz ustiga uning istalgan joyiga qora rangda ogohlantirish yozuvlari yozilganda boshqalarga bu yaqqol koʻrinadi.

Avtobus bolalarni olayotganda yoki aksincha tushirayotgan payt uning old va orqa qismida qizil ogohlantiruv chiroqlari yonadi va haydovchi tarafdan esa “STOP” belgisi ochiladi. Bu holatda yoʻlning ikki yoʻnalishi boʻylab ham harakatlanayotgan avtomobillar toʻxtashi shart. Avtobusning chiroqlari bolalar yoʻlni kesib oʻtib xavfsizroq masofaga yetmaguncha oʻchmaydi va avtobus ham joyidan qimirlamaydi. Avtobus toʻxtab, chiroqlarini yoqib qoʻygan payt uni aylanib oʻtishga uringan, qarama-qarshi yoʻldan oʻtib ketgan yoki yon koʻchaga kirib ketishga uringan har qanday transport vositasi haydovchisi jiddiy va katta miqdordagi jarimaga tortiladi. Taxminan bunday holatda 300 dan 500 AQSh dollarigacha jarima belgilangan, boz ustiga haydovchiga nisbatan ball, ya`ni raqamli jarima miqdor belgilanadi va agar bu miqdor 7 balldan oshib ketsa, haydovchilik guvohnomasi ikki yilga musodara etiladi.

Albatta, shunday choralar joriy qilinganiga qaramay qoidani buzishga urinuvchilar uchrab turadi. Avtobuslar chiroqlarini mensimay oʻtib ketishga uringan va yoʻldan oʻtayotgan bolalarga tan jarohatlari yetkazgan qoidabuzar haydovchilar haqdagi xabarlar uchrab turadi. Aynan mana shu sababli ham Pensilvaniyada barcha yirik avtoyoʻllarda, chorrahalarda, metro bekatlari va koʻpriklar yonlarida va ayniqsa shahar markazi va tez yurar yoʻllarga chiqish koʻchalari oldida yuqorida keltirib oʻtganimiz nazoratchi koʻngillilar turadi. Ular yoʻlning oʻrtasiga chiqib, bolalar avtobusdan tushib xavfsizroq masofaga oʻtib olgunlariga qadar harakatni toʻxtatib turadilar. Har bir maktab yonida avtobuslar uchun alohida hududlar barpo etilgan, bu hududlarga aynan avtobusdan tashqari hech qaysi transport vositasi kiritilmaydi. Avtobuslar bu hududlarga kirar va chiqar payt maktab atrofidagi koʻchalarda oʻrnatilgan svetoforlarda qizil chiroq yonib turadi.

Yuqori sinflar uchun belgilangan maktabga oʻtgunlariga qadar oraliqdagi maktablar oʻquvchilari albatta ota-ona yoki yoshi katta biror qarindoshi kuzatuvida maktabga kelishlari va maktabdan ketishlari shart. Agar bolani olib ketgani hech kim belgilangan vaqtga yetib kelmasa, bola maktab ofisiga (odatda asosiy eshikdan kiraverishda joylashgan qabul boʻlinmasi xonasi – muallif) olib ketiladi va oʻsha yerda yaqinlari kelgunga qadar ushlab turiladi. Garchi oʻquvchining uyi yoʻlning narigi betida boʻlsa ham yolgʻiz ketishiga izn berilmaydi. Qoʻshnilar ham olib ketishi mumkin emas.

Bir misol keltirsam. Amerikada istiqomat qiluvchi oʻzbekistonliklardan biri ishdan biroz barvaqt qaytadi. Shundoqqina uyi yoniga yetganida qarasa maktab avtobusi toʻxtab bolalarni tushiryapti. Vatandosh mashinasidan tushib avtobus yoniga keladi va uning ham farzandi kelgan-kelmaganini qaraydi.

Koʻngilli nazoratchi (aytgancha, bu nazoratchilarda politsiyachilar hushtagi va zudlikda politsiya bilan bogʻlanish uchun maxsus aloqa vositasi boʻladi – muallif) farzandi qaysi maktabda oʻqishini soʻraydi, vatandosh aytadi. Avtobus chindan ham oʻsha vatandoshimizning farzandi taʼlim oladigan maktabga qarashli boʻladi. Nazoratchi koʻryaptiki, ota bor ammo farzand avtobusdan tushmadi. Zudlikda politsiyaga xabar beradi, avtobus haydovchisi oʻz navbatida maktabga shoshilinch xabar yoʻllab yoʻlida davom etadi. Sanoqli daqiqalarda ota yoniga ikki-uch politsiyachi yetib keladi, ayni oʻsha payt shaharning boshqa tarafida maktab yoniga ham politsiya xodimlari, ijtimoiy xizmat xodimlari, tez yordam va zudlikda yordam koʻrsatish xizmati yetib boradi. Bola yoʻq. Tezkor choralar koʻriladi, avtobus yoʻnalishi boʻylab qidiruv ishlari boshlanadi.

