Futbolchilarimizning oltinchi bor Olimpiada yo`llanmasini ko`kka sovurishgani nafaqat futbol nashrlarini, balki ijtimoiy tarmoqlarni ham larzaga keltirdi.
Muxlislar junbushda, rahbariyatdan iste`folar talab qilinmoqda. Bosh murabbiy Samvel Babayandan tortib, O`zbekiston Futbol Federatsiyasi (O’FF) prezidenti Mirabror Usmonovgacha. Ularning sabr kosasi to`lib bo`lgandek.
Jurnalistlarning achchiq tanqidi, muxlislarning hadsiz g`azabi 20 yildan buyon Olimpiada yo`llanmasi uchun besamar kurashib kelayotgan o`zbek futbolidagi navbatdagi inqiroz bilan bog`liq.
Afsuski, Qatarda o`tayotgan Osiyo chempionatidagi ishtirok, Olimipada yo`lidagi sharmandali muvaffaqiyatsizlik o`zbek futbolida 20 yildan buyon hech narsa o`zgarmaganidan darak berdi. Bular mening fikrim emas, Qatardagi mag`lubiyatdan so`ng “Interfutbol” nashrida bosilgan maqolada shunday deyiladi.
Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan millionlab muxlislarni larazaga solgan muvaffaqiyatsizlik sababini qisqa ifodaladi: “Borimiz shu ekan”!
Bosh murabbiyning bu orsiz izohi, shukrki javobsiz qolmadi: “Borimiz shu emas, Samvel Vyacheslavovich, biz bundan ortig`iga loyiqmiz!” deb javob qaytaradi jurnalist Xayrulla Xoliqov “Championat.asia” nashridagi maqolasida.
Sharmandali bu mag`buliyat ortidan Olimpiya terma jamoasi o`yinchisi Makmilian Fominning Feysbukdagi sahifasi orqali muxlislarning tanqidiga nisbatan yog`dirgan andishasiz haqoratlari esa hammasidan oshib tushdi.
To`g`ri, Fomin keyinroq rasman uzr so`radi, ammo futbolchining haqoratlari qatorida mag`buliyat uchun mas`uliyat hissining umuman yo`qligi ko`pchilikni hayratlantirdi.
Olimpiya terma jamoasining Qatardagi Osiyo chempionati doirasida o`tkazgan ikki o`yini haqida o`nlab tahllillar yozildi. Tashxis shu bo’ldiki, jamoada taktik o`yin ham, murabbiy uslubi ham yo`q.
Bu haqiqat Qatardagi har ikki o`yin ham, asosan, tavakkalchilik asosiga qurilgani bilan ko`zga tashlandi.
Dahshatlisi esa, jahon chempionati saralash o’yinlari uchun kurash olib borayotgan Milliy terma jamoa ham Samvel Babayanning qo`li ostida.
Saralashdagi kuchli raqiblar bilan uchrashuvlar hali oldinda. Jahon kubogiga chiqish taqdiri Olimpiya yo`llanmasi uchun kurashda g`alaba uchun qanday o`ynash lozimligini bizga ko`rsatib qo`ygan Janubiy Koreya, Iroq darajasidagi jamoalar bilan to`qnashuvlarda hal etiladi.
Jurnalitslar alami, junbushga kelgan hayqiriqlar bejizga emas. Muxlislar Futbol federatsiyasi tarkibini yangilashga, maqsadi futboldan daromad topish bo`lib qolgan mutaxassislarni haydashga chaqirishmoqda. O`FF prezidenti Mirabror Usmonov iste`fosini so`rayotganlar ham kam emas.
O`FF prezidenti Braziliyada o`tadigan Olimpiya o`yinlari uchun yo`llanma qo`lga kirtilmasa, federatsiyada keskin islohotlar bo`lishi haqida va’da bergan. Ko’plab jurnalistlar shundan umidvor.
Chunki Oliy ligadan tortib quyi ligagacha o`yinlar sotilayotgani, legionerlar, xorijlik mutaxasislar tanlovi ham federatsiyadagilar uchun daromad manbai bo`lib qolganini ko`pchilik yaxshi biladi.
Xullas, olimpiada uchun yo`llanma oltinchi urunishda ham qo`lga kiritilmadi. Shu asnoda Jahon chempionati yo`llanmasi taqdiri ham tahlika ostida ekanligi oydinlashdi. Bunga O`FF prezidenti Mirabror Usmonovning javobi qanday bo`ladi, bunisi hozircha noma`lum. Kutamiz!
Malik MANSUR