Xullas, bir kun avval hammani ruhlantirib turgan Braziliya umidi “Paxtakor” stadionida chilparchin bo`ldi!
Kimdir bu mag`lubyatga ko`nikdi, kimdir hanuz tushkunlikda (hamon umidni yo`qotmaganlar diqqatiga – FIFA Iordaniyani Brazilya poygasidan chetlashtirish niyatida emas, jamoa muxlislarining Ammondagi bezoriligidan qat‘i nazar).
Iordaniya bilan o`yin bir narsani – milliy terma jamoaning taktika borasidagi surunkali kasalligi yanada qo’ziganini ko‘rsatdi.
Aniqrog`i, bu uchrashuvgacha yetib kelgan O`zbekiston termasida taktik o`yin haqidagi tushunchaning o`zi yo`qolib bo`lgandek edi. Iordaniya bilan o`tgan so`nggi ikki uchrashuvdagi ustunlik o`yinchilarimizni texnik ko`rsatkichlari evazigagina saqlanib turdi. To`p bilan ishlash mumkin, ammo jamoada aniq taktika yo`q ekan, to`p darvozaga kirmaydi.
Mirjalol Qosimovning iste`fo haqidagi bayonoti esa ancha kechikib, so`nggi umid ham yo`qolgach e’lon qildi (Zotan, milliy terma jamoa endi uzoq tanaffusga chiqadi). Qosimov bunday bayonot uchun o`zida avvalroq iroda topishi kerak edi – Jahon chempionatiga to`g`ridan to`g`ri chiqish imkoniyati boy berilgandayoq. Ko’plab futbol ishqibozlarining fikri shunday.
Har holda Qatar bilan o`tgan uchrashuvdan keyingi muddatda terma jamoada qandaydir yangiliklar qilish uchun imkoniyat bor edi. Shunday bo`lgan taqdirda, bu qadam Qosimovni bugungi tanqidlardan xoli qilishdan tashqari, terma jamoaning shakillanishi uchun ham vaqt berardi.
Qosimov sidqidildan harakat qilganiga shubha yo`q, ammo professional futbolchi sifatida jamoa tayyorgarligini me`yoriga yetkaza olmayotganini ilg`amagan deyish ham qiyin.
Alamli mag`bulyatdan keyin muxlislar orasida toshayotgan ehtirosli tanqidlardan jurnalistlar ham chetda qolayotgani yo`q. To`g`ri, O`zbekistonda matbuot keskin nazoratda, jurnalistlar ijtimoiy muammolar qarshisida sukut saqlashga majbur. Bu sukutning sababi esa Prezidentga, uning devoniga taqaladi.
Biroq, ajablanarli jihati shundaki, bu tanqidlar mutasaddi rahbarlarni “yuvib-tarayotgan” siyosiy maydondagi jurnalistlarga emas, milliy futboldagi muammolarni baholi qudrat yoritib turgan Uff.uz, Stadion.uz kabi nashrlarga ham qaratilgan. Quyida Uff.uz saytida muxlislar tomonidan qoldirilgan ayrim izohlarni e’tiboringizga havola qilamiz:
#211. | 2013-09-11 16:44:57 |
PAHTAKOR_SH
Jurnalistlar deganda bu saytlarni yurgizayotgan bolalarni aytib bo’lmiydi-da, o’zi bularda “dux” yo’q-ku. Yosh bola hammasi halq so’zi o’zbekiston ovozi shunga uhshash siyosiy gazeta jurnalistlariga borishimmiz kerak shunda biror bir ijobiy natijaga erishsak buladi darakchi gazetasini ham auditoriyasi kotta kottalar uqiydi bular uzidan qorqib yurivorishadi nima qilsak ekan deb siyosiy gazeta muharrirlariga berish kerak |
Ehtimol bu izoh mualifi futbol nashrlaridan boshqa matbuotni o`qimas, har holda, bu narsa boshqa sayt foydalanuvchilari tomonidan ham ilg`angan:
#212. | 2013-09-11 16:51:08 |
