“Abdulloh qayerda?” O’zbekistonda bu savol ijtimoiy tarmoqlarda kun mavzusiga aylangan. Ikki haftadirki qayerdaligi noma’lum qolayotgan (Davlat xavfsizlik xizmatida ushlab turilgani taxmin qilinayotgan) 20 yoshli Abdulloh Tohirov taqdiriga Ichki ishlar vazirligi, uning advokati va o’zbek matbuoti aniqlik kiritishga muvaffaq bo’lmagan.
Bu ishga bosh qo’shgan “Yoshlar ittifoqi” tashkiloti tarqatgan xabarda aytilishicha, Tohirov ishi bilan Ichki ishlar vazirligi emas, boshqa idora shug’ullanmoqda va tez orada bu borada rasmiy ma’lumot beriladi.
Hozirgacha mavjud xabarlarga ko’ra, 15 kunlik qamoqqa hukm qilingan Abdulloh Rossiyada ishlab yurgan davrida internet orqali “yuqori lavozimli amaldorlardan birini so’kkanlikda” ayblanmoqda.
Bu Abdulloh Tohirov taqdiriga doir rasmiy ma’lumot emas, uning otasi Dilmurod Tohirovning matbuotga bildirayotgan gumoni. Haqiqatda esa O’zbekiston huquq-tartibot idoralari bu ish yuzasidan jamoatchilikka, uning yaqinlariga hanuz biror rasmiy ma’lumot taqdim etishmagan.
20 yoshli Abdulloh Tohirov 26-oktabr kuni Andijonda yuz bergan yo’l-transport hodisasidan so’ng hibs qilingan edi. U o’z boshqaruvidagi mashinada boshqa bir avtomobil bilan to’qnashuv sodir etganlikda ayblangan.
Keyinchalik Abdulloh to’qnashgan avtomobilning Andijon viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasining terrorizmga va ekstremizmga qarshi kurash bo’limi boshlig’i Qahramon Ergashevga tegishli ekani oydinlashdi.
Andijonda sodir etilgan yo’l-transport hodisasida ayblangan Abdulloh Tohirov shu kuni viloyat ichki ishlar boshqarmasidan poytaxt Toshkentga olib ketiladi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi vakilining Tohirovning otasiga bergan izohiga ko’ra, Abdulloh Toshkentda 15 kunga qamalgan, bunga uning Rossiyada ishlab yurgan paytida internet orqali “yuqori lavozimli amaldorlardan birini so’kkani” sabab bo’lgan.
Abdulloh Tohirov ustidan qachon, qayerda sud bo’lgani, u kimni, nima deb haqorat qilgani yuzasidan Ichki ishlar vazirligida ham, Abdulloh ishi bilan shug’ullanayotgan advokatda ham, hatto bu ishga diqqat qaratayotgan “Yoshlar ittifoqi”da ham aniq ma’lumot yo’q.
Abdulloh taqiri noma’lum qolar ekan, ijtimoiy tarmoqlarda “Abdulloh qayerda?” degan savol ommaviylashib bormoqda. Mamlakatda bir nechta nashrlar ham aynan shu sarlavha ostida maqola bosishgan.
Ikki haftaga yaqin qayerdaligi noma’lum qolayotgan Abdulloh Tohirov taqdiriga doir ijtimoiy tarmoqlardagi bu chiqishlarda vaziyat qatag’onlar davrini yodga solayotgani, huquq-tartibot idoralari o’z vakolatlarini suiiste’mol qilayotgani tanqid ostiga olinmoqda.
Bu chiqishlarda hatto rasmiy tashkilotlar, vazirlik, matbuot ham Tohirov ishi bilan qaysi davlat idorasi shug’ullanayotganini aytishdan cho’chib turganiga diqqat qaratiladi.
Xususan, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi o’z veb sahifasida voqeani qoralab, qonun oyoq osti bo’layotganini bildirgan va Bosh prokuraturani munosabat bildirishga chaqirgan.
Abdullohning otasi Dulmurod Tohirovning “Kun.uz” nashriga bergan intervyusiga ko’ra, 2018-yil Rossiyaga ishlashga ketgan o’g’li shu yilning may oyida O’zbekistonga qaytib kelgan.
26-oktabrdagi yo’l-transport hodisasi ortidan uning uyida tintuv ham o’tkazilgan, o’g’liga tegishli telefon, kompyuter va fleshka musodara qilingan.
Ayni paytda Abdulloh Tohirov ishi bilan advokat shug’ullana boshlagan, biroq uning qayerdaligini aniqlash imkonsiz qolayotgani aytilmoqda.
“Yoshlar ittifoqi” tomonidan tarqatilgan xabarga tayanilsa, Abdulloh Tohirov ishi bilan Davlat xavfsizlik xizmati shug’ullanayotganini taxmin qilish mumkin xolos.