So’nggi hodisalar yangi hokimiyat iqtidorga kelishi ortidan o’zbek jamoatchiligida boshlangan umidlar to’lqinini bir qadar sergaklantirdi, bu turg’unlikdan uyg’onayotgan jamiyat uchun kutilgan bosqich edi, deyish mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev amalga oshirayotgan ishlar hozirgacha jamoatchilik tomonidan asosan olqishlar bilan kutib olinayotgan edi, endi bu boradagi vizayt bir qadar o’zgardi, o’zgarishlar ilinjidagi jamiyat ham, hokimiyat ham hushyor tortdi.

Bloggerlarning hibsga olingani, aksariyatining muddatidan avval hibsdan chiqarilgani, imom Fazliddin Parpiyevning shov-shuv yaratgan bayonoti shu so’nggi o’zgarishlar cho’qqisi bo’lib ko’rinadi, hozircha.

Ma’muriy javobgarlik jinoiy emas, yangi hokimiyat tili chiqayotgan jamiyatga nisbatan marhamatini saqlab turibdi, degan bosiq umidlar ham yo’q emas, ayniqsa, Karimov davri turg’unligidan o’tgan do’stlarda.

Har bir hokimiyat almashishining dastlabki davri erkinlik shabadasi bilan kuzatiladi. Karimov davrining avvali ham bundan mustasno emas edi. Aslida esa mohiyat turg’unlik va erkinlik o’rtasidagi shu bosqichda.

Nazarimda, so’nggi hodisalar jamiyat aynan shu bosqich jarayoniga kirib borayotganini ko’rsatdi.

Bu jarayon yangi hokimiyatdan ham, jamoatchilikdan ham mas’uliyat talab etadi, ayniqsa, turg’unlikka qulash yoki ochiq jamiyatga chiqish masalasi, sobiq tuzum davrida kuzatilgani kabi bugun ham aynan diniy mavzu atrofida aylanayotgan bir paytda.

Hozirgacha Mirziyoyev sha’niga yog’ilgan olqishlar oqimi unga nisbatan bildirilgan tanqidlarni ahamiyatsiz qilib keldi, tabiiy tanqidlar deyilganda ijtimoiy tarmoqlar, xalqaro matbuotdagi chiqishlar nazarda tutilmoqda, uyg’onayotgan o’zbek matbuoti hali bu “odob” qoidasini buzishni o’ylab ko’rgani yo’q.

Men bu olqishlarni samimiyatdan yiroq edi demoqchi emasman, o’zgarishlarga ishonch hozir ham ko’pchilikni tark etmagan, Mirziyoyev xalqning uzoq vaqt kishanlangan umidlariga erk bergani haqiqat.

Ta’bir joiz bo’sa, “idealist” imom Parpiyevning to’lqinlantiruvchi murojaati ham bunga yaxshi misol. Bu murojaat hukumatdagi ikkilanishlardan qat’i nazar, prezidentga nisbatan ishonch kuchli ekanligini taqdim etgani bilan ham diqqatli.

Imomning keyingi taqdiri, qanday tugashidan qat’i nazar, prezidentga nisbatan ishonchga putur yetkazmaydi, jamiyatdagi ulkan umidlar to’lqinida Parpiyev taqdiri bir tomchi sifatida ko’rinadi, xolos.

Ammo, taqdiridan farqli, uning murojaatiga ko’z yumish qiyin, har holda imom ishdan olingani bilan muammo barham topgani yo’q, bu mavzu jamiyatni to’lqinlantirishda, munozaralar qo’zg’ashda davom etadi.

Asosiysi, munozaralar yo’lini berkitish kerak emas, agar maqsad haqiqatda yuksalishda, ochiq jamiyatli demokratik davlat qurish bo’lsa.

E’tiqod erkinligi himoyasiga aytilgan oddiy fikrlarga bardosh ko’rsatmagan hukumat bu ketishda prezident va’da qilayotgan demokratik jamiyatning qadriyatlariga, dunyoviy, diniy muxolifat shakllanishiga qanchalik tayyor bo’lishini  jiddiy shubha ostiga qo’yadi.

Yangi hokimiyat, shakllanayotgan yangi jamiyat ham bugun yana zo’rlik, taqiq faqat qarshilikka, ziddiyat kuchayishiga xizmat qilishiga doir takror-takror aytilgan haqiqat qarshisida turibdi.

Tabiiy, jamiyatda islom shiori ostida toqatsizlikka moyil toifalar yo’q emas, bor. Ammo taqiqqa olinganlar shu zo’rlikdan, toqatsizlikdan uzoq bo’lgan faollardir.

Bloggerlarning hibsga olinishi qandaydir mavhum ma’muriy javobgarlik emas, aniq bir fikr uchun ekanligi ko’rsatilganda, bugungi so’z erkinligi chegaralarini ochib bergan, Karimov davridagi turg’unlikka qaytish haqida mushohadalarga o’rin qoldirmagan bo’lar edi.

  Malik Mansur