Toshkent o’zbek ayollarining fohishalik ko’lami davlatlararo munosabatlarga soya tashlayotganidan xavotirda.
Dubayda fohishalik qilayotgan o’zbekistonlik ayollarning 90 foizdan oshig’i bunga rozi bo’lib kelmoqda, deyiladi O’zbekistonning BAAdagi elchixonasi tomonidan matbuotga taqdim etilgan ma’lumotda.
Agar Toshkent-Dubay yo’nalishi bo’yicha haftasiga besh marta, Samarqand- Dubay yo’nalishi bo’yicha haftasiga ikki marta aviaqatnov mavjudligi inobatga olinsa, elchixona vakili ta’kidlayotganidek, o’zbek ayollarining fohishalikka tortilish ko’lami jiddiy kengayganini taxmin qilish mumkin.
Ammo ayanchlisi shundaki, bu yo’lni tanlayotgan ayollarning aksariyati azaldan fohishalik bilan shug’ullanib kelganlar emas, balki mamlakatdagi so’nggi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat sabab shunga majbur bo’layotgan o’zbek ayollaridir.
BAAdagi elchixona vakilining “Effekt.uz” nashriga bildirishicha, Dubayda fohishalik bilan mashg’ul ayollarning 70 foizga yaqinini aynan moddiy qiynalgan, turmushidan ajragan yoki yaqinlari, ota-onalari, aka-ukalari Rossiyaga ketib qolgan ayollar tashkil etmoqda. Pul ishlash ilinjida kelgan bu ayollarning moddiy ahvoli ham og’irlashgan, asli o’zbekistonlik bo’lgan qo‘shmachilar qo’lida ekspluatatsiya qilinmoqda.
“Amerika ovozi”da Dubayga borayotgan o’zbek ayollari haqida diplomatning matbuotga bildirgan iddaolari tasdig’i mavjud emas. Ammo uning so’zlariga tayanilsa, ayollarning 98 foizi fohishalikka rozi, ular safi tobora ko’paymoqda. Bu O’zbekiston va BAA o’rtasida rivojlanayotgan ikki tomonlama rasmiy aloqalar nufuziga ham soya solmoqda.
Elchixona matbuot orqali BAAga kelayotgan ayollarni, ularning O’zbekistondagi qarindoshlarini ogohlikka chaqiradi. Tashqi ishlar vazirligi vakilining bu bayonoti o’zbek ayollarining tirikchilik umidida fohishalik qilishga majbur bo‘layotganigina emas, shuningdek, bu vaziyat davlatlararo rasmiy munosabatlar nufuziga ham soya tashlay boshlagani bilan bog’liqdek ko’rinadi.
O’zbek jamiyatida qadriyatlarning yemirilib borayotganida ayollarni emas, erkaklar yetakchiligidagi amaldagi hukumatni ayblash to’g’ri bo’ladi. Dubaydagi ayollarning 70 foizini muhtojlik va qiyinchilikka tushib qolganlar tashkil etayotgani ham shundan darak.
O’zbekistondagi mavjud ishsizlik va qashshoqlik muammosi Shavkat Mirziyoyev boshqaruvi mobaynida ham yechilmadi. Aksincha, iqtidordagi hukumat tashqi mehnat migratsiyasini rag’batlantirishga qaratilgan qator choralar ishlab chiqmoqda.
Dunyoning qator davlatlari bilan mehnat kuchini eksport qilish maqsadida bitimlar imzolanyapti. Aholi soni o’sib borayotgan mamlakatning yuz minglab fuqarolari uchun xorijdan ish topish tirikchilik, oila boqishning asosiy vositasiga aylangan.
Dastlab asosan erkaklardan iborat bo’lgan mehnat muhojirligi oqimi so’nggi yillarda ayollar hisobiga ham keskin oshgan.
Tanqidchilar hukumat ishsizlik muammosini tashqi mehnat migratsiyasi hisobiga yechishga urinayotgani, bu oqimga ayollarning ham tobora kengroq tortilayotgani jamiyatni inqirozga yetaklovchi omil bo’lishidan ogohlantirib keladi.
“Amerika ovozi” uchun Malik Mansur
O’zbekiston allaqachon Shimoliy Koreya, Kuba, Venezuella kabi sukunatga jo’mgan, iqtisodiy inqirozga kirib ketgan, xalq ahvoli bilan umuman qiziqmagan davlatlar qatorida o’rin oldi. Qo’shni davlatlardagi ahvol ham qiniqarli emas. Yakka boshqaruv, cheklanmagan, kuchlar muvozanatini ushlab turuvchi hokimyatlarning bo’linish tamoyillari amal qilmas siyosiy tizimdan voz kechish kerak. Mana, Venesulada inflatsiya 1,5000000 % yuqori, ishsizlik 90 % baland, lekin hokimyat Nikolas Maduroning qo’lida. Hech qanday siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar yo’q. Hamkori Kubada ham yaqinda pul islohotini o’tkazmoqchi. Iqtisodi barbod bo’lgan. O’zbekiston xalq boshqaruvidagi parlament respublikasiga o’tadigan payt yetib keldi. Chunki siyosiy islohotlarsiz, siyosiy ambitsiya va prinsplarsiz mamlakatda tartib o’rnatib bo’lmaydi. Tartib-intizomsiz mamlakatda qonunlar ishlamaydi, manfaatlar to’qnashuvi yuz beradi, huquqbuzarliklar odatiy holga aylanadi. Umumiy aytganda, Mamlakat parokandalikka yuz tutadi. Xalqni olamonga aylantirayotgan, yashab qolish uchun qabig’liklardan tap tortmaydigan jamiyatga aylantirayotgan davlat javob berishi kerak. Prezidentlik institutidan butunlay voz kechish lozim. O’zbekiston yer yuzidagi shunchaki sun’iy davlat emas. Yadro halqasining markazidagi, dunyodagi yagona bufer zona bilan o’ralgan mamlakat. Makkonderning “Heartland” nazariyasiga mos tushadigan davlat. Tarixan fors, xitoy, hind va ruslarning siyosiy-ijtimoiy hayotiga kuchli ta’sir ko’rsatgan turkiy xalqmiz. Mana shunday turkiy xalqning ayollari xorijda xor-zor bo’lib, fohishalik qilishga majbur bo’lishi – bu haqiqiy jamiyatning tanuzzulidir.