42 kundan buyon karantinda saqlanayotgan jurnalist Baxtiyor Karim ochlik e’lon qildi. Jurnalist o’zining karantinda ushlanayotganini siyosiy sabablar bilan bog’liq ko’rmoqda. Ochlik aksiyasi orqali u o’z noroziligini ifodalamoqchi.
“Adabiyot” gazetasi bosh muharriri Baxtiyor Karim karantinga joylashtirilishidan ikki kun avval “Amerika Ovozi”ga intervyu bergan edi.
Bu suhbatda Baxtiyor Karim adabiyotchilar, ijodkorlar gazetasi bo’lgan “Adabiyot” nima sababdan yana ijtimoiy-siyosiy minbarga aylangani, nega o’zi ham shaxs, ham fuqaro sifatida siyosiy jarayonlarga qo’shilish qaroriga kelgani haqida gapirdi.
Intervyu chop etilishidan ikki kun o’tib Baxtiyor Karim (oila a’zolari bilan birga, oilada besh oylik chaqaloq borligiga qaramasdan) karantinga olindi. Bunga Baxtiyor Karim o’g’lining ishxonasida koronavirus qayd etilgani sabab qilib ko’rsatildi.
Baxtiyor Karim 14 kunlik dastlabki karantin muddatini yakunlashi arafasida boshqa hududga, u yerda ham 14 kun turishi ortidan yana boshqasiga, uchinchi muddatni yakunlar ekan yana boshqa bir karantin hududiga o’tkazildi.
Jurnalist so’nggi karantin muddatini yakunlab uyga qaytish arafasida turganida unda koronavirusning zaif alomatlari qayd etilgani ma’lum qilindi.
So’nggi vaziyat haqida gapirgan Baxtiyor Karimga ko’ra, u navbatdagi analiz natijasini kutmoqda, avval bir kun muddatda berilgan natija hozir kasallar ko’paygani bois 3-4 kunga cho’zilyapti, yaqin vaqtda test natijasini bilib, uyga qaytishga umid qilib turibdi, o’zida kasallik alomatlarini sezayotgani yo’q.
Ochlik aksiyasi e’lon qilishiga sabab karantinda ushlab turilishi kasbiy, siyosiy faoliyati bilan bog’liq ekanligiga ishonishida. U karantinda ekan, yangi siyosiy partiya tarafdorlari huquq-tartibot idoralari tomonidan ogohlantirilmoqda, ijtimoiy tarmoqlarda ochilgan guruhlar o’chirilmoqda, yopish talab qilinmoqda.
Ayrimlar huquq-tartibot idoralarining bu noqonuniy talabiga bo’ysungan, boshqalar so’z erkinligiga doir o’z huquqini himoya qilishga jur’at topgan va bu haqda ochiq gapirmoqda.
Baxtiyor Karim karantinda ekan, o’z faoliyatiga doir boshqa bir xavotirlarni ham izhor qiladi; bu ijtimoiy-siyosiy minbarga aylanayotgan “Adbiyot” gazetasi nashri bilan bog’liq.
Bosh muharrir 40 kundirki karantinda ekan, gazetaning navbatdagi sonini tayyorlash, chop etish, bosmaxonalar bilan muzokara qilish mavhum turibdi.
Uyg’onayotgan o’zbek matbuoti soyasida ham rasmiy idoralardan hozirgacha uch marotaba ogohlantirish olgan gazeta faoliyati uchun bu ancha qimmatga tushishi mumkin. Qonunchilikka ko’ra, 6 oy davomida faoliyatda bo’lmagan davriy nashr yopilishi mumkin.
O’zbek matbuotida taqiqlangan Islom Karimov davridagi diktatura, turg’unlik asoratlari, quvg’indagi o’zbek muxolifati va dissidentlari mavzusini ko’tarishga jur’at qilgan “Adabiyot” gazetasi bungacha ham ham tegishli idoralarning muttasil kuzatuvida edi.
Baxtiyor Karim bilan bog’liq mojaro, ayniqsa, koronavirus tarqalishi jiddiy kengaygan, virus asoratlari keskin natijalar berishi ko’paygan bir vaziyatda jiddiy va xavotirli ko’rinadi.
Ayni paytda Toshkent Tibbiyot instituti shifoxonasiga qarashli karantin bo’limida virusning zaif alomatlaridan davolanayotgan jurnalistda koronavirusning og’ir alomatlari kuzatilmasligiga hech qanday kafolat yo’q.
Qolaversa, respublika komissiyasi koronavirusning alomatsiz shakli bilan kasallangan bemorlarning uy sharoitida davolanishiga ruxsat bergani, bosh prokuror koronavirusga topshirilgan test natijalari bir kun ichida aholiga ma’lum qilish majburiyatini eslatib turgani inobatga olinsa, koravirus alomatlarini o’zida sezmayotgan jurnalistning 40 kun davomida karantinda ushlab turilishi g’alati ko’rinadi.