O’zbekiston va Turkmaniston rahbarlari yaqinda Toshkentda uchrashganida Prezident Shavkat Mirziyoyev mezbon davlatdagi o’zbeklar taqdiri haqida og’iz ochmadi.
2017-yilning martida Mirziyoyev prezident sifatida ilk davlat tashrifini Turkmanistonga qilar ekan, u yerdagi o’zbeklar xususida gapirib, ularga madaniy markazlar ochish imkoniyati berilishi lozimligiga ishora qilgan edi. Bu shijoat ko’plarda, shaxsan, menda ham ulkan umidlar uyg’otgan edi.
Mirziyoyev o’shanda Turkmanistondagi muzokaralari yuzasidan hisobot berar ekan, Berdimuhammedov bilan o’zbek va turkmanlarning ona tili, madaniyati, an’analari va urf-odatlarini saqlab qolish va rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratish yo’lida yangi qadamlar tashlashga kelishib olinganini aytgan edi. Biroq bu bayonotidan so’ng Turkmanistondagi o’zbeklar hayotida biror o’zgarishlar kuzatilgani haqida ma’lumot yo’q. Berdimuhammedovning O’zbekistonga safari davomida ham, afsuski, bu borada eshitmadik.
Prezidentlarning Toshkentdagi muzokaralardan so’ng matbuotdagi chiqishida Mirziyoyev O’zbekistonda turkmanlarga yaratilayotgan sharoitlarni, turkman maktablarini birma-bir sanab o’tishiga qaramasdan, Berdimuhammedov o’z chiqishi davomida bu borada hech narsa demadi, shunchaki mavzuni chetlab o’tdi, bepisandlik ko’rsatdi.
Muzokaralarning ulkan natijalarini, strategik ahamiyatini, asriy do’stlikni yoritib borgan, uyg’onayotgan mahalliy matbuotda ham Turkmanistondagi minglab o’zbeklar haqiqatda qanday sharoitlarda yashayotganiga nisbatan qiziqish kuzatilmadi.
Albatta, jurnalistlar prezidentlarning matbuot anjumanida ham savol berish huquqidan mahrum qilingan, ammo bu fakt muammoga befarqlikni oqlay olmaydi.
Norasmiy ma’lumotlarga ko’ra, Turkmanistonda bir million atrofidagi o’zbek yashaydi. Mamlakatda birorta o’zbek tilidagi maktab, matbuot, milliy madaniy markaz yo’q. O’zbeklarning jamoat joylarida, davlat idoralarida milliy liboslarda ko’rinish berishi ham norasmiy taqiq ostida ekanligi aytiladi.
Inson huquqlari umumbashariy qadriyat ekan, ularni talab qilish biror mamlakatning ichki ishlariga aralashish emas. Qolaversa, gap o’zbeklar va turkmanlar haqida borayotgan ekan, o’zaro muzokaralarda qo’shni mamlakatdagi milliondan oshiq elatdosh taqdiri bilan qiziqish davlat va uning rahbari uchun ma’naviy burchdir.
Malik Mansur