Tojikiston va O’zbekiston liderlarining o’zaro uchrashuvlari ostonasida o’zbek dorbozlarining tojik diyoriga ijodiy safarlari boshlangan edi. Hozir bu san’at ustalari Tojikiston shimoliy mintaqasida ijodiy safarini davom ettirmoqda.
Farg’ona viloyatining Beshariq nohiyasidan bo’lgan o’zbek dorbozlariga asli shohimardonlik bo’lgan mashhur o’zbek polvoni Lochin polvonning shogirdi No’mon polvonning o’g’li Ravshanbek Ma’murov boshchilik qilmoqda. Ularning guruhida, shuningdek, ko’chma zoopark ham bo’lib, unda tog’ ayig’i, sher, arslon, tuyaqush, bo’ri, tuya, tulki, maymun kabi yigirmadan ortiq yovvoyi hayvonlar bor.
“Hozir biz ikki qismga bo’linib, So’g’d viloyatining Konibodom, Spitamen, Isfara, Bobojon G’afurov, Jabbor Rasulov nohiyalarida elga tomosha ko’rsatib kelmoqdamiz. Mening guruhimda besh yashar polvon va dorboz Ozodbek Nabiyev, dorboz Baxtiyor Umarov, polvon Dilshodjon Musoyevlar bor. Ularning chiqishlarini har kuni minglab odamlar tomosha qilishmoqda. Keyingi chiqishlarimizga ko’zboylog’ichlar qo’shiladi. Tojikiston va Oz’bekiston prezidentlari Emomali Rahmon va Shavkat Mirziyoyevlarning oltin boshlari omon bo’lsin, ilohim og’rimasin! Shaxsan ularning irodasi, qat’iyatli, xalqchil siyosatlari tufayli chegaralar ochilib, shu qadar keng imkoniyatlar yaratildiki, mana biz uch oydan beri Tojikistondamiz. Tojikiston xalqi bizlarni sog’inib qolgan ekan, ko’zda yosh bilan shunchalar mehmonnavozlik ko’rsatishmoqdaki, to’lqinlanib, ilhomimiz oshmoqda. “Oltin olma, duo ol” deganlaridek, el-yurtning duosi bilan tirikmiz, shular bor ekan, san’atimiz qadr topadi, obro’ olamiz. Tomoshalarimizga rayon markazidan uzoqroq qishloqlardan ham oilaviy mehmonlar kelib turishibdi. Ochig’ini aytsam, tushumimiz ham yomon emas, buning ustiga kunora onaxonlarimiz issiq-issiq patirlar yopib keltirishadi, sut-qaymoqni keti uzilmayapti, choyxona palovga-ku gap yo’q! Mehmondorchilik bo’lsa, shunchalik bo’lar, Tojikiston elidan minnatdormiz, ularga qanchalik xizmat ko’rsatsak, shunchalik kam”, – deydi polvon Ravshanbek.
So’g’dning Konibodom nohiyasidan bo’lgan keksa o’qituvchi, uch nevarasi va ikki chevarasini yetaklab olgan 82 yashar onaxon Qunduzoy Yarashevaning aytishicha, bundan qirq yillarcha muqaddam o’g’il ko’rgan va Konibodomda tomosha ko’rsatgan Na’mon polvon sharafiga o’g’liga uning ismini qo’ygan.
“Yaxshi niyatlar bilan nevaram Elnurni yetaklab keldim, o’n besh yildan ortiq ota yurtim – Farg’onaginaning Beshariq’iga o’tolmadim. Ona yurt -Tojikistonimiz peshvosi o’z nomi bilan rahmonlik qildi, quchoq ochgan bolam Shavkatjonni bag’riga oldi, o’n yillik alamlarim yuragimdan chiqib ketdi. Mana, bahorda chegaralar ochilishi bilan Toshkenga borib keldim, amakilarim zurriyodlarini ko’zim ochiqligida ko’rdim, prezidentlarimizdan mingdan-ming minnatdorman. Qirq yil o’qituvchilik qildim, O’zbekiston, Qirg’iziston, Qozog’iston, uzoq Ukrainada ham sobiq o’quvchilarim, shogirdlarim bor, barchasi hol so’rab turishadi, hammasidan roziman. Lekin Beshariq yuragimdan joy olgan, dorbozu-polvonlarning hayqirig’ini eshitsam, hali-hali yuragim gum uradi, bolaligim dorbozlar ostida o’tgan, sog’inch dilimni o’rtar edi. Xudoga shukr, dorilomon kunlarga yetganimiz rost bo’lsin, el to’zimasin, polvonlarimiz yelkasi yer ko’rmasin, yurt tinch-osoyishta bo’lsin”, – deb duo qiladi Qunduzoy momo.
Tojikiston prezidenti O’zbekistonga rasmiy davlat safaridan so’ng poytaxt Dushanbega qaytib, Qurbon hayiti arafasida parlament oldida hisobot berar ekan, Toshkent safariga yuksak baho berib, ikki qo’shni mamlakatning do’stona aloqalari yangi bosqichga ko’tarilganini alohida qayd etdi.
“Bu rasmiy safar ikki qo’shni davlat tarixiga zarhal harflar bilan bitiladigan bo’ldi. Natijalar shuki, Tojikiston va O’zbekiston aloqalari strategik pog’onaga ko’tarildi”, – dedi o’z hisobotida Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon.
Ikki davlat liderlarining o’zaro tashriflari chog’ida kelishilgan rejalarga muvofiq Tojikiston prezidenti respublika hukumati, Tojikiston va O’zbekiston o’rtasidagi hukumatlararo aloqalarni rivojlantirish hamda mustahkamlash boshqarmasi, shuningdek, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish hukumat komissiyalariga erishilgan barcha hujjatlarning amaliy harakatini ta’minlash vazifasini yukladi.
Matn va suratlar muallifi Ravshan Shams