Shavkat Mirziyoyev hokimiyati islohotchi prezident maqomini oqlash sinovi oldida turibdi. Mamlakatda qudratdagi hokimiyatga nisbatan muxoliflik da’vosidagi yangi siyosiy kuch paydo bo’lmoqda.
Men professor Xidirnazar Olloqulov yetakchiligidagi “Haqiqat va taraqqiyot” sotsial demokratik partiyasini tuzishga oid harakatlarni nazarda tutayapman. Yangi siyosiy guruh yuzaga chiqayotganida buyurtmadan xoli, mustaqil ko’rinadi.
Gap nafaqat uning yetakchisi professor Olloqulovning adolatni tiklashga bo’lgan irodasi, bosgan uzoq yo’li, balki bu harakat tashabbuschilari ichida jamoatchilikka tanilgan, bungacha Karimov davrida ham o’z fikri, mulohazalarini ochiq bildirib kelgan ziyolilar borligi, ko’pchilik ekanligi haqida.
Bu haqiqatda umid uyg’otuvchi, shuningdek, islohotlar haqida bong urib kelayotgan amaldagi hukumat, shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyevning fe’lan demokrat yoki avtoritar ekanligini namoyish etuvchi sinov jarayoni bo’ladi deyish mumkin.
Biror siyosiy partiya, harakat tashkil etilishining o’zi odatda jiddiy yangilik emas. Aksariyat davlatlarda partiyalar ta’sisi oddiy rasmiyatchilik – buning uchun qonun ishlashi va jamiyatdagi erkinlikning o’zi kifoya.
Ammo O’zbekiston 30 yildirki shu oddiy bosqichdan ham o’ta olgani yo’q. Hokimiyatga muxolif bo’lish vatanga dushmanlikka, xoinlikka qiyoslangan, turg’unlik davomida jamiyatga singdirib kelingan bu ruhiyat hamon ustun.
Afsuski, o’zbek jamiyatida haqiqatni aytish bugun ham jasorat sanaladi, oddiy so’z erkinligi timsoli emas.
Jamiyat ongini kishanlab kelayotgan bu qo’rquv pardasi ko’tarilmas ekan, ozodlik, erkinlik haqidagi gaplar shunchaki safsata ko’rinishida qolaveradi. Siyosiy maydonda haqiqiy muxolif kuch yuzaga chiqishi esa boshqa bir muqobil guruhning hokimiyatga intilish bilan emas, balki jamiyatdagi shu qo’rquv pardasining uloqtirishi bilan muhim.
Shu ma’noda siyosiy maydon ochilishi, yangi muxolif, mustaqil kuchlarning faoliyat boshlashidan nafaqat shu partiyalarning o’zi, balki ruhiyatidan qo’rquv quvilgan fuqarolarga egalik qiluvchi davlat, ochiq demokratik jamiyat qurishga da’vogar hokimiyat, eng asosiysi, tanlash va saylash huquqini qo’lga kirituvchi mamlakat xalqi manfaatdordir.
Ammo “Haqiqat va taraqqiyot” tashabbuschilari yoyinlayotgan so’nggi xabarlar hokimiyat, xususan, bu partiyani ro’yxatdan o’tkazishga mas’ul Adliya vazirligi yangi harakatga bir qadar cho’chish bilan qarayotganidan darak bermoqda.
Partiyaning yetakchisi Xidirnazar Olloqulovning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishidan tushunilishicha, partiyani ro’yxatdan o’tkazish uchun zarur imzo to’plashda xorijdagi, xususan, Rossiyada ishlayotgan vatandoshlar ham ishtirok etish niyatini bildirishgan. Ammo Adliya vazirligi bunga qarshi, imzolarni bevosita O’zbekistonda yashayotgan aholidan to’plash talabini qo’ygan.
Buning ortidan Olloqulovning nega xorijdagi vatandoshlarni prezidentlik saylovida bergan ovozlari hisobga olinishi, shu vatandoshlarni siyosiy partiya tuzilishi uchun bergan imzolari hisobga olinmayotganiga doir e’tirozi ancha o’rinli ko’rinadi.
Albatta, mamlakatda yangi siyosiy partiya tuzish harakati ketayotgani islohotlar shiori bilan O’zbekiston boshqaruviga kelgan Shavkat Mirziyoyev e’tiboridan chetda qolmasligi aniq. Har holda Adliya vazirligi, tegishli idoralar bu jarayonda prezident ixtiyorini chetlab, faqat qonun talablariga muvofiq ish ko’rishlari, siyosiy partiyani ro’yxatdan o’tkazishlarini tasavvur qilish qiyin.
Bu jarayondagi yana diqqatli tomoni – so’nggi yillardan uyg’oqlik namoyon etayotgan mahalliy matbuotning bu borada masofa ushlab kelayotgani. Yangi partiya tashabbuschilari qatorida bo’lgan “Adabiyot” gazetasi istisno qilinganda, mahalliy nashrlar hokimiyatga da’vogarlik ilinjidagi faollarni payqayotgani yo’q.
Vaholanki, matbuotning hozirgi nisbiylikdan haqiqiy erkinlikka erishishi ham aynan siyosiy maydonda yakkahokimlar emas, raqobatdagi kuchlar paydo bo’lishi bilan bog’liq.