Xalqaro qo`shinlar Afg`onistondan chiqarilgandan keyin,  AQShning Markaziy Osiyodagi siyosati qanday bo`lishi ko`p muhokama qilinmoqda. Darhaqiqat, so’nggi yillarda mintaqadagi voqealar rivojida  AQSh siyosati muhum o`rin egallab kelgan. Bundan keyin AQShning hududda qanchalar faol bo’lishi ko’p narsani o’zgartirishi mumkin.

Obamaning Kongressdagi bayonotidan so`ng harbiy yuklarni dastlabki qismi Pokiston orqali olib chiqila boshlandi. 2014-yil oxiriga borib xalqaro kuchlar Afg’onistondan butunlay chiqarilib, AQShning Markaziy Osiyodagi harbiy missiyasiga rasman yakun yasaladi.

Mintaqa hukumatlari bilan Markaziy Osiyo bo`yicha yangi strategiyasini muhokama qilayotgan Yevropa Ittifoqi ham Afg`onistonda harbiy harakatlar yakunlanganidan keyin  hamkorlikni qanday davom ettirishi hozircha aniq emas.

G`arb Markaziy Osiyodagi faoliyatini butunlay to’xtatmoqchi, deyish to’g’ri emas, albatta. Faqat jarayon bir qadar sekinlashadi. Ammo bundan keyin Afg`onistonda nima bo’lishiga qarab, davlatlar o‘rtasidagi manfaatlar to`qnashuvi yangi bosqichda boshlansa ham, ajab emas.

Bu orada Rossiyaning mintaqadagi roli yuksalishini, umidligicha qolayotgan demokratik o`zgarishlar va erkin jamiyat xayoli yangi reallik bilan to`qnashishini ham kutsa bo`ladi.

Har holda Kreml uchun bu mintaqadagi loyihalarini  amalga oshirish, sobiq mustamlakalarini yana bir hududda birlashtirish go`yasi uchun qulay fursat.

Yaqin kelajakda AQSh ham, Yevropa ham mintaqadagi manfaatlarini ifodalashda ko`proq repressiv rejim sifatida nom qozongan rasmiy Tohkentga urg`u berishini kutish mumkin.

Markaziy Osiyoda O`zbekiston Rossiyaga nisbatan bir qadar mustaqil siyosatga ega. Mintaqada Kreml qudrati oshib borayotgan bir paytda namoyish etilyotgan bu jazm himoyaga, ko`makka muhtoj. O`zbekistonning bu xavotirini AQSh ham, Yevropa ham yaxshi tushunadi.

Xullas, G`arb uchun O`zbekistonning geostrategik ahamiyati o`zgarishsiz qolishi ehtimoli katta. Geosiyosiy maydonda buni normal holat deyish mumkin. Qolaversa, G`arb bilan yaqin aloqalar O’zbekiston jamiyatining demokratlashuviga olib boradi, deb hisoblovchilar ko’p. Repressiv davlatlar bilan aloqani butunlay uzgandan ko’ra, konstruktiv muloqotni davom ettirgan yaxshi, deguvchilar ham topiladi. Bu bilan tarix  yana o’zini takrorlayotgandek.

Agar jarayon shu tariqa davom etsa, bu Afg`oniston tufayli ortga surilgan inson huquqlari, demokratik islohotlar masalasi yana ikkinchi darajada qolib ketishi mumkin. Bu G`arb O`zbekistonda fuqarolik jamiyati qurish yo’lida muloqotga kirishish samarasiz ekani haqida xulosaga kelganini anglatadimi?

AQSh ham, Yevropa ham mintaqaning strategik ahamiyatini, 2014-yildan keyin bu yerda muhim o’zgarishlar yuz berishi mumkinligini yaxshi biladi. Agar Ga’rbning ta’siri bu yerda saqlanib qolsa, deylik, Germaniyaning Termiz shahridagi harbiy bazasi 2014-yildan keyin ham faoliyat yuritsa, G’arb buning Toshkent qo`lida bosim ko’rsatish vositasiga aylanib qolmasligini ta’minlashga urinadi. Bular, albatta, vaziyat haqidagi taxminlar.

AQSh-O`zbekiston munosabatlari hozir o’zining kulminatsion nuqtasiga yetgandek. Yaqin ikki yildagi hamkorlik yo`nalishi, maqsadi aniq. Bu faza yakunlangach, munosabatlar iqtisodiy hamkorlik yo’nalishida  rivojlanadi, deb aytish qiyin. AQSh biznesmenlarining O`zbekistonga oshiqayotgani kuzatimayapti.

Rasmiy Toshkent AQSh bilan munosbatlarida xavfsizlik, tashqi siyosiy manfaatlarini himoya qilish masalasiga asosiy e’tibor qaratadi. Hamkorlikda fuqarolik jamiyatini shakillantirish, iqtisodiy islohotlarni rivojlantirish emas, asosan, siyosiy xavfsizlikni ta`minlashga urg’u beriladi. Bu turdagi hamkorlik esa o`z muddatini o`tab bo`lgandek.

Afg`onistondan keyin O’zbekiston bilan demokratik islohotlarni kuchaytirish masalasi o’rtaga qo’yiladi, deb aytish ham o’rinsiz, nazarimizda. Toshkent hozirgacha bu borada biror ishora bergani yo’q. Hukumatlar o`rtasidagi muzokarlarda, ikki o`rtada kechayotgan mavjud siyosiy maslahatlashuvlarda ham bu borada jiddiy yangilik uchragani yo’q.

AQSh, tabiiyki, demokratiya va inson huquqlarini qo’llab-quvvatlash masalasini chetga sura olmaydi. Huquq himoyachilari, nodavlat tashkilotlar shu masalada, odatda,  AQShga suyanishadi.

Ammo G`arb shu paytgacha inson huquqlari borasida O`zbekistonga keskin talab qo`yishga siyosiy iroda topa olmadi. Buning  asosiy sabab sifatida Afg`onistondagi missiyaning muhimroq ekani aytildi.

Umuman, G`arb bilan hozirgacha mavjud aloqalarimizni ikki muhum bosqichga bo`lish mumkin. Ularni shartli ravishda “Andijon” va “Afg`oniston” bosqichlari deb atasa bo`ladi.

Hamkorlikning har ikki bosqichida inson huquqlari, demokratik qadriyatlarni shakllantirish borasida biror muvaffaqiyatga erishilmadi. Bugun munosabatlar o`zining uchinchi bosqichini boshlash  arafasida. Yangi bosqichda g’arbliklar avvalgi ikki bosqichdan unumli xulosa chiqarishadi, degan umiddamiz.

Malik Mansur,

Germaniya