Qadimiy manbalarda hozirgi Tojikistonning Istravshan mavzesi haqida ko’plab ma’lumotlarni uchratish mumkin. Istravshandagi O’ratepa shahri tarixi meloddan oldingi ming yilliklarga borib taqaladi, shahar Xitoy yilmomalarida ham tilga olingan. Tojikiston hukumati Istravshanning 2500 yilligi tarixini rasman taqsdiqlagan, bu qadimiy mavze YUNESKO hujjatlarida ham qayd etilib, insoniyat tamaddunining asraluvchi meroslari ro’yxatiga kiritilgan.
Xitoy va sharqiy Turkistonni Xorazm va Yevropa bilan bog’lovchi Buyuk ipak yo’li ham Istravshandan o’tgan, mahalliy aholi xitoyliklar, mo’g’ullar tajovuzi, xonliklar orasidagi janglar, chor Rossiyasi bosqiniga guvoh bo’lgan, ularning istilolariga qarshi kurashgan.
O’ratepa shahri atrofidagi o’nlab katta-kichik qishloqlarning tub aholisi o’zbeklar bo’lib, bir vaqtlar O’ratepa bekligi Qo’qon xonligiga jangovar otlar, qilichboz navkarlar yetkazib berishda xonning tayanchi bo’lgan.
Bugungi Istravshan nohiyasining markazi – O’ratepa shahridan mamlakat poytaxti Dushanbega olib boruvchi yo’ldan 4-5 kilometr yurmasdan do’ngliklar orasida yastangan Varsiq qishlog’iga kirib borasiz. Varsiq – Istravshanning faqat o’zbeklar yashaydigan tog’ oldi qishlog’i. Bu yerda o’zbekning kenagas, barlos, qipchoq urug’larining avlodlari yashashadi.
“Hukumat qarori bilan, o’zingiz bilasiz, vatanimizdagi ko’plab qishloqlar nomi tarixiy bo’lsa ham o’zbekchadan tojiklashtirildi, lekin Varsiq nomini biz saqlab qoldik. Bu shu yerlarda yashagan qadimiy xalq shevasida “yashillik”, “ko’klam”, “baxmal” ma’nosini anglatadi. Ko’klamda bu yerlar rostdan ham baxmal ko’rinishini oladi, qarab ko’zingiz quvnaydi”, – deydi Varsiq qishlogini o’z hududiga olgan Choqbog’ qishloq jamoati raisi Ra’noxon O’lmasova.
Bir vaqtlar, sho’rolar davrining so’nggi yillarida qishloqdan yetishib chiqqan o’zbek ziyolisi Ergash Mirzaboboyevning harakati bilan Varsiq qishlog’ida 1200 ga yaqin talabaga mo’ljallangan o’rta umumta’lim maktabi qurilgan edi, hozir bu maktab hovlisida uning byusti o’rnatilgan. Varsiqliklar o’z ziyolilarini unutishmaydi.
Yetti yuzga yaqin xonadon, uch mingdan ortiq aholisi bo’lgan Varsiq qishloq aholisi Tojikistondek sersuv mamlakatda ichimlik suviga zor. Qishloq oralab o’tgan eski soy o’zani ham, qadimiy chashmalar ham necha yildirki, qurigan.
Mahalliy aholi qo’shni qishloqlar quduqlaridan har joy-har joyga tortilgan suv manbalaridan foydalanishadi, u ham qurisa, butun qishloq bir-ikki chashma bo’yiga to’planib qolishadi, odamlarga ham, chorvaga ham, kir yuvishga ham suv xonadonlarga eshaklarda tashiladi.
Mahalliy aholining aytishicha, shahar va viloyat hukumati ichimlik suv ta’minoti masalasida bir qator tadbirlarni loyihalashtirgan, lekin umid oz.
“Qishloq uchun asosiy muammo ichimlik suvi, yana, yo’l masalasi”, – deydi etmoshni qoralayotgan Hojikamol Mirolimov.
“Bola-baqra yomg’irli kunlarda baland-past ko’chalarda loy kechib, 3-4 kilometrdan maktabga qatnaydi, suvni-ku qo’yaverasiz, suv tashimoq ham bir vazifa. Ba’zida kelinlarni kuni ro’zg’or uchun suv tashish bilan o’tadi, – deydi keksa dehqon.
Varsiqning yerlari unumdor, suv bo’lsa, kaltakni ko’kartirsangiz bo’ladi. Suvsizlik sabab, ko’pchilik yoshlar ishsiz, mehnat mardikorligiga chiqib ketishadi. Bo’lmasa, asl dehqonlar o’zimizdan chiqadi, ota-bobolarimiz dehqon o’tgan, chorvador, mehnatkash elmiz, deyishadi sobiq dehqonlar.
Varsiq qishlog’i tepaliklardan qarasangiz, soat sayin eshaklarga ikki-uch-to’rt bidon yuklagan, eshaklarni oldiga solib kelayotgan o’smirni yo boshida to’gora ko’targan juvonni ko’rasiz, barchasi suvga intiladi.
Varsiq markaziy ko’chasidan qishloq xonadonlariga tarqalgan asosiy ko’cha sirtida qo’shni qishloqdan ichimlik suvi keltirish uchun yotqizilgan eski temir quvurlarni ko’rasiz, ular eskirib, chirib, yorilib ketgan, tortiladigan suvning o’zi yo’q.
“120, hatto 140 metrli quduq qazishdi, shunda ham suv chiqara olmadik, bu yerlardan suv qochgan”, – deydi fermer Orziqul Tusunov. U aytadiki, bugungi kunda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash shahar hukumatining asisiy vazifasiga aylanishi kerak, buningsiz hayot yurmaydi.
“Hovlidagi bir parcha tomorqaga bir soatlik suv oqishi uchun o’n somon pul to’layman, bu suv aqalli nihollarni sug’orishga yetmaydi, dardimizni kimga aytaylik”, – deydi yiroq chahmadan suv tashib bezor bo’lgan kelinning qaynonasi.
Varsiqdagi maktab o’quvchilari ham, kuzgi bog’lar novdasidan dubarra izlayotgan go’daklar ham hayot manbai – eng arzon va eng qimmat suv qadrini bilishadi, ijodkor qizgina she’r bitadi:
Sarg’ayganim, za’faron kuzim,
Qish kunimni burka qorlarga.
Sen dardimni bilgan-bilmagan,
Ko’klam, suv keltirgin bizning bo’glarga…
Matn va suratlar muallifi Ravshan Shams