Buxoro yahudiylari Nyu-Yorkda o’z nashriga ega

Posted February 16th, 2016 at 2:27 pm (UTC-4)
Leave a comment

Har bir mamlakatda ildiz otgan etnik jamoaning rivojlanishi, o’zligini saqlab qolishi uchun o’z matbuotiga ega bo’lishi lozim. 1990-yillar boshlarida Amerikaga ko’chib kelgan Buxoro yahudiylari buni yaxshi tushungan holda 2002-yilda haftalik gazetaga asos soldi.

“Buxarian Tayms” gazetasining bosh muharriri Rafael Nektalov bilan suhbatda bo’ldik.

“Buxarian Tayms” yoki “Buxoro vaqti” gazetasining tahririyati Kvins rayonidagi AQSh va Kanada Buxoro yahudiylari kongressi binosida joylashgan. Gazetaga 2002-yilda asos solgan asli samarqandlik Rafael Nektalov Amerikaga 1993-yili kelgan.

“Sovet paytida bemalol harakatlana olmasdik, yahudiylarning ovozini eshittira olmasdik. Axir SSSRda antisemitizm davlat darajasida edi. Shuning uchun bo’lsa kerak, Buxoro yahudiylari musiqasiga doir dissertatsiyam turib qolgan edi. Amerika bizga rivojlanishda yordam beradi. Maktablarimizni bemalol ocha olamiz, o’z tilimizni erkin o’rgana olamiz, o’z muzeyimiz bor, o’z konsertlarimizni tashkil eta olamiz, dunyoni keza olamiz. Bunga Amerikada hech qanday to’siq yo’q”.

“Buxarian Tayms” Rafael Nektalovning uchinchi loyihasi. Bungacha u “Most” (Ko’prik), “Buxoro yahudiylari dunyosi” gazetalariga qo’l urdi.

“Haftalik gazetani ochish orzum edi. “Buxarian Tayms” ilk ana shunday gazetamiz bo’ldi. Sevimli jamoam uchun buning uddasidan chiqa olganimdan yuragim faxrga to’la”, – deydi Rafael Nektalov.

Tahririyatda 18 kishi mehnat qiladi. 60 minglik jamoa uchun 10 ming nusxada chiqadi.

Rafael Nektalov, “Bukharian Times” gazetasi bosh muharriri

“Xodimlarimizning intellektual darajasi juda yuqori. Deyarli hammasi dotsent va professor. Yolg’iz men dissertatsiyamni yoqlay olmadim. Gazetani rivojlantirishda mana shunday martabali odamlar bilan ishlash sharafiga muyassarman”.

Rafael Nektalov nafaqat matbuot xodimi, balki jamoaning eng faol a’zosi, bosh tashkilotchisi hamdir. Hech bir madaniy tadbir uning ishtirokisiz o’tmaydi. Markaziy Osiyodan kelgan jamoalarga ham yaqindan yordam beradi. Masalan, o’zbek tilida chiqadigan “Vatandosh” gazetasining rivojlanishida muhim rol o’ynagan.

“Amerikaga tobora ko’proq o’zbeklar kela boshlaganida va ular uchun o’z tashkilotlari, nashrini tashkil etish ehtiyoji tug’ilganida vatandoshlarimga bu ishda jon-jon deb yordam berganman. Bir-birimizga foydamiz tegsin, deymiz. Amerikada ikki elat jamoasi o’rtasida do’stona aloqalar shakllanganidan xursandmiz. Amerika immigratsiyasining o’ziga xosligi ham shunda. Hamma bir-biriga yordam beradi”, – deydi Nektalov.

Gazetada rus, o’zbek, tojik, ingliz, Buxoro yahudiylari tillarida maqolalar chop etib boriladi.

“Biz muntazam ravishda Markaziy Osiyo haqida ma’lumot beruvchi yagona nashrmiz. Bu mintaqaga va, ayniqsa, O’zbekistonga alohida iliqlik bilan yondashamiz, chunki bu bizning Vatanimiz. Anchadan beri bu yerda yashayotganimizga qaramay, kindik qonimiz to’kilgan joyga, jonajon o’lkamizga, mozorlarimizga muhabbatimiz buyuk. Shu sababdan gazetamizda O’zbekistonga tegishli ko’p materiallar bor”.

Buxoro yahudiylari AQSh va O’zbekiston o’rtasida ko’prik vazifasini bajaradi.

“Amerikaliklarning O’zbekistonga e’tiborini oshirishda Buxoro yahudiylarichalik hech kim ko’p ish qilmagan, hatto AQShdagi o’zbeklarning o’zi ham. Universitetlarda bo’lamiz, leksiyalar o’qiymiz, konsertlar uyushtiramiz, shashmaqom festivalini o’tkazganmiz. Kimga bag’ishladik uni, deng? Turg’un Alimatovga. Xalqaro anjumanlar o’tkazamiz, xalq diplomatiyasini olib boramiz. Bu ishlarimizning hammasi gazetamizda yoritilgan. Nashrimizning arxivi yangi immigratsiyaning solnomasidir”, – deydi gazeta bosh muharriri.

Odil Ruzaliev

Nyu-York

Buxoro yahudiylari muzeyi – Amerikada O’rta Osiyoning bir bo’lagi

Posted February 4th, 2016 at 9:13 pm (UTC-4)
Leave a comment

Amerika qaynar qozondir. Bu qozonga tushgan elatlarning o’zligini saqlab qolishi oson emas. O’rta Osiyoni chorak asr oldin tark etgan Buxoro yahudiylari ham shu muammoga duch kelgan. Ularning Nyu-Yorkdagi muzeyi yosh avlodga bobolarining tarixi va madaniyati haqida ma’lumot uzatishda bebaho resursdir.

