Markaziy Osiyo javohiri deb atalmish Issiqko’l (Qirg’iziston) Shimoliy Tyanshan tog’ tizmalari qo’ynida joylashgan. Bir tarafda Kungay Olatov, ikkinchi tarafda Terskay Olatov salobat to’kib turibdi.
Avvalgi maqolalarimizdan birida Issiqko’lda hordiq chiqarish mavzusini tilga olgan edik.
Bu gal atrofdagi tog’larga yo’l olamiz.
Ko’lga tashrif buyurgan sayyohlar yam-yashil tog’ o’rmonlari va daralarini ko’rmay qaytmaydi. Ulkan yong’oq daraxtlari. Asrlarni qaritgan archalar. Osmono’par qarag’aylar. Turli-tuman shifobaxsh o’simliklardan iborat chakalakzorlar…
Bu maskanning hayvonot dunyosi ham rang-barang. Ilvirs, qo’ngir ayiq, lochin, tog’ echkilarining ayrim turlari Qizil kitobga kiritilgan va davlat tomonidan muhofazaga olingan.
Ko’l atrofidagi tog’ o’rmonlari ko’riqxonalar tarkibiga kiradi. Lekin bu katta hududning ma’lum qismi sayyohlar uchun ochiq.
Mahalliy aholi, asosan, xo’jalik ishlari (o’rmon ne’matlarini yig’ish-to’plash) va sayyohlarga xizmat ko’rsatish bilan mashg’ul. Bu joylarda olingan bol butun mintaqada mashhur. Yozgi sayyor do’konchalar (qishda tog’larda faqat o’rmon xo’jaliklarining xodimlarigina qolishadi) noyob mevalardan tortib, to tog’ mo’miyosiyu dorivor ziravorlargacha taklif qilishadi.
Keyingi yillarda Issiqko’l viloyatida tog’ turizmi avj olmoqda. Malakali murabbiylar hamda shu atroflik chaqqon o’spirinlar o’rgatilgan otlari va burgutlari bilan xizmatingizga shay.
Betakror ko’lning husniga husn, jozibasiga joziba qoshib turgan Olatov ona tabiatning insoniyatga ishonib bergan in’omi.
Quyida Issiqko’lda olingan suratlar bilan tanishing.
Matn va suratlar muallifi Muhiddin Zarif