Ostonada 15-mart kuni o’tgan mintaqaviy sammit prezidentlar muhokamasidagi masalalar, imzolangan qo’shma bayonot bilan emas, aynan bo’lib o’tgani bilan ahamiyat kasb etdi.

Sammit haqida OAVdagi maqolalarning aksariyatida Markaziy Osiyoda yangi davr boshlanayotganiga diqqat qaratildi. Mintaqa liderlarining salkam 10 yillik tanaffusdan so’ng o’tgan sammiti, albatta geosiyosiy talqinlarda xoli emas.

“Eurasianet” sayti mintaqa liderlari muvofiqlashish uchun dastlabki harakatni boshlagani, Markaziy Osiyo dolzarb ichki muammolarni tashqi kuchlarning ta’sirisiz ham yechish qurbida ekanligi haqida ishora berayotgani haqida yozadi.

Rossiyaning “Pravda” nashri bu boradagi maqolasini “Ostonada sammit: Nega Putin taklif qilinmadi?” deb nomlagan. Gazetaning bu savolning javobini esa Rossiyadagi saylovlarda ko’radi va saylovda qatnashayotgan prezidentning sammitda qatnashmaganini tabiiy baholaydi.

Gazeta, sammitning asosiy mohiyati aynan shunda Rossiyasiz, Xitoysiz, Putinsiz mutlaq mintaqaviy doira o’tgani ekanligini e’tibordan chetda qoldiradi.

“Nemis to’lqini” Markaziy Osiyoda yana mintaqaviy integratsiya eslanayotgani, mintaqa davlatlarining chorak asr davomida amalga oshmagan intilishida Toshkentda hokimiyat almashishi ortidan jiddiy o’zgarishlar kuzatilayotgani haqida yozadi. Nashr, uchrashuvda qatnashmagan turkman prezidenti o’zining neytral maqomini saqlab qolishiga ham diqqat qaratgan.

Fotogalereya: Bugungi Markaziy Osiyo: Ostona sammiti, Qozog’istonda O’zbekiston yili

Rossiyaga qarashli yana bir nashr “Fond strategicheskoy kulturi” Ostona sammitini “mintaqaviy mustaqillikka berilgan ishora” sifatida baholaydi, bu uchrashuv allaqachon “yangi intergratsiya” deb atala boshlandi, degan xulosa beradi.

“Azatyq” radiosi sammit yuzasidan Shotlandiyaning Glazgo universiteti tadqiqotchisi Luka Ancheski bilan suhbat uyushtirgan. Bu suhbatda tadqiqotchi sammit o’tishida Mirziyoyevning xizmatini alohida baholaydi va O’zbekiston prezidenti mintaqadagi ilg’or islohotchiga aylanganini ta’kidlaydi.

“Markaziy Osiyo Xitoy va Rossiya bilan hamkorlikni davom ettiradi, ammo muammolarni mustaqil hal etadi”, – deb yozadi “Nezavisimaya” gazetasi.

Darhaqiqat, Markaziy Osiyo yaxlitlik sari qadam tashlayotgandek, bunga uzoq kutilgan O’zbekistondagi o’zgarishlar sabab bo’layotgani esa yanada umidli ko’rinadi. Yangi rahbariyat nihoyat mamlakatning tarixiy o’rni, mas’uliyatini idrok etib, shunga muvofiq siyosat tanlash harakatida.

Mintaqa yaqinligi ehtiyotkorlik bilan boshlanayotgani ham diqqatli, sammit Mirziyoyevning so’ngi tashrifi Tojikistonga qilgan safari ortidan kuzatildi, bu safar mintaqada qolayotgan asosiy ziddiyatli o’choq – suvdan foydalanish masalasida ham kelishuv bo’lishiga umid berdi.

Shu ma’noda Qozog’istondagi sammitda mintaqa liderlari ziddiyatlardan bir qadar xoli tarzda to’planishdi deyishga asos bor. Prezidentlar Mirziyoyevning bu qurultoyni har yili Navro’z arafasida o’tkazish taklifini ma’qullashdi. Mintaqaning keyingi sammiti Toshkentda o’tishi kutilmoqda.

Sammit xalqaro miqyosda ham olqishlanmoqda. Buning sababi nafaqat tashqaridan mintaqaning yaxlit ko’rinishida, balki bugun millatlar, davlatlar o’rtasidagi chegaralardan xalos bo’lish dunyo qadriyatiga aylanib borayotganida ham.

Rostdan uzoqdan qaraganda biz avvalo Markaziy Osiyo, keyinchalik esa Qozog’iston, Qirg’iziston, Turkmaniston, Tojikiston va O’zbekistonmiz, ta’bir joiz bo’lsa, tarixiy Turkistonmiz.

 

Malik Mansur

“Amerika Ovozi” muxbiri