O’zbekiston mustaqilligining chorak asrlik davri mamlakatga reformator yetakchi taqdim etmadi. Bu turg’unlikdan so’ng hokimiyatga kelgan Shavkat Mirziyoyevda uzoq kutilgan shu islohotchi lider bo’lish imkoniyati bor, rejalagan islohotlari, rivojlanish dasturi, asosiysi, o’zgarishlarga ehtiyojning yasama emasligi shunday umid uyg’otmoqda.
Men Mirziyoyevga madh o’qishdan yiroqman, u boshchiligidagi yangi hokimiyat faoliyati haqida tanqid, shubha va umidlar bildirilgan ko’plab maqolalar yozdim, e’lon qilingan, ular bilan “Amerika Ovozi”da batafsil tanishish mumkin.
Jarayonni kuzatib kelayotgan jurnalist sifatida o’z qarashlarimni ifoda etmoqchiman.
Bugun O’zbekistonda hokimiyat almashishidan bir yil o’tib, Mirziyoyevning davlat rahbarligiga kelishi geosiyosiy voqelik yaratayotgani haqida gapirish mumkin, buning asoslari bor.
Qisqa vaqt ichida Markaziy Osiyodagi turg’unlashgan aloqalarda ijobiy siljishlar yuz berdi, xalqaro hamjamiyat, siyosiy va biznes doiralarning O’zbekistonga, shuningdek, qadimiy aloqalarini tiklayotgan, o’zaro ziddiyatlardan xalos bo’layotgan mintaqaga ham qiziqishi ortib bormoqda.
Prezidentlikka kirishar ekan, Mirziyoyev Markaziy Osiyoni tashqi siyosatda ustuvor masalaga ko’tardi. O’zbekiston mintaqaviy siyosatni faollashtirishi ortidan Markaziy Osiyo ham ancha yillar avval xalqaro maydonda yo’qotilgan o’z o’rnini, shaklini topishga urinayotgandek; har holda jamoatchilikda shunday taassurot kezib yuribdi. Bu mintaqa manfaati uchun, yirik, yaxlit, barqaror bozor istayotgan xalqoro biznes, moliya uchun ham muhim ko’rsatkich.
Mirziyoyevning tashqi siyosatdagi faolligi, ayniqsa, chetdan yaqqol ko’zga tashlanadi, bu yo’nalish mamlakat ichkarisidagidan ko’ra samaraliroq natijalarga ega. Men asosan mintaqani, yaqin qo’shnilar bilan munosabatlarni nazarda tutmoqdaman, G’arb bilan hamkorlikni qayta ko’rib chiqish Prezidentning 2018-yildagi asosiy vazifasi bo’ladi deyish mumkin.
Afsuski, chorak asrlik turg’unlik davri G’arbda O’zbekiston haqida aniq va noxush taassurotlarni shakllantirdi va bu taassurotlar asossiz emas edi.
Bugun prezidentning ayrim qadamlari, eski tuzum xatolarini to’g’rilayotgani, siyosiy mahbuslar ozodlikka chiqayotgani, inson huquqi, qadriga diqqat kuchaygani, matbuotdagi jonlanish G’arb tomonidan iliq kutib olinmoqda, ehtiyotkorona umidlar bildirilmoqda.
Ammo, tan olish kerak, shubha hamon mavjud, islohotlar va’dalar darajasida qolishi mumkin degan xavotir xalqaro jamoatchilikni ham, xorijda, ichkarida prezidentga ilinj bilan qarayotganlarni ham tark etmagan. Qolaversa, bunday iliqlik davri O’zbekiston va G’arb munosabatlarida bir bor o’tilgan, lekin yirik moliyaviy tashkilotlarning O’zbekistonga bog’lagan umidlari, mamlakat demokratik qadriyatlarga burilishi haqidagi orzular oqlanmagan edi.
G’arb, rivojlangan dunyo uchun erkin jamiyat, inson huquqlari muhim, o’z xalqining huquqlarini toptagan hukumat bilan munosabat qurish olqishlanmaydi. O’zbekiston rahbarining dunyo jamoatchiligiga ochiq yuz bilan chiqish vaqti kelgan, o’zbekistonliklar o’z prezidentini har qanday minbardan ochiq muloqotga tayyor ko’rishni orzu qilib kelishdi. O’zbekiston kichik davlat emas, mintaqaning tarixiy ustuni, geosiyosiy voqeylik yaratish qudratidagi bu mamlakat lideri uchun yopiqlik emas, ochiqlik, erkin jamiyatga egalik o’ta lozim dastak, rivojlangan dunyoga qo’shilishdagi muhim ko’rsatkich.
Mamlakatda sobiq tuzumdan og’riqli asoratlar qoldi. Albatta, bular uzoq vaqt bosh vazirlik qilgan Mirziyoyev ishtirokisiz emas. Ammo bugun uning o’zi yangi davr kelgani, davlat xalq xizmatiga kirishgani haqida e’lon qilmoqda.
Shunday ekan, asoratlardan qutilishga nafaqat prezident, balki jamoatchilik ham faol qo’shilishi kerak. Yangi hokimiyat fuqarolik jamiyatiga yo’l ochishi lozim, so’nggi paytda birgina matbuotning nisbatan jonlangani prezident ko’targan muammolar yechimida ancha ko’mak bo’layotgani kuzatiladi.
Bugun fuqarolik jamiyati faollaridan, jurnalist hamkasblarimizdan ayrimlari hamon qamoqda. Bu islohotlardagi ikkilanishdan darakdek tuyiladi, har holda tashqaridan qaraganda bu o’zgarishlarga bo’lgan siyosiy irodaning o’lchamlarini ko’rsatadi.
Prezidentning bir yillik muddati baho berish uchun ko’p yoki kamligi bahsli masala, ammo Mirziyoyevning o’zi Qirg’iziston bilan aloqalarda 25 yil davomida qilinmagan ishlarning bir yil ichida amalga oshirilganiga diqqat qaratgani nazarga olinsa, bir yillik muddat ichki siyosatda ham dadil, aniq natijalar kutish mumkin bo’lgan yetarli vaqtdek.
Siyosiy erkinlik, saylash va tanlash huquqi, siyosiy raqobat madaniyatini shakllantirish o’tgan asrdan buyon mudroqlikka cho’kkan mamlakatda amalga oshirilishi lozim bo’lgan eng asosiy o’zgarishlardandir. Tabiiy, men turg’unlik davridan kelayotgan qo’g’irchoq partiyalarni emas, dasturiy muxolifatni, xalqqa tanlash imkoniyatini taqdim etuvchi siyosiy raqobatni nazarda tutayapman.
Mirziyoyev ilk chiqishlaridan birida, yangilishmasam, saylovdagi g’alabasi ortidan, millatni, xalqni raqobatbardosh qilish niyati haqida gapirgan edi. Keyinchalik bu fikrga boshqa qaytilmadi, ammo haqiqat shundaki, bu jumla millat holatini aniq ifodalaydi. Xalq, millat raqobat qudratida emas; sanoqli boylar, uddaburonlarni nazardan soqit qilganda, chorak asrlik turg’un siyosat, befarqlik millatni ham ruhan, ham jismonan tiz cho’ktirdi. Ayniqsa, mehnat muhojirligi mashaqqatini tortgan millionlab vatandoshlar bunga guvoh. Uzoq yillar bosh vazirlik maqomida bo’lgan Prezident Mirziyoyev shu tuyg’uni ilg’agani rostdan umidli ko’rinadi.
Malik Mansur