Tabiiyki, vatandosh rafiqasiga aytgani botinolmaydi, qoʻrqib ketmasin deydi. Ammo kutilmaganda, voqea joyi, yaʼni avtobus toʻxtashi kerak boʻlgan koʻcha boshida vatandoshning rafiqasi oʻz mashinasida paydo boʻladi. Ayolning yonida esa yoʻqoldi deya gumon qilinayotgan bola ham bor. Maʼlum boʻlishicha, ayol ham ishdan erta chiqqan va farzandini maktabning oʻzidan olib, biroz aylanib kelishni ahd qilgan. Albatta, politsiya ham, ijtimoiy xizmat vakillari ham voqea bu qadar ijobiy yakun topgani bois ortiqcha gap-soʻzsiz tarqalgan. Ammo ertasi kuni maktab maʼmuriyatiga bogʻlanib, bola uyiga albatta avtobusda borishi lozimligi va agar ota-onadan kimdir bolani shaxsan olib ketmoqchi boʻlsa, bu haqda oilaning ikkinchi vakiliga, avtobus haydovchisiga va hatto bolaning uyi yonida turuvchi nazoratchiga xabar berish lozimligi uqtirilgan. Zero bola xavfsizligi eng asosiy vazifa…

Ammo shunga qaramay, Amerika maktablarida koʻngilsiz holatlar uchrab turadi. Maktabga qurol koʻtarib kelish, sinfdoshlarini oʻqqa tutish hollari, giyohvand moddalar savdosi shular jumlasidan. Bunday holatlar va ularning oldini olish uchun koʻrilayotgan choralar haqida esa keyingi safar suhbatlashamiz…

 

Husniddin Qutbiddinov

Jahongir Muhammad: “Hatto Mirziyoyev ham oltinchi qavatdan hazar qildi”

Posted March 31st, 2019 at 1:09 pm (UTC-5)
Leave a comment

Joriy yilning fevral oyida ijtimoiy tarmoqning oʻzbek segmentida “Oltinchi qavat: prezident tansoqchisining kundaligi” qissasi katta shov-shuv uyg’otdi.

Taxminiy hisoblarga koʻra, mazkur asarni 15 mingdan ortiq inson oʻqigan, ijtimoiy tarmoqdagi oʻz sahifasiga koʻchirib bosgan va sahifalardagi do’stlari va mushtariylari orasida tarqalishida ishtirok etgan.

Qissa muallifi yozuvchi, jurnalist va siyosatchi Jahongir Muhammad (Jahongir Mamatov) bo’lib, ayni damda u AQShning Virjiniya shtati Brambleton shahrida istiqomat qiladi.

Qissaning bu qadar shov-shuvga sabab bo’lishi va ijtimoiy tarmoqlarda shuhrat qozonishi undagi obrazlarning aksar oʻzbekistonliklarga yaxshi tanishligi bilan bogʻliq deb taxmin qilsa bo’ladi. Yaʼni qissada marhum prezident Islom Karimov, bir qator vazirlar, Milliy xavfsizlik xizmati (hozirda Davlat xavfsizligi xizmati)ning sobiq raisi va koʻplab boshqa insonlar tasvirlangan. Aksar oʻquvchilar orasida qissa hujjatli asar sifatida qabul qilingan boʻlsa, boshqalar uni badiiy toʻqima oʻlaroq ko’rdi.

Biz Jahongir Muhammad uyida mehmonda boʻlib, shov-shuvli qissa, undagi obrazlar va, umuman, bugungi Oʻzbekiston haqida suhbatlashdik.

“Toʻgʻri, kitob avvalida men “qissa” deb yozib oʻtdim, bu demak uning badiiy asarligidan dalolat, ammo kitob koʻproq boʻlgan voqealar asosida bitilgan. Yaʼni kitobdagi asosiy voqealar hayotda boʻlgan. Kitobda hattoki boʻrttirish yoʻq, aksincha biroz kamaytirilgan. Qizigʻi shundaki, bugungi kungacha odamlar internetda ochiq manbalarda mavjud bu maʼlumotlarni oʻqimagan. Men shularni hammasini jamlab bir joyga yigʻdim.

