Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasi hozirgi dunyo globallashuv jarayoni jadal ketayotgan zamonda aktual masala bo’lib qolmoqda.
Tojikistondagi So’g’d viloyat o’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi, dotsent Ilhom Yusupovning fikricha, Markaziy Osiyo respublikalarining birlashuvi mintaqada yirik va kuchli tashkilot tuzilishga asos bo’lishi mumkin.
“Lekin, – deydi u, – Qozog’istonning Rossiya yetakchiligidagi ittifoqqa qo’shilishi, O’zbekistonning chekkada qolayotgani-yu, Tojikiston va Qirg’iziston, Tojikiston va O’zbekiston o’rtasidagi munosabatlar, tojik-qirg’iz chegaralarida o’qtin-o’qtin takrorlanib kelayotgan qurolli to’qnashuvlar mintaqa birligiga raxna soladi. Rossiya region davlatlarining o’zaro birlashuvidan hech qachon manfaatdor bo’lmagan”.
Farg’ona vodiysida Qirg’iziston va O’zbekistonning olti, Tojikistonning bir viloyatiga qarashli yerlar bor. Mintaqada bu hudud aholi eng zich joylashgan yer bo’lib, juda ko’p ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yig’ilib qolgan. Boz ustiga, mustaqillikdan so’ng qo’shni davlatlar o’rtasida haligacha demilitarizatsiya va demarkatsiya qilinmagan talay yerlar mavjud.
Chegara hududlarida aniqlanmagan yer va suv taqsimoti sabab Qirg’izistonning Botkent va Tojikistonning So’g’d viloyati chegaralarida o’tgan yillar davomida bir necha marta mahalliy aholi va chegara qo’shinlari o’rtasida qonli to’qnashuvlar bo’lib o’tdi.
Keyingi ikki yilda Tojikiston shimolidagi Isfara va G’afurov nohiyalari va Qirg’izistonning Botkent va Isfara nohiyalari chegara hududlari notinch bo’lib qoldi.
Tojikiston shimolidagi Qirg’iziston bilan chegara hududlarida taqriban 500 mingdan ortiq mamlakat fuqarolari yashaydi, Qirg’iziston chegara nohiyalarida esa aholi soni bir necha marta oz. Chegara hududlaridagi notinchlik va kelishmovchiliklardan zada bo’lgan ayrim ziyolilar qirg’iz tomoni doim qurol ishlatib kelayotganiga ishora qilar ekan, kuchlar munosabatiga urg’u berib, ularga yetarlicha javob berish zarur deydi.
Huquqshunos Fayziniso Axmedova qirg’iz tomoni haddidan oshib ketmoqda, hatto Lakkon qishlog’ida bizning odamlarni kuch bilan ushlab ketishdi, Tojikiston tomoni tokaygacha jim qoladi, deb iddao qiladi.
Tojikiston va Qirg’iziston hukumati, qo’shni So’g’d va Botkent viloyatlari rahbarlari hamda chegara qo’shinlari qo’mondonlari har safar biror to’qnashuvdan so’ng, albatta, ushrashadilar va masalani diplomatik tarzda hal etish, qurol ishlatmaslik haqida kelishadilar-u, barcha qarorlar qog’ozda qolib ketaveradi, deydi chegara hududlarida yashovchi mahalliy aholi vakillari.
So’g’d viloyatining Jabbor Rasulov nohiyasi, Yangi hayot qishloq jamoatiga qarashli Qo’rg’oncha qishlog’ini markaz bilan bo’g’lovchi asosiy tekis yo’l Qirg’iziston orqali o’tadi. Chegaralardagi to’qnashuvlar sabab yo’llarning tez-tez berkitib qo’yilishi qishloq ahlini o’z hududlari orqali o’tuvchi yangi tog’ yo’lini ochishga undadi.
Qo’rg’oncha qishloq aholisi tog’ etaklari va katta soy orqali o’tadigan 18 kilometrli yangi yo’lni bunyod etishdi.
Qishloq mahalla qo’mitasi raisi Habibullo Hamidulloyev aytadiki, markazgacha bo’lgan 29 kilometrli yo’lning ancha qismi sel va yog’ingarchilik sabab har doim xavf ostida turadi, soy ustiga mustahkam ko’prik qurilishi rejalangan.
