Samarqand viloyati Toyloq tumani O’zbekistonda mart oyining oxirlaridan buyon qattiq karantin talablari joriy qilingan hududlardan biri. 180 mingdan oshiq aholisi bor, qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan tuman Samarqand shahridan 10 km olisda joylashgan.

Besh oydirki tumanga kirish va chiqish qattiq nazorat ostida. Tuman hududida koronavirusga chalinish hollari ko’p miqdorda aniqlangach, bu joy Samarqand viloyatida virus o’chog’i sifatida ko’riladi.

Pandemiya davrida koronavirusdan zararlanib vafot etganlar orasida tuman prokurori Farhod Abduxoliqov ham borligi aytiladi.

Birinchilardan yangi koronavirus zarbasini o’zida sezgan tumanda o’tgan davrda virus tarqalishining oldini olish maqsadida amaliy choralar ko’rilayotganini yozadi Toyloq tuman hokimligi o’z veb sahifasida. Hokimiyat ko’rayotgan choralar yetarli emasliigidan noliydi toyloqliklar.

Shulardan biri COVID-19 bilan yuzlashganidan keyingi “sarguzashtlari”ni “Amerika Ovozi”ga hikoya qilib berdi.

Uning oilasi kechinmalari nafaqat suhbatdoshimiz yashaydigan Toyloq tumani, balki Samarqand viloyati va shahrida pandemiya davridagi asl holatni tasvirlaydi, muammolarni oydinlashtiradi.

“Yoshim 38 da, kasbim tarjimon. Hozirgi O’zbekistondagi sharoitdan kelib chiqib o’z ism-sharifimni oshkor etmaslikni afzal ko’ryapman”, – deydi hozirda Samarqand viloyati, Toyloq tumanida yashashini aytayotgan bu suhbatdoshimiz.

Savol: Qachon COVID-19 ga chalingansiz?

Javob: COVID-19 ga chalinganimni hali rasman bilmayman. Sababi bugun 7-avgust kuni “Neo Vita” deb nomlangan xususiy klinikaga borib test topshirdim. Klinika Samarqand shahri Dahbed ko’chasida, 3-hammom yonida joylashgan. COVID-19 ga chalinganimni taxmin qilyapman. Chunki rafiqam COVID-19 ga chalingan. Rafiqam borib test topshirgan, tahlil javobi “pozitiv” chiqdi, ya’ni unga virus yuqqani tasdiqlandi. Bundan tashqari hozir o’zimda holsizlik, darmonsizlikni sezyapman. Tez terlayapman. Tomoq og’rig’i bor. Tez charchash alomatlari menda sezilyapti.

Savol: Sizdan tashqari oilangizda yana kimlar koronavirusga chalingan?

Javob: Oilamizda mendan tashqari yoshi kattalardan onamda kasallikka chalinish alomatlari sezilyapti. U kishida boshog’riq, yo’tal, holsizlik, bundan tashqari qorin og’rig’i sezilyapti. Keyin katta qizcham ovqat yemay qo’ygan. Ikki kundirki qizim ovqat yesam qayt qilgim kelyapti deb shikoyat qilyapti. Bugun kichik qizcham ham qorni og’riyotganini aytdi.

Savol: Rafiqangiz koronavirusni yuqtirganidan keyingi hayotingiz qanday kechayotganini tasvirlab bersangiz? Kasallik qanday kechayapti?

Javob: COVID rafiqamda aniqlangandan so’ng asosan o’zim unga qarash bilan ovora bo’ldim. O’z sog’lig’imga esa uncha e’tibor bermadim. Uyda davolanishga harakat qildik. Isitmasi oshdi. Tanasining harorati 27-iyul kuni ko’tarila boshlandi. 6-avgustga qadar uyda olib o’tirdim, davoladim. 6-avgust kuni tez yordam chaqirib Samarqand shahridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirdik. Lekin uni shifoxonaga joylashtirish oson bo’lmadi. Chunki joy yo’q deb qabul qilishmayotgandi.