Masalan, Islom Karimov oʻlganidan keyin oradan bir yil oʻtib, Moskvada I. Karimov tansoqchisi otilgan holatda topildi. Matbuotda qoʻlida pistolet oʻynab oʻtirganida otilib ketgan va oʻq yuragiga tegib oʻlgan deb yozildi. Keyin aniq bo’ldiki, to’pponcha oltindan qilingan va I. Karimovning shu tansoqchiga bergan “imennoy” sovgʻasi boʻlgan. Undanda qizigʻi, bu tansoqchi Rossiya harbiy razvedkasi generalining oʻgʻli boʻlgan.

“Yaʼni oʻzbek prezidentini rus razvedkasi qoʻriqlagan”, deydi Jahongir Muhammad.

Amerika Ovozi: Jahongir aka, nima sababdan qissaga “Oltinchi qavat” deb nom berdingiz? Yaʼni bunda ham qandaydir ma’no bormi, nimagadir ishorami bu nom?

Jahongir Muhammad: Oʻzbekiston prezidentining ish joyi, kabineti 6-qavatda edi. Yaxshiliklar ham, yomonliklar ham hammasi oʻsha yerda boʻldi. Juda koʻp insonlar – hozir nafaqada boʻlishi mumkin – nihoyatda koʻp rahbarlar 90-yillar boshidayoq ana shu oltinchi qavatda musht yegan, kaltak yegan, orqasiga tepki yegan. Ularning hozirgacha ham koʻplari bor. Yaʼni oltinchi qavat juda koʻp insonlarning oʻsha qora lahzalariga guvoh boʻlgan. Balkim shuning uchunmi Shavkat Mirziyoyev voz kechdi bu binodan. Man oʻshanda qoyil qoldim shu insonga, Mirziyoyevga. Karimovning samolyotidan voz kechdi, binosidan voz kechdi, oltinchi qavatdan, mashinalaridan voz kechdi. Borib boshqa yerga koʻchdi. Hazar qildi. Haqiqatan ham bugun muzey qilishdiyu, ammo chindan ham oltinchi qavat hazar qiladigan joy.

Amerika Ovozi: Shavkat Mirziyoyev marhum prezidentga tegishli binodan, siz aytmoqchi oʻsha “oltinchi qavat”dan voz kechdi va endi oʻzining yangi oltinchi qavatiga ega boʻldi, shundaymi?

Jahongir Muhammad: Endi Mirziyoyevniki “oltinchi qavat” emas, bu ham juda qiziq. “Bahor” konsert zali. Yaʼni bu bino Sovet paytida “Bahor” konsert zalining binosi edi. Oʻsha imoratning bir tomonida Oliy Kengashning xatlar boʻlimi joylashgan edi ilgarigi paytda. Keyinchalik u binoni biroz kengaytirib senatorlar uchun joy qilishdi, hozir esa prezident saroyi. Bir paytlar hazillashib “bu yerda ham juda katta oʻyinlar boʻladi”, degan edim. Sababi, bir zamonlar “Bahor”ning lobar qizlari juda zoʻr oʻyinlar namoyish qilgan shu konsert zalida. Mukarrama Turgʻunboyevalar, dunyoga mashhur raqqosalar. Balkim endi bugun bunday oʻyinlardan har holda voz kechilgandir. Nima boʻlganda ham, Oʻzbekistonda bundan bu yogʻiga endi faqat yaxshilik boʻlsin deb umid qilaman.

Amerika Ovozi: Oʻzbekistondagi asl vaziyat bugun qanday sizning nazaringizda? Oʻsha eslaganingiz “oltinchi qavat”dan farqlimi yoki oʻxshash taraflari bormi?

Jahongir Muhammad: Bilasizmi, Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgan paytda bergan intervyularimda men bir gapni koʻp takrorlaganman. Aytganmanki, Karimovdan keyin aslida shunga oʻxshash bir odamning kelishini, Karimovdan biroz yumshoqroq odam kelishini istaganman, toki Oʻzbekistonda evolyutsion oʻzgarish boʻlsin. Mana shunday paytda biror demokrat kelib qolsa, hammayoq bundan-da dabdala boʻlib ketardi. Ammo “oltinchi qavat”ning asosiy prinsiplari oʻzgarmadi-da. “Beshinchi qavat”ning hamma generallari Mirziyoyev yoniga oʻtib oldi. Eng muhimi, Karimovning samolyotidan voz kechdi, binosidan voz kechdi, ammo uning siyosatidan voz kechmayapti, uning siyosatiga toʻgʻri baho bermayapti. Mana shu joyida odamlar choʻchib turibdi, yana aylanib eski davrday boʻladi degan qoʻrquv bor ularda.

