Shu yil aprel oyida O`zbekiston Respublikasi prezidentining xorij investitsiyalarini mamlakatga bevosita jalb qilishni takomillashtirish to`g`risida qarori e’lon qilingan edi. Shundan buyon o’tgan to’rt oy davomida mamlakatdagi bir nechta yirik xorij kompaniyalari davlat tomonidan bosimga uchradi.
O`zbekistonda muammoga uchragan korxonalarning so`nggisi Rossiya sarmoyadorlariga tegishli MTS aloqa kompaniyasidir. Bundan avvalroq Hindiston bilan hamkorlikdagi “Spantex” to`qimachilik korxonasi, Bekobod va Quvasoydagi sement zavodida qozog`istonlik tadbirkorlarga tegishli aksiyalar muammoga yuz tutgan edi.
Bulardan tashqari daniyalik investorlarga qarashli “Karlsberg Uzbekistan” pivo zavodi, shuningdek, Bekobodagi turk sarmayodarlari ishlatayotgan ikki korxona ham faoliyatdan to`xtadi.
O`zbekistonda o`z faoliyatini to`xtatishga majbur korxonalarga qo`yilayotgan ayblar, asosan, soliq va moliyaviy tizimdagi qonunbuzarliklarga aloqador.
MTS bilan bog`liq mojaro ham bundan mustasno emas. Ayni paytda kompaniya faoliyatini taftish qilish davom etmoqda. Korxonaning bir nechta xodimlari hibsda, tergov qilinmoqda. Rossiya shirkatining O`zbekistondagi bo`limi soliq to`lashdan bo’yin tovlaganlikda, xususan, 27 million dollarga yaqin mablag`ni yashirganlikda ayblangan.
So`nggi xabarlarga ko`ra, O`zbekistonda MTSga tegishli hisob raqamlari ham muzlatib qo`yilgan. 9 milliondan oshiq mijozga ega aloqa kompaniyasi O`zbekistonda xizmat ko`rsatishni qayta tiklashi ehtimoldan uzoq ko`rinadi.
MTSning Moskvadagi bosh shirkati kompaniya O`zbekiston bozoridan majburan siqib chiqarilganini da’vo qilmoqda. MTS nazarida uning xodimlarini asossiz ravishda moddiy tovlamachilikda ayblashmoqda.
MTS O’zbekistonda iste`molchilar huquqini buzganlikda ham ayblanmoqda. Tashkilot bu ayblovlarni ham rad etgan.
Kompaniya rahbariyatiga ko`ra, aloqa tarmoqlari O`zbektelekom tomonidan o`chirib qo`yilgan, bunday sharoitda aholiga xizmat ko`rsatishni tiklash imkonsiz.
MTS bilan bog`liq mojaro bir muncha avval kompaniyaning O`zbekistondagi rahbari Bekzod Ahmedov mamlakatdan qochib ketgandan so’ng boshlangan edi.
O`zbekiston katta miqdordagi mablag’ni o`zlashtirishda ayblanayotgan Behzod Ahmedvni Interpol orqali qidiruvga bergan. Ahmedovning daragi esa keyinchalik Moskvadan chiqdi, ayni paytda uni O`zbekistonga qaytarilgani va hibsga olingani haqida ma`lumotlar bor.
MTS bilan bog`liq jarayon O`zbekistonda faoliyati to`xtagan boshqa xorijiy korxonalar taqdiriga juda o`xshash. E`tiroz va ayblovlar deyarli bir xil.
O`zbekistonda biznes yurtishga qaror qilgan kompaniyalar mahalliy shart-sharoitlarni inobatga olishlari lozim. Bu shartlar biznes yuritishning qonuniy yo`llarini samarasiz va hatto imkonsiz qilib qo`yadi.
Tahlilchilarga ko’ra, xorij sarmoyadorlarini O’zbekistonda ishlashdan to’sadigan narsa bu korrupsiyaning keng tarqalganligi, erkin iqtisodiyot tizimining yo`qligi hamda biznes ustidan siyosiy bosimning mavjudligidir.
MTS bilan bog`liq mojaroda ushbu sabablardan qaysi biri ko’proq rol o’ynagani hozircha noma`lum. Ayrim mulohazalarga ko`ra, bu mojora ortida siyosiy sabablar yot`gani haqiqatga yaqinroq.
Malik Mansur, Germaniya