Aslida bu mavzuda shu soha mutaxassislari qalam tebratib, fikr yuritishsa yaxshi bo‘lardi. Ammo ushbu og‘riqli mavzuni ko‘tarib chiqqan biron bir qalam ahlini yoki mutaxassisni uchratmadim. Yoki bu haqda biron bir gazeta yoki jurnalda fikr bildirishgan bo‘lsa men uchratmadim.
Gap keyingi vaqtlarda O‘zbekistonimizda shiddat bilan bo‘layotgan qurilishlar, ularning sifati va ayrim xato va kamchililar to‘g‘risida ketayapti. Ma’lumki, mustaqillikning 25 yili badalida O‘zbekistonimizda shunday katta bunyodkorlik ishlari olib borilayaptiki, buni qurilish maydoniga qiyoslasak bo‘ladi. Vatanimizning qaysi viloyatlariga bormang, keng miqyosli qurilishlar ustidan chiqasiz. Vatandan 4-5 yil ayro bo‘lgan kimsa vatanga qaytsa o‘z o‘yini topolmasligi mumkin. Shahar markazlaridagi keng ko‘chalarni deysizmi, ko‘chalar atrofiga qurilgan chiroyli binolarni aytasizmi, biri biridan go‘zal magazin, restoran, to‘yxonayu bazmxonalarni ko‘rasizmi, hayrat barmog‘ingizni tishlab qolishingiz tayin. Hatto qishloqlarda qurilayotgan ko‘p qavatli shaxsiy uylar, kottejlar, to‘yxonayu ovqatlanish joylari, magazinlari bilan shahardan qolishmaydi,
O‘zbekiston korjoma kiyganga o‘xshaydi. Buni ko‘rgan sayyohlar ham qoyil qolishmoqda. O‘zbekistonni shu qisqa davrda butun qiyofasi o‘zgardi desak mubolag‘a emas. Ammo ana shu bo‘layotgan ishlar barchasi ko‘ngildagidekmi?
Afsuski ko‘ngildagidek emas. Kimlardir tirnoq ostidan kir axtarmaslik kerak deyishar. Aslo! Biz mutlaqo bu fikrdan uzoqdamiz. Ammo ushbu kamchiliklarni ham ko‘ra bila turib, indamaslik xiyonatning bir turi emasmi?
Men Samarqand viloyatini Urgut tumanida yashayman. Fikrlarimning isboti uchun tahlilni o‘zim yashaydigan joydan boshlasam maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Ma’lumki, insoniyat yaratilibdiki, uning soni yil sayin oshib bormoqda. Shu jumladan, Urgut shahrining markazi ham urgutliklar uchun torlik qilib, shahar markazi boshqa joyga ko‘chirildi. Bu, albatta, quvonarli hol. Nega quvonmaslik kerak? Axir,mashinalar tirbandligi vujudga kelmoqda. Bozorlarga savdo-sotiq qilish, yuk tushirish, ortish xaridorlar mashinalarini parkovkaga qo‘yish juda-juda muammoga aylanib borayotgan edi. Shuning uchun Urgut tuman nafaqa jamg‘armasi, prokuratura binosi, sud binosi yangi binolarga ko‘chirildi. Hatto bozorlar ham; Urgut Savdo kompleksi, mayiz bozori, somon va o‘tin bozorlari shahar markazidan uzoqqa ko‘chirildi. Bu quvonarli hol. Xo‘sh, unda muammo nimada?
Muammoning eng og‘riqli nuqtasi ana shu joylarning arxitekturasi buzilishida!
Birinchidan, binolar chizmasi turli qurilish chizmasini chizadigan tashkilotlar tomonidan tayyorlangan. Bu tashkilotlar o‘rtasida birdamlik yo‘q. Ikkinchidan, tuman qurilish bo‘limi tomonidan ushbu holatga butunlay befarqlik mavjud.
Men bir narsani tushunmayman. Nima, shahar albatta yo‘l ustiga qurilishi kerakmi?
Urgut markazidan Qoratepa yo‘liga chiqish bo‘yicha harakatlanganingizda, yo‘lning ikki tarafiga e’tibor bering. Katta-katta magazinlar, savdo do‘konlari yo‘l atrofida joylashgan. Savdo do‘konlari yoki avtomobillarga yoqilg’i quyish shaxobchalarining yo‘l atrofiga joylashishini tushunsa bo‘ladi, ammo pensiya jamg‘armasi, sud idorasi, prokuratura binosining katta yo‘l atrofiga qurilganligiga nima deysiz?! Bu ham yetmagandek, Ichki Ishlar bo‘limi binosini ham shu yerga qurishayapti. Bozorlar bilan to‘yxonalarni aytmaysizmi? Men Urgut shahridan Samarqandgacha bora borgunimcha qariyb o‘nta to‘yxona binosini sanadim.
Nima, to‘yxona, restoran yoki davlat ma’muriy binolari « yo‘l bo‘yida qurilsin» degan biron bir ko‘rsatma bormi? Nima farqi bor, deysizmi? Farqi bor! Katta farqi bor!