Amerika Ovozi: Xoʻsh, sizningcha, nima sababdan Shavkat Mirziyoyev oʻsha “beshinchi qavat” odamlarining orasida tozalash oʻtkazmayapti? Qolaversa, soʻnggi paytda ijtimoiy tarmoqlardagi juda koʻp muxolif saytlarda Mirziyoyev va Milliy xavfsizlik xizmati sobiq rahbari Rustam Inoyatov oʻrtasida oʻzaro raqobat bor degan maʼlumotlar uchrayapti, suiqasdga urinishlar boʻlgan deyilyapti, bu sizningcha bor gapmi yoki yoʻq?

Jahongir Muhammad: Men ularning (Sh. Mirziyoyev va R. Inoyatov – AO) oʻrtasida qarshilik bor deb oʻylamayman. Unday narsa yoʻq. Oʻsha Zelimxon Haydarov, Rustam Inoyatov, Abdulaziz Komilov – bularning orasida aksincha kelishuvchanlik, “men seni saqlab turaman” degan maʼnodagi kelishganlik bor. Yaʼni vaʼda berish yoʻq, ammo haligi xuddi ustoz-shogirdday shunaqa bir muomalalar bor. Buni bizda boshqachasiga “muttahamchilik” deydimi, shunga oʻxshash bir nima bor oʻrtada. Koʻryapsizmi, mana vaqt oʻtib, mana shunga yetib kelyapmizda, hatto mening tilimdan chiqib ketti muttahamchilik degan ibora. Odamlar shuni gapira boshladida, “nima bu, oʻrtada bir muttahamchilik bormikan Mirziyoyev Inoyatovdan qoʻrqadi”, deb. Hattoki uning ortida Moskva turganda ham Putinga borib, “aka, odamlar tushunmayapti, qiyin boʻlyapti, bundan qutilmasam boʻlmaydi”, desa boʻlardi. Ammo shu ish qilinmayapti…”

Eslatib oʻtish joiz, Jahongir Muhammad 1955-yili Samarqand viloyatida tavallud topgan. 1973-1979-yillarda Toshkent davlat universitetining (hozirda Oʻzbekiston Milliy universiteti – AO) jurnalistika boʻlimida oʻqidi va 1981-yilgacha tilshunoslik va jurnalistikada etika boʻyicha ilmiy izlanishlar olib bordi. 1990-yilda Jahongir Muhammad Oʻzbekiston xalq deputati etib saylangan. 1990-1993-yillarda u Oʻzbekiston Oliy kengashida Oshkoralik qoʻmitasi raisining oʻrinbosari boʻlib ishladi. Turli koʻrinishdagi bosimlar avj olgach, 1993-yili Oʻzbekistonni tark etishga majbur boʻldi – maʼlum muddat Turkiyada yashadi va keyinchalik AQShdan boshpana oldi. Muxojirlikda ham oʻz kasbiga sadoqatli qolgan yozuvchi bir qator qissalar, Mukammal oʻzbek-ingliz lugʻati (Comprehensive Uzbek-English Dictionary)ni keng jamoatchilik hukmiga havola etdi.

BLOG HAQIDA

muhojirlar shaharchasi2

Garchi blogimizni "Muhojirnoma" deb nomlagan bo'lsak-da, u alohida muhojirning kechinmalari va yoki sarguzashtlari haqida bayon qiluvchi sahifa emas. Bu ma'lum ma'noda muhojirotni o'z tanasida tatib ko'rgan insonlarning kundalik daftariday. Sahifa Amerika bilan tanishish, uning ijtimoiy-ma'naviy hayotini o'rganish, qolaversa bu mamlakatga kelish va undagi ayrim “imkoniyatlar”dan foydalanishni ko'zlayotgan minglab o'zbekistonliklar uchun ma'lumotnoma vazifasini o'tashni maqsad qilgan. Unda nafaqat Amerika, balki butun dunyodagi muhojirlar hayotiga oid ma’lumot va kechinmalarni berib borishni niyat qilganmiz.
Bizni kuzatib boring.

Kalendar

November 2024
M T W T F S S
« Jan    
 123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930