Rafiqam kasallikni boshidan og’ir kechira boshlagandi, chunki har kuni uning tana harorati oshib turardi. Isitmasini tushirish uchun tabletka qabul qildi, xolos. Unga ukol olishi mumkin emasdi, chunki u homilador. Uning olti oylik homilasi bor. Holsizlanish, og’riqlar bilan bu jarayon kechdi.

Savol: Test topshirdingizmi? Qachon?

Javob: Men xotinimni kasalxonaga joylab, 7-avgust kuni “Neo Vita” xususiy klinikasida test topshirdim, natijasi dushanba kuni chiqadi deyishdi. Ya’ni dushanba kuni borib qog’ozini olaman. Yoki oldinroq ular bergan nomerga Telegram tarmog’i orqali aloqaga chiqib kod raqamini yuborsam javobini yuborishlari ham mumkin ekan.

Savol: Test topshirish pullikmi? Qancha turadi?

Javob: COVID-19 yuqqan-yuqmaganligini aniqlash uchun testni xususiy klinikada o’zim borib topshirdim. Ertalab soat to’qqiz, to’qqiz yarimlarda tahlil topshirishga borgandim, odam kam edi, navbat yo’q ekan. Qiyindchiliklarsiz test topshirdim. Test topshirish pullik. 240 ming so’m to’ladim.

Savol: COVIDga tahlil oladigan markazlar qayerda joylashgan? Ular haqida o’zingiz va atrofingizdagilar qanday xabar topishyapti? Bepul test topshirish sharoiti mavjudmi?

Javob: Test oladigan markazlar Samarqandning 5-6 ta joyida bo’lsa kerak. Ular haqida men ma’lumotni o’zimizning ambulator shifokorimizdan oldim. Shifokorimiz bergan manzilga borib tahlil topshirdim. Atrofimizdagilar ham men kabi bir-biridan so’rab qayerda test topshirish mumkinligini bilishyapti. Bepul test qilishning sharoiti Toyloq tumanida mavjud emas deb o’ylayman. Chunki o’zim COVID-19 bo’yicha shtab boshlig’i bilan ertalab telefonda gaplashdim. Men test topshirmoqchiman deganimda “Provizor”da (Provizor taqsimlash klinikasi) yotqizilganlarda test topshirish imkoni bor”, degan javobni oldim. Shundan so’ng men pullik test topshirishga qaror qildim.

Shu o’rinda “Provizor” nimaligini aytib o’tsam, Toyloq tumani Bog’izog’on mahallasida, maxsus joy tashkil etilgan va u yer adashmasam COVIDga chalinganlar uchun maxsus davolash markazi bo’lsa kerak. Bemor o’sha yerga yotqizilsagina bepul test olish mumkin ekan.

Savol: Rafiqangizga virus yuqqanligi ma’lum bo’lgach shifokoringiz bilan aloqadamisiz? Shifokoringiz qanday tavsiyalar beryapti?

Javob: Rafiqamning isitmasi oshgach, Qishloq Vrachlik Punktiga (QVP) murojaat qildik, u yerdagilar tabletkalarning nomlarini aytishdi, shularni olib qabul qilib turasizlar, agarda 3 kungacha isitmasi tushmasa keyingina tez yordam chaqirib test topshirasizlar deyishdi. Shunda ham tez yordam bemorni uyingizga kelib olib ketadi va test topshirish mumkin bo’ladi degan gapni aytgandi. Lekin ular uyimizga kelgani yo’q. Adashmasam 6-avgust kuni ertalab rafiqamning isitmasi tushmagach uni QVPga yana o’z mashinamda eltib unga ukol qildirdim. Keyin yana uyga qaytarib olib keldim. Soat uch yarim, to’rtlargacha tez tibbiy yordamni kutdik. Keyin tez tibbiy yordam mashinasi keldi va biz rafiqamni shahardagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borib yotqizdik.

QVPdagi shifokorlar tavsiyalari tabletkalar qabul qiling va ko’proq suv iching deyishdan iborat bo’ldi.

Savol: Siz yashayotgan hududdagi tez tibbiy yordam ko’rsatish ahvolini qanday baholaysiz?

