O’zbek matbuoti kasb bayramini nishonlayapti, 27- iyun O’zbekistonda matbuot kuni. Bayram arafasida matbuot mamlakatda hokimiyat almashganidan buyon kuzatilgan dastlabki jiddiy sinovdan o’tdi, yoppasiga bir nechta axborot nashrlari “texnik muammolar” girdobida qoldi.
Jamoatchilikka “texnik” muammoga uchrashi va uchramasligi mumkin nashrlar ro’yxatini taqdim etgan bu sinovdan jurnalistlar jamoa sifatida muvaffaqiyatli o’tdi deyish qiyin. Bosimga tushgan nashrlar himoyasi uchun dastlab O’zbekiston jurnalistlar uyushmasi emas, jamoatchilik chiqdi. Albatta, bu matbuotga nisbatan ishonch tiklanayotganini ko’rsatuvchi yaxshi natija, ammo jurnalistlarni tamsil etuvchi uyushmaning bu jarayondan chetda qolgani taassuf uyg’otdi.
Tishini ko’rsatayotgan matbuotni nishonga olgan bu hamla Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, unga o’zgarishlar davrida yangi rahbar tayinlanganiga qaramasdan, hamon tepa kayfiyatiga ko’z tikkan tashkilot sifatida qolayotganini ham ko’rsatdi.
Rasmiyatchilik qilsak, Prezidentning Jurnalistlar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish to’g’risidagi qarori (10-avgust 2017-yil) qog’ozda qolmoqda, uyushma o’z faoliyatini qarordan kelib chiqqan holda takomillashtirish haqida o’ylayotgani ham yo’q.
Tanqidiy matbuot to’siqqa urilgan bir sharoitda uyushma jurnalistlar uchun velemarofon o’tkazishi ehtimol yomon emasdir, ammo bu paytda aksariyat jurnalistlarning uyushmadan kutayotgan yordami dalda, so’z erkinligi uchun so’z, davlat idoralariga matbuotning maqomini hech bo’lmaganda eslatib qo’yishi edi. Qolaversa, Mirziyoyevning jurnalistlarga yo’llangan tabrigida ham, shu narsa matbuotning to’rtinchi hokimiyat maqomiga erishishi uchun zarur ekanligi ta’kidlandi.
Qo’shni Qozog’iston jurnalistlari uyushmasi o’z mukofotini senzuraga qarshiligi, axborot xavfsizligini davlat idoralaridan himoyalashdagi pozitsiyasi uchun Telegram asoschisi Pavel Durovga taqdim etganini inobatga olsak, O’zbekiston jurnalistlar uyushmasi hamon o’rta asrlarda yurgandek ko‘rinadi.
Har holda OAV xodimlarini kasb bayrami bilan tabriklash va sanoqli jurnalistlarni mukofotlash bilan kifoyalanayotgan O’zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi matbuotga nisbatan ishonchni qaytarish uchun kurashayotgan, shuning uchun “texnik mummolar”ga uchratilgan nashrlar vaziyatidan xabarsiz edi, deyish qiyin.
Hozirgacha so’z erkinligiga oid vaziyatni chetdan kuzatib kelgan uyushmadan biror munosabat kutish, albatta, bir qarashda haqiqatdan uzoq, afsus, uyushmani faqat tepadan berilgan turtki uyg’otishi mumkin, vaziyat emas.
Qolaversa, jamoatchilikdagi muhokamalarning o’zi Jurnalistlar ijodiy uyushmasi fikriga hojat qoldirmadi, matbuot himoyasiga xolis, tezkor, mustaqil OAVni istayotgan jamoatchilik chiqdi, ijtimoiy tarmoqlar senzura to’xtatilishi lozimligiga doir muhokamaga to’ldi, jamoatchilik nomidan prezidentga, boshqa davlat idoralariga murojaatlar yog’dirildi.
Nima bo’lganda ham, bayram arafasida axborot nashrlariga qo’llangan texnik muammolar yechimini topdi. Kun.uz, Sof.uz, Azon.uz. Qalampir.uz, Xabar.uz saytlari ishlay boshladi. Ayni paytda ularning aynan bayram kuniga kelib ishlay boshlagani yangi shubha-gumonlarni o’rtaga chiqaradi.
Ishga tushgan nashrlar muammo nimalardan iborat bo’lgani haqida jamoatchilikka ochiq bir narsa aytishmadi. Mutasaddilar bilan o’tgan muzokaralarda faqat texnik muammolar bilan cheklanganmi yoki jurnalistika yuzasidan, nimalarni yoritish, yoritmaslik tavsiyasi yuzasidan ham gap borganmi? Hozircha bular noma’lum, ammo tabiiyki, buni tahririyatlarning keyingi faoliyati ko’rsatadi.
Har holda ilk bor O’zbekistonda OAV kuni matbuotdagi, jurnalistlardagi bir jonlanish bilan kuzatilayotgani xayrli ko’rinadi.