Qozog’istondagi halokatda o’lim topgan yurtdoshlarimiz ruhi shod bo’lsin. Afsus, yurtni, jamoatchilikni kutilmaganda qayg’uga cho’mdirgan bu fojia hokimiyat va jamiyat o’rtasida jarlik hamon mavjudligini ko‘rsatdi.
Gap bugun ijtimoiy tarmoqlarda munozara bo’layotgan qurbonlar xotirasi uchun mamlakatda motam e’lon qilinishi zaruriyati haqida emas.
Jamoatchilik o’z motamini tutayapti, qurbonlar xotirasiga o’nlab marsiyalar bitildi, ular ruhi duo qilingan, yaqinlariga yupanch, sabr-bardosh tilangan ichkin, samimiy so’zlar aytildi.
Bu yupanchlar, tilaklar to’lqinida fojiaga doir oddiy savollar, halokatni surishtirish uchun hukumat miqyosida tuzilgan komissiya ishidan kutilgan natijalar, halokatning sabablariga doir tafsilotlar ham bir chetda qolgandek.
Oqto’ba fojiasi Prezident Shavkat Mirziyoyev davridagi yangi hokimiyat uchun dastlabki jiddiy sinov bo’ldi. Afsuski, hukumatda, rasmiy matbuotda, televideniyeda fojiaga nisbatan mavjud munosabat Karimov davridagidan kam farq qilgani bilan kuzatiladi.
Keng jamoatchilik fojiadan o’z vaqtida xabardor qilinmadi, ko’ngilochar dasturlar, kuy-qo’shiqni to’xtatmagan televideniye davlat rahbarlarining hamdardligini o’qishdan tashqari fojiaga deyarli diqqat qaratmadi, ilg’or saytlar faqat qozoq matbuotini ko’chirib bosish bilan cheklandi.
Xo’sh, nega, Oqto’baga maxsus samolyot jo‘natgan hukumat fojia joyiga birorta jurnalistni, matbuot vakilini olib ketmadi? Agar olib ketgan bo’lsa, nega hozirgacha u matbuot vakili, jurnalist jim?
Nega voqea joyidan qaytgan hukumat komissiyasi hozirgacha jamoatchilikka biror hisobot taqdim etmayapti, matbuot anjumani o’tkazmayapti?
Nega odamlar faqat Qozog’iston OAVlaridan olingan ma’lumotlar bilan boqilyapti?
Nega yong’inda omon chiqqan ikki nafar hamyurtimizning fikri hech qayerda yo’q, fojia haqida ular nima deydi, nega ular vatanga olib kelinmadi, 52 nafar farzandidan ajragan xalq oldida, o’z yurtida guvohlik berishi kutilayotgani hisobga olinmadi?
Yong’in qayerdan chiqqan, ikkinchi qavatdanmi, birinchi qavatdanmi? Nahotki, yong’inda qolgan o’zbeklar oynani sindirish quvvatida ham emas edi, degan gapga ishonish mumkin?
Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat komissiyasi nega jim, dastlabki xulosalar qani?
Nega bu fojia haqida faqat Qozog’iston hukumati tuzgan komissiya gapiryapti?
Savollar ko’p, agar fojiaga jinoiy guruhlar aralashgan taqdirda ham o’zbek jamoatchiligi har qanday sabablarni qabul qilish matonatiga ega, faqat bu ochiq aytilishi kerak!
Qozog’iston matbuotidagi ayrim chiqishlar mamlakat tranzit yo’nalishi, ayniqsa, xalqaro yo’nalishda yo’lovchi va yuk tashish tizimi reket bilan mashg’ul jinoiy guruhlar nazoratida bo’lgan, deb hisoblaydi. Bu haqda oddiy fuqarolar emas, qozoq parlamenti deputati gapirmoqda.
Qozog’iston huquq-tartibot idoralari fojiaga kriminal guruhlar aralashganini, avtobus qasddan yoqib yuborilganini rad etdi, ammo O’zbekiston tomoni olib borgan surishtiruv qanday xulosada?
Agar bu mudhishlik ayrimlar faraz qilayotganidek so’nggi paytda yaqinlashgan, iliqlashib borayotgan o’zbek-qozoq do’stligiga raxna solish uchun uyushtirilgan xuruj bo’lsa, bu ochiq aytilishi, o’zbek, qozoq jamoatchiligi ham gumonlarga berilmasdan vaziyatdan ogoh bo’lishi kerak.
Yaqin tariximiz odamlarni tahlikada ushlab kelish natijasiz siyosat, xalq ruhiyatini o’ldirgan asosiy tazyiq turi ekanligini ko’rsatib berdi, yana shubha-gumonlar urchishi uchun asos berishga hojat yo’q.
Malik Mansur