O’rta Osiyoda asrlar davomida yashagan Buxoro yahudiylari Sovet Ittifoqi tarqalib ketganidan so’ng asosan Isroil va Amerikaga yo’l oldi. An’analari va dinini cheklab qo’ygan qafas parchalandi. Ammo hurlikni tuhfa qilgan muhojirot bu elat vakillariga arzonga tushmadi.

“Sovet Ittifoqidan ko’ra Amerikada ko’proq assimilyatsiyaga moyil bo’lib qoldik. Chunki biz yashash muhitimizni yo’qotdik. Sharqona bozorlarni, tilimizni, qo’shnilarimizni, mahallamizni. Biz u yerda o’zbek, tojik, buxorocha tillarda so’zlashardik. Bir-birimizni tushunadrik. Bu yerda esa boshqa muhitga tushib qoldik. Televideniye, kino, maktablar farzandlarimiz tarbiyasiga katta ta’sir ko’rsatadigan bo’ldi. Tilimizni unutib, inglizcha so’zlasha boshlashdi, amerikalik bo’lishni xohlashadi. Bu jarayonni to’xtatish mumkin emasligini tushundim. Bir donishmand aytganidek, o’limdan emas, izsiz ketishdan qo’rqaman. O’ziga xos tarix va madaniyatga ega Buxoro yahudiylarining moziyga g’arq bo’lishini istamayman. Iz qoldirgim keladi”, – deydi Nyu-Yorkning Kvins rayonidagi muzey asoschisi va direktori Aron Aronov.

U hozir 77 yoshda. Amerikaga 1989-yilda kelgan. Muzey Buxoro yahudiylari gimnaziyasi binosida joylashgan.

“Bu faqat Buxoro yahudiylari merosi muzeyi emas, balki Markaziy Osiyo xalqlari muzeyi hamdir. Buxoro yahudiylarini mintaqa mazmunidan alohida holda ko’rish mumkin emas. Ko’p an’analarimiz, kiyimimiz, taomlarimiz o’xshash”.

Muzey Buxoro yahudiylarining O’rta Osiyodagi hayotini yaqqol eks etadi. Aron Aronov har bir eksponatni shaxsan o’zi muzeyga keltirgan.

“Sobiq vatanimizdagi hayotimizni ko’rmoqchi bo’lgan yoshlarning O’zbekistonga borishi shart emas. Muzeyga kirib, ota-bobolari yashagan zamonga sho’ng’isa bo’ladi. Afsuski, yosh va ulug’ avlod o’rtasida jarlik borgan-sari kengaymoqda. Tilda, kiyimda. Biz teatrni sevamiz, ular esa Gollivud kinolarini”, – deydi Aron Aronov.

Muzeyda millat g’ururi, ko’zga ko’ringan shaxslar haqida ham ma’lumot bor.

“Men bu yerda rus davrini ham yoritmoqchiman. 1865-yildan 1917-yilgacha bo’lgan vaqt oralig’ini. Axir biz u paytda etikdo’z, tikuvchi, zargar, sartarosh edik. Sovet davrida esa muhandis, shifokor, olim bo’ldik. Ilmga intilgan, ta’lim olgan paytlarimizni ham ko’rsatishimiz kerak”.

Ikkinchi jahon urushida Buxoro yahudiylaridan 30 ming odam jang qilgan. Har uchinchisi nobud bo’lgan.

“Muzeyda jangovar shuhrat xonasini ham ochmoqchiman. Amerikaliklarga Buxoro yahudiylari ham urushda qatnashgan desam, hayron bo’lishadi, bilishmaydi. Ko’p millatdoshlarimiz frontdan orden-medallar bilan qaytgan”, – deydi u.

Aron Aronov O’zbekistonni chorak asr oldin tark etgan bo’lsa-da, yurtni, odamlarini mehr bilan tilga oladi.

Odil Ruzaliev

Nyu-York

“Dangasalar” qachon matonatli kuchga aylanadi?

Posted December 28th, 2015 at 9:36 am (UTC-4)
Leave a comment

Moskva: Markaziy osiyolik mehnat muhojirlari doimiy bosim ostida pul topib, vatanidagi oilasini boqadi

Ko`pchilik yurtdoshlar uchun umrning yana bir yili muhojirlikda yakunlanmoqda.
Bu fursat kimdir uchun boy berilgan navbatdagi bir yil, kim uchundir chorasizlikdan qutulishning so`nggi imkoniyati sifatida ko`riladi.

Albatta, bugun ish topish uchun xorijga yo`l qidirayotgan vatandoshlar ko`pchilik. Aslan tavakkalchilikka qurilgan, hadiksiz, har qanday sharoitga qaramasdan ishlashga hozir bu tirishqoqlik matonatdan nishona.

Mamlakatning taraqqiyot qadami uzilgan, markaz shaharlar allaqachonlar unutgan uzoq qishloqlarida shu yillar davomida tirikchilik qozoni qaynab turgan ekan, shubhasiz, bu shu muhojirlarning mehnati evaziga.

Kun kelib, aynan shu mehnat muhojirlari tufayli millionlab yurtdoshlarimiz nochorlikdan qutilishgani, o`qishga, ishga, yashashga kuch topishgani tan olinib, muhojirlarga yopishtirilgan “dangasa” yorlig’i “matonat”ga aylansa ajab emas.

Ammo muhojirlikni tanlayotganlar faqatgina iqtisodiy sabablarga ega emas, siyosatdan qochayotganlar ham ko`p.

