Markaziy Osiyoning eng qashshoq davlati sifatida ko’riladigan Tojikiston respublikasi hukumati keyingi yillarda mamlakat sanoatini rivojlantirishga intilayotgan bo’lsa-da,  ishlab chiqarishning asosiy tarmog’i  qishloq xo’jaligi bo’lib qolmoqda.

Poliz va sabzavot ekinlari g’arq pishgan yoz oylari Tojikistonda mavsumiy ish qaynaydi, qayta ishlashga ixtisoslashgan turli-tuman kichik va qo’shma korxonalarda ishsiz xotin-qizlarga pul topish imkoniyati paydo bo’ladi.

Resbublika hukumati iyul oyining so’nggi kunlarida  Tojikiston shimolida “So’g’d – 2015” regional savdo yarmarkasini o’tkazib, unga chet el sarmoyadorlarini ham taklif etdi. Maqsad – qishloq xo’jaligida ishlab chiqarish, investitsiyani rivojlantirish, yangi ish o’rinlarini yaratish.

Tadbirni keng yoritish va chetda Tojikiston imkoniyatlarini targ’ib etish maqsadida Rossiya, Belorussiya, Afg’oniston, Qirg’iziston,  O’zbekiston, Eron singari davlatlardan o’ttizdan ortiq jurnalist taklif etildi.

“So’g’d-2015” savdo yarmarkasining tantanali ochilish marosimi respublika shimolidagi mashhur Arbob qasrida o’tkazilib, mehmonlar oliy darajada kutib olindi, imkoniyatlar va istiqbollar haiqida so’z yuritilib, yetishtirilgan mahsulotlar ko’rgasmasi namoyish etildi.

Tadbirga taklif etilgan muxbirlar, asosan, So’g’d viloyatining Isfara nohiyasi korxonalari va dalalarida bo’lib, bu yerda yetishtirilayotgan ekologik toza poliz mahsulotlarini parvarishlash, qayta ishlash va eksport qilish imkoniyatlari bilan tanishtirildi.

“Hukumatimiz mehmonlarga bejiz Isfarani tanlab ko’rsatishmayapti”, – deydi shahar hukumati matbuot xizmati rahbari Iqbol Teshayev.

“Gap shundaki, bu respublika shimolining eng quyoshli yeri bo’lib, dehqonlari Farg’ona vodiysining  tajribali sarkorlari hisoblanadi, sho’rolar davridan beri bu yerda poliz mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari saqlanib qolgan. U davrlarda Isfarada yetishtirilgan mahsulotlar sharqiy Yevropa,  Mongoliya va Lotin Amerikasigacha eksport qilingan. Tojikistondagi eng lazzatli poliz mahsulotlari shu mintaqada bitadi, mavsumiy ish shu darajada qizg’inki, ba’zida hosilning bir qismini qayta ishlashga ulgura olmay qolamiz, imkoniyatlarimiz cheklanib qolgan, investitsiya kiritilsa, qayta ishlash korxonalari ko’paytirilsa ham ish joylari yaratilardi, ham bu yerdagi nomatlub ko’rinishlarga chek qo’yilardi”, – deydi  hukumat rasmiysi.

Tojikistonning O’zbekiston va Qirg’iziston bilan chegaradosh Isfara nohiyasi respublikadagi eng muammoli nuqta hisoblanadi.  Qirg’iziston bilan suv va yer mojarolari sabab chegara hududlarida o’qtin-o’qtin otishmalar ham bo’lib turadi, orada insoniy talofotlar ham bor. Ikki davlat rasmiylari chegara mojarolarida quroldan foydalanmaslik haqida bir necha marta kelishishgan bo’lsalar-da, ahvol ziddiyatliligicha qolmoqda.

Sho’rolar davrida ham Isfara  ashaddiy dindorlar o’chog’i sanalib kelgan, viloyatda tanilgan mullalar shu yerda ustoz ko’rishgan. Tojikistonda masjidlari  maktabidan ziyod bo’lgan qishloqlar ham shu rayonda, Suriya jangarilariga qo’shilgan eng ko’p qishloq yoshlari ham shu yerdan ekani aytiladi.

“Viloyat hukumati mintaqa jurnalistlari va mehmonlarni Isfaraga jalb etib, bir o’q bilan ikki quyonni urishmoqchi, ham sarmoya jalb etish, ham mojaroli hudud tinchligiga urg’u berish, – deydi Qirg’iziston bilan chegarada yashovchi ziyoli Toshtemir Ernazarov.

Uning fikricha, qirg’izlar bilan yer masalasi haligacha uzil-kesil hal etilmagan, o’tkazilayotgan cheksiz uchrashvlar-u kelishuvlardan aniq natija ko’rilmaydi, suvni esa qo’shnilar istagan paytda to’sib, bermay qo’yishlari mumkin, bu esa shusiz ham qaqrayotgan ekin maydonlariga katta zarar yetkazadi.

Isfara qishloqlaridagi  poliz ekin maydonlari va yetishtirilgan hosilni zamonaviy darajada qayta ishlashni o’z ko’zlari bilan ko’rgan mahalliy va chet el muxbirlari istiqbolli imkoniyatlar juda zo’r ekanligini ta’kidlar ekan, nafaqat Tojikiston, balki qo’shni Qirg’iziston va O’zbekiston bilan ham hamkorliksiz ish bitmasligini urg’ulashdi.

