“Yangi alif” deb atalgan “mushtarak turk lotin alifbosi” 1926-yilda Bokuda bo’lib o’tgan 1-Turkologiya qurultoyida tasdiqlangan va Sovet Ittifoqidagi barcha turkiy yozma tillarning yagona alifbosi sifatida 1940-yilgacha ishlatilgan (Hatto tojik tilida ham ushbu alifbo ishlatilgan). Lekin 1934-yilda faqat O’zbekistonda o’sha lotin alifbodan ingichka ö, ingichka ü, yo’g’on ı tovushlariga tegishli 3 ta harf alifbodan chiqarilgan. Boshqa turkiy tillarda esa o’sha 3 ta harf soqlangan. Keyin imloda o’zbek tilidagi singarmonizm buzilgan. Buni Sovet tuzumi bilib qilgan, o’zbek tiliga zarba berish uchun! Keyin, 1940-yilda o’zbek kirill alifbosida ham shu 3 ta tovush uchun u 3 ta harf kirgizilmagan.
1926-yilda Boku Qurultoyida ma’qullangan lotin alifbosi barcha turkiy tillarning fonetikasiga mos edi va to’la 14 yil qo’llanildi. Shu lotin alifbosida gazeta, jurnallar va kitoblar nashr etildi, maktablarda, universitetlarda o’rgatildi. Bizning ulug’ jadidchi bobolarimiz Abdurauf Fitrat, Elbek Mashrik Yunusov, G’ozi Yunus kabi buyuk o’zbek tilshunoslari, Sulaymon Cho’lpon, Elbek, Botu singari buyuk o’zbek shoir va yozuvchilari va Munavvarqori, Fayzulla Xo’jayev kabi siyosiy rahbarlar ham o’sha alifboni qo’llab-quvvatladilar, shu alifboda yozdilar, ular 1930-yillarda otib tashlangunga qadar.
1993-1995-yillar orasida O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va boshqa o’zbek tilshunoslari o’sha 1926 va 1934-yillar o’rtasida ishlatilgan lotin alifbosiga yaqin bir yaxshi alifbo loyihasini taqdim qilgan bo’lsa-da, afsus, ularning fikri inobatga olinmasdan, ch, sh kabi ba’zi harflar ingliz alifbosiga oxshash judayam xatoli va g’alati bir alifbo ma’qullanib, bugungacha ishlatila keldi! Bu noto’g’ri alifboga umuman jamoatchilik va ziyolilar qorshi fikr yurgizib turishdi va umuman kishilar uning o’rniga kirill alifbosini ishlatib turishni ma’qul topdi. Yangi prezidentimiz Shavkat Mirziyoev esa, judayam to’g’i o’ylab, shu xatoli o’zbek lotin alifbosini isloh etilishi kerakligini ta’kidlab o’tdilar va bu borada alohida bir alifbo komissiyasi tuzildi.
Endi shu alifbo komissiyasi taklif qilgan islohlaridan quyidagilarni qo’llab-quvvatlayman va komissiyani tabriklayman: hozirgi lotin alifbosida bir tovushni ikkita harf bilan ifodalashga chek qo’yilgan va u bitta harf bilan ko’rsatilgan: ch o’rniga ç, sh o’rniga ş. Bular judayam yaxshi va to’gri tuzatishlardir.
Lekin shu komissiyaning boshqa tuzatishlari to’g’ri emasligini bildirib, ularning qanday tuzatilishi zarurligini izohlayman. Bular faqatgina mening o’z shaxsiy fikrlarim emas, men so’nggi 26 yil davomida ko’p sonli o’zbek tilshunos, adabiyotshunos, yozuvchi, shoir, turli fanlar olimi, akademik, jamoat arbobi, xalq orasida oqsoqollardan yosh talabalargacha turli kishilar bilan uchrashib, bu haqda fikrlashganlarim yonida, boshqa yoqdan O’zbekiston matbuotida, YouTube va boshqa virtual matbuotda o’qigan to’g’ri firklarga asoslanib quyidagilarni bildiraman.
İsloh qilingan harflardan g’ ‘o’rniga usti chiziq ḡ harfi to’g’ri emas, buning o’rniga usti qavsli ğ harfini ishlatish kerak (Turkmanistan, Ozarbayjon, Turkiya alifbolarida bo’lgani kabi).
