Dunyo pandemiya halokatiga qarshi kurash bilan band ekan, Tojikistonda prezident Imomali Rahmon o’g’li Rustam Rahmonni mamlakat parlamenti raisi lavozimiga ko’tardi. Tojikiston siyosiy tuzumidagi keyingi qadamlar taxtning otadan o’g’ilga tortiq qilinishi bilan davom etishi bashorat qilinmoqda.
Qozog’istonda 30 yildan buyon, hatto prezidentlik vakolatidan soqit bo’lishi ortidan ham, mamlakat boshqaruvini qo’ldan bermay kelayotgan Nazarboyev hukumatiga nisbatan muxoliflarni hibs qilish muntazam voqeylikka aylanmoqda.
Koronavirus tahdidi soyasida bu bosim yanada avjga chiqqan, karantin choralarini buzganlik uchun sud tortilayotganlarning aksariyati hukumat tanqidchilaridan iborat. Karantin, favqulodda holat muxoliflarga nisbatan tahdid oshishi, hibslarga jiddiy asos yaratib bergan.
Muxolif faoliyatning o’zi bo’lmagan O’zbekistonda esa tizgindan chiqayotgan, karantin, kasallikka doir vaziyat haqida mustaqil fikrlar bildirgan bloggerlarga taqib kuchaygan.
Favqulodda vaziyat e’lon qilinmagan sharoitda tasdiqlanmagan ma’lumot tarqatish jinoyatga tenglashtirildi, keskin jazolar bilan ogohlantirildi.
Hukumat virus yuqishini bartaraf etish izohi bilan karantinga joylashtirilgan fuqarolardan axborot olish, tarqatishning asosiy manbasiga aylangan qo’l telefonlarni olib qo’yishga qaror qildi. Karantin sharoitlariga doir axborot tarqatish huquqi oddiy blogerlardan hukumat tasarrufidagi OAVga taqdim qilindi.
Turkmanistondagi vaziyat esa avvaldan ayon. Mintaqada demokratiya oroli bo’lgan Qirg’izistonda ham mahalliy jurnalistlar hukumat koronavirus bois OAV faoliyatini cheklovchi qarorlar qabul qilayotganidan norozilik bildirishmoqda.
Xalqaro miqyosda, xususan Yevropa Ittifoqida koronavirusga doir vaziyat demokratik qadriyatlarga ham tahdid solayotganidan, Sharqiy Yevropadagi ayrim a’zolar fursatdan foydalanib, pandemiya xavfidan o’z rejimlarini mustahkamlash uchun foydalanayotganidan xavotir kuchaygan.
Yevropa Ittifoqidagi bu xavotirlarni Markaziy Osiyodagi vaziyat bilan solishtirish o’rinsiz. Ayniqsa, mintaqa so’nggi chorak asr davomida diktatura va avtoritarizm rivojlanishi uchun qulay muhitga aylangani inobatga olinsa.
Ammo Markaziy Osiyo jamoatchiligi ham, dunyoning boshqa mintaqalaridagi kabi, erkin jamiyatda yashash orzusidan mosuvo emas, har holda jamoatchilikning faol qismi shunday huquqqa intilib kelyapti, ta’bir joiz bo’sa, kurashishda davom etmoqda.
Markaziy Osiyodagi siyosiy tuzumlar bilan bog’liq ikkilamchilik shundaki, diktaturaga, avtoritarizmga suyangan har bir hokimiyat o’zini jamiyatga, xalqaro jamoatchilikka ham demokratik davlat sifatida taqdim etadi.
Bu aqidaga ko’ra, O’zbekiston chorak asr muqaddam ham mintaqadagi eng demokratik davlat edi. Achinarlisi, uch yildirki islohotlarni boshdan kechirayotgan mamlakatda hozir ham jamiyatga singdirilgan bu safsataga ishonadiganlar bor.
O’zbek jamiyati cho’ktirilgan turg’unlikning tugashi, xuddi mamlakat mustaqillikka erishishi yillaridagi jarayonlar kabi, vaziyatga, taqdir taqozosiga taqaladi. Bu taqozolik mintaqada, jumladan O’zbekistonda, diktatura, avtoritarizm barqarorligi, tuzumning davomiyligi jamiyatga emas, boshqa tashqi faktorlarga bog’liq qolayotganini ko’rsatadi.
O’zgarishlar shiori ostida kechayotgan so’nggi uch yil davomida o’zbek jamiyati bu tarixiy xatolardan qanchalik xulosa chiqargani noma’lum. Xalqqa shaffoflik, erkinlik, demokratik qadriyatlar va’da qilayotgan amaldagi hukumat hozircha jamiyatga bunday imkoniyat taqdim etayotgani yo’q.
Imkoniyat talab qilayotganlar esa hozircha muloyim bosilmoqda. Pandemiya, karantin soyasida keskinlashib borayotgan choralar shu bois ham hushyor torttiradi.
Qolaversa, qaysidir bozorda kartoshka tanqisligi yoki narx-navo ko’tarilgani haqida yozish aholi o’rtasida vahima uyg’otish emas, qaytanga vahima bu fakt haqida yozmaslikdir. Pandemiya bois iqtisod og’irlashayotgani – oddiy haqiqat.
Erkin, demokratik jamiyat bu farovonlik, to’kin-sochinlik degani emas. Ammo, u – maqsadning, iqtisodiy taraqqiyotga erishishning muhim bosqichi. Bu bosqichga o’tilmasdan, iqtisodiy taraqqiyot boshlanmasligini tarix ko’rsatdi.
Pandemiya xavfi jiddiy, kurashish lozim, jumladan keskin karantin choralari bilan ham. Ammo, bu xavf hukumatlar qo’lidagi dastakka, vasvasaga aylanmasligi, odamlarni so’z, fikr erkinligidan mahrum qilmasligi kerak.
Malik Mansur