Sug’dning barcha shahar va nohiyalarida o’tkaziladigan tanlovda san’atkorlar orasidan vatan madhini kuylovchi, aks ettiruvchi iqtidorli ijodkorlar tanlab olinishi rejalashtirilgan. Hozirgacha bu tanlov Xo’jand shahridagina o’tkazilgan edi. Yaqinda viloyatning asosan o’zbeklar istiqomat qiluvchi Jabbor Rasulov noyasida ana shu ko’rik-tanlov bo’lib o’tdi.
Unda qizaloq o’zbek raqqosa qizlaridan tortib sakson yoshgacha bo’lgan xalq artistlari ishtirok etishdi.
Taniqli tojik shoiri Ozaraxsh va suxandon Parvina Hakimova olib borayotgan tanlovda respiblika xalq artisti, sakson yosni qoralagan xushovoz o’zbek xonandasi Karimjon Qosimov, Tojikistonda xizmat ko’rsatgan artistlar Jo’rabek Nabiev hamda O’rinbek Hamdamovlar uztozligida nohiyaning elga tanilib kelayotgan yosh san’atkorlari sahnaga chiqishdi.
Qo’shiqchilardan Donishmand Qutbiddinov, Marhabo Sattorova, Nozimjon Egamberdiev, Shuhrat Nabiev, Kamoliddin Hamdamov, Mashhura Sa’dieva, Jahongir Xolmatovlarning chiqishlari barcha tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Tojikistonda qo’shiq san’atining o’ziga xos yo’llari bor. Masalan, Badaxshon va Zarafshon tojik qo’shiqchilarining tovush berish san’ati o’zgachadir. Jumladan, Jabbor Rasulov nohiyasida yosh xonanda Alibek Shukurov sahnada qo’shiqni tog’li Mastchon tojiklari yo’nalishida, zarafshoncha kuyladi. Buni ba’zilar shevaga qiyos bersalarda, aslida ohang va tovushda sheva emas, ovozning o’zgachaligi bor, buni mutaxassislar ham e’tirof etishadi.
J. Rasulov nohiyasida vatan vasfi ulug’langan tadbirda cholg’u musiqa asboblarida kuy chalgan skripkachi Shavkat Nabiev, torda Ixlosbek Uzoqov, sintezatorda Ulug’bek Nabiev, doirada G’aratali Jobirov, Shuhrat Olimov va Ozodilla Sunnatulloevlar har sana’tkor yo’nalishiga mos ijrosi bilan tahsinga sazovor bo’lishdi. Ularning aksari Sug’ddagi “Nuri Niyogon” ansamblida ishtirok etishadi-ki, unda asosan xalq kuyi, folklor ijrosi ustunlik qiladi.
Tadbirda sahnaga chiqqan karnaychilaga etakchilik qiluvchi Abdullojon Jabborov keyingi yillarda nohiyadagi yoshlar orasidan iate’dodlilaarni tanlab, o’z sohasiga yetaklamoqda. Karnaychilik san’ati soha ushun nafaqat tovush ilg’ash va ajratish, balki, nafas yo’llaridagi o’ziga xoslikni talab etishi bilan ajralib turadi. Chunki, og’iz bo’shligida lunjga kuch berib, kuch bilan zarur darajadagi bosimni karnayga yetkazib berish hammaning ham qo’lidan kelmaydi.
J. Rasulov nohiyasida o’tkazilgan “Chakomai vatan” sana’tkorlar ko’rik-tanlovi juda yaxshi tashkil etilgn bo’lsada, nohiya aholisining qariyib 65-70 foizi, sana’tkorlarning esa aksari o’zbeklar ekanligi inobatga olinadigan bo’lsa, u ijodkorlarning sahnada ona tillaridan chetda qolayotgani kuzatuvchilarda savol tug’dirishi tabiiydir. Bu notabiiylik hozircha sana’tning millat tanlamasligi bilan berkilib ketadi.
Ravshan Shams
Xo’jand, Tojikiston