Shavkat Mirziyoyevning vaqtinchalik O’zbekiston prezidentligini qabul qilganiga bir oy to`ldi. Bu fursatda u qo`shnilar bilan aloqalarni iliqlashtirdi, mamlakat viloyatlarini aylanib chiqdi, o`nlab hokimlarni almashtirdi, tabirkorlar manfaati kafolatlanishini o`z zimmasiga oldi, militsiya haqidagi qonunni imzoladi, virtual qabulxonani ishga tushirdi, poytaxtda xavfsizlik bois berkitilgan yo`llarni qayta ochdi, ustozi davrida taqiqqa tushgan san`atkorlarga hatto bilvosita oq yo`l tilashga ham ulgurdi…
To`g`risi, bir oy uchun bu yomon ko`rsatkich emas, ammo boshqa tomondan saylov arafasidagi kosmetik pardozga ham juda o`xshaydi.
Asosiysi, bu o`zgarishlar hamon Mirziyoyev O`zbekistonni qayoqqa yetaklashi, uning boshqaruvi ostidagi O`zbekiston qanday bo`lishi haqida tasavvur bermaydi.
Karimov ko`rsatgan “nurli yo`l”ni davom ettirish haqidagi bayonotlar pardasi ortida Mirziyoyevning hozircha mavhum qolayotgan o`z yo`li shakllanayotganiga, bu yo`lning avvalgisidan farq qilishiga shubha yo`q.
Televideniyeda namoyish etilayotgan chiqishlarda samimiylikka intilayotgan odamni ko`rish mumkin, ammo rasmiy muomaladan chiqib ketgan “rayon” so`zining muqobili “tuman” ekanligini bilmaslik, bilgan taqdirda ham tilga beparvolik ko`rsatish muvaqqat prezidentning darajasini ko`rsatayotgandek.
Karimov diktator edi, o`zbek tilini zamon taqozosiga ko`ra majburan o`rgangan kommunistlardan edi, uning nutq qilish qobiliyati, albatta, boshqa masala. Ammo men uning o`zbek tilidagi so`nggi chiqishlarida ruscha muqobillar ishlatilganini eslolmayman.
Xullas, Mirziyoyevning boshqaruviga bir oy to`ldi. Bu boshqaruvning davomi ham, har holda saylov o`tguncha, albatta, Karimov belgilab ketgan “porloq kelajak”, “nurli yo`l”ga sodiqlik shioiri ostida o`tadi.
Mirziyoyevdan nima kutilayotgani bilan bog`liq umidlar, umidsizlik ham atroflicha muhokama qilindi.
Yaxshisi, Mirziyoyev jamoatchilikka berayotgan dastlabki va`dalarini qanchalik bajarishga qodirligi haqida mulohaza qilsak.
Mirziyoyev bir million ish o`rinlari tashkil etilishini aytmoqda. Shunga yaqin va`da Islom Karimov davrida ham berilgan, yanglishmasam, aynan Senatning qo`shma majlisida 800 mingdan oshiq ish o`rinlari yaratilgani haqida axborot berilgan edi. Ammo aholiga bir bosh chorva tarqatish yo`li bilan yaritilgan bu ish o`rinlari haqida ortiqcha to`xtalishga hojat yo`q.
Mirziyoyev qanaqa ish o`rinlari yaratmoqchi, aholi undan qanday ish o`rinlari kutayapti? 10 yildan oshiq hukumatni boshqarib kelayotgan odam uchun bu kundek ravshan, yuqoridagi ish o`rinlari ham bevosita Mirziyoyev ishtirokida yaratilgani inobatga olinsa, 1 millionlik ish o`rinlari haqidagi va`da shubhali tuyiladi…
Mamlakatdagi ijtimoiy vaziyat haqida, aniqrog`i, matbuot, so`z erkinligi, ijtimoiy hayot ustidan davlat nazoratini bo`shashtirish, odamlarga yashash, garipish, e`tiqod erkinligini berish bo`yicha hali qilinadigan ishlar ko’p.
Afsuski, Mirziyoyev bu borada hozirgacha aniq bir narsa demadi.
Malik Mansur