Qirg’izistonning O’sh shahrida o’tayotgan an’anaviy ko’rgazma-yarmarkada qishloq xo’jaligi uchun zarur texnika va materiallar ishlab chiqaruvchi o’ttizdan ziyod kompaniya qatnashmoqda. O’z navbatida ushbu firmalar O’zbekiston, Qozog’iston, Rossiya, AQSh, Turkiya, Gollandiya, Ispaniya kabi mamlakatlarning agrosanoati bilan tig’iz hamkorlikda faoliyat yuritayotgani va mazkur o’lkalarda mavjud tajriba bilan o’rtoqlashishi aytilmoqda.
“Maqsadimiz Farg’ona vodiysining fermer xo’jaliklari uchun tegishli aloqalar o’rnatish imkonini yaratish, zamonaviy ish qurollari va oliy sifatli urug’lar, ko’chatlar bilan ta’minlash”, – deydi Qirg’iziston agrobizneschilari assotsiatsiyasining rahbarlaridan biri Aziza Yo’ldosheva.
Yo’ldoshevaning aytishicha, mintaqa mehnatkashlarida yangi texnologiyalar va ilg’or tajribaga ixlos katta.
Tadbirda qatnashayotgan mahalliy dehqon xo’jaliklarining vakillari, ayniqsa, serhosil tez pishar navlar, ekinlarni zararkunandalardan himoya qilivchi zamonaviy vositalar, yetishtirilgan mahsulotni qayta ishlash usullariga qiziqish bildirmoqda.
O’z tarixini O’sh shahrida 2002-yil boshlagan xalqaro ko’rgazma bu yil o’n to’rtinchi bor o’tkazilmoqda. Mutaxassislarga ko’ra, o’tgan davr hududning qishloq xo’jaligi sohasi uchun keskin o’sish vaqti bo’ldi.
Hozirda Qirg’iziston fermer xo’jaliklari kartoshka, loviya, tog’ yong’og’i, go’st va sut, bog’dorchilik mahsulotlarini eksportga chiqarmoqda.
Matn va suratlar muallifi Muhiddin Zarif