Kimdir hayot sinovini ibodatda ko`rayotgan oddiy namozxon, kimdir inson haqlari uchun kurashgan huquq himoyachisi, kimdir siyosiy dasturga ega muxolifatchi, yana kimdir emin-erkin ishlashni istagan jurnalist; xullas, mavjud rejim tufayli vatanni tark etgan muhojirlar toifasi ham kam emas. Read the rest of this entry »

Adabiyot – birlashtiruvchi kuch

Posted November 30th, 2015 at 12:11 pm (UTC-4)
Leave a comment

1.  Yozuvchi Abduhafuz Mirzaaihmad (Hofiz Mirzo) dastxat qoldirmoqda

Tojikistonda mustaqillikdan so’ng o’zbek adabiyoti respublikaning  geografik joylanishiga qarab go’yoki ikki yo’lda rivojlanayotgandek, mamlakat janubi va shimolini baland qorli tog’lar ajratib turadi.

Garchi mustaqillikdan so’ng  janub va shimolni bog’lab turuvchi  yo’l yil mobaynida faoliyat yuritadigan darajada qayta ta’mirlanib, dovonlarda tunellar ochilgan bo’lsa-da,  hali hanuz regionlar orasida tavovut seziladi.

“Oradagi uzilishni yo’qotish va adabiy muhit yaxlitligini saqlash uchun Tojikistondagi o’zbek jamiyati ko’zga ko’rinarli ishlarni olib bormoqda”, – jamiyatning So’g’d viloyati bo’limi nashri hisoblanuvchi “Qadriyat” gazetasi bosh muharriri

Uning aytishicha, jamiyatning resbublika nashri “Haq so’z” gazetasiga Xo’janddan yosh mutaxassis Zohidjon Toshtemirov bosh muharrir sifatida jo’natilgan, gazeta faoliyati jonlanmoqda. Read the rest of this entry »

Kiyevda turkiy xalqlar terrorizmga qarshi namoyish o’tkazdi

Posted September 25th, 2015 at 9:49 am (UTC-4)
Leave a comment

Turkiyalik, qrimlik, ozarbayjonlik qardoshlarimiz Kiyevda terrorizmga qarshi birdamlik namoyishini o`tkazdi.

Qardosh xalqlar bayroqlari ko`tarilgan bu tashabbus Ukrainada ta`lim olayotgan turklar tomonidan tashkil etilgan.

Aksiyani Kiyevdagi qrim tatar faollari, Ukrainadagi ozarbayjonlar diasporasi vakillari ham qo`llab-quvvatlab chiqishdi.

Tashkilotchilarga ko`ra, tadbir so`nggi paytda Turkiyada terror xurujlari kuchayib borayotgani yuzasidan ortgan xavotirlar bois tashkil etilgan.

“Biz bu terrorizmning har qanday ko`rinishiga qarshimiz, vatandagi terror xurujlarini Ukrainadan turib kuzatdik,  zo`ravonliklar, terrorga qarshiligimizni shu aksiya orqali bildirmoqchimiz. Biz terorrni la’natlaymiz, nafaqat Turkiya, balki butun dunyodagi zo`ravonliklarni. Bugun bizni qo`llab chiqqan qardoshlardan minnatdormiz”, – deydi tashkilotchilardan biri.

Terrorga qarshi birdamlik aksiyasida Kiyevdagi qrim tatar faollari ham ishtirok etishdi. Ular orasida Qrimga kirishi taqiqlab qo`yilgan faollardan biri Senavar Qodirov ham bor.

“Ukrainadagi qardoshlarimizning terrorga qarshi namoyishida ishtirok etayotganimdan xursandman. Biz har qanday vaziyatda ham bir-birimizni qo`llab-quvvatlashimiz kerak. Turkiy xalqlar terrorizmga, zo`ravonlikka qarshi, bu narsa qayerda, qaysi mamlakatda kuzatilishidan qat’i nazar. Begunoh odamlar qurbon bo`layotganiga chek qo`yilishi kerak”, – deydi o`z yurtiga kirishi taqiqlab qo`yilgan huquq himoyachisi Sinovar Qodirov. Read the rest of this entry »

Germaniyada muhojirlarning qabul qilinishiga munosabat turlicha

Posted September 8th, 2015 at 10:49 am (UTC-4)
Leave a comment

Migrants arrive at the Westbahnhof railroadstation in Vienna, on September 5, 2015 as hundreds of migrants arrive by bus and train from Hungary to continue their journey to Germany.

Dengizga cho`kkan suriyalik 3 yoshli go`dak Alanning sohildan topilgan jonsiz jussasi mudrayotgan dunyoni larzaga soldi.

Bu fojea butun dunyoda, jumladan, Yevropada ham qochqinlar taqdiriga nisbatan munosabatni o`zgartirmoqda. Yevropa jamoatchiligi xalqaro hamjamiyatning inson taqdiriga bu qadar befarqlashganidan hayratga tushmoqda.

“Nemis to`lqini” qochqinlarning achchiq fojeasini aks ettirgan suriyalik go`dak suratini tahririyat izohi bilan chop etgan.

Bu suratdagi iztirob mujojirlar inqiroziga tortilgan Germaniya uchun ham alohida ahamiyat kasb etadi.

Nashr muharriri Aleksandr Kudashefning izoh berishicha, bu suratni e`lon qilish tahririyat uchun oson kechmagan. “Suratdagi fojea insonni o`z vijdoniga quloq tutishga undaydi, biz shu umidda bu suratni chop etishga qaror qildik”, deydi u.

Suratdagi ongni karaxtlovchi manzara qochqinlikni, umidning iztirobini, achchiq xotimasini ko`rsatadi, inson qadrini yanchib, qudratga intilayotgan dunyoni ma`nosiz qiladi.

Muhojirlar inqirozini hal qilishda Germaniya asosiy mas`uliyatni o’z zimmasiga oldi, muhojirlar buning uchun Germaniyadan minnatdor.  Angela Merkel butun qochqinlar onasiga qiyoslanayapti, u haqda mehr, ehtrom bilan yozishmoqda, gapirishmoqda.

