Markaziy saylov komissiyasi prezidentlik uchun kurashadigan nomzodlarni ro`yxatga olib bo`ldi. Hammasi risoladagidek; maydonda Karimov bir o`zi emas, uning amriga ko`z tikib turgan “raqiblar” bor.
Natijani saylovning barcha ishtirokchilari oldindan biladi – Karimov ham, “raqiblar” ham, xalq ham.
Saylov prezident tanlash uchun emas, bunisi ham ayon – vakolat tugadi, yangi muddat rasmiylashtirilishi kerak, hechda uzoq-yaqindagi qo`shnilarning ko`zi uchun, qolaversa, xalqaro jamoatchilik degan tushunchalar bilan ham hisoblashish zarur.
Xullas, nega Karimov nomzodi 25 yildirki, sahnada qolayotganini rasman hech kim izohlamaydi. Chorak asrlik ashaddiy boshqaruv esa allaqachon O`zbekistonni Karimovsiz tasavvur qilib bo`lmasligi haqidagi afsonalar yaratib bo`ldi. Karimovning izohsiz qolayotgan hukmdorligi ham ko`proq shu afsonalarga asoslangandek.
Shubhasiz, Karimov nomzodni ilgari surgan Liberal demokaratlar partiyasi saylov targ`ibotida bu afsonani yanada bo`rttiradi. O`zbekiston allaqachon farovonlikka erishganini, barqaror rivojlanish, buyuk kelajak faqat Karimov bilan bog`liqligini madh etadi, afsonani aholi shuuriga singdiradi.
Tabiiyki, Karimov hukmronligi davrida boy berilgan imkoniyatlar, qashshoqlik, korrupsiya, cho`kkan milliy ruh, o`zbeklar ish, tirikichilik ilinjida dunyoni darbadar kezayotgan xalqqa aylanganini hech kim eslamaydi.
Karimovning saylovdagi “raqib”lariga bu haqda gapirishga ijozat berilmagan, tushovlangan matbuot esa o`z ishini qilayapti, afsonani kuchaytirmoqda.
Bugun hatto tuzumga qarshi bo`lib kelgan ayrim faollar ham mavjud vaziyatda Karimovdan boshqa birov mamlakat boshqaruvini eplashiga jiddiy shubha bidiradi.
Bu mantiqqa tayanilsa, hatto 30 yillik urush girdobida qolayotgan Afg`onistonda ham demokratik saylov o`tkazish mumkin, faqat barqaror O`zbekistonda emas. Chunki Karimovdan boshqasi davlatni boshqara olmaydi, beqarorlik boshlanadi.
Albatta, savol tug`iladi: Karimovning barqarorlik kafolati ekaniga ishonch shu qadar kuchli ekan, nega uning amridan tashqarida bo`lgan biror nomzod saylovga qo`yilmadi?
Xalqning beqarorlik uchun ovoz berishidan xavotir kuchlimi yoki Karimovning o`zi haqiqiy ochiq saylovdan qo`rqadimi?
Hatto, maydonda unga muqobil bo`lishga qodir real kuchning o`zi yo`q bo`lgan bir vaziyatda ham-a?
“Karimovga muqobil siyosiy kuch yo`q”, degan qarashlarni inkor etib bo`lmaydi Haqiqatda shunday, amalda ko`rinayotgani raqobat o`rnidagi ulkan bo`shliq.
Saylov arafasida bu bo`shliq hukumatning davomli repressiyasi asosida yaratilganini ta’kidlash ikkinchi darajada.
Ammo, qanchalar taajjubli tuyulmasin, tazyiqlar zo`raygani umiddan ham darak beradi. Karimov afsonasiga darz ketgani, tuzumni o`zgartirishga da’vogarlar borligi haqida.
Shu ma`noda Virtual saylov komissiyasi – mayli, bu tashabbus imkonsizlikdan tug`ilgan, virtual faoliyat bilan cheklangan bo`lsin – muqobil nomzodlar taqdim etayotgani bilan diqqatli ko`rinadi.
Siyosiy ambitsiyaga ega yoshlar ham borligidan darak berayotgan bu tashabbus ehtimol suyagi siyosatda qotgan nomzodlarning amaliy qadamlar tashlashiga ham turtki bo`lar.
Axborot bugun, asosan, internet vositasida olinayotganini inobatga olsak, har holda bu tashabbus Karimov O`zbekiston uchun muqobilsiz emasligi tasavvurini beradi. Ayniqsa, tanlovsiz o`tayotgan saylovlar, o`zbek muxolifati tushunchasi tobora xiralashib borayotgan bir paytda.
Malik MANSUR