Javob: Men yashayotgan hududdagi tez tibbiy yordam ko’rsatish xizmati ahvolini maqtaydigan darajada deb o’ylamayman.Ularning xizmat darajasini yaxshi deb baholamayman. Sababi rafiqamning isitmasi oshganda ularga telefon qilib gaplashdim, COVIDga chalingan bo’lishi mumkin, nima deysizlar deganimda ular qanaqadir maslahatlar berishdi, amaliy choralar ko’rishmadi. Xotinimning isitmasi tushmadi. 10-11 kun davomida uyda davolanishga harakat qildik. 10-kunga kelib rafiqamning kuchi qolmadi, nafas olishi, harkatlanishi qiyinlashdi. Keyin yana to’rt tomonga telefon qilishga majbur bo’ldim. Sog’liqni saqlash vazirligigacha telefon qildim. Vazirlikning Internetdagi mavjud telefonlarini hech kim ko’tarmaydi. Qisqa raqam 1003 ga telefon qilsam, Samarqandga ulashdi, Samarqandga telefon, qilsam ular Toyloqqa ulab berdi. Toyloq o’zi hal qiladi, gaplashinglar, deyishdi. Toyloq bilan bog’lansam, ular rafiqangizda COVID aniqlangan ekan “Provizor”da, Bog’izog’onga (tuman markazi) yotqizishning iloji yo’q, uni shaharga yotqizish kerak, u homilador ekan deb aytishdi. Bo’lmasa, shahar kasalxonasiga joylashtiraylik desam, u yerda joy yo’q, joy bo’shashini kutishimiz kerak deyishdi. Xullas, “Otangga bor, onangga bor” qabilidagi ahvol hukmron. Bizning tez tibbiy yordamning ahvoli hozir shunaqa.

Savol: Markaziy va hududiy hukumat va hokimiyat tomonidan karantin davomida sizlarga qanday ijtimoiy himoya ko’rsatilyapti? Virusdan zarar ko’rganlarga qanday yordam berilyapti? Ular himoyaga olinganmi?

Javob: Markaziy va hududiy hukumat va hokimiyat tomonidan karantin davomida bizga hech qanaqa ijtimoiy himoya ko’rsatilmayapti. Masalan, rafiqamda COVID-19 aniqlandi, uni shifoxonaga joylashtirdik. O’zimiz harakat qilmasak ular tomonidan ozroq e’tibor ham bo’lgani yo’q. Qolaversa men yashaydigan ro’zg’or katta. Men bilan birga rafiqam, ikkita qizcham, onam va dadam bitta xonadonda yashashadi. Ammo biron kishi kelib sizlarda shunaqa (virus aniqlanibdi) bo’lgan ekan, balkim sizlarga ham yuqqan bo’lishi mumkin, test topshirish kerakdir, alomatlari bo’lmayaptimi , dezinfeksiya qilish kerakmi, degan gaplar bo’lgani yo’q. Haligacha biror kimsa kelmadi. Virusdan zarar ko’rganlarga hech qanday yordam berilgani yo’q.Ular himoyaga ham olinmagan.

Savol: Dorixonalarda dori-darmon, antiseptik vositalar, yelim qo’lqop va himoya niqoblari sotuvida uzilish yo’qmi? Ularning narx-navosi ko’tarilganmi?

Javob: Dorixonalarda dori-darmon, antiseptik vositalar, yelim qo’lqop, himoya niqoblari sotuvida uzilish yo’q. Ularni xohlagan dorixonadan topish mumkin. Bu dori-darmon va himoya vositalarining narxi ham ko’tarilgani yo’q. Bizning hududda va Samarqand shahrida bu borada muammo yo’q.

Savol: Kasalxonalar qanday ishlayapti? Joy yetarlimi? Shifokorlarchi? U yerdagi sharoitni qanday baholaysiz?

