Qiynoqlar asoratida vafot etgani da’vo qilinayotgan taxiatoshlik Baxtiyor Davlatmurodov yaqinlari prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilmoqda. 

49 yoshli Baxtiyor Davlatmurodov 23-may kuni Taxitosh shahar ichki ishlar boshqarmasida kaltaklangani, jarohatlari tiklanmasdan 5-iyul kuni vafot etgani aytilmoqda.

Marhumning opasi Sapargul Davlatmurodovaning prezident Mirziyoyevga yo’llagan ochiq murojaatida tushuntirilishicha, 23-may kuni spirtli ichimlik iste’mol qilgani uchun ushlanib Taxiatosh ichki ishlar boshqarmasiga olib ketilgan Baxtiyor Davlatmurodov so’roq paytida shafqatsiz kaltaklanadi.

Ahvoli yomonlashgan Davlatmurodov shifoxonaga yetkaziladi, ahvoli og’irligi,  qiynoq alomatlari mavjudligiga qaramasdan u shifoxonada olib qolinmaydi. Uy sharoitida davolanishga jo’natiladi.

Yaqinlari Baxtiyor Davlatmurodovni uy sharoitida davolashda davom etadi. Buning barobarida hibs paytida Davlatmurodovga tan jarohati yetkazilgani, qiynoq ko’rsatilgani, ayovsiz kaltaklangani yuzasidan mahalliy organlarga shikoyat arizasi bilan murojaat qiladi.

Qiynoqlar tufayli ichki a’zolariga jiddiy shikast yetkazilgan Davlatmurodov olgan jarohatlari asoratidan 5-iyul kuni vafot etadi.

Marhumning opasi Sapargul Davlatmurodovaning prezidentga qilgan ochiq murojaatida qiynoq qo’llashda gumonlangan ichki ishlar vakillari, marhumni davolashni rad etgan shifoxona xodimlarining ism-shariflari ham keltirilgan. Ular Baxtiyor Davlatmurodov o’limida ayblangan.

Taxiatosh prokuraturasi Davlatmurodovga tan jarohati yetkazilgani haqidagi shikoyat arizasini o’rganib chiqqan. Prokuraturaning mazkur ish yuzasidan bergan javobiga ko’ra, Davlatmurodovga tan jarohati yetkazilgani, mazkur holatda jinoyat alomatlari borligi aniqlanmagan, jinoyat ishini ochish rad qilingan.

Sapargul Davlatmurodova prezident Mirziyoyevdan ukasining o’limida aybdorlarni jazolashda yordam so’raydi. Qoraqalpog’istonda adolat yo’qligidan, huquq-tartibot idoralari prezident siyosatiga qarshi chiqayotganidan shikoyat qiladi.

O’zbekistonda huquq-tartibot idoralari tomonidan qiynoqlar qo’llanilishi  fuqarolar o’limiga sabab bo’lishi, so’nggi paytda bu tizimda amalga oshirilgani aytilayotgan islohotlardan qat’i nazar, muntazam kuzatiladi.

Bu borada jamoatchilikni jiddiy larzaga solgan holatlardan biri o’tgan yil yuz bergan edi. Andijondagi hibsxonada qo’llangan shafqatsiz qiynoqlar asoratidan shifoxonada halok bo’lgan  A. Abduraimov bilan bog’liq fojia ortidan ayrim faollar ichki ishlar vaziri Po’lat Bobojonovning iste’fosini so’rab ham chiqgan edi.

Qoraqalpog’istondagi mazkur voqea ham Andijondagi shu fojiaga juda o’xshash ko’rinadi. Faqat Abduraimov bilan bog’liq voqeadan farqli qiynoqqa tutilgan   Davlatmurodovni shifoxonaga joylashtirish rad qilingan.

Qoraqalpog’istondagi vaziyatni yoritib kelayotgan mahalliy jurnalistlarga ko’ra, so’nggi paytda huquq-tartibot idoralari bosimi jiddiy kuchaygan. Bu mamlakatda yuz ko’rsatayotgan turli norozilik chiqishlari bilan ham bog’liq.

Qoraqalpog’istonlik faollar tashabbusi bilan tuzilayotgan inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi bir qator nodavlat tashkilotlar ro’yxatdan o’tkazilmay kelinadi. Turli ijtimoiy sabablar bois norozilikka chiqqan aholi siquvga olinmoqda, huquq- tartibot idoralariga so’roqqa chaqirilmoqda.

13-iyul kuni Xo’jaylida mahalliy faollar va huquq-tartibot xodimlari o’rtasida to’qnashuv yuzaga kelgan. Shu kuni Rossiyada muhojirlikda halok bo’lgan qoraqalpog’istonlik fuqaro xotirasiga o’tkazilgan maraka norozilik aksiyasiga aylangan.

Bu marakada qatnashgan aholi turli ijtimoiy talablarni ko’targancha mahalliy hokimiyat tomon yurish boshlagan. Buning ortidan huquq-tartibot idoralari vakillari bilan jiddiy to’qnashuv yuzaga kelgan. Mahalliy hokimiyat vakillari bilan o’tkazilgan muzokaralar ortidan norozilik aksiyasini tarqatishga muvaffaq bo’lingan.

Ta’kidlanishicha, aynan shu norozilik aksiyasi tarqatilishi ortidan mahalliy faollarga nisbatan bosim yana kuchaygan. Ularning aksariyati turli sabablar bilan ichki ishlar boshqarmasiga chaqirilmoqda, bosim va tahdidlar bilan yuzlashmoqda.

 

Malik Mansur