Zohir A'lam

Zohir A’lam

Taniqli yozuvchi Zohir A’lam 71 yoshida vatanida tuproqqa qo`yildi. Uni so`nggi yo`lga kuzatgan va kuzata olmagan do`stlarning barchasi uchun bu bu katta qayg’u bo’lgani shubhasiz.

Zohir A`lam taqdiri o`zbek shaxsiyatini ulug` bilgan millat ziyolisining murakkab va achchiq bir hayot yo`lini ko`rsatadi.

Yozuvchining o`limidan keyin ham adabiy jamoatchilikdagi mavjud sukut o`z vatani, millati taqdiri haqida hamisha to`g`ri so`zni ayta olgan adibni xotirlash hamon xatarli ekanidan dalolat beradi.

Zohir A’lamni avvaldan yaxshi bilardim, lekin so`nggi yillarda uni bevosita tanish imkoniyatiga ega bo’lgandim. Toshkentda ba`zan ish yuzasidan, ba`zan esa do`stlar davrasida gurunglashish uchunu bilan uchrashib turardik.

Xotirada uning bosiq, biroz kinoyali tabassumi qalqiydi.

O`sha paytlar zamondan,  atrofdagi jamoatchilikdan hafsalasi pir bo`lgan yozuvchi millat shaxsiyatini qadimiy bitiklardan izlayotgan edi. Turklar haqidagi eng qadimgi, birlamchi manbalarni qidirib, topganlarini o`zbekchaga o`girayotgan yozuvchi uchun bu izlanish uni atrofdagi majruhlikdan chalg`ituvchi bir qanoat ham edi.

Zohir A`lam o`zbek xalqining qat’iyatli vakillaridan edi, uning qat`iyati bosiqlikda ko`rinardi. O`zbek tiliga davlat maqomi berilishidagi xizmati katta bo`lgan yozuvchining millatga, tilga hurmati chuqur, sobit edi.

Poytaxtdagi martabali va nufuzli ziyolilar ham Toshkent shevasiga o`tib ketayotgan bir davrda, asli toshkentlik adibning o`zbek adabiy tilida jonli, tabiiy gapirishi yuksak madaniyat va ehtiromdan darak berardi.

Zohir A`lam o`zidagi tuyg`ularni, vatan va millat haqidagi taassurotlarini yoshlarga, o`quvchilariga yetkaza olmadi. Nazarimda, bu borada uning izlanishlari ham, aytadigan gaplari ham ko`p edi. Adib nashriyotlardan ham, jamoatchilikdan ham chetga surildi. Jamiyat hayotini o`z taqdiri bilan bog`lagan yozuvchi uchun bu juda og`ir edi.

Zoh`ir A`lam odamlar soyasidan ham qo`rqayotgan bir muhitda nafaqat haq so`zni ayta olgan, balki o`z taqdirini, hayotini shu haqiqat uchun tikkan kam sonli adiblardan edi. Shu ma`noda yozuvchining uzlatga chekinish qarori uning sukunatdagi isyoniga o`xshardi.

Nazarimda Zohir A`lam nafaqat ijodi, balki shaxsiyati, irodasi bilan ham o`zbek adabiyotida, jamiyatida o`ziga xos iz qoldirdi.

Asarlari darsliklardan olib tashlanishi, uzlatga ketishni ixtiyor qilishi Zohir A`lamni millat xarakteri va iztiroblarini o`ziga singdirgan yorqin shaxsiyatga aylantiradi.

Yurt mustaqilligi uchun kurashda oldingi safda turgan Zohir A`lam o’zi umid qilgan istiqbolni ko`rmadi, uning tasavvuridagi erksevar avlod yetishadimi, yo`qmi, bu ham noma`lum.

Har holda bunday yoshlarga o`rnak bo`luvchi Zohir A`lam doxil avlod chig`iriqdan o`tkazildi, kimlarningfir ruhi sindirildi, kimlardir sotib olindi. Ruhi bukilmaganlar zulm ostida qoldi, qamoqqa tashlandi, quvg`inga solindi, tarqoqlantirildi, begona qilindi.

Vatanda bu avlod vakillarini bir davraga yig`ish, o`zaro gina-kuduratlardan xoli bo`lish, ular ruhiyatini singdrish niyati bor edi, ammo afsus bu niyat amalga oshmadi.

Erk, vatan qadri uchun kurashish, yashash timsolini bergan bu avlod vakillari esa jimgina birin-ketin oramizdan ketmoqda.

Biz bu avlod qudratidan nisbat ola bilamizmi, yo`qmi, bunisi noaniq, ayniqsa yolg`onga cho`ktirilgan bugungi avlod qarshisida bu narsa yanada  umidsizdek ko`rinadi…

Malik Mansur