Prezident Shavkat Mirziyoyevning Andijondagi bayonoti avvalgilaridan huquq-tartibot idoralariga nisbatan ishonch tiklanayotganiga bilan farq qildi. Bayonot hozirgi DXX, Karimov davridagi MXX kabi, Prezidentning asosiy tayanch kuchiga aylanishidan darakdek.
Mirziyoyevga ko’ra, DXX chilar odamlar qanday tush ko’rayotganidan tashqari boshqa hamma vaziyatni yaxshi biladi, xabardor. Ularning bu qudratini yuksaltirish uchun xorijdan yangi uskunalar, texnologiyalar xarid qilishga kelishilgan. Katta ehtimol bilan Prezident AQSh safari davomidagi muzokaralarini nazarda tutmoqda.
Xullas, Prezidentning DXXga ishonchi qisqa fursatda qayta tiklangan. Idora obro’sini ko’tarish uchun harakat qilinadi. Xodimlarning maoshlari ham shunga yarasha oshiriladi. Uy-joy bilan ta’minlanadi. O’qituvchilar esa har doimgidek, buyuk kelajak kelishini kutib yashashga mahkum.
Albatta, har bir mamlakatning xavfsizlik kuchlari mukammal ta’minlanishi kerak, ammo o’qituvchilar hisobiga emas. Maxsus xizmatlarni ko’kka ko’targan prezident yaxshisi o’qituvchilar borasida sukut saqlagani ma’qul edi, har holda qiyos uchun o’ta o’rinsiz bayonot.
Davlatchilikda har bir idoraning, sohaning o’z o’rni bor, ularda o’z kasbining fidoyisi bo’lgan mutaxassislar ham xizmat qilayotgani shubhasiz.
Albatta, DXX ham mustasno emas, ammo yaqindagina davlat rahbari tomonidan ayovsiz tanqidga tutilgan. Poraxo’rlik, reket, korrupsiyada ayblangan maxsus xizmat tizimi, maqsadi va salohiyati bu qadar tez fursatlarda sog’lomlashganiga ishonish juda qiyin.
Qolaversa, prezidentning bu olqishlari DXX raisi Ixtiyor Abdullayevning ko’pchilikni hayratda qoldirgan bayonoti ortidan qilinmoqda.
Jamoatchilik, Abdullayevning hozirgacha yagona bo’lib qolayotgan shu bayonotidan, idora vakolatlarini qonunlashtirgan parlament tasdiqlagan hujjatdan tashqari DXX faoliyati haqida hech narsa bilmaydi.
DXX raisining o’zi muxoliflarni, siyosiy partiyalarni mamlakatdagi vaziyatni izdan chiqaruvchi kuch deb hisoblab turganda va buni jamoatchilikka biror seskanishsiz ochiq bildirgan bir vaziyatda obro’si qayta tiklanayotgan tashkilotning asosiy vazifasi yana davlat xavfsizligini ta’minlash emas. Prezidentni, hokimiyatni muxoliflardan, tanqiddan himoyalash, erkin fikr, siyosiy tashabbuslarga qarshi kurashdan iborat bo’lib qolishi ayon.
Xullas, mamlakatdagi qatag’onlarda, hadsiz vakolatlarda, cheksiz hokimiyatda ayblangan sobiq MXX oradan yarim yil o’tmasdan DXX qiyofasida qayta tiklanayotgandek, har holda DXX jamoatchilik oldiga hozirgacha idoraning MXX qiyofasidagi qilmishlari ortda qolgani haqida biror ochiq bayonot bilan chiqqani yo’q.
Malik Mansur