Afsus, Yevropa bo`ylab muhojirlarga nisbatan eng keskin kayfiyat ham Germaniyada, qochqinlar joylashtirilgan lagerlarga o’t qo’yish hollari kuzatilgan, musulmonlarga qarshilik kuchaygan. Norozilar, millatchilar Merkelni mamlakatga nisbatan xiyonatda ayblamoqda.

Nemis jamoatchiligi uchun muhojirlar masalasi muammoli mavzuligicha qolmoqda. Mamlakatdagi taniqli sportchilar, siyosatchilar, yulduzlar jamoatchilikni muruvvatga, mehrga, bag’rikenglikka chaqirmoqda.

Bu targ`ibot o`z samarasini berayotgandek, so`nggi inqiroz ortidan qabul qilingan suriyalik, afg`onistonlik 3 mingga yaqin muhojir ortilgan poyezd Muyenxenda shahar aholisi tomonidan non, suv, bolalarga atalgan o`yinchoqlar, kiyim-bosh bilan kutib olindi.

Malik MANSUR

Ukrainadagi namoyishlar inqilob davrini eslatdi

Posted July 7th, 2015 at 9:57 am (UTC-4)
Leave a comment

​​Ukrainadagi ko`ngilli batalyonlar, millatchi radikal guruhlar hukumatni yangi inqiloblardan ogohlantirmoqda.

Hafta oxirida radikal qarashlari blan tanilgan “O`ng sektor”, millatchi guruhlar va  ayirmachilar bilan jang qilayotgan ko`ngilli batalyon vakillari Kiyevda namoyish o’tkazdi.

Ukraina matbuotida keng yoritilgan bu namoyishlar Poroshenko hukumatiga yo`llangan ogohlantirish sifatida baholanmoqda.

Hokimiyatning asosiy idoralari joylashgan Kiev markaziy ko`chalari bo`ylab yurish qilgan namoyishchilar Rossiya bilan barcha aloqalarni butkul uzishni, mamlakatda aksilterrror amaliyotlari emas, to`laqonli urush ketayotganligini rasman tan olishni talab etishdi.

Kiyev markazini aylanib chiqqach, o`z maqsadlari qat’iy ekanligini ko`rsatish uchun Ukraina inqiloblarining ramziga aylangan g`ildiraklar, avtomobil shinalari yoqildi.

Norozilarga ko`ra, bu uchinchi Maydonning muqarrarligi haqida hukumatga yo`llangan ramziy ishoralardir.

Maydondagi inqilob ortidan hokimiyatga kelgan Poroshenko xalqqa islohotlar va`da qilgan, ammo ko`pchilik islohotlar sekin borayotganidan, Maydonda ko`tarilgan talablar amalga oshmay qolayotganidan  norozi.

Qrimning boy berilishi, Donetsk va Lugansk viloyatlarida boshlangan qo’zg’olon,  rossiyaparast ayirmachilar olib borayotgan urush millatchi guruhlarning noroziligini keskin kuchaytirgan.

Quyida Kiyevda o’tgan so’nggi namoyishda olingan suratlarni e’tiboringizga havola etamiz.

Matn va suratlar muallifi Malik Mansur

sektor 023Read the rest of this entry »

Virtual saylovning ahamiyati nimada?

Posted April 15th, 2015 at 10:12 am (UTC-4)
Leave a comment

Virtual saylov komissiyasi 12 nomzodni ro'yxatga olgan. Amaldagi rahbar Islom Karimov ular qatorida emas, chunki qayta saylanishga haqqi yo'q

Virtual saylovlar muhojirlikka sochilgan o’zbeklar uchun son’ggi yillardagi aniq maqsadli tajriba bo’ldi. Saylovda ovoz berganlar soni, geografiyasi muhojirlikning mavjud nisbatiga solishtirganda ko’p emas, ammo boshqa bir harakatning o’zi yo’q joyda, shubhasiz, oldinga tashlangan qadamdir.

Shaxsan men virtual saylovda ovoz bermadim, aniqro’g’i, so’nggi kunlarda ovoz berishni rejalayotgan edim. Ammo virtual mojarolarning boshlanishi hushyor torttirdi, ehtimol bu tajribani kuzatgan ko’pchilikni ham shunday xavotir ovoz berishdan ushlab qolgandir.

Afsuski, bizning rasmiy saylovlarimiz ham, virtual saylovlarimiz ham qallobliklardan xoli bo’lmadi.

Rasmiy saylov o’z yo’liga, hech kim bundan ortiqchasini kutmagan edi, hatto Karimov uchun ovozlar nega 95 foizga bormagani biroz ajablanarli ham ko’rinadi. Ammo bizga adolatli, demokratik saylov tamsilini berishi lozim bo’lgan virtual saylovlardan nima kutilgan edi, shunday soxtaliklarmi? Nahotki, borimiz shu bo’lsa?

Nomzodlar Virtual saylov komissiyasining siyosiy tajriba bo’lgani haqida aytishmoqda. Ehtimol, soxta ovozlar orqasidan quvish siyosiy tajribadir, ammo hurmatli nomzodlar yurtda 25 yildan buyon guvoh bo’layotgan rasmiy saylovlarimiz bunday tajribadan allaqachon to’ydirgan.

Men Virtual saylov komissiyasisining yakuniy xulosalarida soxtalikka qo’l urilgani, bizga taqdim etilgan odamlar jamoatchilik ishonchini suiiste’mol qilishi mumkinligi haqida bayonot kutgan edim.

