O`zbekiston mintaqa gigantiga aylanishga hozirlanmoqda. Islom Karimov O`zbekistonni 20 yillik ixtiyoriy izolyatsiyadan chiqarish qarorida”, – deb yozadi rossiyalik ekspert Aleksandr Sobyanin.

Shubhasiz, O`zbekistondagi hozirgi vaziyat soyasida bu o`ta jarangdor bayonot.  Ehtimol, bu jarangdorlik  boshqa bir maqsadda qilingan, haqiqatdan uzoqdir. Har holda, bir blog doirasida buni mulohaza qilib ko`rish mumkin.

Rossiyaning Strategik Konyukturalar  Markazi saytida e’lon qilingan suhbatda Aleksandr Sobyaninning aytishicha, Islom Karimovning  mamlakatni izolyatsiyadan chiqarish ixtiyori G`arbning moliyaviy va harbiy ko`magiga tayanadi va bu O`zbekistonni yaqin yillarda mintaqa gigantiga aylantirishi kerak.

Soddaroq qilib aytadigan bo’lsak, O`zbekiston siyosatida yaqin orada o`zgarishlar boshlanishi taxmin qilinmoqda. Ammo bu bashorat qanchalik asosli?

Islom Karimovning mamlakatda oshkoralik boshlanishiga yo’l berishini tasavvur qilish qiyin.  Lekin, beixtiyor so`nggi kunlarda kechgan voqeliklardan bu taxminlarni asoslovchi biror ishora topishga harakat qilasan…

Prezident kasalligi haqidagi gap-so`zlar ortidan Islom Karimov o`z faolligini ancha jonlantirgan ko`rinadi.

Moskvada ikki kunlik murakkab kechgan rasmiy safarda bo`lib qaytgan Islom Karimov Toshkentda zamonaviy uy-joy qurilishiga bag`ishlangan xalqaro konferensiyada qatnashdi.  Mazkur konferensiya xalqaro miqyosdagi yirik moliyaviy banklarni jalb qilgani bilan diqqatli.  Unda Xalqaro valyuta Jamg`ramasi, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki,  Osiyo taraqqiyot banki vakillari ishtirok etdi. Islom Karimov Oqsaroyda ITB rahbarini, bir kun o`tib esa OTB rahbarini qabul qildi.

Ayrim kuzatuvchilar nazarida, prezident bu konferensiyada o’qigan ma`ruzasida o`zidan keyin hokimiyatga qanday odam kelishini istashi haqida ishora bergan. Nutqda Karimov orzusidagi voris yosh, zamonaviy axborot texnologiyalarini yaxshi tushunadigan rahbar sifatida gavdalanadi.

Karimov, shuningdek, qishloq joylarida qurilayotgan zamonaviy uy-joylarning internet tarmog`iga ulanayotgani, natijada ingiliz tilini o`rganish ommaviy yo`lga qo`yilgani va yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida gapirgan.

Gap shundaki, prezident, avvalroq, Toshkent viloyat hokimini o`zgartirish marosimidagi nutqida ham yoshlar va internet yaratayotgan imkoniyatlarga ahamiyat qaratgan edi. Islom Karimov, shu bilan birga, Toshkent viloyat kengashi sessiyasidagi nutqida O`zbekiston uchun noqulay mavzulardan biri  bo’lgan “arab bahori” voqelariga ham to`xtalib o`tdi:

“Internet tarmog‘ini qandaydir temir devor bilan to‘sib, taqiqlash – bu mutlaqo aqlga sig‘maydigan ish. Mana, jahonning ayrim mintaqalarida, arab dunyosida turli notinchlik va qarama-qarshiliklar yuz bermoqda. Bu holatning sabablari ko‘p, lekin ularning aksariyati yoshlarga, ularning hayotiy manfaatlarini hal qilishga yetarli e’tibor bermaslik natijasida sodir bo‘layotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi”, – dedi prezident.

Qizig’i shundaki, Islom Karimov aqliga  sig`mayotgan amal, ya’ni  internetni to`sish O`zbekistonda o`n yillardan buyon muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinmoqda. Bundan Islom Karimovning o`zi ham yaxshi xabardor. Shunday ekan, nega u bu mavzu tilga olmoqda,  kimga, nimaga ishora qilmoqda?

Oliy Majlis “Davlat organlari faoliyatida ochiqlikni ta`minlash  bo`yicha” qonun loyihasini sinovdan o`tkazayotgani,  Samarqandda boshlangan tajriba  mahalla qo`mitalarini  internet tarmog`iga ulash,  mahalla veb-sahiflarini ochish kabi choralarni nazarda tutayotgani ham shu ishoralar jumlasidan.

Qolaversa, Islom Karimov demokratiya va inson huquqlari masalasida bugun har qachongidan ko`ra kamroq bosim ostida. AQSh ham, Yevropa Ittifoqi ham Toshkent bilan munosabatlarida  ehtiyotkorlik bilan ish tutmoqda, ortiqcha umidlarga berilmayotgandek.

Har holda AQSh Davlat Kotibi yordamchisi Mayk  Hammerda  O`zbekiston safari silliq taassurot qoldirdi.

Ehtimol, voris masalasining dolzarblashgani hukumatdan o`zgarishlarni amalga oshirishni, jamiyatda nisbatan ochiqlikni yo’lga qo’yishni  talab qilayotgandir.   Xullas, esayotgan siyosiy shabadalar yaqin yillar ichida kutilayotgan jiddiy o’zgarishlar haqida darak berayotgandek.

Aslida bunday ishoralarning yuzaga chiqqani yangilik emas. So`ngi yigirma yil davomida ular  yetarli darajada kuzatilgan. Esda qoladigan muhim voqelik shuki, O`zbekistonning mintaqadagi o`rni so`nggi yigirma yil davomidagi izolyatsiya bois jiddiy cheklangan.

Nazarimda, jamiyatga erkinlik imkoniyati berilishining  o`ziyoq  O`zbekistonni  mintaqadagi tarixiy o`rnini tez fursatda tiklaydi.  Buning uchun esa rahbariyatda siyosiy iroda kerak, xolos.

Malik Mansur, Germaniya