Tojikiston mehnat bozori: yollanma ishchi kuchi qadrsizlanib ketgan (fotolar)

Posted May 30th, 2015 at 5:22 pm (UTC-5)
Leave a comment

Tojikiston ichki iqtisodiyoti, umuman fuqarolar kunlik hayotining 60 foizdan ortig’i mehnat  muhojirlarining chetdan yuborayotgan mablag’lariga bog’lanib qolgan.

Migratsiya masalalarini tadqiq etuvchi xalqaro tashkilot ma’lumotlariga ko’ra, Tojikistonga 2010- yildan 2014-yilgacha mehnat muhojirlari asosan Rossiya va Qozog’istondan har yili o’rtacha 3 millarddan 4,5 milliard dollargacha pul jo’natib turishgan.

Ukrainadagi mojaro sabab G’arb davlatlari Rossiyaga joruy etgan iqtisodiy sanksiyalar Tojikistondan u yerga borayotgan mehnat muhojirlari oqimiga ham ta’sir o’tkazgan.

2015-yilning o’zidayoq Rossiyaga har yili ish izlab boruvchilar taxminan 300 mingga kamaygan. Bularning oylik ish haqlari o’rtacha 500 dollardan hisoblangan taqdirda ham respublika aholisi 150 million dollar mablag’dan mosuvo qolgan. Holbuki, ba’zi tahlilchilar bu raqamni bir millardgacha deb yozishadi.

Rossiya federatsiyasi mehnat muhojirlari uchun yangi va qattiqroq qonun-qoidalarni joriy etar ekan, Tojikistonning o’zida mardikorlar soni oshgan. Ilgari nohiya va yirik qishloqlarda ko’rilmagan mardikor bozorlari endi shu yerning o’zida paydo bo’lmoqda.

Shunday bo’lsada, mumkin va mumkin bo’lmagan yo’llar bilan mehnat muhojirligiga yo’l oluvchilar miqdori yoshlar hisobiga to’ldirilmoqda. Tahlikali holatlarda ham ular vatanga qaytmayapti. Masalan, Rossiya orqali Yamanda ishlayotgan ayrim tojik shifokorlari hali ham u yerda qolib ishlash istagida.

Tojikistonda aholi ko’payishi uy-joy qurilishi va xususiy tomorqaga ehtiyojni oshirgan.

Har qanday o’zbek xonadoni yangi avlod uchun alohida uy-joy qilaman deydi. Yangi oila uchun hovli-joy kerak.

Tojikistonda bu yil davlat va xususiy sektorda qurilish keng quloch yozgan. Qurilish mollari bahosi 35-40 foizgacha ortganligi ham bunyodkorlik ko’lamiga u qadar ta’sir yetkazmagan.

Statistik ma’lumotlarga ko’ra, viloyat va nohilyaar markazlarida turar –joy binolari qurilishi 25 foizgacha ortgan. Sug’d viloyatida 250 ming aholiga mo’ljallangan Sayhun nomidagi yangi shahar qurilishi boshlangan.

Yollanma ishchi kuchining kunlik narxi Tojikiston mardikor bozorlarida mehnatga qarab 30-80 somoniygacha belgilanadi. Poytaxt Dushanbeda esa to 120 somoniygacha. Bu o’rtacha 12-18 dollar.

6-10 kishidan iborat uy quruvchi mardikorlar brigadasi tajribali usta boshchiligida bir xonadon uchun oldi ayvonli 4-5 xonali uy-joyni 8 mingdan to 20 ming somoniygacha baholab olishadi va hamma jihozlar tayyor bo’lsa, uzog’i bilan 30-35 kecha kunduzda bitirib berishdi. Bunga devor suvoqlari kirmaydi.

Bu ish haqiga imoratning poydevorini quyishdan to tomini yopib berishgacha kiradi. Bu – faqat ishchilarning mehnat haqi. Qurilish jihozlari va mardikorlarning yeb-ichishiga ketadigan mablag’ alohida.