Afsus, bu jihat yakuniy qarorda o’rin topmadi. Bundan qat’i nazar, meni virtual saylovdan chiqargan asosiy xulosam shu jihat bo’ldi. Nazarimda, adolatli va ochiq jarayonni istagan boshqalar uchun ham shunisi muhim. Bu axborot uchun, albatta, Virtual komissiyadan minnatdorman.  Ayniqsa, ular uchun bu ishni yuritish, o’z vaqt va kuchlarini beg’araz sarflash oson bo’lmaganini hisobga olsak.

Darvoqe, Virtual saylov komissiyasi aynan shu harakati bilan Abdusalomov boshchiligidagi saylov komissiyasidan farqli ekanligini, muqobil va mustaqil ravishda ishlashi lozim bo’lgan Markaziy saylov komissiyasi ahamiyatini ham ko’rsatdi.

Virtual saylov komissiyasi o’rnida “Muqobil O’zbekiston” tuzilishi mantiqan o’ylangan navbatdagi qadam. Uning real hodisaga aylanishi harakat, munosabat va albatta maqsad yo’lida muvofiqlashishni taqoza etadi.

Bu qanchalik amalga oshadi, noma’lum. Anig’i shuki, erkin, adolatli jamiyat uchun muvofiqlashish ochiqlikdan boshlanishi kerak. Har holda Kengash tarkibiga kirgan nomzodlarning virtual saylovdagi o’z soxtaliklari haqida hech narsa deyishmagani “Muqobil O’zbekiston” maqsadlari qarshisida notabiiy ko’rinadi. Ta’bir joiz bo’lsa, bunday ochiqlik muvofiqlashish ahmiyatini, qadrini oshiradi.

Ehtimol, kimdir buni reallikdan uzoq tajriba sifatida ko’rib, ortiqcha jiddiylikka o’rin yo’q deb hisoblar. Ammo har qanday voqelikning jiddiy hodisaga aylanishi bildirilgan munosabatga yarasha bo’ladi. O’zbek muxolifatining xorijdagi faoliyati davomida biror jiddiy kuch yashab qolmayotgan ekan, buning sabablari bizga, munosabatimizga bog’liqdir.

Malik MANSUR

O’zbekistonning yangi muhojirlari kimlar?

Posted November 23rd, 2014 at 10:23 pm (UTC-4)
Leave a comment

http://gdb.voanews.com/1F7ADDCA-553F-4E04-B0EA-3A3E774EF6FE_mw1024_s_n.jpg

Moskvadagi bozorda hujjati yo’q ishchi muhojirlar ovlanmoqda, 7-avgust, 2013-yil.

So’nggi yillardagi muhojirlik ko’lami xalqimiz turmushida, jamiyatda kutilmagan, avval biz tasavur qilishimiz qiyin bo’lgan burilishlar yasamoqda.

Bugun o’zbekistonlik muhojir bolasini sotayotgani, yurtdoshini qullikka topshirayotgani yoki boshqa bir yovvoyi jinoyat sodir etayotgani seskantirmaydi; bular kundalik voqealarga o’xshab borayotgandek.

Ehtimol, millat bugungi muhojirlik misolida navbatdagi bir evrilishni boshdan kechirayotgandir. Ehtimol, bularning hammasi faqat nochorlikdandir, nima bo’lmasin, bu oqim hozircha mavhum qolayotgani, to’lg’anish qilayotgani shubhasiz.

Mohiyat muhojirlikning millionlar bilan o’lchanayotganida emas, balki bu bosqichning mamlakat taqdirida qanday aks etishidadir.

Tarixan bunday oqim bizga begona emas, Turkiston istilosini, mintaqada Sovet hokimiyati o’rnatilishi jarayonini eslash kifoya.

Turkiston bosqini yuz minglab o’zbeklarni yurtini tashlab ketishga majbur etdi. Dunyo bo’ylab tarqagan bu vatandoshlarni bugun ham Turkiston sog’inchi ajratib turadi.

Ehtimol, bu inqilob paytida muhojirlikka yuz tutgan o’zbeklarning aksariyati o’qimishli, o’ziga to’q, boy-badavlat qatlam ekanligi, yurt bosqini ularni chorasiz qoldirgani bilan izohlanar. Mamlakat ozodlikka erishar ekan, bu vatndoshlarning aksariyati yurtda o’z o’rnini topmadi, albatta, buning obyektiv va subyektiv sabablari bor, bu o’rganish zaruriyat bo’lgan boshqa bir mavzudir.

Nazarda tutayotganimiz esa vatandagi bugungi muhojirlik. Bugun hech kim tashqi dushman bosqinidan qochib yurtni tashlab ketayotgani yo’q, odamlarni, asosan, qashshoqlik, ishsizlik, ichki zulm muhojirlikka itarmoqda, tabiiyki, ular orasida “dangasalar” yo’q.

Muhojirlik ko’lami o’zbeklarni allaqachon xorijdagi ish o’rinlari uchun o’zaro raqobatchi qilishga ulgurdi. Rossiya, Qozog’iston, Ukraina yoki boshqa bir joyda muhojirlikda kezinayotgan o’zbek boshqa bir g’arib vatandoshini ko’rib ensasi qotar ekan, bu holatni raqobat bilan izohlash yupanchdek tuyiladi.

Musofirchilikda yurgan o’zbeklarni bir-birlariga intilish vaqtlari afsonaga aylangandek, hozirgi davr bir ko’chada qo’shni yashagan yigitlarni o’zga yurtda begona qilmoqda, ba’zan hatto qarindoshlar-da muhojirlik ko’chasida bir-birlarini tanishni istashmaydi.

Va bular hammasi tabiiydek, hech kim tirikchilik ilinjidagi  iztiroblariini, alam va xo’rliklarini boshqa bir qismatdoshi bilan bo’lishmoqchi emas, ayniqsa, yaqin tanishlari bilan.