OTABEK0505
Сиз точно ҳазиллашаяпсиз! Ўзбекистонликмисиз ўзи? Халқ сўзи ёки Ўзбекистон овозида қачон охирги марта танқидий мақола ўқигансиз? |
#199. | 2013-09-11 15:43:22 |
MEKSIKA2011
Илгари Руний деган бир журналистимиз бор эди. Ўша йигит футболимиз рахбарларини камчиликларини очиб ташлагани учун уни қамаб юборишди. Шу сабаблиям ҳозирги журналистларимиз қўрқса керакда!! |
#198. | 2013-09-11 15:42:32 |
UZ_INTERELLO
Журналистлар катта сахнага чикмаса нима килиб юришибди. узи бундан бошка киладиган ишилар борми, нима учун юрибсанлар журналистман деб унакада!!!!????????? |
#192. | 2013-09-11 15:05:52 |
FITRAT
Хурматли журналистлар! Хуп майли сизларни хам тушундик. Сизларда хам оила, бола-чака бор. Рузгор бор. Сизларга айримлардан босим булиши мумкин. Тушунамиз. АММО… Келинг бир таклиф. Хамма мухлислар номидан уша футболнинг юкори мутасаддиларини чакириб бир жойга йигиб, барча спорт журналистлари, тегишли мутахассислар, бир гурух мухлислар куз унгида худди Гулнора Каримова якинда Чирчикда утказган онлайн конференция ташкил этганга ухшаган анжуман ташкил килсаларинг буладику! Мутасаддилар термамиз нима учун бу ахволга тушганини халк сурашга хакки борми, йукми? Мутасаддиларга шу мурожаатни билдириш шунчалик кийинми? Агар сиз мурожжат килиб, улар рад жавоби берса, гунох сизлардан сокит. Ана ундан кейин халк олдида сизнинг хам юзингиз ёруг булади. |
Aslida, boy berilgan o`yindan keyingi ehtiroslar, alam va iztiroblar ko`cha-kuydagi ur-yiqitlar, bezorilik bilan emas, aynan shu kabi nashrlar taqdim etayotgan maydonda to`kilmoqda.
“Paxtakor” satdionidagi uchrashuvdan keyin Stadion.uz saytida boshlangan sukut hatto bir qadar xavotir ham uyg`otadi. Shaxsan Mirabror Usmonov tomonidan nishonga olingan, tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan bu nashrda negadir kechagi o`yin haqida ham, Qosimov iste`fosi haqida ham lom-mim deyilmadi. Nashr jurnalistlari alamli mag`lubiyatdan hali ham o’zlariga kela olmayotgan bo’lsa ajab emas.
Diqqatlisi, mayli, hozircha futbol muxlislari darajasida bo`lsa-da jurnalistlarga nisbatan e`tirozlarning ochiqlashayotgani, ijtimoiy hayot, jamiyatda jurnalistlar o`rniga ehtiyoj sezilayotgani, ta’bir joiz bo`lsa, xolis jurnalistikaga nisbatan talabning shakillanayotganidan dalolatdir, deya o’zimizni ovutamiz.
Chilparchin bo`lgan Braziliya umidiga qaytsak. Milliy terma jamoada nimadir noto`g`ri ketayotganini, dastlab, shu “dux”siz jurnalistlar payqadi. Bu haqda yozildi, tahlil qilindi. Natija shunday tugashini sezishgandek, O`FF mutasaddilariga murojaat bilan ham chiqishdi. Ammo bu mulohazalar O`FF prezidenti Mirabror Usmonov tomonidan keskin tanqid bilan kutib olindi.
Xulosa shuki, agar o`z vaqtida o`zbek futboli jamoatchiligini tashkil etgan jurnalistlar fikri bilan hisoblashilganda, “Paxtakor”dagi shonsiz jang g`alaba bilan tugashi, minglab muxlislar iztirob o’tida qovrilmasligi aniq edi!
Malik Mansur