Futbol bo’yicha O`zbekiston milliy tema jamoasi jahon chempionatiga saralash musobaqasi doirasida safardagi o’yinda Janubiy Koreyaga yutqazib qo’ydi. Agar o’yinlardagi bu muvaffaqiyatsizlik shu tariqa davom etsa va jahon chempionatiga chiqish imkoniyati boy berilsa, futbol rahbariyatida o’zgarishlar bo’lishi kutilyapti. Lekin, har safargidek kech, bu o’zgarishlar foydasiz bo`ladi. Albatta, depressiyaga tushgan ishqibozlarga bosh murabbiy Samvel Babayanning iste’fosi malham bo`lishi ehtimoldan soqit qilinmaganda.
Lekin hech kim depressiyaga tushishni istamaydi, har holda vaziyatni tiklash uchun hozircha imkoniyat bor.
Janubiy Koreyaga taslim bo`lishdan avval Toshkentda o`tgan o`rtoqlik uchrashuvida Iordaniya ustidan qozonilgan g`alabaning o`zi sharmandalik, ogohlantiruvchi qo`ng`iroq edi. Bu o`yinning tafsilotlariga to`xtashga hojat yo`q; irodasiz, taktikasiz va maqsadsiz o`yinga hamma guvoh bo`ldi.
Tarkib haqida, mayli, Babayan bilganini qilsin. Xohlasa, Rossiyaning uchinchi ligasidagi o`zbekistonliklarni ham olib kelishi mumkin, lekin muxlislar kutayotgan, mantiqli, sifatli, shiddatli o`yinni ko`rsatsin!
O`zbekistonda sport jurnalistlari, xususan, futbolni yoritadigan saytlar ancha ildamroq edi. Negadir asosiy nashrlarda Babayanning taktikasiga doir biror tahlil ham, tanqid ham kuzatilmadi. Babayan bosh murabbiylikka kelar ekan, jurnalistlar bilan alohida gurunglashdi. Albatta, o`rtada sulh tuzilganiga shubha yo`q. Jurnalistlar ehtimol bu sulhga hamon sobit qolishayotgandir. Agar shunday bo`lsa, terma jamoa o`yinining tobora zaiflashib borayotganida ularning ham hissasi bor.
Har holda tajribali futbolchilar o`zbek futboli rivojlanishni emas, inqirozni boshdan kechirayotganini ochiq aytishmoqda. Bu ochiqlikning o`zbek matbuotida emas, Rossiya matbuotida chiqayotgani diqqatli.
Men o`zbek futboli tarixidagi eng kuchli to`purarlardan biri bo’lgan Jafar Irismetovning Rossyadagi “Chempionat.com” nashriga bergan intervyusini nazarda tutayapman. Bu suhbatda o`zbek futoli haqida kam, ammo aniq, lo`nda gapirilgan, o`zbek futboli degradatsiyani boshdan kechirmoqda, deydi u.
Albatta, O’zbekiston Futbol federatsiyasi atrofidagi sharoitni tushunish mumkin, jurnalaistlarni o`zbek futboli taqdiriga befarq deyish qiyin. Futbolga yaqin do’stlarimdan birining menga aytishicha, tanish-bilishchilik klublardan o`tib, milliy termani ham allaqachon zabt etgan. Nafaqat bolalar, o`smirlar, yoshlar termasida, balki kattalarga doir milliy termada ham vaziyat shu. Bu borada Babayanning menejerlik qobiliyati shubha uyg`otmaydi.
Bir guruh jonkuyarlar o`zbek futboliga doir vaziyat haqida Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevning virtual qabulxonasiga murojaat qilishgan edi. Afsuski, bu murojaat bir necha yillardan buyon o`zbek futbolida islohotlar qilishga va`da berib kelayotgan O’FF prezidenti Mirabror Usmonov ixtiyoriga jo`natilganga o`xshaydi. Shunday ekan, yana hammasi avvalgidek qolishi ehtimoli yuqori. Jahon chempionatiga chiqish imkoniyati mutlaqo yo`qqa chiqqani oydinlashib bo`lgach, muxlislar alamiga hamdardlik sifatida federatsiyadagi bir-ikki amaldorlarning o`rni almashtirilishi mumkin.
P.S.: O`zbekiston milliy terma jamoasi Janubiy Koreyadan mag`lubiyatga uchrash uchun charter reysdan foydalangani, xabarlarga qaraganda, o`ziga to`q koreyslarni ham hayratda qoldirgan.
Malik Mansur