“So’g’d davlat teleradiokampaniyasida 15 yildan ortiq ishlayman, regionni yaxshi bilaman, avvalo, birodarlarimiz bilan kelishib ishlamasak bo’lmaydi, yo’l ochilmay tursa, eng tig’iz sug’orish pallasida suv kelmay qolsa, chegaradan o’tolmasang, molingni o’tkazolmasang… rosti gap, bu ko’rgazmalar yaxshi, ziyofatlar a’lo, lekin biz muammolarni yoritaverib charchadik, xalq ham bizga ishonmay qolyapti,” – deydi mahalliy telemuxbir.

Uning fikricha, bu yerda ortiqcha hashamlar yaratish shart  emas, hukumatlar risoladagidek kelishib olishsa yetarli, dehqon qachon va nima yetishtirishni o’zi biladi, mahsulot eksportini tashkil etuvchi ishbilarmon ucharlar ham topiladi, faqat ularga yo’l ochish kerak, xolos.

“Isfara-Barakat” mas’uliyati cheklangan jamiyatning mavsumiy ishchisi bo’lgan Oysha aytadiki, yoz fasli farovonligi bilan bu yerda xotin-qizlarning qo’li qo’liga tegmaydi, ish ko’p, mahsulot bisyor.

“Ba’zida  zavodga keltirilgan poliz mahsulotlari hatto aynib qoladi, qayta ishlashga ulgurolmay qolamiz, yangi korxonalar qurilishi uchun pulni aslida shu yerdan, o’z tadbirkorlarimizdan topish mumkin, erkaklarimiz bu yerda pullarini tikishga cho’chishadi, ba’zilarning Rossiyada o’z zavodlari bor, biz esa bu yerda qashshoqmiz, ish bo’lsa mavsumiy, maosh ham juda yaxshi bo’lganda 100 dollar atrofida xolos, nima ham qilardik, shunisiga ham shukr, – deydi Oysha.

Rossiyaning Novosibirsk teleradiokompaniyasining yosh muxbiri Isfaradagi poliz mahsulotlariga havas bilan qarar ekan, nima uchun yaqingina qo’shnilarida yetishtirilgan bu qadar ekologik toza mahsulot turgani holda Rossiya okean ortidan mol olishiga tushunmasligini aytadi.

“Novosibirskda, umuman, Uralda sizlardan borgan juda ko’p tadbirkorlar bor, orasida allaqachon millionerlar yetishib chiqqan, Rossiya fuqaroligini qabul qilishgan, shunday ajoyib yurtlaring, jannatdek o’lkalaring bor ekan, hech qanday muammoni his etmadim, nima uchun yurtingizda ishlamaysizlar?” – deb ajablanadi rus muxbiri.

Tadbir tashkiliy ishlarida qatnashgan rasmiylardan birining e’tirof etishicha, Rossiyanng birgina Markaziy va Ural regionida million dollardan ortiq sarmoya bilan ish yuritayotgan yuzga yaqin tojikistonlik bor, ular bilan rasmiy uchrashuvlar ham o’tkazilgan, takliflar kiritilgan, yechimni vaqt ko’rsatadi.

Sobiq sho’rolar davrida Isfara sanoati ham rivojlangan, bu yerda qimmatbaho qurilish mahsulotlari ishlab chiqarilgan, neft-gaz chohlari qazilgan, ba’zilari hozir ham ishlab turibdi, yiliga 200 ming tonnadan ortiq xom neft qazib chiqariladi, respublika hukumati Isfarada yirik neftni qayta ishlash zavodi qurishni loyihalashtirgan. Lekin bularning hammasi qog’ozda qolib ketmoqda, qishloq xo’jaligini rivojlantirishgina utuvor ko’riladi.

Quyida Isfaradan olingan suratlarni taqdim etamiz.

Matn va suratlar muallifi Ravshan SHAMS

22. Tojikitonning Isfara va Qirg'izistonning Botkand nohiyasining mana shu zaminlari orada tort-tort bo'lmoqda21. Yozning jazirama issig'ida shiyponda muxbirlar horidq chiqarishmoqda20. Qirg'iz, rus va tojik telemuxbirlari ish ustida19. Quritilgan ekologik toza poliz mahsulotlari18. Mahalliy qassobxonalarda qazi - qarta yonida quritilgan poliz mahsulotlari ham joy olgan17. Mahalliy bobodehqon sarkorlar ona zamin bag'rida etilgan poliz mahsulotlariga zeb berishgan16. -Sarkorbobo, keliningizga o'zingiz asaldegini tanlab berasiz!15. Tojik zaminida etishtirilayotgan tarvuz Mirzacho'lnikidan qolishmaydi14. Isfarada ishlatilmay qolgan sanoat korxonasi  temir yo'li13. Zavodning mavsumiy ishchilari mehmonlar oldida talab darajasida ko'rinish berishdi, bu libosni korxonada har kun ham ko'ravermaysiz12. Mahsulot o'tkir ko'z va chaqqon qo'llar nazoratida11. Mahalliy va xorijiy muxbirlr polizda10. Isfaradagu konserva zavodida mavsumiy ish qizg'in9. Konserva zavodining qayta ishlash sexi hovlisida8. Isfara - Barakat  aksionerlik ishlab chiqarish jamiyati mahsuloti7. Barakat - Isfara konserva zavodi aksionerlik asosida tashkil etilgan6. Shu erning o'zida  poliz ekinlaridan tayoyrlangan ekologik toza mahsulotlar muxbirlarni  qiziqtirib qo'ydi5.Mazasi tilni yorar qovunlarni mehmnlar qatorida kichkintoylarga ham ulashib chiqishdi4. Sug'dda pishib etilga qovun navlari3. Xalqaro savdo forumi ishtirokchilari2. Arbob choyxonasida xalqaro korik yarmarka ochilishi marosimi1. Sug'dning mashhur Arbob qasri