Markaziy Osiyo prezidentlari sammiti noyabr oxirida bo’lishi kutilmoqda, ammo uch bor qoldirilgan bu sammitning Toshkentda o’tishi hozircha O’zbekiston tomonidan tasdiqlangani yo’q.
Mintaqaviy sammit 27-noyabr kuni Toshkentda o’tishiga doir xabar Qozog’istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning Ostonadagi chiqishida tilga olindi.
Geosiyosiy jarayonlar tahlili bilan shug’ullanuvchi “Astana Club” konferensiyasida qilingan bu chiqishida Nazarboyev yig’in avval rejalanganidek 27-noyabrda Toshkentda o’tishiga umid bildiradi. Buni sammitning Toshkentda o’tishi hali tasdiqlanmaganidan darak deyish mumkin.
Hozircha dastlabkisi Qozog’istonda 2018-yilda o’tgan, O’zbekistonda rejalangan navbatdagi yig’ilishi uchinchi bor qoldirilayotgan Markaziy Osiyo prezidentlari sammiti 27-noyabr kuni Toshkentda o’tishiga doir biror rasmiy xabar mavjud emas.
Mintaqa prezidentlarining norasmiy sammitini tashkil etish tashabbusi O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tegishli.
Mirziyoyev hokimiyatga kelgan dastlabki yilini aynan mintaqaviy miqyosdagi munosabatlarni yaxshilashdan, qo’shni davlatlar bilan mavjud ziddiyatlarni yumshatish, munosabatlarni qayta ko’rib chiqishdan boshlagan edi.
Prezident mintaqaviy sammit tashabbusini ko’tarishi ortidan rasmiy Toshkent Markaziy Osiyoni tashqi siyosatdagi eng ustuvor maqsad sifatida e’lon qildi.
Nazarboyev Mirziyoyevning mintaqaviy tashabbusini qo’llab chiqqan dastlabki lider bo’ldi, u Markaziy Osiyo prezidentlarining ilk sammitini Ostonada o’tkazishni taklif qildi.
2018-yilning mart oyida Ostonada o’tgan sammit mintaqa liderlarining norasmiy uchrashuvi, maslahatlashuvi sifatida taqdim etildi. O’shanda biror jiddiy qaror bilan kuzatilmagan bu sammit mintaqa rahbarlari uchrashuvini yilda bir marta o’tkazib turish taklifi bilan yakunlangan edi.
Taklif muallifi, Prezident Shavkat Mirziyoyev prezidentlarning navbatdagi maslahatlashuvi Navro’z bayrami arafasida Toshkentda o’tishini aytdi. Ammo mintaqa sammitini Toshkentda o’tkazish Navro’z arfasidan aprel oyiga, apreldan esa noma’lum muddatga qoldirildi.
Nazarboyevning fikrlaridan ma’lum bo’lishicha, mintaqa davlatlari o’rtasida hali ziddiyatlar mavjud, chegarada odamlar halok bo’lyapti, 27-noyabrga belgilangan sammitda shu masalalar muhokama qilinishi kerak.
Diqqatlisi, O’zbekistondagi rasmiy nashrlar Nazarboyevning 27-noyabr kuni Toshkentda mintaqaviy sammit kutilayotgani haqidagi fikrlariga o’rin bermagan.
Kreml Nazarboyevning prezidentlar Putin va Zelenskiy o’rtasida uchrashuv o’tkazish haqidagi tashabbusini sovuqqonlik bilan qabul qilgani haqida xabar bergan O’zA, Nazarboyevning Toshkentda kutilayotgan uchrashuv haqidagi bayonoti yuzasidan biror munosabat bildirmagan.
Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilarini uzoq yillik tanaffusdan so’ng norasmiy sammitga yig’ilishi xalqaro siyosiy maydonda turli munosabatlarga sabab bo’ldi.
AQSh, Yevropa Ittifoqi, Turkiya mintaqa ziddiyatlarni yengib, o’zaro hamkorlikka borayotganini olqishlab chiqdi, Rossiya matbuotidagi munosabatlar esa nega bu sammitga Prezident Vladimir Putinning taklif qilinmagani haqidagi bayonotlar bilan kuzatildi.
Markaziy Osiyo yetakchilarining navbatdagi sammiti mintaqa, xususan Rossiya yetakchiligidagi tashkilotlardan bir qadar chetda bo’lgan O’zbekiston geosiyosiy siljishlar qarorida turgan bir paytda kuzatilmoqda.
O’zbekistonda bir oydirki mamlakatning Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishi muhokama qilinmoqda. Bu ittifoqqa mintaqadan Qozog’iston va Qirg’iziston qo’shilgan.
O’zbekistonning ham qo’shilishi ehtimoli sammitga yig’ilayotgan Markaziy Osiyo liderlari mintaqaviy doirada tashkilot tuzishiga doir farazlarni yanada zaiflashtiradi.
Bir paytlar mintaqada asos solingan Markaziy Osiyo iqtisodiy hamkorlik tashkiloti faoliyatining tugatilishi Nazarboyev tashabbusi ortidan yuzaga chiqqan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan bog’liq.
Markaziy Osiyo hamkorlik tashkilotiga Rossiya qo‘shilishi ortidan mintaqada bir xil formatdagi ikki tashkilot yuzaga kelgan, O’zbekiston aynan shu sabablar bois iqtisodiy ittifoqni tark etgan, Markaziy Osiyo iqtisodiy hamkorlik tashkiloti faoliyati tugatilgani e’lon qilingan edi.
Markaziy Osiyo asosiy ustuvorlikka ko’tarilgan rasmiy Toshkent siyosatida ham o’zgarishlar kechmoqda, Prezident Mirziyoyev boshlagan mintaqaviy tashabbuslar asosan ikki tomonlama munosabatlar chegarasidan chiqmadi.
Markaziy Osiyoda yangi davr boshlanayotgani, integratsiyaga turtki beruvchi mintaqaviy tashkilotga asos solinishi haqidagi qarashlar hozircha farazligicha qolmoqda.