Shukrullo 19- iyul kuni Toshkentda 99 yoshida vafot edi.

Shukrullo ijodi va shaxsiyatini vatan ozodligi uchun tikkan, qatag’on, surgunlarga qaramasdan maqsadga sobit turgan o’zbek ziyolisi timsoli o’laroq ham tanilgan.

Ayrim nashrlarda o’zbek xalqining vijdoni o’laroq qayd etilgan shoir Shukrullo jadidlar va zamonaviy o’zbek adabiyotini bog’lab kelgan ko’priklardan biri sifatida ham e’tirof etiladi.

Shukrulloning vafoti munosabati bilan hukumat bildirgan ta’ziyada shoirning o’zbek adabiyoti va madaniyatiga qo’shgan ulkan hissasi qayd etilgan.

“Shukrullo Yusupov O‘zbekiston mustaqilligini katta quvonch bilan kutib oldi. Bu davrda samarali ijod qilish bilan bir qatorda, ijtimoiy hayotimizda ham faol ishtirok etib, mamlakatimiz mustaqilligining ma’naviy-ma’rifiy asoslarini mustahkamlash yo‘lida sidqidildan xizmat qildi. Istiqlol yillarida nashr etilgan “Qasosli dunyo” badiiy-publitsistik to‘plami va “Tirik ruhlar” deb nomlangan xotira-romanida rostgo‘ylik va odamiylik singari yuksak insoniy tuyg‘ular mahorat bilan tasvirlangan. Mazkur asarlar adabiyotimizda muhim adabiy voqea sifatida e’tirof etildi”, – deyiladi Prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan ta’ziyanomada.

Ammo shoirni yaqindan bilganlar uni mustaqillik yillarida ham jamoatchilikdan chetda ushlangan o’zbek ziyolisi sifatida qayd etadi. Buning sababi shoirning hokimiyatga madh o’qimagani, mamlakatdagi vaziyat haqida erkin fikr bildirib kelganida ko’riladi.

Shukrullo Stalin qatag’onlari davrida millatchilik, tuzumga dushmanlik aybi bilan qamoqqa tashlangan, Sibir surguni, qatag’on chig’iriqlaridan omon chiqqan o’zbek ziyolilaridan edi.

Uning “Kafansiz ko’milganlar” asarida qatag’ondagi ziyolilar taqdiri, sovet tuzumining jamoatchilikdan maxfiy tutilgan yovuzliklari hikoya qilinadi.

Shoir mustaqillik davrida ham qator mukofotlar bilan taqdirlandi, ammo  jamoatchilik e’tiboridan chetda ushlandi. 2017-yilda Shukrulllo “Turk dunyosi adabiyotidagi yil kishisi” sifatida taqdirlangan edi.

Shoirning shogirdlariga ko’ra, mukofotlar, yuksak xalqaro e’tirofdan qat’i nazar, Shukrullo o’limiga qadar O’zbekiston televideniyesida chiqishi taqiqlangan o’zbek ziyolilari qatorida qoldi.

Malik MANSUR