Bu, ehtimol, to’lg’anishda bo’lgan millat o’z boshidan kechrishi lozim bo’lgan achchiq sinovlardan biridir. Zotan, shunday achchiq sinovlar evazigagina xalq, millat boshqa bir bosqichga, yangi bir shaklga kira boshlaydi.

                                                                                                                                      Malik Mansur,

Ukraina

Nimaga ishonishni bilmaysan ba’zan

Posted September 24th, 2014 at 4:39 pm (UTC-4)
Leave a comment

HSAnchadan beri suhbatlasha olmaganimiz uchun oldindan uzr. Mana shu vaziyat ham, aslida Amerika haqida tasavvur olish uchun yaxshi misol. Darhaqiqat, Amerikada o’zaro tanishlar orasida eng ko’p uchraydigan va insonning vaziyatini yaqqol anglatadigan iboralardan biri “amerikachilik” iborasidir. Ya’ni bu sizning sharoitingiz haqida eng to’liq va ayni paytda lo’nda javob.

Yaqinda Toshkentdan bir yaqin do’stimiz Amerikada mehmon bo’ldi. Juda qisqa vaqt mehmon bo’ldi. Ayni ish vaqtida mehmon qo’ng’iroq qilib, Amerikadaligi va ko’rishish istagida ekanini aytib qoldi. Bunday paytlari darhol javob qaytarish qiyin. Zero O’zbekistondan, boringki, hatto o’sha kattakon qit’aning istagan boshqa davlatidan kelgan insonga, Amerikadagi eng dolzarb muammo – vaqtning (imkoniyat) yo’qligi haqidagi tushuntirishlaringiz bir tiyin. Tushunmaydi. Aniqrog’I, ishonmaydi. Bo’lishi mumkin emas. Zero Amerika haqidagi tasavvur boshqacha.

Xullas, bir amallab, qizaribgina deganday, vaziyatni tushuntirishga urindim. Go’shakning u tomonidan, “ha, mayli mayli, shunchaki aytdim qo’ydim-da”, degan javob bo’ldi. Gap shundaki, Amerikada favqulodda holatlarda va faqat va faqat shifokor ko’rigiga ishdan javob olish huquqingiz bor. Yana ham aniqrog’i, rahbaringiz bunday favqulodda tanaffusni to’g’ri tushunadi. Ammo qayoqqadir borib kelish, kimnidir kutib olish yoki kimningdir kutilmaganda mehmonga kelib qolgani bois ishdan vaqtliroq ketish tushunchasi bu yurtda mavjud emas. Har qalay, rahbaringiz buni tushunmaydi. Siz haqingizda yillar davomida shakllangan tasavvur, bir marotabagina qilingan “bevaqt” iltimosdan so’ng shartta o’zgaradi. O’zbekchilik, musulmonchilik va boshqa shunga o’xshash “chilik”lar amerikaliklar uchun sariq chaqaga ham ega emas. Bu yerda majburiyat va javobgarlik degan tushuncha bor, xolos. Xullas, do’stga vaziyat tushuntirildi. Natija… hozir avvalgi aloqalar yo’q hisob…

Yuqorida keltirib o’tganlarim faqatgina uzoq muddat suhbatlasha olmay qolganimiz yuzasidan kichik tushuntirish edi, xolos. Suhbatimiz mavzusi boshqa.

Yaqindan beri Amerikada yashayotgan barcha o’zbeklar orasida, aniqrog’i men ko’rishib turgan, men bilgan, tanigan odamlar orasida turli mish-mishlar urchigan. Kaminaga u yoki bu favqulodda “yangilik”ni aniqlashtirib olish qiyin emas. Zero Vatanda kasbdoshlar bor, qolaversa, O’zbekiston bilan muntazam aloqada bo’lib turuvchi bu yerdagi kasbdoshlar ham etarli. Ammo unday tanishlarga ega bo’lmagan o’zbeklar ham, ishoning, juda ko’p. Ana shularning deyarli sakson foizi turli mish-mishlar bilan yashaydi. Har safar u yoki bu yerda uchrashib qolganda, kamina ham ana shu mish-mishlardan bir shingil eshitib qolaman. Ayrimlari shunchaki kulgi tug’dirsa, boshqalari yurakni ezadi. Sababi, nazarimda o’zbeklar, chet eldagilar, ayniqsa, bexabarlik balosidan azob chekib yashaydi.

Oddiy misol, bir yil avval, adashmasam, internetda Toshkentda dahshatli jazirama ekani va hatto yo’l bo’yida turuvchi svetoforlar issiq ta’sirida qiyshayib ketayotgani haqida “isbotli” suratlar paydo bo’ldi. Albatta, dastlab bu suratlar muallifi, aslida naqadar issiq ekaniga ishora qilyapti, deb qo’ydim. Ammo ertasiga tanishlar og’zidan shunaqangi vahimali “yangiliklar” eshitdimki, qo’yaverasiz. “Nahotki shu darajada?”, deb uyiga qo’ng’iroq qilganlar haqida-ku gapirmayman. Yetarli bo’ldi. Keyin ayni svetoforlarning o’zlari haqida, odamning miyasini karaxt qilib yuboradigan tafsilotlar tarqaldi.

Bu safar, har qalay xavotir to’la bo’lmasa ham, “Rostdanmi?”, qabilidagi qo’ng’iroqlar bo’ldi. Bu mish-mishlardan qutilib, sal nafas rostlagan edikki, qahraton sovuq haqidagi mish-mishlar tarqaldi. Ishoning, bu mish-mishlardagi tafsilotlar oldida taniqli so’z ustasi Hojiboy Tojiboyevning “qish chillasi” haqidagi hajviyasi hech narsa bo’lmay qoldi. Amerikada ham anchayin sovuq bo’lgani bois, odam sal qolsa ishondi.

