Tojikiston shimoli, So’g’d viloyati qadimdan tabiati go’zalligi, iqlimi turfaligi, sershashma suvga, qimmatbaho ma’danlarga boyligi bilan o’zga yurtlarni rom etib kelgan.
So’g’d viloyati markazidagi qadimiy Qo’shtegirmon qishlog’i qo’shni O’zbekistonning Toshkent viloyati Bekobod shahriga tutash bo’lib, hududida Farhod GESi to’g’oni joylashgan. Strategik jihatdan nihoyatda muhim bo’lgan to’g’onga egalik bahsi hali hanuz ikki qardosh respublika o’rtasida yechilmagan bir muammodir.
Sirdaryo sohilidagi bu qishloq qadimdan xonliklar o’rtasidagi jangu-jadallar yo’lida bo’lgani, Isakandar Makedonskiy davrida qurilgan mustahkam qo’rg’oni bilan mashhur bo’lgan. Hali hanuz bu ko’hna qala’ning qachon paydo bo’lgani haqida aniq ma’lumotlar yo’q.
Tarixiy manbalarda So’g’dda Iskandar Zulqarnayn-Makedonskiyga qarshi kutashgan mahalliy dovyurak sarkarda – Spitamen haqida afsonalar keltirilgan. Ba’zi tarixchilarning taxminicha, Qo’shtegirmon qishlog’idagi o’rda Makedonskiy zabt etgan eng shimoliy hudud bo’lishi mumkin. O’tgan asrning etmichinchi yillarida Qo’shtegirmondan 5-6 chaqirim janubi-g’arbda qadimgi Kurushkada qal’asi xarobalaridan Makedonskiy zarb etgan tilla tangalarnig topilishi bu taxminlarni tasdiqlaydi.
Etnograflarning yozishlaricha, bu qadimiy qishloq aholisi o’zbeklarning yuz va ming urug’iga mansub bo’lib, miloddan avvali ikkinchi, uchinchi asrlarda ham shu hududda istiqomat qilishgan. Hozirda bu qishloqda mingdan ortiq o’zbek xo’jaliklari istiqomat qilib, aholi soni besh mingdan ortadi.
Qo’shtegirmon haqida buyuk sarkarda, shoir va davlat arbobi, Amur Temur avlodlaridan bo’lgan shoh Zahiriddin Muhammad Bobur o’zining “Boburiya” (hozirda “Boburnoma” ataladi) asarida yozib o’tib, Andijondan Samarqandga yurishida bu yerdagi qadimiy O’rda qala’sida maskan topganini eslab o’tgan.
1500-yillarda Qo’shtegirmonda tunlagan shoh Boburning kema yasab Sirdaryodan o’tganligi va bu yerda
Muyassar bo’lmasa boshimni qo’ymoqlik oyog’iga
Boshimni olib ey Bobur oyoq etgancha ketgayman
degan misralarini bitganligini aytishadi.
Hozirda qadimiy qal’a xarobalaridan ayrim joylargina saqlanib qolgan bo’lib, o’tgan asr boshlarida akademik Verishagin uning chizmasini tarxlagan va shuning asosida mahalliy rassomlar o’rdaning xomaki tarixiy ko’rinishini polotnoga ko’chirganlar. Bu polotno hozir qishloqdagi o’ninchi o’rta maktabda saqlanmoqda.
Asriy tarixlarni bag’rida saqlayotgan ko’hna o’rda xarobalari sho’rolar davrida Farho’d GESi qurilishi sabab, qal’adan atigi bir –ikki kilometr naridan Sirdaryoning to’g’on bilan to’silishi tufayli ko’tarilgan suv ta’siriga tushgan va o’nlab yil mobaynida cho’kib borgan.
Qishloqdan kop’lab taniqli davlat arboblari, qahramonlar va sarkardalar etishib chiqqan. Shu erda tug’ilib o’sib voyaga etgan O’zbekiston sog’liqni saqlash sohasi a’lochisi Sirojiddin Zayniddinov o’z avlodlari shajarasi haqida kitob bitar ekan, Qo’shtegirmon haqida ko’plab tarixiy ma’lumotlarni keltirib o’tgan. Unda yozilishicha, qadimda qishloqda ko’z ochgan sersuv buloq suvlari ariqlari bo’ylarida qurilgan un tegirmonlarida bir emas, ikkitadan tegirmon toshi aylangan, mavze’da ettidan o’n bittagacha tegirmon ishlaganini yodga olishadi. Qishloqning nolanishi ham shundan kelib chiqqan.
Mahalliy ziyoli, o’rta maktabning ingliz tili o’qituvchisi Ibrohim Olimov pedagoglik faoliyati bilan birga xalq tabobati bilan ham shug’ullanadi. Unda ayrim insonlargagina berilgan iste’dod- ekstrseanslik qobiliyati ham bor.
Xalq tabobati bilan shug’ullanib tajriba orttirgan Olimov oxirgi o’n yilda bu sohaga oid bir necha kitoblar yozib, nashrdan chiqargan.
So’gd viloyat o’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markakzi raisi, dotsent Ilhom Yusupov o’qituvchi tabibning iste’dodini payqab, uning ijodi ommalashishiga imkon yaratdi, yangi kitoblari chopini tashkilot o’z zimmasiga oldi.
Yaqinda So’g’d viloyat o’zbeklari markazi qoshida yozuvchining navbatdagi “Fanodagi savdolar” kitobi chop etilib, Xujandda taqdimoti bo’lib o’tdi.
Kitobda yaqin tarix hodisalari, sobiq sho’rolar hukumatining qulash davrida mahalliy aholi boshidan kechirgan kunlar, bugungi hayot ko’rinishi haqqoniy badiiy tasvirini topgan. O’qituvchilik va xalq tabobati bilan mashg’ul iste’dod sohibining yangi kitobiga shuningdek uning hajviy hikoyalari ham kiritilgan.
Qo’yida Tojikiston shimolidagi qadimiy Qo’shtegirmon qishlog’i va yangi kitob taqdimotidan lavhalar bilan tanishasiz.
Ravshan Shams
Xo’jand, Tojikiston
Qo’shtegirmon haqida juda ham keng ma’lumotlar yaratilgan. Ijodingiz uchun katta raxmat Ravshan aka!