Butun dunyoda inson xavsizligi birinchi o‘rinda turadi va shunday bo‘lishi ham kerak. Xo‘sh, ushbu binolar yo‘l atrofida joylashganligi odamlar hayotiga xavf tug‘dirmaydi deb ayta olasizmi? Aslo! Qanchadan qancha avtohalokatlar ushbu holatdan kelib chiqmayaptimi? Tasavvur qiling, yo‘l atrofida joylashgan to‘yxonada to‘y bo‘layapti. Ertalab nahordan chiqqanlar hushyordir, ammo kechqurungi bazmdan sarxush bo‘lib chiqqanlarning qanchasini mashina urib ketayapti. To‘yxona atrofi katta trassa to‘la odam. Buning ustiga katta tezlikda mashinalar o‘tayapti. Yo‘l o‘rtasida katta xodaga qizil latta bog‘lab, qum to‘ldirilgan paqirlarga tiqib qo’yishibdi. Yoki oqshom yo‘l o‘rtasida balon yoqib qo‘yishadi. Sizga bu hol kulgili tuyulmayaptimi? Menga esa kulgili.
Yoki bozorlarimizni olaylik. Seshanba, chorshanba, shanba, yakshanba Urgutda bozor. Juma kuni Tayloq tumanining Jumabozor qishlog’ida, dushanba kuni Toyloq tuman markazida bozor. Demak, haftaning payshanba kunidan tashqari barcha kunlari yo‘l tirband. Shusiz ham yo‘llarimiz mutlaqo talabga javob bermaydi.
Bu masalaning birinchi tomoni. Masalaning yana bir og‘riqli tomoni bozor, to‘yxona, davlat idoralari, bank va savdo markazlaridagi avtomobillarning turar joylari (parkovkasi). Xayriyatki, Urgut Savdo markazining parkovkasi bor. Qaysi bir Xudo bexabar shu parkovka ichidan ham savdo rastalari qurayapti. Bozor yana ko’cha tomonga qarab kengayyapti. Qolgan, hokimiyat, meva-sabzavot bozori, savdo markazi, hatto yangi qurilgan pensiya jamg‘armasi binosi, sud, prokuratura idoralarining oldida ham na shu idora ishchilari uchun, na ishi tushib kelgan odamlar mashinasi uchun parkovka bor. Kundan kun texnika taraqqiyotini hisobga olsak, yuqorida sanalgan idoralarga kamida 50-60 tadan parkovka kerak bo‘lishi talab etiladi. Yoki Samarqand shahar markazlaridagi katta-katta idora va banklar oldida ham parkovka masalasi muammo.
Bu ham holva. Samarqandning tarixiy obidalari – Registon assambleyasi, Shohi Zinda, Go‘ri Mir yodgorligi, Bibixonim ziyoratiga boshqa viloyatlardan mashinada kelgan ziyoratchilar ham turargoh joylari yetishmasligidan aziyat chekmoqda.
Har yili Samarqand Davlat arxitektura va qurilish Institutini minglab talabalar bitirishadi. Olmani otsangiz arxitekturani bitirgan diplomlining boshiga tushadi. Qolaversa, shahar va tumanlar arxitekturasiga javobgar shaxslar ham bor. Nahotki, ushbu holat bularni qiziqtirmasa?!
Tangadek bo‘sh joyning pulini olib qaysi bir noinsof tadbirkorga do‘kon qurish uchun sotish bularning asosiy vazifasi emasku?! Dunyo arxitekturasiga qarashmaydimi bular?! 5-6 kishi ishlaydigan banklarga yoki idoralarga 20-30 tagacha parkovka qurishadi. Mehmonxonalarga nechta yotish joyi bo‘lsa shuncha mashinaga parkovka qurishadi.
Yarani yiring bog‘lamasdan davolash oson. U yiring bog‘lasa kasalni ham, shifokorni ham ancha tashvishga soladi.
Ana shunday bee’tiborligimiz keyingi avlodga juda qimmatga tushmaydimi?! Jabrini allaqachon tortayapmizku!
Umuman, qurilish va arxitektura sohasida muammolar talaygina. Buni har bir qadamda ko‘rish mumkin yoki uchratish mumkin. Keyingi paytlarda qishloqlarda qurilayotgan pala-partish, tartibsiz hovli-joylarga ham e’tibor bering. Qishloqlarda kimlardir gektarlab yerni egallab olgan, qaysi bir joyda uch-to’rt oila katalakdek hovlida tiqilib yashashadi. Bog‘ yoki ortiqcha yeri borlar o‘sha tokzor yoki tomorqasidan gen plansiz uy-joy qurib oladi. Ilojsizlar fermerga yalinishadi. Noinsof fermer ham xuddi onasining mahriga tushgan yerni sotayotgandek uni uch-to’rt tangasini olib, 5-6 sotix yer ajratib beradi. Albatta, gen plansiz. U ming mashaqqat bilan imorat qurib oladi.
Keyingi olti oydagi O‘zbekiston kartasining suratini Sputnik orqali ko‘ring. Samarqand shahridagi juhuton mahallasiga o‘xshab qolgan. Na aniq bir yo’l bor, na bir suv yoki elektrik tizimi tartibli. Ertaga buning jabrini kim tortadi? Yana o‘sha bechorahol oila, albatta. Fermer tan oladimi? Aslo! Bu ahvoldan hamma xabardor; MFY ham, prokuratura organi ham, tuman rahbarlari, hatto deputatlar ham.
Xo‘sh, unda nega bular jim? Bu masalani ko‘tarishsa, gapga qolishadimi ?
Yuqorida sanalgan kamchiliklar faqat Samarqand viloyati va Urgut tumanida emas, balki O‘zbekistonning barcha viloyat va tumanlarida uchraydi.
Axir, O‘zbekiston barchamizniki emasmi? Undagi har bir muvaffaqiyatdan barchamiz g‘ururlanib, og‘riqlaridan yuraklarimiz og‘rimas ekanmi, demak, biz uning munosib farzandlari emasmiz. Tamom vassalom!
Safarali Hasanov