Umuman, sovuq haqidagi “xabarlar”ga ishonchni mamlakatdagi vaziyat ham biroz mustahkamlab turdi. Zero, issiqlik manbalari Toshkentdan nariga deyarli xizmat ko’rsatmay qo’yganiga necha yillar bo’lib ketdi. Ammo, baribir, ayrim misollar haddan ziyod vahimali edi-da.

Shukurlar bo’lsin, bu ovozalar ham ortda qoldi, qishdan bir amallab chiqib oldik. Yozning ilk kunlarida esa Toshkentni suv bosgani haqida xabarlar yetib keldi. Xabarlar bilan baravar yetib kelgan suratlar, ishoning, Toshkentni Venetsiyaga tenglashtirdi. “Falon mahalla, mahalla mayliya, falon dahalar endi suv ostida emish”, degan gaplar odamni butkul esankiratib qo’ydi. Tabiiy, qo’ng’iroqlar, surishtiruvlar bo’ldi. Kamina ham Toshkentdagi kasbdoshlarga bog’lanib surishtirishga majbur bo’ldim. Zero, iltimoslar ko’payib ketdi. Umuman olganda, men ham, bir necha yil muqaddam, yomg’irdan so’ng Toshkentdagi dahalardan birida yangi ishga tushirilgan yer osti yo’lagidagi vaziyatni kuzatganman. Tizza bo’yi yig’ilib qolgan suv tufayli yo’lovchilar ancha sarson edi. Lekin metro ichining suv bosishi…

Masalaning iztirobli tomoni shundaki, chet elda yurgan inson Vatandagi vaziyat haqida faqat og’izdan og’izga ko’chuvchi ma’lumotga tayanishga majbur. Hatto eng haqqoniy ma’lumot ham qiyin qabul qilinadi, zero ishongisi kelmaydi insonning. Bizdan farqli, qirg’iz, qozoq va hatto tojiklarda o’nlab ishonchli ma’lumot manbalari bor. Bir gap chiqdimi, darhol internet orqali o’sha manbalarga qarashadi va oydinlik kiritib olishadi. O’zbeklarda bunday imkoniyat yo’q. Ana shunday vaziyatda birinchi galda ma’lumot berishi kerak bo’lgan elchixona internet sahifasida ham sukut bo’ladi. Zero, aftidan, elchixonadagilarning o’zlari ham ikkilanishda bo’lishsa kerak. Kim nima deydi, bilmadim, ammo bu juda ham xunuk manzara. Tashqi siyosat, boringki, ana hatto ichki siyosat ham aytaylik ovoza qilinmasligi, aholiga tushuntirib o’tirilmasligi mumkindir. Balkim bu ayrim amaldorlar uchun u yoki bu ishlarni qilib olish uchun juda zarurdir. Ammo minglab, balki millionlab fuqarolarni mutlaqo bexabar tutish, nazarimda, xunuk manzara.

Pitsburgda Nepaldan kelgan minglab qochoq bor. Ularning muhojirotga chiqib qolishlari sabablari haqida keyinroq bafurja gapirib berarman. Ammo, mana shu qochoqlar ham deyarli har kuni uzoq Vatanlarida nima gaplar bo’layotgani haqida eng yangi ma’lumotlarga ega bo’lishadi. Kimgadir qo’ng’iroq qilib yoki kaminaga o’xshash tanishlarini ishga solib emas, shunchaki, internetdagi ishonchli manbalarini birrov qarab chiqishadi, xolos. O’zbeklar internetga kirib, u yoki bu manbani ko’rgach, hatto o’sha nepalliklardan farqli vahimaga tushib qoladi. Chunki u yerda allaqachon mamlakatni qandaydir balo (Xudo saqlasin) bosgani haqda shoshilinch xabar chop qilingan bo’ladi-da. Ishonchli manbaning o’zi yo’q. Albatta, kimdir mahalliy axborot manbalari haqida aytishi mumkin, aytaylik O’zA, mahalliy televideniyening internet sahifalari va yoki boshqa tanilib ulgurgan sahifalarni misol keltirar. Ammo O’zbekistonning o’zida bularga hech kim deyarli ishonmas ekan, tashqaridagilarni gapirmasa ham bo’ladi.

Yaqindan beri bu yerdagi aksar o’zbeklar O’zbekistonda joriy qilinayotgan yangi pasportlar haqida (negadir) etishmay qolgani bois, mamlakatda g’irt be’mani vaziyat yuzaga kelgani haqidagi ma’lumotlar bilan o’rtoqlashib yuribti. Eng kulgilisi, pasportlarning yetishmasligi, yana ham aniqrog’I, yo’qligi bois, mamlakat ichi bo’ylab harakatlanib turuvchi fuqarolarga maxsus dalolatnomalar berilayotgan emish. Ko’cha-ko’yda ham, ayniqsa, Toshkentda “propiska” degan iddao bilan pul ishlashga odatlangan huquq-tartibot idoralari xodimlari endi o’sha dalolatnomani surishtirishni odat qilib olganmish. Dalolatnomada, “mazkur shaxsning pasporti yangilanish jarayonida bo’lgani bois, ushbu dalolatnoma vaqtincha uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat sifatida ko’rilsin”, deyilgan emish. O’sha dalolatnomani ko’rish istagidagilarni aytish shartmasdir. Odatda, mamlakat qandaydir jarayonga qo’l ursa, hamma ehtimoliy vaziyatlarni hisobga olishi shart. Agar hatto shu oddiy narsani bilmasa, unda…