Hozir bir dona xom g’ishtning bahosi o’rtacha 30 diram (1 somoniy =100 diram), pishgan g’isht esa sifatiga qarab 60-75 diram atrofida. Bir xonadon uchun mo’ljallangan oldayvon va ikki xonayu dahlizli uy uchun 20-25 ming guvala (guvala kesak donasining narxi 11 diramdan 18 diramgacha) yoki 15 minggacha g’isht ishlatiladi.

Tojikiston qishloqlari aholisi Yevropadan Amerikayu Yaqin Sharq davlatlarigacha mehnat muhojirligiga borishar ekan, g’arb davlatlari turmush tarzu ularning ham hayotlariga ta’sir o’tkazmay qolmadi.

Qishloqlarda kanalizatsiya tarmog’ini bodringu-xandalak ekiladigan keng tomorqasiga chiqarib, zamonaviy uy-joy qurayotganlarni uchratish mumkin. Masalan, tog’oldi qishloqlaridan birida Rossiyada ishlab kelgan uch aka-uka qishloqda 47 ming dollar sarflab, barcha sharoitlari muhayyo zamonaviy ikki qavati yashashga, tagxonasi jihozlarga, uchinchi qavati shiyponli dang’illama qasr qurishgan. Tomorqa etagida 25 qoramolga, 40-50 bosh qo’yga mo’ljallangan og’il  solishgan. Zamonaviy uslubda. Gap endi uzluksiz energiya bo’lishida qolgan xolos.

Ilg’or texnik jihozlarning chekka qishloqlargacha yetib kelishi mardikorlar ishini ancha yengil qilgan. Ba’zi joylarda beton qorishmasini mashina bilan qorishadi. Ammo hali ham qo’l kuchi ustun.

Eng og’ir ish –beton qoruvchilarniki. Poydevorga, ko’p qavatli uylar qurilishida ba’zan ustalar mardikor bozoridan o’z ish haqlari evaziga pulga muhtojlarni kuniga 25 somoniydan yollashadi.

“Mardikor bozoriga ish beruvchu uy egasidek, tong sahardan emas, soat  o’nlarda borsam, brigadam uchun 50 somonlik ish uchun qora ishchini 25 somoniyga ham yo’llayman. Oradagi farq menga foydaga qoladi”,- deydi usta brigadir.

Til bilmagani, mutaxassis emasligi sabab Rossiyaga yo’li bekilgan chekka qishloq yoshlari bekor kun o’tkazgandan ko’ra ana shu ish haqiga ham rozi bo’lishadi.

“Ba’zida uy egasi yotoq joyi ham beradi, kunlik obu-ovqatim tayyor, agar narximni tushirmasam, ishsiz qolaman, qishloqda oilam bor axir”, – deydi Anvar ismli mardikor yigit.

Tojikiston mehnat bozorida hozir mahalliy yollanma ishchi kuchini sotuvchi o’rtakashlar ham paydo bo’lgan. Ular ish beruvchi bilan mardikorlar o’rtasida vositachilik qilib, oyiga 3-4 ming somoniygacha topishadiki, bu oliy ma’lumotli o’qituvchining maoshidan to’rt barobargacha ziyoddir.

Ravshan Shams

Xo’jand, Tojikiston

Xususiy turar joy binosi qurilishida

Xususiy turar joy binosi qurilishida

Og'ir ishda yaxna choy jonning rohati

Og’ir ishda yaxna choy jonning rohati

Mardikorlar har sigaretning donasiini navbat bilan chekishadi, bu ham iqtisod

Mardikorlar har sigaretning donasiini navbat bilan chekishadi, bu ham iqtisod

Mardikorlar navbati bila betonni qo'lda qorishadi

Mardikorlar navbati bila betonni qo’lda qorishadi

Brigadir va ishchilar tushlikda

Brigadir va ishchilar tushlikda

Tushlikda palov, ish davomida ichilgan bir paqir yaxna choy'ning ham tagi ko'rinib qoldi

