Xunrezlik uchun bevosita javobgar tuzum 2005-yilning 13-mayidagi qonli voqealarni eslash taqiqlagan edi. Lekin bugungi rahbariyat ham bu tarixni eslash, unga oydinlik kiritish niyatida emas.
 
O’zbekiston xalqi uchun ham yuzlab insonlar qurbon bo’lgan kun begonadek.
 
Umuman bu jamiyatda hukumatga norozilik ifoda etilgan fojialarni xotirlash ehtiromda emas, hatto vatan bosqiniga qarshi isyon bo’lsa ham.
 
Avval chor Rossiyasi, keyinchalik bolsheviklar qatag’onini boshdan kechirgan mamlakatda bosqinga qarshi kurashda o’lganlarni xotirlovchi sana ham, yodgorlik ham yo’q.
 
Aksincha, o’lkaning bosqinida qatnashgan askarlarga ehtirom ko’rsatish, ular xotirasi uchun butxona tiklash mumkin.
 
Bular qarshisida Andijon fojiasi kechagi, ammo unutilayotgan navbatdagi qonli tarixdek ko’rinadi.
 
Afsuski, bu tarixni unutishga uringanlar avvalo bu fojia ishtirokchilarining o’zlari bo’ldi. Islom Karimov rahbarligi davriga xos ayovsiz yondashuv.
 
Andijon voqealari bo’yicha adolatni tiklashga umid so’nishi ortidan fojia ishtirokchilari sassiz guvohlarga aylanishdi.
 
Fojiaga nisbatan sobiq va amaldagi hokimiyat munosabatida ham keskin farq kuzatilmaydi.
 

Andijon, 13-may, 2005

Andijon voqealari ichida yurganini, barchasini bilishini aytgan Prezident Shavkat Mirziyoyev namoyishchilarni “ikki stulda” o’tirishga urinishda ayblagan edi, ya’ni davlat ketib, boshqalar kelsa ularning nayrangiga o’ynashni istagan o’yinchilarga.
 
Keyinchalik yana bir mulozim, ayni paytda Bosh prokuror o’rinbosari bo’lgan Svetlana Ortiqova Andijonda namoyishchilar o’qqa tutilganini kuch ishlatilishidagi nomutanosiblik deb atadi.
 
Sobiq ichki ishlar vaziri Zokir Almatov ham namoyishlar paytida shtab boshlig’i vazifasini bajarganini ta’kidlab chiqdi.
 
O’zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan rasman 180 dan oshiq, norasmiy manbalarda 700-800 kishi qurbon bo’lgani aytilgan fojia yuzasidan mavjud munosabat asosan shulardan iborat bo’ldi, xolos.
 
Va bu munosabatlarda Andijon voqealari ishtirokchilari terrorchilar, ekstremistlar ekanligi shubha ostiga olinmaydi.
 
O’zbekistondagi bu shubhasizlikdan farqli, BMT Andijon fojiasini qirg’in, ommaviy qotillik sifatida topgan, xalqaro miqyosda qirg’inga javobgar deb ko‘rilgan amaldorlarga nisbatan sanksiyalar joriy etilgan edi.
 

Andijon, 14-may, 2005

Qirg’in yuzasidan adolatli surishtiruv o’tkazish talabi, O’zbekiston hukumati BMT miqyosida Andijon masalasi yopilganini e’lon qilishiga qaramasdan, hamon to’xtamagan. Ommaviy qirg’inga oid jinoyatlar muddatsizligi inobatga olinsa, Andijon masalasi yopilganini e’lon qilishga ertadek.
 
Ammo mustaqil O’zbekiston tarixidagi qonli bu tarixga 15 yil to’lar ekan, mohiyat faqat javobgarlar, adolatni qaror toptirishga doir talablarda emas.
 
Balki kim, qaysi tomondan bo’lishidan qat’i nazar, qirg’inda o’lganlarni, fojiani xotirlashga imkoniyat berish, millat tarixidagi bu qonli sahifani jamoatchilikka ochiqlash, undan lozim saboq, xulosalar chiqarishdadir.
 
Andijon fojiasini hukumat xalqaro ekstremistik guruhlar ishtirokida O’zbekistonda hokimiyatni ag’darishda qaratilgan terrorchilik xurujlari sifatida baholadi.
 
Asosiy aybdor sifatida tadbirkorlik bilan shug’ullanib kelgan “Akromiylar” harakati ko’rsatildi. Bu guruh tarafdorlari harbiy qismga hujum qilishda, qamoqxonaga botirib kirishda ayblandi.
 
Bu voqealar ortidan hukumat kuchlari Andijon shahri markazida norozilik namoyishiga to’plangan aholini o’qqa tutdi, otishmada yuzlab odam halok bo’lgani aytiladi.
 
Bu qirg’in ortidan yuzlab odamlar qo’shni Qirg’izitonga qochib o’tdi. Dunyoning turli davlatlariga tarqatgan qirg’in guvohlari hukumat tomonidan uzoq vaqt taqib, tahlikada ushlab kelindi.