Yuqorida Nepaldan kelgan minglab qochqinlar haqida gapirib o’tdim. Bir mamlakatdan qochqin bo’lib chiqqan odam, odatda, o’sha mamlakat uchun ma’lum ma’noda noma’qul shaxs hisoblanadi. Har bir qochib chiqqan nepallik uchun o’z mamlakatida noqulay vaziyat yuzaga keltirilgan, ular u yerda eng muhim huquqlari, tinch hayot kechirish huquqidan mahrum qilingan bo’lsalar-da, mamlakatdagi vaziyat haqida haqqoniy ma’lumot olishdan mahrum qilinmagan. E’tibor qiling, mamlakatdan chiqarib yuborildi, ammo mamlakati haqida haqqoniy ma’lumot olish imkonini yo’qotmadi. Mamlakatda ana shu chiqib ketishga majbur bo’lganlar uchun ham ishonchli sanalguvchi manba bor. Eng qiziq tomoni, o’sha ishonchli sanaluvchi manbaning haydalganlari mamlakatdagi faoliyatiga imkon yaratilgan. Natija, millionlab o’zga yurtda yurgan nepallik o’z mamlakatidagi vaziyat bilan yaxshi tanish. Ularga qaraganda ancha rivojlanib ketganday tuyulayotgan O’zbekistonda bunday imkoniyat yo’q.

O’zbekistonda jurnalistik faoliyat bilan shug’ullanib yurgan paytimdan yaxshi tanish bir iddao bor. Jamiki amaldorlar mahkam yopishib olgan iddao. Ya’ni, u yoki bu odamlar biroz bo’lsa-da ishonishi mumkin bo’lgan axborot manbalari, odatda, “mamlakat haqida asossiz bo’lgan yolg’on ma’lumotlarni tarqatish bilan ovora”. Ammo ne taajubki, shu paytga qadar o’sha yolg’onni rad qiluvchi axborot ham taqdim qilinmagan. Aslida buning hech qanday qiyin joyi yo’q. Har qanday malakali axborot manbasi qo’lga kiritgani ma’lumot yuzasidan, albatta hukumat idoralaridagi mas’ul shaxslarga murojaat qiladi. Ana o’sha payt, o’sha mas’ul shaxslar mavhum javob bilan gapni qisqa qilmasdan, keyinchalik buyuk bo’hton o’laroq “fosh” qilinajak ma’lumot haqida, o’sha paytning o’zidayoq uzil-kesil javob berishi kerak. Bor yo’g’i shu. Hayitdan keyin esa, odatda… Balkim, nechanchi bor mutlaqo imkonsiz (balkim hozircha) masalani ko’tarayotgandirman, balkim bu haqda gapirishning ham keragi yo’qdir. Ammo sahifamiz mavzusi muhojirotdagi kechinmalar va umuman, muhojirning hayoti haqida ekan, ayni holatni ham gapirmaslikning imkoni bo’lmadi. Zero, bu ham muhojirning dilini kemirib turgan muammo. Afsus bilan tilga olinadigan muammo…

Albatta, birdaniga yangi, mutlaqo hamma uchun birday ishonchli axborot manbasini tashkil qilish qiyin. Zero bu bilan, avvaldan mavjud barcha manbalar, “sal haqiqatdan yiroqroq ma’lumot tarqatadi”, deya tan olish bilan barobar bo’ladi. Shu bois ham, balkim yangi manbaning yaratilishi haqida, buni yaratish imkoni qo’lida bo’lganlarga gapirish kulgilidir. Ammo, hech narsani yaratmasdan, hech qanday sarf-xarajatsiz ham ko’zlangan maqsadga erishishning yo’li bor. U ham bo’lsa, muqobil ma’lumot tarqatishga urinayotganlar uchun imkoniyat yaratish. Dangal aytganda, ularga halaqit bermaslik. Ma’lumoti noto’g’ri bo’lsa, o’sha zahoti, ma’lumot yuzasidan murojaat qilingan paytiyoq, to’liq, yuz foiz rad etuvchi mukammal ma’lumotni tavsiya etish. Kerak bo’lsa yolg’on ma’lumot yolg’onligini isbotlovchi ashyolar taqdim qilish. Buning qiyin joyi yo’q-ku, to’g’rimi? Bilmadim. Lekin mana bu yerda, chet elda tanishganim bir vatandosh aytmoqchi, “unday emas, unday bo’lolmas, unday bo’lishi qiyindir, unday bo’lishini tasavvur qilish hatto kulgilidir, ammo shunday bo’lishini juda ham xohlar ekansan inson. Bu yerdagi vaziyatni ko’rgach, ayniqsa, bu orzuing seni qamrab olar ekan. Bizda ham shunday, deb maqtanging kelar ekan hatto”!!!

Menimcha, ana shu gaplarning o’zi yetarli…

BLOG HAQIDA

muhojirlar shaharchasi2

Garchi blogimizni "Muhojirnoma" deb nomlagan bo'lsak-da, u alohida muhojirning kechinmalari va yoki sarguzashtlari haqida bayon qiluvchi sahifa emas. Bu ma'lum ma'noda muhojirotni o'z tanasida tatib ko'rgan insonlarning kundalik daftariday. Sahifa Amerika bilan tanishish, uning ijtimoiy-ma'naviy hayotini o'rganish, qolaversa bu mamlakatga kelish va undagi ayrim “imkoniyatlar”dan foydalanishni ko'zlayotgan minglab o'zbekistonliklar uchun ma'lumotnoma vazifasini o'tashni maqsad qilgan. Unda nafaqat Amerika, balki butun dunyodagi muhojirlar hayotiga oid ma’lumot va kechinmalarni berib borishni niyat qilganmiz.
Bizni kuzatib boring.

Kalendar

October 2024
M T W T F S S
« Jan    
 123456
78910111213
14151617181920
21222324252627
28293031