Tushlikda palov, ish davomida ichilgan bir paqir yaxna choy’ning ham tagi ko’rinib qoldi

Mardikorlarning o'zi ish xonadonida osh damlashadi

Mardikorlarning o’zi ish xonadonida osh damlashadi

Birinchi qavat uchun temir-beton shift qo'lda quyilmoqda

Birinchi qavat uchun temir-beton shift qo’lda quyilmoqda

Beton qoruvchi mardikor

Beton qoruvchi mardikor

Beton qorishmasini paqirlab qo'lda yuqorga uzatishning o'zi bo'lmaydi

Beton qorishmasini paqirlab qo’lda yuqorga uzatishning o’zi bo’lmaydi

Beton qorishmasi paqirda qo'lma qo'l yuqoriga yetkaziladi

Beton qorishmasi paqirda qo’lma qo’l yuqoriga yetkaziladi

Mardikorlar bira to'la ikki kub beton qorishmoqda

Mardikorlar bira to’la ikki kub beton qorishmoqda

Ilgarilari shift yog'och bilan bosilgan bo'lsa, hozir qalinroq taxta ham ish beraveradi

Ilgarilari shift yog’och bilan bosilgan bo’lsa, hozir qalinroq taxta ham ish beraveradi

Usta shogirdga g'isht terishni o'rgatmoqda

Usta shogirdga g’isht terishni o’rgatmoqda

Yordamchi mardikor bir ish kunida har donasining vazni 3 kg.dan ortiqroq 2 mingga yaqin g'istni mana shnday qo'lma qo'l qiladi

Yordamchi mardikor bir ish kunida har donasining vazni 3 kg.dan ortiqroq 2 mingga yaqin g’istni mana shnday qo’lma qo’l qiladi

Eskisini buzib yangisini qurish mardikor uchun osom ish emas

Eskisini buzib yangisini qurish mardikor uchun osom ish emas

Xususiy ayvonli hovli joy qurilishida

Xususiy ayvonli hovli joy qurilishida

Mardikorlar ish uchun mijoz kutishmoqda

Mardikorlar ish uchun mijoz kutishmoqda

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

“Yoshlariston” blogi haqida

Ushbu blog – ijodkor, shijoatli va qiziquvchan yoshlar uchun o’zlari yashayotgan jamiyatda ro’y berayotgan muhim voqealar, qolaversa dunyodagi o’zgarishlar haqida fikr va mulohaza bildirish maydoni. Qay yurtda yashamang, bu yerda eksklyuziv surat va videolar ulashib, ularni tomosha qilishingiz mumkin.

Bu sahifani “Yoshlariston” deb bejiz atamadik. Markaziy Osiyoning besh davlati hamda Afg’onistonda aholining aksar qismi yoshlardir. Zamonamiz muammolari va yutuqlarini ular boshqalardan ko’ra yaxshiroq biladi.

Blog rang-barang mavzular uchun ochiq. Siyosatdan tortib, iqtisod va madaniyatgacha… Istagan masalani yoriting, muhokama qiling. Yagona iltimosimiz – bir-birimizni hurmat qilaylik va fikr bildirganda qo’pol so’zlar ishlatmaylik, toki bu maydon hammamizga ma’naviy ozuqa bersin.

Surat, video yoki boshqa turdagi material va xabarlar bo’lsa, biz bilan bog’laning. Siz bilan hamkorlik qilishdan bag’oyat mamnun bo’lamiz. Manzilimiz: uzbek@voanews.com

“Yoshlariston” – yoshlar maydoni. Blogimiz sizga muntazir.

Bo’limlar

Taqvim

May 2015
M T W T F S S
« Apr   Jun »
 123
45678910
11121314151617
18192021222324
25262728293031