AQShda asoslangan “Gallup” omma fikrini o’rganuvchi tashkilot o’tkazgan so’rov natijalariga ko’ra, O’zbekistonda respondentlarning 92 foizi mamlakatidagi erkinlik darajasidan qoniqishini aytgan.
To’g’risi, menda bu ko’rsatkich biroz umid uyg’otdi. Har holda, “Ijtimoiy fikr” markazining 99 foizlik natijasidan oz bo`lsa ham farq qiladi. Demak, 30 million kishilik mamlakatda vaziyatni to’g’ri ko’rayotgan kimdir bor.
Hukumatning e’tiboriga kirish uchun har qanday “qahramonlik“ ka tayyor “Ijtimoiy fikr” markazini tushunish mumkin, ammo “Gallup” O’zbekiston hukumati marhamatiga qarab qolmagan. Albatta, agar so’rov O’zbekiston bilan hamkorlikda yoki u joriy etgan qolipda o’tkazilmagan bo’lsa.
“Gallup” ma’lumotiga ko’ra, yuzma-yuz o’tkazilgan so’rovda har bir mamlakatdan 1000 dan oshiq odam qatnashgan. Savol-javob o’zbek, rus va qoraqalpoq tillarida olib borilgan.
Xulosa shuki, O’zbekiston ahli erkinlikdan qoniqishda Daniya, Islandiya, Kanada va AQSh kabi mamlakatlarni ortda qoldirib, Gollandiya bilan bir qatorda turibdi.
Bu borada Amerikadagi vaziyat bizdagidan ko’ra ancha achinarli ko’rinadi. Amerikaliklar korrupsiya va matbuot bo’g’ilayotganidan noligan. Ularning atigi 79 foizi erkinlik darajasidan rozi.
Agar kinoyani yig’ishtirib, so’rov natijalariga real ko’z bilan qarasak, u bizga oddiy haqiqatni ochadi – Gollandiya va O’zbekistondagi vaziyat farqi yer bilan osmoncha. Bizda jamiyat hamon turg’unlikda; odamlar hukumatga ham, uning matbuotiga ham ishonmaydi. Aniqrog’i ular uchun matbuot bilan hukumatning farqi yo’q va haqiqatda ham shunday!
Mamlakatdagi real vaziyat shundaki, bugun aholidan masalan “Siz mamlakatdagi so’z erkinligidan qoniqasizmi?” deb so’rash “Siz Islom Karimov boshqaruviga qarshi emasmisiz?”, degan savolni berish bilan barobar.
Qarshiman deb aytishga jur’at yo’q. Nega jur’at yo’qligini esa Andijon fojeasi, bu xunrezlik ortidan kuchaygan repressiya va jamoatchilikning tahdidlarga bo’ktirilganidan so’rash kerak.
Kuni kecha mustaqil jurnalist Sid Yanishev odamlar huquqini himoya qilishga oid tanqidiy maqolasi uchun 3200 dollar jarimaga tortildi.
Uylari buzilib, ko’chaga haydalgan odamlar bu muammoni ko’tarishga jur’at etgan jurnalistning borligiga shukr qilishgan bo’lsa, tahdidlardan keyin undan yuz o’girishgan va ustidan shikoyat qilishgan. O’zbekistondagi erkinlikdan qoniqqanlar orasida ehtimol shu kabi odamlar ham bordir.
Jurnalistning noni – uning qalami, maqolasi. Ehtimol, unga muammo ko`tarib, 3200 dollar jarima to’lagandan ko’ra, hukumatni maqtovlarga ko’mib, jimgina yashasang bo’lmaydimi, istasak, sen himoya qilgan odamlarning o`zi seni sotib beradi, deyishmoqchidir.
Afsuski, bu haqiqat. Hukumat istasa, shunday bo’ladi. Buni tanqidchi jurnalistlar ham, erkinmiz deya maqtayotgan odamlar ham juda yaxshi biladi.
Shunday ekan, “Gallup” ning O’zbekiston bo’yicha xulosasi adolatli shoh, to’q va farovon zamonlar haqidagi cho’pchakka o’xshaydi. Ehtimol, shuning uchun ham bizda odil shohlar va farovon zamonlar ko’proq ertaklarda uchrasa kerak.
Malik Mansur,
Ukraina