DSC05383

Joriy yil Xo’roz yili ekani bejiz emasga o’xshaydi. Ushbu jonivor Qirg’iziston parranda bozorlarini to’la egalladi.

“Ayniqsa, jo’jaxo’rozlarga talab katta, parvarishlab ulgurmayapmiz, – deydi Mahliyoxon ismli o’shlik fermer ayol. – Narx ham tushib ketdi – boqilgan xo’rozcha uchun zo’rg’a 350 so’m berishayapti”.

Bu 5 AQSh dollari ham emas.

Mahliyoxon ayaning hovlisida qadam qo’ygani joy yo’q – yal-yal tojlar tirik gulzorday sahnni qoplab turibdi.

Mahalliy qandolatchilar bolajonlar uchun milliy qand-qurs – xo’rozqand, pashmak ishlab chiqarishni yo’lga qo’ygan.

Keyingi yillarda Qirg’izistonda qadim xalq tomoshasi – xo’roz janglari qayta yoyila boshladi. Yaqin-yaqingacha O’shda bunday tomosha haftada bir marta o’tkazilgan bo’lsa, hozirda to’rt bor o’tayapti.

Jangavor asl zotlar xo’roz janglari keng rasm bo’lgan Xitoy, Koreya, Vyetnam, Tailand, hatto Indoneziyadan olib kelinar ekan. Ayrim ishqibozlar ularni mahalliy dakanglar bilan chatishtirib, o’rta vaznli uziqora nushalar yaratayotgani ma’lum. Zotdor jangchi xo’rozlarning narxi ming AQSh dollaridan oshadi.

65 yoshli Adhamjon Mingboyev bolaligidan xo’rozboz. Kunu-tun jonivorlar bilan ovora: birga yugurib, chiniqtiradi, parvarishlaydi, xastalansa davolaydi.

“Kimdir, ispanzabon elatlar kabi, buqalar bilan olishuvga qiziqadi, kimdir ot poygasi, it poygasiga, bedana jangiga. Kimdir boks shaydosi. O’sha musobaqalar ham, xo’roz janglariday, olishuv, demakki, zo’rlik, ozor bilan bog’liq. O’shalarda ham ancha-muncha pul tikilishi, yani totalizator, degan narsa borligi ma’lum. Yaxshimi-yomonmi – bu o’ziga xos odat bo’lib qolgan. Xo’rozbozlik jonzotlarga nisbatan hayrat, mehr-muhabbat kasb etadi, ishqibozlarni – kasbi, ijtimoiy ahvoli, millatidan qat’i nazar – yaqinlashtiradi, do’stlik rishtalari bilan bog’laydi”, – deydi u.

Xo’roz janglariga yuzlab odamlar tashrif buyursa-da, odatda, ko’pchilik o’z xobbisini oshkor etishni istamaydi. Nega, axir xo’roz urishtirish butun Sharqda keng tarqalgan-ku?

“Gap shundaki, dinimiz jonivorlarga zahmat yetkazishni qoralaydi. Qolaversa, musobaqada pul tikildimi, bundan qimor anqiydi. Xo’roz urishtirish azartli o’yinlar tarkibiga kiradi. Bu hammaga ham yoqavermaydi. Shuni aytishim mumkinki, xo’roz janglari – erkaklar o’yini, u asl yigitlik, erkaklik xislatlarini shakllantiradi”, – deydi Rasuljon ismli xo’rozboz.

O’shdagi musobaqalarga Qirg’izistonning turli hududlari, shuningdek, qo’shni Qozog’iston, Tojikiston, hatto olis Rossiyadan jangchi xo’roz ishqibozlari kelib turadi.

Quyida O’shda o’tkazilgan xo’roz janglari davomida olingan suratlarni e’tiboringizga havola qilamiz.

Matn va suratlar muallifi Muhiddin Zarif

DSC01220DSC01236DSC05335DSC05338DSC05342DSC05355DSC05360DSC05370DSC05383DSC05384DSC05393DSC05401DSC05402DSC05407DSC05408DSC05410DSC05414DSC05415