Javob: Kasalxonalarning ishlash tartibi shunaqaki, “joy yo’q”, “joy yetarli emas” deb kelgan bemorlarni ham shifoxonalarning eshiklari tagida ushlab turishadi, ichkariga kirgizishmaydi. Masalan, rafiqamni tez tibbiy yordam mashinasida yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yetkazdik, shaharga. Qariyb bir soat davomida 5-6 ta tez tibbiy yordam mashinalarida kelgan bemorlar qatorida uni ham ushlab turishdi. Uzoq munozaralardan so’nggina ichkariga kirgizishdi. Ungacha “Olib ket! Qayerga eltsang elt, men bilmayman!” degan gaplarni eshik tagida ko’p eshitdik. Shunday bo’lsa-da biz ketmadik, biz kutdik. Va oxir-oqibatda ichkariga kirgizishdi. Ichkaridagi sharoitni men bilmayman. Chunki ichkariga kirgizishmaydi. Kasalxona hududi tashqaridan o’rab olingan. U yerlarni askarlar qo’riqlab turibdi, militsiya xodimlari bor.

Qisqasi, shifoxonaga begonalar kirolmaydi. Eshikning oldida savol-javob qilib ortga qaytarib yuborayaptilar.

Savol: Mahalliy hokimiyat vaziyatni o’nglash uchun nimalar qilyapti? Ko’rayotgan chora-tadbirlari yetarlimi? Mahalliy va markaziy hukumatlar ko’rayotgan choralarni qanday baholaysiz?

Javob: Mahalliy hokimiyat vaziyatni o’nglash uchun chora-tadbirlar qilayotgandir, balkim. Lekin men oddiy fuqaro sifatida nimani sezyapman – kirib chiqishda blok-post o’rnatishgan, mashinaga xlor sepishadi, piyoda bo’lsangiz hududga kirayotganingizda tanangiz haroratini o’lchashadi. Do’konga chiqyapsizmi, nimadir xarid qilmoqchimisiz yoki dorixonaga bormoqchimisiz u yerlarda o’tish tunnelchasi tashkil qilingan, xlor sepib, tana haroratingizni o’lchab, niqob bilan kelyapsizmi yo’qmi shuni tekshirishadi. Shu [ularning qilayotgan ishlari] bo’lsa kerak.

Mahalliy va markaziy hukumat ko’rayotgan choralarni qanday baholayman? O’zimning boshimga tushgani uchun yaxshi baholamayman. Nimaga? Chunki mening holatimda biz 10 kuncha uyda kutishga, qanday kutishga, shifoxonada bo’sh joy paydo bo’lishini kutishga majbur etildik. Bundan tashqari uyda davolanishimizga to’g’ri keldi. Biron kishi kelib ko’rgani ham yo’q. Hol-ahvol so’ragani ham yo’q. Uch oy oldin boshlangan karantin choralari juda ham qattiq edi, kelib darhol izolyatsiya qilib, olib ketib davolardi. Lekin hozirgi paytda bu ishlar juda ham susaygan deb o’ylayman.

Savol: O’zingiz va oila a’zolaringizning orttirgan tajribasi hamda bu davrdagi kechinmalaringiz biz uchun juda qiziq. Matbuot orqali odamlarga nimalar bilan bo’lishishni istaysiz, ularga nimalar degan bo’lardingiz?

Javob: O’zim va oilam a’zolari tajribasidan kelib chiqib shuni ayta olamanki, ehtiyot bo’linglar. Behuda ko’chaga chiqmanglar. Niqob bilan chiqinglar. Men oila a’zolarim, oyim, dadam, ukam, o’zim, ikki farzandim sog’lig’idan hamon xavotirdaman. Bizlarga ham yuqqan bo’lishi mumkin. Shuning uchun oilangiz a’zolarini avaylanglar. Agar sizda mana shunday holat yuz bersa, COVID-19 yuqib qolsa, o’ylaymanki, sizga juda ham qiyin bo’ladi, chunki shifoxonalarda joy yetarli emas. Hozirgi holatda uyda davolaninglar deb aytishyapti. Menimcha esa, bu kasallikni uyda davolash ko’pchilik uchun qiyin kechadi. Chunki 2-3 tabletka yordamida bu virusni yengish juda mushkul bo’lsa kerak. Shuning uchun juda ham ehtiyot bo’linglar. Bu kasallikni yuqtirib olishdan o’zingizni asrang.