Buyuk o’zbek tilshunosi Fitrat 1923-1930-yillarda maktablarda o’qitilgan “Sarf” nomli o’zbek tilining birinchi grammatikasida shunday yozgan edi:
“O’zbek tili ham umumiy turk tilining bir tarmog’idir. Umumiy turk tilida bo’lgan 9 ta unli o’zbek tilida ham mavjuddur”.
Fitrat bu 9 ta unli tovushni shunday ko’rsatgan edi: Aa, Ää, Ee, Ii, Iı, Oo, Öö Uu, Üü (9 ta harf). Ya’ni yo’g’on o (o’) yonida ingichka “ö”, yo’gon “u” yonida ingichka “ü”, yo’gon “ı” yonida ingichka “i” tovushlari uchun harflar kerak, deb.
Fitrat ayricha o’zbek tilida kuchli “singarmonizm”(tovushlarning bir-birilariga uyg’unligi) borlig’ini ham alohida ta’kidlab o’tgan edi u asarining “Fonetika” bobida. Shu misollarni bergan: Ingichka “kelmäk” va yo’g’on “barmaq”. Shu sababdan “kelmoq” deb yozish xatoli, “kelmäk” yozish kerak.
Yana isloh etilgan alifboda yo’gon “a” unli tovushini “o” harfi bilan, dumaloq “o” unli tovushini “ō” harfi bilan yozish juda noto’g’ri, “a” yo’gon tovushi faqat “a” harfi bilan, ingichka “ä” tovushi da “ä” harfi bilan yozılıshı kerak: kelämän, baramän, ädäbiyat singari. İngichka “ä” tovushining “a” bilan yozilishi noto’g’ri.
Imloda “qız”ni “qiz” deb, “ıssıq” (issiq) ni “issiq” deb yozish o’zbek tili talaffuziga to’g’ri emas! Buni na o’zbeklar to’g’ri o’qiyoladi, na boshqa turkiy xalqlar va o’zbek tilini o’rganayotgan chet elliklar! Ularnı “qız” va “ıssıq” deb yozish kerak! Q harfidan keyin yo’g’on tovush bolib o, u, ı harflari keladi, ularni ingichka ö, ü, i bilan yozish xatolidir. Yana o’zbek sozini özbek, uzum so’zini üzüm deya yozısh kerak. Agar o’zbek lotin alifbosiga a – ä, o – ö, u – ü , ı – i kabi törttasi yo’gon va törttasi ingichka 8 ta unli harf qo’shilmasa, o’zbek tilidagi “singarmonizm” (tovush uyg’unligi) butunlay buziladi: bolmaq bilan bölmäk, uzun va üzüm so’zlaridagi u va ü tovushları to’g’ri talaffuz qilinmaydi!
“J” undoshining “j” bilan yozilishi noto’g’ri, uni “c” harfi bilan yozish kerak, “j” chet tillardan kelgan rus tilidagisi kabi yot bir tovushdir, uni j harfi bilan ko’rsatib, o’zbek va boshqa turkiy tillardagi “j” tovushini esa “c” bilan yozish kerak.
Iltimos, 30-yillarda otib o’ldirilgan yuzlab o’zbek tilshunoslari, yozuvchilari, shoirlari, siyosatchilari va ziyolilarining 1926-1934-yillarda bizga meros qilib qoldirgan go’zal lotin alifbosini namuna olib, ularning xotiralariga hurmat bilan yondoshaylik!
Quydagi 33 harfli o’zbek lotin alifbosi ma’qullansa, bu alifbo bugungi kunda Turkmaniston, Ozarbayjon va Turkiyada ishlatilayotgan lotin alifbolariga ham yaqin bo’ladi, hamma turkiy xalqlar bir-birilarining asarlarini va matbuotini o’qiy oladilar.
Unli harflar: Aa, Ää, Ee, Ii, Ii, Oo, Öö Uu, Üü (9 ta harf)
Undoshlar: Bb, Cc, Çç, Dd, Ff, G g, Ğğ, Hh, Xx, Jj, Kk, Qq, Ll, Mm, Nn, Ŋŋ, Pp, Rr, Ss, Shh, Tt, Vv, Yy, Zz ( 24 harf). [24 + 9 = 33 ta harf]
Temur Xo’jaog’lu
———————————————————–
Prof. Temur Xo’jaog’lu 1920-1922-yillarda Buxoro Respublikasi prezidenti bo’lgan Usmon Xo’janing o’g’li bo’lib, hozirda AQShning Michigan shtati universitetida professor. Jadidchilik davri mutaxassisi, tilshunos va tarixchi.