O’zbekiston Adliya vazirligi parlament saylovi munosabati bilan ayrim axborot vositalari o’tkazayotgan ijtimoiy so’rovlarning qonunchilikka zid, asossizligidan ogohlantirmoqda. Ijtimoiy tarmoq kanallarida bosh vazirlikka nomzodlar bo’yicha o’tkazilgan so’rovda “Xalq demokratik partiyasi” (XDP) vakili Ochilboy Ramatov amaldagi Bosh vazir Abdulla Aripov nomzodini katta farq bilan ortda qoldirgani bilan jamoatchilik diqqatini tortgan.
O’zbekiston rasmiy partiyalari kutilmaganda saylovdagi ehtimoliy g’alabalaridan so’ng hukumat rahbarligiga ko’rsatiladigan nomzodlar kimligini jamoatchilikka taqdim eta boshlashgan. Nomzodlar orasida Bosh vazir Abdulla Aripov, o’rinbosari Ochilboy Ramatov, Adliya vaziri Ruslan Davletovlar bor.
Partiyalar bosh vazirlikka nomzodlarni ochiqlashi ortidan ijtimoiy tarmoqdagi ayrim axborot kanallari bu borada mustaqil so’rov o’tkazishga ham ulgurishgan. Telegram kanalidagi so’rov natijalari Ochilboy Ramatov nomzodi ko’pchilik tomonidan qo’llab-quvvatlanayotganini ko’rsatgan.
So’rovda qatnashgan 67 foiz ishtirokchilar Ramatovning bosh vazirlikka nomzodini yoqlashmoqda, deb xabar berdi XDP matbuot xizmati so’rov qatnashchilari soni 20 mingdan oshgan bir vaziyatda. Bu ko’rsatkich amaldagi Bosh vazir Abdulla Aripov nomzodi uchun berilgan 13 foiz bilan solishtirilsa, ancha diqqatli ko’rinadi.
Uchinchi o’rinda “Adolat” partiyasi vakili, Adliya vaziri Ruslan Davletov nomzodi 11 foiz ovoz bilan qayd etilgan.
Ammo keyinchalik Telegramdagi so’rov ishtirokchilari soni keskin oshgan, Ramatov va Aripovga berilgan ovozlar deyarli tenglashgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarda shiddatli tarzda kuzatilgan bu “tengilik” uyushtirilgani haqidagi ehtimollik ham aytiladi.
O’zbekistondagi rasmiy partiyalar prezidentlik saylovlarida an’anaviy tarzda o’z nomzodlari bilan qatnashib kelishayotgan bo’lsa-da, bosh vazir nomzodini olg’a surish bilan bog’liq da’vogarliklar ilk bor kuzatilmoqda.
Bosh vazirlikka turli nomzodlar surilayotgani, bu borada o’tkazilgan so’rov jamoatchilikda bir qadar qiziqish uyg’otgan, muhokama qilinmoqda. Bu muhokamalar ortidan Adliya vazirligi bosh vazirlikka nomzodlar yuzasidan o’tkazilayotgan so’rovlarga doir bayonot bilan chiqqan.
Unda aytilishicha, ayrim axborot vositalari, blogerlar ijtimoiy tarmoqlarda qonunchilikka zid, asossiz so’rovnomalar o’tkazishmoqda.
Vazirlik bu kabi so’rovlar turli mish-mishlar keltirib chiqarishini nazarda tutib, O’zbekiston bosh vaziri tasdiqlanishi qonunchilik bilan aniq tartibga solingani, bunda nafaqat parlamentdagi siyosiy partiyalar, balki prezident va senatorlarning ham o’rni borligini eslatadi.
O’zbekistonda rasmiy partiyalarga bo’lgan qiziqish o’ta zaif. Shundan kelib chiqsa, Ochilboy Ramatovga berilgan ovozlar XDPga, bu partiya siyosatiga tarafdorlikni anglatadi deyish qiyin.
Rasmiy partiyalar aynan shu siyosiy yo’nalish, maqsad va tashabbuslarda, mavjud siyosatni olqishlashda bir-birlariga juda o’xshashligi uchun tanqid qilib kelinadi.
Markaziy saylov komissiyasi, siyosiy partiyalar, rasmiy matbuot parlament saylovlari targ’ibotini davom ettirayotganiga qaramasdan aholida, jumladan ayrim nashrlarda ham saylovlarga nisbatan ishonch o’ta sustligi kuzatiladi.
Bosh vazirlikka nomzodlar, avvalroq parlament saylovidagi rasmiy partiyalar mavqeiga doir o’tkazilgan so’rovlarda hech bir nomzodni yoki biror bir partiyani tanlamayotgan ishtirokchilar ham ko’pchilikni tashkil etadi.
So’nggi paytda mamlakatdagi vaziyatga tanqidiy yondashishi bilan ajralib turgan sanoqli nashrlar, blogerlarning parlament saylovi haqidagi qarashlari saylovda ovoz bermaslikni ixtiyor qilayotgan shu qatlam fikrlarini aks ettiradi deyish mumkin.
Fayzbog.uz nashri ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida “qo’lni qo’lga beraylik” deb nomlangan teatr 22-dekabr kuni o’z nihoyasiga yetishini eslatar ekan, “Sud erkinlikka erishdimi? Parlamentga xalq vakillari keldimi? Erkin siyosiy partiyalar paydo bo’ldimi? Mulk daxlsizligi ta’minlandimi? Davlat monopoliyasi tugatildimi?” kabi savollarni o’rtaga qo’yadi.