Mana shu holat boshimga tushganda, xayolimdan bir fikr o’tdi. Shaharda yoki poytaxt Toshkentda yashasam bo’larkan. Shunda balkim tezroq yordam olardimmi, degan xulosaga keldim. Sababi Toyloq tumanida yashab COVID-19 bo’yicha davolanishda, shifoxonaga yotishda qiyinchiliklarga duch keldik. Sababini hozir tushuntiraman. Oddiy test topshirish uchun bizda resurs yetarlimasmi, yoki berilmaganmi, shunaqa muammolarga duch keldim. Bir tanishim shunaqa kasallikka chalinib uyida, uy sharoitida davolandi. Undan testni qayerda topshirding deb so’ragandim o’zimizning poliklinikada bepul topshirdim deb aytdi. Lekin men o’zimizning poliklinikaga murojaat qilganimda bizda bepul test topshirishning iloji yo’qligini aytishdi. U tanishim esa shaharda yashaydi. Yana boshqa bir tanishimning qorni og’rigach COVID bo’ldimmi deb xavotirlanib, u ham test topshirgan, u ham shaharda turadi va o’zining poliklinikasiga chiqib test topshiribdi. Lekin u 10 ming so’m to’lab test topshirdim dedi. Afsuski bizning hududda bepul yoki 10 ming so’mga test topshirishning iloji yo’q.

Savol: Rafiqangizni kasalxona olib qolgach, uning holidan qanday xabardor bo’lib turdingiz?

Javob: Kasalxonaga yotqizgach, rafiqam bilan telefonda gaplashib turdim. Isitmasi tushdi. Ukol olganligiga qaramasdan darmonsizlik sezayotganini aytardi. Nafas olishi ham oldingidek erkin emas. Lekin ahvoli uydagidan ancha yaxshi bo’ldi.

Savol: Qolgan oila a’zolaringiz o’zlarini qanday his etishyapti?

Javob: Oilam a’zolaridan onamda, menda va kichkina qizimda qorin og’rigi bor. Ya’ni ich ketishi bor.

Savol: Toyloqda qachon karantin joriy qilingan? Odamlar qaysi hisobdan yashashyapti?

Javob: Toyloq tumanida karantin butun respublika bo’yicha e’lon qilingan kundan buyon joriy qilingan. Mart oyining oxiridan boshlangan.

Bu yerdagi aholi qanday ro’zg’or tebratyapti? Bu yerda ko’pchilik mavsumiy ishlar bilan shug’ullanadi, dehqonchilik qiladi, yeri borlar yerida ekin-tekin qiladi. Hamma o’zicha yashab ro’zg’orini tebratyapti. Shunday bo’lsa-da aholimiz baribir qiyin ahvolda qolgan deb o’ylayman. Sharoit tumanda oldingidek emas. Chunki qishloq joylarda zavod-fabrikalar yo’q. Bizda bitta sutni qayta ishlash korxonasi bor va ko’pchilik shu korxonada ishlab keladi.

Savol: Virusga chalinganliklaringiz va ishga chiqmayotganliklaringiz haqida qarindoshlaringiz xabardormi? Milliy urf-odatlarga amal qilib shunday paytda ham bordi-keldi saqlanganmi? Qarindoshlar sizlarning holingizdan xabar olishyaptimi? Ro’zg’orni qanday tebratyapsiz?

Javob: Hozirgi holatimizni qarindoshlarimizga aytganimiz yo’q. Balkim ularning o’zlari kimdandir eshitishgandir, hozircha biz hech qayerga chiqqanimiz yo’q, ular ham kelishmadi. Chunki qarindoshlarimiz ham kasallanishini istamaymiz. Milliy udumlar haqida to’xtalsak, ayniqsa, bu holatda odamlar milliy udumlarni yig’ishtirib qo’yisharkanmi, bilmadim, baribir har kimning joni o’ziga shirin. Yon-atrofdagilar salgina xavotirga tushishgach, bir-biridan xabar olgani bormay qo’ya qolishadi.