“Hozircha yuk va yo’lovchi mashinalar suv kamligi uchun soy orasidan bemalol o’tib kelmoqda, yangi ko’prik qurilishi uchun 1 million 300 ming somonlik loyiha ishlab chiqilgan-u, mablag’ yetishmasligi sabab qurilish amalga oshmayotir. Qo’rg’onchaning olti mingga yaqin, Qirg’izistondagi Mirzopochcho, Zamborish, Kolso qishloqlarining mingdan ortiq aholisi uchun bu ko’prik hayotan muhim ahamiyat kasb etadi, biz xalqaro tashkilotlar ko’magiga muhtojmiz, -deydi mahalla raisi.
Hayoti nav qishloq jamoati raisi Baxtiyor Karimberdiyev Qo’rg’oncha qishlog’ini ikki bo’lib o’tadigan katta soy ustiga qurilgan yangi evakuatsion ko’prik ham Germaniya hukumati va Xalqaro qizil yarim oy jamiyati ko’magida qurib bitkazilganini aytarkan, bundan qo’shni qirg’izlar ham foyda ko’rishini ta’kidlaydi.
“Qishloq ahli qurgan yangi yo’lni yomg’ir yuvib ketmasligi uchun qo’shimcha o’ttizga yaqin suv o’tkazish quvurlari o’rnatish lozim, bularning hammasiga mahalliy byudjetdan pul yetmaydi, xalqimiz shunday ham bu yerdagi chegara qo’shinlari harbiylarini vaqtida kerakli narsalar bilan ta’minlab turibdi, – deydi jamoat raisi.
Qo’rg’oncha qishlog’ida yashayotgan mingdan ortiq xo’jalik Qirg’izistonning Cho’yanchi, Jarqishloq, Zamborish kabi qishloqlari bilan savdo-sotiq qiladi, qirg’izlar ham tojik bozorlarida savdo qilishadi. Qirg’izistonliklar uchun ham Qo’rg’onchaliklar qurgan yo’ldan o’tish manfaatli, chunki o’rtada rasmiy chegara va bojxona postlari yoq.
“Chegarachilarimiz harbiy qismdan bizning qishloqgacha 4-5 kilometr qurol bilan piyoda yo’l bosib kelishadi, texnikalari yo’q. Bizga ularning qishloqda qurol bilan yurishlari yoqmaydi, qishlog’imiz nisbatan tinch qishloq, jangu-janjallardan chekkadamiz, lekin aniqlanmagan, bahsli yerlarimiz anchagina, ikki davlat xaritalari biri-biriga to’g’ri kelmaydi”, – deydi ziyoli Nizomiddin Qahhorov.
Qo’rg’oncha qishlog’ida piyodalar uchun mo’ljallangan Amerika kichik harbiy mashinasini haydab kelgan zobit aytadiki, bu texnika NATO programmasiga ko’ra Tojikiston chegara qo’shinlariga ko’rsatilgan texnik yordam namunasi.
“Bunday texnik yordam bizga ayni muddao bo’lmoqda, Amerikaning ko’magi bilan quroldoshlarimiz AQShda va Yevropa davlatlarida ham malaka oshirmoqda. O’tgan 10 yil orasida AQSh elchixonasining narkotiklar nazorati va xavfsilikni saqlash bo’limi Tojikistonda xavfsizlik va qonun ustivorligi loyihalariga, bilishimcha, 60 million dollarga yaqin mablag’ sarfladi, chegara nazorati uchun zamonaviy kuzatish uskunalari taqdim etdi, janubda chegara qo’shinlari harbiylari malaka oshirish markazini qurib berdi, mana yaqinda, ismi yodimda yo’q-ku, Amerika generali Tojikistonda bo’ldi, hamkorligimiz yanada rivojlanadi, bularning hammasi bizga qo’l keladi”, – deydi tojik harbiysi.
Kelayotgan 3-sentabr kuni Tojikiston va Qir’g’iziston chegara qo’shinlari vakillari, yer mutaxassislari ishtirokida navbatdagi umumiy uchrashuv aynan chegara hududi – Qo’rg’oncha va Mirzopochcho qishlog’ida o’tkazilishi rejalangan bo’lib, mahalliy aholi bu uchrashuvda yer hududlari uzil-kesil aniqlashtiriladi, deb umid qilishmoqda.
Chegara hududidagi Qo’rg’oncha qishlog’idan olingan suratlarni esa quyida e’tiboringizga havola etamiz.
Matn va suratlar muallifi Ravshan SHAMS