Prezident Shavkat Mirziyoyev ko’rsatmasi ortidan 1-dekabrdan internet tezligini 10 barobarga oshirishga va’da bergan “Uztelekom” ijtimoiy tarmoqlarda keskin tanqid ostida qoldi. 1-dekabrdan to’rt kun o’tib ham O’zbekistonda internet bilan bog’liq vaziyat o’zgarishsiz qolayotgani aytiladi. Tarmoq faollari “Uztelekom”ni “toshbaqani uchirishga va’da bergan” yolg’onchiga qiyoslashmoqda.
Prezident Mirziyoyev yil davomida axborot texnologiyalari, kommunikatsiya, internet orqali xizmat ko‘rsatish sohasini bir necha bor tanqid ostiga olgan edi.
So’nggi bor bu masala sentabr oyida Mirziyoyev yetakchiligida o’tgan hukumat yig’ilishida muhokama qilindi. Prezident axborot texnologiyasi sohasida o’zgarishlar sezilmayotganini ta’kidladi, 23 milliondan oshiq mobil aloqa foydalanuvchilari mavjud mamlakatda internet tezligi o’ta sustligini tanqid qildi.
Hukumat yig’ilishidagi bu tanqidlar ortidan “Uztelekom” 1-dekabrdan boshlab O’zbekistonda internet tezligi 10 barobarga oshishi haqida bayonot berdi.
Ammo internet foydalanuvchilari orziqib kutgan 1-debardan to’rt kun o’tib ham O’zbekistonda internet tezligi bilan bog’liq vaziyat o’zgarishsiz qoldi, bu esa ijtimoiy tarmoqlarda “O’zbektelekom”ga nisbatan ashaddiy tanqidlarni, kesatiq va hajvni boshlab berdi.
Shunday izohlardan birida “Texnik sabablarga ko’ra 1- dekabr sanasi O’zbekistonda boshqa kunga ko’chirildi. Hurmat bilan “O’ztelekom”, deyilsa yana bir foydalanuvchi “Sodda ekanman, toshbaqa uchadi desa ishonaveribman, eexxx…”, degan yozuvlarni qoldiradi.
“Uztelekom” haqidagi tanqid, kesatiqqa to’la bu kabi izohlarni ijtimoiy tarmoqlarda ko’plab uchratish mumkin. “Turon24” ularni jamlab, alohida maqola ham tayyorladi.
Ammo shunisi diqqatliki, va’da qilingan 1-dekabrdan bir necha kun o’tishiga qaramasdan “O’zbektelekom” vaziyat yuzasidan ham, ijtimoiy tarmoqlarda kompaniyaga nisbatan bildirilayotgan tanqidlarga ham biror izoh bermagan.
Avvalroq O’zbekistonda 1-dekabrdan boshlab internet tezligi 10 barobarga oshishi haqida matbuotda “Uztelekom” ga asoslanib xabar tarqatilgan edi.
Ta’kidlash joiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev axborot texnologiyalari sohasini tanqid qilishiga sabab faqatgina mobil aloqasidan foydalanayotgan 23 million atrofidagi o’zbekistonliklar manfaati emas.
So’nggi paytda O’zbekistonga xorij investitsiyasini, sayyohlarni jalb qilishga doir o’tkazilgan tadqiqotlar mamlakatda internet sifati pastligi sarmoyadorlar talabiga javob bermasligi, bundan tashqari, bu mamlakatga kelgan xorijlik sayyohlar to’qnash kelayotgan asosiy muammolardan biri bo’lib qolayotgani haqida xulosalar berdi.
Mirziyoyev sentabr oyida o’tkazgan hukumat yig’ilishida asosiy diqqatni aynan shunga, axborot texnologiyalari xorij sarmoyalarini jalb qilishda ilg’or o’rin tutishi zarurligiga qaratgan edi.
O’zbekiston axborot bozoridagi boshqa bir muammo – xorijdagi mustaqil axborot nashrlarining to’sib qo’yilishi, bloklanishi yaqin o’n yillardan buyon davom etayotgan tajriba hisoblanadi.
Mamlakatda mustaqil axborot nashrlarini bloklash tajribasi davom etayotgani Karimov davrida ham, hozirgi yangi hokimiyat davrida ham ochiq tan olingani yo’q. Bundan tashqari, yangi hokimiyat davriga kelib mamlakatda ancha ommalashgan Facebook, Yotube kabi ijtimoiy tarmoqlarga bevosita kirish ham qiyinlashgan.