http://sptimes.ru/archive/img/1773/2013_08_13_22_21_1773_02_Migrants.jpg

Rossiyadagi mehnat muhojirlari © AP

Yaqin bir do`stimdan xat oldim. U mendan Rossiya fuqaroligini olish imkoniyatlari haqida so`rabdi. Og’aynimning yozishicha, sharoitdan kelib chiqib va istiqbolni o`ylagan holda Rossiya fuqaroligini olish yomon emas.

Ikki yildan buyon xorijda yurgan mendek odam uchun vatanda o`z istiqbolini ko`ra olmayotgan do`stga maslahat berish og`ir.

Do`stim ziyoli odam, mamlakat hayoti va taqdiriga befarq emas. Hozirgacha umid bilan yashadi. Qiyinchiliklarni o`tkinchi deb hisoblab keldi. Hukumat rahbarining siyosati vaqt o`tib natija beradi deya ishondi.

Xo’sh, uning qarashlaridagi o’zgarishga sabab nima? Ishonch yo`qolganimi? Vatandagi voqelikni to’g’ri tahlil qilish natijasimi? Yo Rossiya fuqaroligini olish osonlashgani haqidagi gap-so`zlar ta’sirimi? Bilmadim.

Har holda uning bunday qarorga kelishi mening ichimda ham g`alati bezovtalik uyg`otgani rost.

Ba`zan global voqealar silsilasini inson shaxsiyatidagi kichik o`zgarishlar belgilaydi. Men do`stimning qarorida shunday ishora ko`rdim.

Bu qariyb 23 yil mobaynida hukumatni olqishlashga qaratilgan, tanqid va erkin fikr quvg`in qilingan total tashviqotning inqiroziga o`xshaydi. Bugun nafaqat mamlakatdagi, balki atrofdagi hodisalar ham bu tashviqotning darzli tirqishlarini kengaytirmoqda.

1990-yillarning boshida O`zbekistonda mintaqani birlashtiruvchi bir qudrat bor edi. Bu salohiyat mintaqada erkin, nizo va talashlardan xoli bir hudud barpo etish uchun yetarli edi. Qo`shni davlatlar uchun O`zbekiston havas qilsa arziydigan, umidli davlat edi.

Afsus, hukumatimiz mamlakatni nafaqat dunyodan, balki qo`shni-qardoshlardan ham ajratish, tahdidlarni bo`rttirish va tashabbuslarni o`ldirish yo`lidan bordi.

Kelgan manzilimiz esa havasli emas. Siyosatga, mamlakat taqdiriga bosh qo`shishni istaganlarga ham, munosib tirikchilik uchun ish izlayotgan minglab fuqarolarga ham yurtda joy yo`q. Vatan torayib bormoqda.

Ko’plab o`zbekistonlik bugun Rossiya fuqaroligini olishga tayyor. Minglab aholi haqida gap ketayotgani ayon. Mohiyat Rossiya ularga fuqarolik berishi yoki bermasligida emas, balki Moskvanining yangi imperiya siyosatini yuritayotgani bilan bog`liq so`nggi jarayonlarga qaramasdan bu ixtiyorning yuzaga chiqqanidadir.

Qanday bo`lmasin, hech kim bu qarorni qoralashga haqli emas, ayniqsa, qariyb 23 yildan buyon porloq kelajak haqida bong urub kelayotgan amaldagi hukumat.

Agar odamlarimizda Rossiya vositasida yurtni o`nglash, o`zgarishlar qilish umidi shakllanayotgan bo`lsa, bu reallikka ko’z yuma olmaysiz.

O`zbekiston faqat nufuzi bilan emas, tarixiy salohiyati bilan ham Rossiy ekspansiyasini mintaqada qaytalanishiga huquq bermaydigan asosiy ustun.

G`arb ham, Rossiya ham, O`zbekiston hukumati ham bu salohiyatni yaxshi tushunadi. Qo`llov ham, munosabatlar ham shunga muvofiq. Kimdir rasmiy Toshkentning boshini silayotgan ekan, bu faqat hukumat masofalanayotgani uchun emas, balki O’zbekiston ortida mintaqaning qudratli nufuzi turgani uchun hamdir.

Ammo hukumat orqa qilayotgan 30 millionlik aholi orasida repessiyadan to’yib, istiqbolni o`zga yurtdan izlaganlar ko’paymoqda.

Ehtimol, muhojirlik dunyo tegirmonini aylantirayotgan bugungi sharoitda bundan fojea yasamaslik kerakdir. Ammo yaqingacha ko`pchilik intilgan, odamlarni o`ziga tortib kelgan, mintaqani madaniy markazi hisoblangan vatandagi bu reallikka ko`nikish ham og`ir.

Malik MANSUR