Ro’zg’or haqida gapiradigan bo’lsam, ishlab yig’ib qo’ygan ozroq pulim bor edi, shuni ishlatib ro’zg’or tebratib yuribman.

Qarindoshlarga aytmayotganimizning sababi ularni bezovta qilmaslik, undan tashqari gap bo’lib ketishidan odam qo’rqadi. Baribir bizda COVIDga chalinibdi, degan gap yaxshi emas. Bizda kasallanganlarni qo’l uchi bilan ko’rsatishadi. Odamlar orasida bundaylarni yaxshi qabul qilishmaydi. Shuning uchun hozircha hech kimga aytganimiz yo’q.

Savol: Koronavirus pandemiyasi davridagi mavjud holatni mahalliy matbuot xolis yoriyaptimi?

Javob: Mahalliy matbuotda bu to’g’risida xabarlar berilyapti, lekin uchrayotgan qiyinchiliklar unchalik yoritib borilmayapti.

Savol: Pandemiya davrida Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning reytingi xalq orasida qaysi tomonga o’zgardi?

Javob: Qishloq joylarda, bu mening shaxsiy xulosam, yuqoridagi mansabdorlar nimalar qilyapti, kattalar almashyaptimi, bunga uncha qarashmaydi. Chunki hamma o’z ishi bilan band. Ularni xalq saylamagandan keyin men o’ylaymanki odamlarimiz ularning ishiga e’tibor ham qaratishmasa kerak deb o’ylayman. Xususan, mening o’zimda ham shunday. Viloyat hokimi, yoki tuman hokimi nimalar qilyapti, nimalar qilmayapti… ularning qilayotgan ishlarini kuzatib bormaymiz. Qilayotgan ishlaridan biz rozi bo’lsak ham, rozi bo’lmasak ham, bu hech narsani o’zgartirmaydi. Shuning uchun bizda unaqa chet ellardagidek reyting degan narsaning o’zi ham yo’q. Obro’yi tushadimi tushmaydimi, u hech narsani hal qilmaydi deb o’ylayman. Ayniqsa, hozirgi pandemiya davrida o’sha yuqoridagi mansabdor shaxslar qilayotgan ishlari baribir oddiy xalqning yaxshi yashashi uchun xizmat qilsa, o’shaning o’zi reytingini belgilaydi. Agarda xalq qiynalyaptimi, demak, ular yaxshi ishlashmayapti.

* * *

Savol-javobimiz matni chop etishga tayyor bo’lgach suhbatdoshimiz test natijasini qo’liga olganligini va unda virus aniqlanmaganligini ma’lum qildi. Bu orada ahvoli og’irlashavergach, uning onasi ham tuman shifoxonasiga yotqizilgan. Homilador xotinini esa ahvoli biroz o’nglangach shifoxona yopilyapti degan vaj bilan uyiga javob berishgan. Demak bu oilada COVID-19 ga qarshi Samarqanddagi mavjud sharoitdagi jang hali tugamagan.

Suhbatimiz qahramoni test topshirgan kuni Samarqand viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi Adham Bahromov brifing o’tkazib, viloyatda 7-avgust kuni virusdan zararlangan 28 ta yangi bemor aniqlanganini ma’lum qilgan.

Bahromov pandemiya boshlangandan buyon viloyatda virusni yuqtirganlar 1201 kishini tashkil etgani, viloyat kasalxonalarida virusga chalinganlarning 144 nafari davolanayotganini bayon etgan. Rasmiyga ko’ra, 7-avgustga qadar Samarqand viloyatida 126 727 ta test tahlillari olingan va jami 1682 kishi tekshirilgan. Viloyat bosh epidimiologining ma’lum qilishicha ayni damda viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi tasarrufida 2200 ta test bo’lib, ularning 2000 tasi O’zbekistonda ishlab chiqarilgan, 200 tasi Rossiyadan keltirilgan.

Soleh Yahyoyev suhbatlashdi.