“Uzinfokom” nashri xabariga ko`ra, Uz hududida ro`yxatga olingan domenlar soni 28 mingdan oshgan, shu yilning aprel oyida bu ko`rsatkich 26 mingni tashkil etgani hisobga olinsa, surat yomon emasdek.
Albatta, sifat alohida mavzu, bu ro`yxatdagi 28 ming domenning hammasi faoliyatda, ularning har biri, hech bo`lmaganda, kamida ming foydalanuvchiga ega degani emas. Ayniqsa, tarmoqda tanilgan ayrim nashrlar kutilmaganda yo’qolib qolayotgan bir vaziyatda.
Minglab internet foydalanuvchilarining haqli ehtiroslari, tanqidlari, afsuski, haqoratlariga ham imkoniyat bergan Uff.uz nashri bilan bog`liq mojaro bunga yaqqol misol. Sayt domeni tortib olib qo’yilgach, u endi faoliyatini Uff.uz orqali davom ettirmoqda. Buning ortida O`zbekiston Futbol Federatsiyasini tanqid qilish boshqa sport nashrlarida ham keskin to`xtatildi. Usmonov boshliq Federatsiya, Babayan qo`l ostidagi milliy terma jamoa oxirgi sharmandaliklarga qaramasdan yana suvdan quruq chiqdi.
Bu unutish qiyin bo`lgan chekinish, ammo foydalanuvchilar soni bo`yicha rekord ko`rsatkich qayd etgan Uff.uz mojarosi milliy ijtimoiy tarmoqlar sonini ko`paytirish bilan vaziyatni o`zgartirishga harakat qilinayotgan O`zbekistondagi reallikka yaxshi izoh.
Mavjud raqamlarga ko`ra, 31 million kishilik mamlakatda internet foydalanuvchilari soni 10 milliondan oshiq. 10 millionlik auditoriyani internetdan qanday foydalanayotgani, jumladan, axborot ehtiyojini qanday qondirayotgani yuzasidan o`tkazilgan tadqiqotlar ma`lum emas.
Vatandagi mavjud vaziyat, hukumatga nisbatan mustaqil, erkin fikr ayta oladigan har qanday nashr bloklanishi inobatga olinsa, hozircha faoliyat yuritib turgan ijtimoiy tarmoqlar shu blok devorlarida qoldirilgan mo`jaz tirqishlardek ko`rinadi.
Bu turqishlarni tugal berkitishga jazm etmayotgan hukumat, boshqa yo`ldan “xavfsiz, milliy an`analarga mos” mahalliy ijtimoiy tarmoqlarni rivojlantirishga kirishgan. Yaqinda mamlakatdagi 38-milliy ijtimoiy tarmoq sifatida e`tirof etilayotgan “Davra.uz” ishga tushirildi.
2 mingga yaqin a`zo bilan faoliyat boshlagan “Davra.uz” ham, bir necha yilgi faoliyati davomida o`z a`zolarini 180 mingga yetkaza olmagan “Muloqot.uz” kabi chegaradan chiqmasdan, “odob-axloq” doirasida, ijtimoiy-siyosiy voqelik muhokamasisiz, ya’ni boshdanoq o`z ijtimoiyligidan voz kechgan holda faoliyat qilishga mahkum. Bu mahkumlik ijtimoiy tarmoqlar o`rtasidagi mavjud raqobat inobatga olinsa, yanada ayanchli ko`rinadi.
Agar mamlakatda 10 millionlik auditoriya mavjud deb qaraydigan bo`lsak, ularning yarmidan ko`pi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi ahamiyatli. Ommaviylar qatorida tabiiy milliy tarmoqlar yo`q, asosiylari “Odnoklasniki”, “Vkontakte” “Moy mir”, “Facebook” va boshqalar…
Matbuotda “Uzinfokom” mutaxasisisi Baxtoyor Nosirovdan iqtibos keltirilishicha, mashhurlik borasida “Odnoklassniki” yetakchi, uning O`zbekistondagi mushtariylari 3 million atrofida, keyingi o`rinda bir millionlik a`zoga ega “Vkontakte” guruhi, Facebookdan esa 500 mingdan oshiq o`zbekistonliklar foydalanadi.
Bir necha yil avval e`lon qilingan statistikada “Odnoklassniki” tarmog`iga O`zbekistondan bir kunda milliondan oshiq odam kirishi qayd etilgan.
Hozirgi kunda bu son ancha oshgan bo`lishi ehtimol va birgina shu tarmoq misolidagi bu ko`rsatkich milliylik an`analaridan xoli tashqaridagi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanayotgan 3 million o`zbekistonlikni, taqdim etilayotganidek nazoratsiz axborot xurujining qurbonlari qilmaydi, aksincha, erkin axborotga, asosiysi milliy tarmoqlarda unutilgan kontent – mamlakatdagi ijtimoiy siyosiy voqelikka daxldor bo`lish ehtiyojini ifodalaydi.