(Baxtiyor Hamroyev xotirasiga)
Baxtiyor Hamroyevning o’limi, shubhasiz, bizda hali shakllanib ulgurmagan fuqarolik jamiyati uchun og’ir yo’qotish bo’ldi.
Baxtiyor Hamroyev o’zbek jamiyatida nisbatan yangi harakat bo’lgan inson huquqlari himoyasi tushunchasini imkon qadar ommalashtirib, bu faoliyatni mahalliylashtrishga katta hissa qo’shgan inson edi. AQShning O’zbekistondagi elchixonasi marhum xotirasi uchun chiqargan bayonotda ham Baxtiyor Hamroyevning inson huquqlari himoyachilari orasida favqulodda ovoz sohibi bo’lgani ta’kidlanadi.
U haqiqatda xalq ichidagi, bevosita shu xalqning dard-hasratlari bilan yaqindan tanish bo’lgan, dard bilan yashayotgan jafokash inson edi.
Ming afsuski, Baxtiyor aka o’z hayotini baxshida etgan kurashi natijasini – O’zbekistonda oru qilingan erkin jamiyatni ko’rolmay ketdi. Bu uning achchiq armonlaridan biri bo’lsa kerak, deb o’ylayman.
Biroq, shunday bo’lishiga qaramay, Baxtiyor aka hayotda umidli, takallufli, optimist inson edi. Har holda, mening yodimda u shunday xotirlanadi.
Unda mamlakat hayoti, taqdiriga daxldorlik hissi kuchli edi, jamiyat o’zgarishi bevosita har birimizga bog’liqligini anglagan, o’z shuuridan o’tkazgan bu haqiqatni boshqalarga ham yetkazib kelayotgan fidoyi edi.
Jizzax viloyati O’zbekistonda hamisha huquq himoyachilari faoliyati bo’yicha oldingi o’rinda turgan. Hozir ham, nazarimda, shunday. Buni, albatta, Baxtiyor Hamroyevning o’rnisiz tasavvur etish qiyin. Jurnalistlar uchun Baxtiyor Hamroyev, ayniqsa, Jizzax viloyati bo’yicha brinchi darajali manba edi. Uning ma’lumotlari shubha tug’dirmasdi, u do’stga ham, dushmanga ham birdek ochiq edi.
Ikki yilcha avval Baxtiyor Hamroyevning o’z faoliyatini to’xtatishi haqidagi bayonoti shaxsan menda qattiq taajjub uyg’otgan edi. Chunki bu qaror uni yaqindan bilgan odamlar uchun g’alati ko’ringandi.
Avvaliga men Baxtiyor aka o’g’li Ixtiyor bilan bog’liq mojarolardan charchagan, oilasi va bolalari taqdirini o’ylab shunday qarorga kelgan deb faraz qilgandim. Keyinchalik kutilmagan bu qarorning sababi ayonlashdi – bu paytda uning xastalik xuruji yanada kuchaygan, u o’zini hayotdan olib ketgan bedavo kasallik bilan kurashayotgan edi.
Bu bayonotdan keyin ham Baxtiyor Hamroyev faoliyatdan to’xtamadi, o’z ishini davom ettirdi. Uning o’limidan so’ng “Jarayon” internet sahifasida e’lon qilingan maktub vidolashuv to’shagidagi inson so’nggi daqiqagacha o’z ishiga sodiq qolganini ko’rsatadi.
Baxtiyor Hamroyev haqiqiy o’zbek ziyolisining timsoli edi. Har doim boshidan do’ppi tushmagan bu insonning muomala madaniyati, mulohaza doirasi va xolisligi alohida diqqatga sazovor edi.
Baxtiyor aka Toshkentga kelganida yoki safarga chiqqanida ba’zan menikida ham to’xtab o’tardi. U suhbati maroqli inson edi, tashqari va ichkaridagi vaziyatni yaqindan bilgani uchun hammasini kuyunchaklik bilan qabul qilardi. Ba’zan taassuf va pushaymonga tushsa-da, o’zini tiklashga tez kuch topa olardi.
Ko’pincha, odam o’tgandan keyin uning kimligi, nimalar qilgani va nimalar qila olishi mumkinligi haqida mulohaza qilinadi.
Nazarimda, Baxtiyor Hamroyev aynan imkoniyat quvvatining yuqoriligi bilan ham ajralib turardi. U tuzumning jismoniy va ruhiy qiynog’iga tutildi, bir necha bor kaltaklandi, biroq o’zidagi shu quvvatni saqlab qola oldi.
Baxtiyor akada yurtning istiqboliga ichonch tuzum muqarrar yemirilishiga bo’lgan ishonch kabi barqaror edi. Ko’pchilik uchun bugun ham u orzu qilgan istiqbol yo’li uzoq va mashshaqatli ko’rinadi. Uning jasoroti mana shunda edi: Tazyiqlar, tahqirlar iskanjasida ham haq tomon intilishdan to’xtamas edi.
Baxtiyor akani Alloh o’z rahmatiga olgan bo’lsin.
Malik Mansur, Germaniya
Assalomu alaykum aka Malik Mansur!
Avvalom bor aytadigan gapim sizga, Alloh sizdan ham rozi bo’lsin haqni bilgan inson bo’lganingiz uchun! Yuqorida otam hotirasiga bag’ishlab yozgan maqolangizni o’qib ko’zimga yosh oldim, va otamdan fahrlandim! Otamning sizdek qiyomatli do’stlari borligini o’zi ham biz uchun sharaf!
Mingdan ming rahmat sizga…