O`zbek futboli atrofidagi so`nggi vaziyat shu darajaga yetdiki, Babayan, Usmonov, Lobanov, Andreyev, Sergeyev kabi ismlarni o’qigan odamlarning sochi tikka bo`lyapti!
O`zbekiston Futbol Federatsiyasining milliy terma jamoa bosh murabbiyi Samvel Babayanni o`z o`rnida qoldirish haqidagi bayonoti muxlislar ustidan sovuq suv quydi. Agar O`FF bu qadam ularning hovurini bosadi deb o`ylagan bo`lsa, yanglish qaror, aksincha, u avj oldirgan alanganing nazoratdan chiqish xavfi bor.
O`FF o`zi bilib yoki bilmay o`t bilan o`ynashmoqda, chunki 90 foiz ishqiboz, agar 99 foiz bo`lmasa, Babayaning ketishini istaydi, shunday ekan O`FF kimning manfaatini himoya qilayapti, degan savol ko`ndalang turaverishi tabiiy.
O`FFning qarori
Bu qaror ortida turganlar kim? Mirabror Usmonov, Babayan va Tolibjonovdan iborat federatsiya rasmiylarimi? Usomonov va uning soyasidagilardan boshqa biror mutaxassis Babayan himoyasiga chiqqani yo`q, chiqamaydi ham. Chunki hamma Babayan termani o`ldirganini bilib, ko`rib turibdi!
Murabbiyning iste’foga ketishi uchun yana qanday asos lozim? Ha, aytgancha, Qatar tuhfa etgan so`nggi imkoniyatni yo`qqa chiqarish kerak! O`FF Babayanga “ish va vazifani oxirigacha yetkazib qo`yish uchun imkoniyat bermoqda”. Albatta, imkoniyat beradi, chunki Babayan bilan tuzilgan shartnomadan moddiy manfaatdorlar juda ko`p. Bu guruhning faqatgina millionlab maosh olayotgan Bosh murabbiydan iborat emasligi ham aniq, shunday ekan Babayan bilan shartnomani muddatidan avval to`xtatishdan muxlislardan boshqa hech kim manfaatdor emas!
Mana, nima uchun O`FF Babayan boshliq murabbiylar shtabiga ish va vazifani oxirigacha yetkazib qo`yish uchun imkoniyat bermoqda!
Mana, nima uchun Milliy termada faqat Babayan bilan til topisha oladigan futbolchilar ko`paymoqda, o`ynamoqda, jonini jabborga beradiganlar zahirada, ularning shavqi pasaygan!
Oddiy misol, nega legioner futbolchilarimizning saviyasi o`z klublarida emas, aynan MTJ o`yinida tushib ketmoqda, Sardor Rashidov misolida buni aniq kuzatish mumkin.
Mayli, Babayan oriyatdan mosuvo ekan, O`FFchi? Nega buni bilaturib Babayandan dushman yasamoqda, uni millionlarning g`azabiga nishon qilishda davom etayapti? 2006-yildan buyon O`FF rahbarligini hech kimga bermay kelayotgan Usmonovning o`zini muhofazalash uchunmi?
Afsus, Babayanni ketkazish uchun hamkorlik qilishga bel bog`lagan nashrlar Uff.uz, Kun.uz muxlislarni ruhlantirib, keyin o`zlarini bu kurashdan chetga oldi, aniqrog`i shunga majbur bo`lishdi.
Bu vaziyatga siyosatni aralashtirmoqchi emasman, ammo jamoatchilikning kayfiyati, istagi bilan emas, faqat sanoqli odamlarning manfaati uchun qabul qilinadigan qarorlar mavjudligi shunga majbur etadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda radikalizmni keltirib chiqarayotgan sabablar haqida gapirdi. Asosiy sabablar qatorida, jumladan, adolatsiz qarorlar qabul qilinayotgani, rahbarlar, idoralarning xalq bilan muloqot qilishni unutib qo`ygani keltirib o`tildi.
O`FFning bu qarori mililionlab muxlislarni g`azabga keltirganiga ortiqcha to`xtalishning hojati yo`q, bunday bepisandlik “xalq bilan muloqot” shiorining O`FF uchun biror qiymatga ega emasligini ko`rsatishi bilan birga, millionlab muxlislarni adolatsizlikdan to`lg`anishga mahkum etmoqda.
Ilojsiz qolgan odamlar O`FF raisi Mirabror Usmonovga emas, futboldan mutlaqo chetda turgan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovga shikoyat qilishayotganidan ham buni anglash mumkin.
Futbol ommaviyligi, xalqchilligi bilan farq qiladi, gap mag`lublik va g`oliblikda emas, mag`lubiyatni ham sharaf sifatida qabul qilish mumkin, faqat maydonda halol, chanqoq, saviyali o`yin ko`rsatilgan taqdirda.